1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish


doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari



Download 95,5 Kb.
bet2/2
Sana22.04.2022
Hajmi95,5 Kb.
#571869
1   2
Bog'liq
O‘RQ-64 16.10.2006

doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari — doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining nizomi va reglamenti;
doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining nizomi — hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan tasdiqlanadigan lokal hujjat bo‘lib, u doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining huquqiy maqomini, tashkil etilishini, faoliyatini tartibga soladi, shuningdek uning mazkur hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs hamda boshqa yuridik shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarini belgilaydi;
doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining reglamenti —hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan tasdiqlanadigan, hakamlik muhokamasi qoidalarini qamrab olgan lokal hujjat;
hakamlik bitimi — taraflarning nizoni hakamlik sudiga hal qilish uchun topshirish haqidagi kelishuvi;
hakamlik bitimi taraflari — hakamlik bitimi tuzgan yuridik va jismoniy shaxslar;
hakamlik muhokamasi — nizoni hakamlik sudida hal etish jarayoni;
hakamlik muhokamasi taraflari — o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun hakamlik sudiga da’vo taqdim etgan yuridik va jismoniy shaxslar (da’vogarlar), shuningdek o‘ziga nisbatan da’vo taqdim etilgan shaxslar (javobgarlar);
hakamlik muhokamasi qoidalari — hakamlik sudida nizoni hal etishni tartibga soluvchi, hakamlik sudiga murojaat qilish, hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) qoidalarini va hakamlik muhokamasi tartib-taomilini o‘z ichiga oluvchi normalar;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik sudi (doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi yoki muvaqqat hakamlik sudi) — fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etuvchi nodavlat organ;
(3-moddaning o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
hakamlik sudyasi — hakamlik sudida nizoni hal etish uchun hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi.
4-modda. Hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari
Hakamlik sudlarining faoliyati qonuniylik, mustaqillik, hakamlik muhokamasi ma’lumotlarining oshkor qilinmasligi, hakamlik sudyalarining xolisligi, dispozitivlik, hakamlik muhokamasi taraflarining tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
5-modda. Hakamlik sudlarini tashkil etish
O‘zbekiston Respublikasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi va muvaqqat hakamlik sudlari tashkil etilishi mumkin.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hakamlik sudlarini tashkil etishi hamda hakamlik bitimi taraflari bo‘lishi mumkin emas.
Hakamlik sudlari yuridik shaxs bo‘lmaydi.
6-modda. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi yuridik shaxs tomonidan tashkil etilishi mumkin va uning huzurida faoliyat ko‘rsatadi.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi yuridik shaxs doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudini tashkil etish haqida qaror qabul qilganida, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarini va hakamlik sudyalari ro‘yxatini tasdiqlaganida tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs uning tashkil etilganligi to‘g‘risidagi hujjatlar nusxalarini hakamlik sudi joylashgan yerdagi adliya organiga yuboradi.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi o‘z nomi yozilgan blanka va yumaloq muhrga, O‘zbekiston Respublikasi hududida hisob-kitob varaqlari, valyuta hisobvaraqlariga hamda boshqa bank hisobvaraqlariga ega bo‘lishi mumkin.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi faoliyatini tugatish tartibi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanadi.
7-modda. Muvaqqat hakamlik sudi
Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik bitimi taraflari o‘rtasida kelib chiqqan muayyan nizoni hal etish uchun ular tomonidan tashkil etilib, nizo ko‘rib chiqilganidan keyin muvaqqat hakamlik sudi o‘z faoliyatini tugatadi. Hakamlik sudida raislik qiluvchi (nizo hay’atda ko‘rib chiqilayotganda) yoxud hakamlik sudyasi (nizo yakka tartibda ko‘rib chiqilayotganda) hakamlik bitimi nusxasini va muvaqqat hakamlik sudi tashkil etilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani mazkur sud joylashgan yerdagi adliya organiga hakamlik muhokamasi boshlanguniga qadar yuboradi.
Muvaqqat hakamlik sudini tashkil etish tartibi hakamlik bitimi taraflari tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi.
8-modda. Hakamlik sudlari hisobini yuritish
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tegishli hududlarda doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari hisobini ro‘yxatdan o‘tkazishni va muvaqqat hakamlik sudlarini hisobga olishni amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlarini tashkil etish va faoliyatini tugatish, muvaqqat hakamlik sudlarini tashkil etish to‘g‘risidagi, shuningdek doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudlari tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalari haqidagi axborot O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tizimlashtiriladi hamda “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami”da e’lon qilinadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hakamlik sudlari hisobini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Nizom bilan belgilanadi.
2-bob. Hakamlik sudlari tomonidan hal etiladigan nizolar. Hakamlik bitimi
9-modda. Hakamlik sudlari tomonidan hal etiladigan nizolar
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlari fuqarolik huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shu jumladan tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida vujudga keluvchi iqtisodiy nizolarni hal etadi.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-446-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Hakamlik sudlari ma’muriy, oila va mehnat huquqiy munosabatlaridan kelib chiquvchi nizolarni, shuningdek qonunda nazarda tutilgan boshqa nizolarni hal etmaydi.
10-modda. Nizolar hal etilayotganda va hal qiluv qarorlari qabul qilinayotganda hakamlik sudi tomonidan qo‘llaniladigan normalar
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudi nizolarni O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida hal qiladi.
(10-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hakamlik sudi shartnoma shartlariga muvofiq va ish muomalasi odatlarini hisobga olgan holda hal qiluv qarorini qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar hakamlik bitimi taraflarining munosabatlari qonunchilik yoki hakamlik bitimi taraflarining kelishuvi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga solinmagan bo‘lsa va bu munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladigan ish muomalasi odati mavjud bo‘lmasa, hakamlik sudi shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik normalarini qo‘llaydi (qonun o‘xshashligi), mazkur hollarda qonun o‘xshashligidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda esa hakamlik bitimi taraflarining huquq va majburiyatlari qonunchilikning mazmunidan (huquq o‘xshashligi) hamda halollik, oqillik va adolat talablaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
(10-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Nizoni hakamlik sudining hal qiluviga topshirish
Hakamlik bitimi mavjud bo‘lgan taqdirda, nizo hakamlik sudining hal qiluviga topshirilishi mumkin.
Vakolatli sudning hal qiluvida bo‘lgan nizoga oid hakamlik bitimi vakolatli sud nizo yuzasidan hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar tuzilishi mumkin.
12-modda. Hakamlik bitimining shakli
Hakamlik bitimi yozma shaklda tuziladi. Hakamlik bitimi shartnomaning tarkibiy qismi bo‘lgan shartnoma sharti yoki alohida bitim tarzida rasmiylashtirilishi mumkin.
Hakamlik bitimi, agar u hakamlik bitimi taraflari tomonidan imzolangan hujjatda ifodalangan bo‘lsa yoki bunday bitimni qayd etishni ta’minlovchi elektron yoxud boshqa aloqa vositalaridan foydalanilgan holda xatlar yoki xabarlar almashish yo‘li bilan tuzilgan bo‘lsa, yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
13-modda. Hakamlik bitimining mazmuni
Hakamlik bitimida hakamlik bitimi taraflari o‘rtasida kelib chiqqan yoki kelib chiqishi mumkin bo‘lgan barcha yoxud ayrim nizolar hakamlik sudida ko‘rib chiqilishi kerakligi haqidagi qoida, shuningdek agar nizo doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi hal qiluviga topshiriladigan bo‘lsa, mazkur hakamlik sudining nomi ko‘rsatilishi lozim.
Hakamlik bitimida hakamlik sudyalarining soni, hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy va til, hakamlik muhokamasining qo‘llaniladigan qoidalari, nizoni ko‘rib chiqish muddati haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, hakamlik bitimi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
3-bob. Hakamlik sudyalari. Hakamlik sudining tarkibi
14-modda. Hakamlik sudyasiga qo‘yiladigan talablar
Yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, nizoning xolis hal qilinishini ta’minlashga qodir bo‘lgan, nizoning pirovard natijasidan bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lmagan, hakamlik bitimi taraflaridan mustaqil bo‘lgan va hakamlik sudyasi majburiyatlarini bajarishga rozilik bergan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin.
Nizoni yakka tartibda hal qiluvchi hakamlik sudyasi oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Nizo hay’atda hal qilinayotganda hakamlik sudi tarkibining raisi oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
Hakamlik sudyasining malakasiga qo‘yiladigan talablar hakamlik bitimi taraflari o‘rtasida bevosita kelishib olinishi yoki doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari bilan belgilanishi mumkin.
Quyidagilar hakamlik sudyasi bo‘lishi mumkin emas:
muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxs;
sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs;
o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun sudya, advokat, notarius, tergovchi, prokuror yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning boshqa xodimi sifatidagi vakolati qonunda belgilangan tartibda tugatilgan shaxs;
qonunda belgilangan mansab maqomiga muvofiq hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkin bo‘lmagan shaxs.
LexUZ sharhi
Jumladan, qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 6-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasi, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 66-moddasi va O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasi.
15-modda. Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish
Hakamlik sudining tarkibini shakllantirish hakamlik sudyalarini (hakamlik sudyasini) saylash (tayinlash) orqali amalga oshiriladi.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari mazkur hakamlik sudini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan tasdiqlangan hakamlik sudyalari ro‘yxatiga kiritilgan sudyalar orasidan saylanadi (tayinlanadi). Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan e’tiboran o‘n besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash to‘g‘risida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash to‘g‘risida o‘zlari saylangan paytdan e’tiboran o‘n besh kun ichida kelisha olmasalar, ularni tayinlash doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining raisi tomonidan hakamlik bitimi taraflaridan birining iltimosiga binoan o‘n kun muddatda amalga oshiriladi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari hakamlik bitimi taraflari tomonidan saylanadi. Agar hakamlik bitimi tarafi hakamlik bitimi boshqa tarafining hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylash haqidagi iltimosini olgan paytdan e’tiboran o‘n besh kun ichida hakamlik sudyasini (hakamlik sudyalarini) saylamasa yoki hakamlik bitimining taraflari hakamlik sudyasini tanlash to‘g‘risida kelisha olmasalar (nizo hakamlik sudyasi tomonidan yakka tartibda ko‘rib chiqilayotganda) yoxud agar hakamlik sudyalari raislik qiluvchi hakamlik sudyasini tayinlash to‘g‘risida o‘zlari saylangan paytdan e’tiboran o‘n besh kun ichida kelisha olmasalar, nizo hal qilish uchun vakolatli sudga topshiriladi. Bunda hakamlik bitimining amal qilishi tugatiladi.
Hakamlik sudyalarining soni toq bo‘lishi kerak.
Hakamlik bitimi taraflari ushbu moddaning qoidalariga rioya etgan holda hakamlik sudyalarining sonini o‘z xohishlariga ko‘ra belgilashlari, hakamlik sudi tarkibini shakllantirish tartibini kelishib olishlari mumkin. Agar hakamlik bitimi taraflari hakamlik sudyalarining sonini belgilamasa, hakamlik sudining tarkibi uch nafar hakamlik sudyasidan shakllantiriladi.
Hakamlik muhokamasi hakamlik sudining hay’at tarkibi tomonidan o‘tkazilayotganda hakamlik bitimining har bir tarafi hakamlik sudyalarini teng miqdorda saylaydi va shunday tarzda saylangan hakamlik sudyalari boshqa hakamlik sudyasini — raislik qiluvchini tayinlaydi.
16-modda. Hakamlik sudyasini rad qilish
Ushbu Qonunning 14-moddasida nazarda tutilgan talablarga rioya etilmagan hollarda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik sudyasini rad qilish haqida arz qilishlari mumkin.
Hakamlik sudyasi etib saylanishi (tayinlanishi) mumkinligi munosabati bilan murojaat etilgan shaxs hakamlik bitimi taraflariga o‘zining rad qilinishi uchun asos bo‘luvchi holatlar mavjudligi haqida ma’lum qilishi kerak. Agar ko‘rsatilgan holatlar hakamlik muhokamasi vaqtida yuzaga kelgan bo‘lsa, hakamlik sudyasi bu haqda darhol hakamlik muhokamasi taraflariga ma’lum qilishi va o‘zini o‘zi rad qilish haqida ariza berishi kerak.
Hakamlik muhokamasi taraflari saylangan (tayinlangan) hakamlik sudyasining rad qilinishi uchun asos bo‘luvchi holatlar rad qilinayotgan hakamlik sudyasi saylanganidan (tayinlanganidan) keyin o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan taqdirdagina uni rad qilish haqida arz qilishlari mumkin.
17-modda. Hakamlik sudyasini rad qilish tartibi
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanishi mumkin.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinishi mumkin.
Agar hakamlik sudyasini rad qilish tartib-taomili doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida belgilanmagan bo‘lsa yoki hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishib olinmagan bo‘lsa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi yozma arizani rad qilish sabablarini ko‘rsatgan holda hakamlik sudi tarkibiga berishi kerak.
Rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi rad qilish haqidagi masala ko‘rib chiqilguniga qadar o‘z tushuntirishlarini berishga haqli.
Agar rad qilinishi talab etilayotgan hakamlik sudyasi o‘zini o‘zi rad qilmasa yoki hakamlik muhokamasining boshqa tarafi hakamlik sudyasini rad qilishga rozi bo‘lmasa, hakamlik sudyasini rad qilish haqidagi masala hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi boshqa hakamlik sudyalari tomonidan hal etiladi. Rad qilishni yoqlab va unga qarshi berilgan ovozlar soni teng bo‘lib qolsa, hakamlik sudyasi rad qilingan hisoblanadi. Hakamlik sudining butun tarkibini rad qilish haqidagi masalalar shu hakamlik sudi tarkibi tomonidan oddiy ko‘pchilik ovoz bilan, nizoni yakka tartibda ko‘radigan hakamlik sudyasini rad qilish to‘g‘risidagi masalalar esa shu hakamlik sudyasining o‘zi tomonidan hal etiladi.
18-modda. Hakamlik sudyasining vakolatlarini tugatish
Hakamlik sudyasining vakolatlari hakamlik muhokamasi taraflarining kelishuviga binoan, ushbu Qonunning 14, 16 va 17-moddalariga muvofiq hakamlik sudyasining o‘zini o‘zi rad qilishi yoki rad qilinishi munosabati bilan, shuningdek hakamlik sudyasi vafot etgan taqdirda tugatilishi mumkin.
Hakamlik sudyasining vakolatlari muayyan nizo bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin tugatiladi. Ushbu Qonunning 40, 41 va 42-moddalarida nazarda tutilgan hollarda hakamlik sudyasining vakolatlari tiklanadi, ko‘rsatilgan moddalarda nazarda tutilgan harakatlar amalga oshirilganidan so‘ng tugatiladi.
19-modda. Hakamlik sudyasini almashtirish
Hakamlik sudyasining vakolatlari tugatilgan taqdirda, boshqa hakamlik sudyasi almashtirilayotgan hakamlik sudyasi saylanayotganda (tayinlanayotganda) qo‘llanilgan qoidalarga muvofiq saylanadi (tayinlanadi).
4-bob. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar
20-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar tarkibi
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
hakamlik sudyalarining gonorari;
hakamlik muhokamasini tashkiliy, moddiy jihatdan va boshqacha tarzda ta’minlash xarajatlari;
hakamlik sudyalarining hakamlik muhokamasida ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlari, shu jumladan nizoni ko‘rib chiqish joyiga borib kelish uchun to‘lanadigan yo‘l haqi xarajatlari;
hakamlik sudyalarining yozma va ashyoviy dalillarni mazkur dalillar turgan joyda ko‘zdan kechirish hamda tekshirish bilan bog‘liq xarajatlari;
ekspertlar va tarjimonlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar;
guvohlar tomonidan sarflangan xarajatlar;
hakamlik sudining hal qiluv qarori taraflardan qaysi birining foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha taraf vakilining xizmatlari haqini to‘lash xarajatlari;
hakamlik sudi tomonidan belgilanadigan boshqa xarajatlar.
Agar hakamlik muhokamasi taraflarining ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xarajatlarni qilishi hakamlik muhokamasi qoidalarida belgilanmagan bo‘lsa, bunday xarajatlar hakamlik sudi xarajatlari tarkibiga kiritiladi.
21-modda. Hakamlik sudyalari gonorarining miqdori
Hakamlik sudyalari gonorarining miqdori da’voning bahosi, nizoning murakkabligi, hakamlik sudyalari hakamlik muhokamasi uchun sarflagan vaqt va gonorar miqdoriga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa holatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik sudi tarkibi tomonidan hakamlik sudyalarining doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida nazarda tutilgan hakamlik sudyalari gonorarlari shkalasiga muvofiq, bunday shkala bo‘lmagan taqdirda esa, ushbu moddaning birinchi qismi talablari hisobga olingan holda belgilanadi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik sudyalari gonorarining miqdori hakamlik muhokamasi taraflari kelishuvi bo‘yicha va ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari hisobga olingan holda hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudyasining gonorariga qonunchilikka muvofiq soliq solinadi.
(21-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (yangi tahriri).
22-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarni taqsimlash
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarni hakamlik muhokamasi taraflari o‘rtasida taqsimlash hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasi taraflarining kelishuviga muvofiq, bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda esa, qanoatlantirilgan va rad etilgan talablarga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha tarafning vakili xizmatlariga haq to‘lash bo‘yicha xarajatlar, shuningdek nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar, agar qilingan xarajatlarni qoplash haqidagi talab hakamlik muhokamasi paytida bildirilgan va hakamlik sudi tomonidan qanoatlantirilgan bo‘lsa, hakamlik sudining hal qiluv qaroriga muvofiq hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga yuklanishi mumkin.
Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarning taqsimlanishi hakamlik sudining hal qiluv qarorida yoki ajrimida ko‘rsatiladi.
23-modda. Nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlarni bo‘nak tarzida qoplash
Hakamlik sudi nizo ko‘rib chiqilguniga qadar ushbu Qonunning 20-moddasida ko‘rsatilgan xarajatlarni qoplash uchun muayyan summani bo‘nak sifatida kiritishni da’vogardan talab qilishga haqli. Agar bu to‘lov da’vo arizasi berilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida amalga oshirilmasa, hakamlik sudi da’voni ko‘rmasdan qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin.
5-bob. Hakamlik muhokamasi
24-modda. Hakamlik sudining vakolati
Hakamlik sudi o‘z hal qiluviga topshirilgan nizoni, shu jumladan hakamlik bitimi yo‘qligi yoki haqiqiy emasligi sababli hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik muhokamasiga qarshi e’tiroz bildirgan hollarda nizoni ko‘rib chiqishga vakolati borligi yoxud yo‘qligi haqidagi masalani mustaqil ravishda hal etadi. Shu maqsadda shartnoma sharti tarzida rasmiylashtirilgan hakamlik bitimi shartnomaning boshqa shartlariga bog‘liq bo‘lmagan bitim sifatida ko‘rib chiqilishi kerak. Hakamlik sudining shartni qamrab olgan shartnomaning haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi xulosasi ushbu shartning qonunga binoan haqiqiy emas deb topilishiga olib kelmaydi.
Nizo hakamlik sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilguniga qadar hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudida o‘z hal qiluviga topshirilgan nizoni ko‘rib chiqishga vakolat yo‘qligi haqida arz qilishga haqli.
Agar ko‘rib chiqilishi hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoxud qonunga yoki doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq hakamlik muhokamasi predmeti bo‘la olmaydigan masala hakamlik muhokamasi davomida hakamlik muhokamasi predmetiga aylansa, hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudi o‘z vakolatidan chetga chiqqanligi haqida arz qilishga haqli.
Hakamlik sudi hakamlik muhokamasi tarafining ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq berilgan arizasini ko‘rib chiqishi shart. Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ajrim chiqariladi.
Agar hakamlik sudi o‘z vakolati haqidagi masalani ko‘rib chiqayotganda nizoni ko‘rib chiqishga hakamlik sudida vakolat yo‘qligi to‘g‘risida ajrim chiqarsa, hakamlik sudi nizoni mazmunan ko‘rib chiqishi mumkin emas.
25-modda. Hakamlik muhokamasi qoidalarini belgilash
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudi, agar hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasining boshqa qoidalari qo‘llanilishi to‘g‘risida shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik muhokamasini doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq amalga oshiradi.
Muvaqqat hakamlik sudi hakamlik muhokamasini hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiradi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilgan hakamlik muhokamasi qoidalari ushbu Qonun qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Hakamlik muhokamasining hakamlik muhokamasi taraflari tomonidan kelishilmagan, doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari va ushbu Qonun bilan belgilanmagan qismida hakamlik muhokamasi qoidalari hakamlik sudi tomonidan belgilanadi.
26-modda. Hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalariga muvofiq belgilanadi.
Muvaqqat hakamlik sudida hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy hakamlik muhokamasi taraflarining kelishuvi bilan belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda, hakamlik muhokamasi o‘tkaziladigan joy nizo holatlaridan kelib chiqqan holda hakamlik sudining o‘zi tomonidan belgilanadi.
27-modda. Hakamlik muhokamasining tili
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik muhokamasi davlat tilida olib boriladi.
LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili hisoblanadi.
Hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflaridan hujjatlar va boshqa materiallar hakamlik muhokamasi tiliga tarjima qilinishini talab etishi mumkin.
Hakamlik muhokamasi tilida bo‘lmagan hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim qilayotgan hakamlik muhokamasi tarafi ularning tarjima qilinishini ta’minlashi kerak.
28-modda. Hakamlik muhokamasi ma’lumotlarining oshkor qilinmasligi
Hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning huquqiy vorislari roziligisiz oshkor qilishga haqli emas.
Hakamlik sudyasi hakamlik muhokamasi davomida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlar haqida guvoh sifatida so‘roq qilinishi mumkin emas.
29-modda. Da’vo arizasi
Da’vogar o‘z talablarini hakamlik sudiga yozma shaklda beriladigan da’vo arizasida bayon etadi. Da’vo arizasining nusxasi javobgarga yuboriladi.
Da’vo arizasida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
da’vo arizasining sanasi;
hakamlik muhokamasi taraflari bo‘lgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi;
da’vogarning talablari;
da’vogarning talablariga asos bo‘lgan holatlar;
da’vo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
da’voning bahosi;
da’vo arizasiga ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati.
Da’vo arizasi da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak. Agar da’vo arizasi da’vogarning vakili tomonidan imzolangan bo‘lsa, da’vo arizasiga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinishi lozim.
30-modda. Da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr
Javobgar da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrini o‘z e’tirozlarini bayon etgan holda da’vogarga va hakamlik sudiga taqdim etishga haqli. Da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr hakamlik muhokamasi qoidalarida nazarda tutilgan tartibda hamda muddatlarda da’vogarga va hakamlik sudiga taqdim etiladi.
Da’vo arizasi yuzasidan yozma fikr javobgar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Javobgarning vakili tomonidan imzolangan yozma fikrga ishonchnoma yoki vakilning vakolatlarini tasdiqlovchi boshqa hujjat ilova qilinadi.
Agar hakamlik muhokamasi qoidalarida da’vo arizasi yuzasidan yozma fikrni taqdim etish muddati belgilanmagan bo‘lsa, mazkur yozma fikr hakamlik sudining majlisi boshlangunga qadar taqdim etiladi.
Hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasi davomida o‘z da’vo talablarini yoki da’voga qarshi e’tirozlarini o‘zgartirishga haqlidir.
31-modda. Qarshi da’vo
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik sudi nizo bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilguniga qadar javobgar dastlabki da’vo bilan birga ko‘rib chiqish uchun da’vogarga qarshi da’vo taqdim etishga haqlidir.
Qarshi da’vo va unga e’tirozlar taqdim etish ushbu Qonunning 29 va 30-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Qarshi da’vo quyidagi hollarda dastlabki da’vo bilan birga ko‘rib chiqilishi mumkin:
1) qarshi da’vo dastlabki da’voni hisobga olishga qaratilgan bo‘lsa;
2) qarshi da’voning qanoatlantirilishi dastlabki da’voni qanoatlantirishni to‘liq yoki qisman mumkin bo‘lmaydigan qilib qo‘ysa;
3) qarshi da’vo bilan dastlabki da’vo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘lib, ularni birgalikda ko‘rib chiqish nizoni tezroq va to‘g‘riroq hal qilishga olib kelsa.
32-modda. Da’voni ta’minlash choralarini ko‘rish
Agar da’voni ta’minlash choralarini ko‘rmaslik hakamlik sudining hal qiluv qarori ijrosini qiyinlashtirishi yoki uni bajarib bo‘lmaydigan qilib qo‘yishi mumkin bo‘lsa, da’voni ta’minlashga yo‘l qo‘yiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(32-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Hakamlik sudida ko‘rib chiqilayotgan da’voni ta’minlash haqidagi ariza hakamlik muhokamasi tarafi tomonidan hakamlik sudi joylashgan yerdagi yoxud javobgar joylashgan yerdagi yoki yashaydigan joydagi yoinki javobgarning mol-mulki turgan joydagi vakolatli sudga beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizaga da’voning hakamlik sudiga taqdim etilganligini isbotlovchi dalillar ilova qilinadi.
(32-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi O‘RQ-372-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudida ko‘rib chiqilayotgan da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani vakolatli sud tomonidan ko‘rib chiqish hamda da’voni ta’minlash yoxud uni ta’minlashni rad etish haqida ajrim chiqarish O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(32-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Hakamlik sudining da’vo talablarini qanoatlantirishni rad etish haqidagi hal qiluv qarori da’voni ta’minlash choralari vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi uchun asos bo‘ladi.
33-modda. Dalillarni taqdim etish
Hakamlik muhokamasining har bir tarafi o‘z da’vo talablari va da’voga qarshi e’tirozlarining asosi sifatida ko‘rsatayotgan holatlarni isbotlab berishi kerak. Hakamlik sudi, agar u taqdim etilgan dalillarni yetarli emas deb topsa, hakamlik muhokamasi taraflariga qo‘shimcha dalillar taqdim etishni taklif qilishga haqli.
34-modda. Hujjatlarni va boshqa materiallarni yuborish
Hakamlik muhokamasi taraflaridan biri hakamlik sudiga taqdim etadigan barcha hujjatlarning va boshqa materiallarning nusxalari, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasining boshqa tarafiga topshirilishi kerak. Hakamlik sudi o‘z hal qiluv qarori uchun asos qilib oladigan ekspert xulosalari hakamlik sudi tomonidan hakamlik muhokamasi taraflariga topshirilishi kerak.
Hujjatlar va boshqa materiallar, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, ularning o‘zlari ko‘rsatgan, hakamlik muhokamasi taraflari bo‘lgan yuridik shaxsning oxirgi ma’lum bo‘lgan joylashgan yeri (pochta manzili) yoki jismoniy shaxsning oxirgi ma’lum bo‘lgan yashash joyi bo‘yicha topshirilganligi ma’lum qilinadigan buyurtma xat bilan yoxud ko‘rsatilgan hujjatlar hamda materiallar yetkazib berilganligi qayd etilishini nazarda tutuvchi boshqacha usul orqali yuboriladi. Hujjatlar va boshqa materiallar ular yetkazib berilgan kunda qabul qilib olingan hisoblanadi.
35-modda. Hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudi majlisida ishtirok etishi
Hakamlik muhokamasining har bir tarafiga o‘z nuqtai nazarini bayon etishi hamda o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishi uchun teng imkoniyatlar berilishi kerak.
Hakamlik muhokamasi, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik muhokamasi taraflari yoki ularning vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Hakamlik muhokamasi taraflariga hakamlik sudi majlisining vaqti va joyi haqida oldindan xabarnoma yuborilishi yoki topshirilishi lozim. Mazkur xabarnoma hakamlik sudi tomonidan ushbu Qonunning 34-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuboriladi va topshiriladi.
Agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik sudi nizoni yopiq majlisda ko‘rib chiqadi.
36-modda. Hakamlik sudi majlisining bayonnomasi
Hakamlik sudida, agar hakamlik bitimi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, bayonnoma yuritiladi.
37-modda. Hakamlik muhokamasi taraflarining hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etmaganligi yoki hakamlik muhokamasi taraflarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligi oqibatlari
Hujjatlar va boshqa materiallarni taqdim etmaganlik yoki hakamlik sudi majlisining vaqti hamda joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilingan hakamlik muhokamasi taraflari yoxud ular vakillarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligi, agar hujjatlar va boshqa materiallar taqdim etilmaganligining yoki hakamlik muhokamasi taraflari yoxud ular vakillarining hakamlik sudi majlisiga kelmaganligining sababi hakamlik sudi tomonidan uzrsiz deb topilsa, hakamlik muhokamasiga va hakamlik sudi tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinishiga monelik qilmaydi.
Javobgarning da’voga qarshi e’tirozlar taqdim etmaganligi da’vogar talablarining tan olinishi sifatida qaralmasligi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
371-modda. Hakamlik muhokamasida mediatsiyaning qo‘llanilishi
Hakamlik muhokamasida mediatsiya nizoni ko‘rib chiqish jarayonida hakamlik sudining qarori qabul qilinguniga qadar qo‘llanilishi mumkin.
Hakamlik muhokamasining taraflari tomonidan mediatsiya tartib-taomillarini amalga oshirish haqida kelishuv tuzilgan taqdirda, hakamlik sudi mediatsiya tartib-taomili tugaguniga qadar hakamlik muhokamasini qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Agar taraflar mediativ kelishuvni tuzsa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasini tugatadi.
(371-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
6-bob. Hakamlik sudining hujjatlari
38-modda. Hakamlik sudi tomonidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi
Hakamlik sudi nizo holatlari tekshirilganidan so‘ng hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalarining ko‘pchilik ovozi bilan hal qiluv qarori qabul qiladi.
Hal qiluv qarori hakamlik sudining majlisida e’lon qilinadi. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat xulosa qismini e’lon qilishga haqli. Bunday holda asoslantirilgan hal qiluv qarori hal qiluv qarorining xulosa qismi e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay hakamlik muhokamasi taraflariga yuborilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarori qabul qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
Hakamlik sudi, agar zarur deb topsa, hal qiluv qarori qabul qilishni kechiktirishga hamda hakamlik muhokamasini qaytadan boshlashga haqli bo‘lib, ushbu Qonunning 34-moddasida va 35-moddasining uchinchi qismida belgilangan tartibda hakamlik muhokamasi taraflariga bu haqda xabar beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar kelishuv bitimi qonunchilikka zid bo‘lmasa hamda boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmasa, hakamlik sudi hakamlik muhokamasi taraflarining iltimosnomasiga binoan kelishuv bitimini tasdiqlash to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qiladi. Kelishuv bitimining mazmuni hakamlik sudining hal qiluv qarorida bayon qilinadi.
(38-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
39-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining shakli va mazmuni
Hakamlik sudining hal qiluv qarori yozma shaklda bayon etiladi va hakamlik sudi tarkibiga kiruvchi hakamlik sudyalari tomonidan, shu jumladan alohida fikrga ega bo‘lgan hakamlik sudyasi tomonidan imzolanadi. Hakamlik sudyasining alohida fikri hakamlik sudi hal qiluv qaroriga ilova qilinadi.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
hal qiluv qarori qabul qilingan sana;
hakamlik muhokamasi o‘tkazilgan joy;
hakamlik sudining tarkibi;
hakamlik muhokamasining taraflari bo‘lgan yuridik shaxslarning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, hakamlik muhokamasi taraflari vakillarining vakolatlari ko‘rsatilgan holda familiyasi, ismi, otasining ismi;
hakamlik sudi vakolatlarining asoslari;
da’vogarning talablari va javobgarning e’tirozlari, shuningdek ularning iltimosnomalari;
hakamlik sudi tomonidan aniqlangan nizo holatlari, hakamlik sudining ushbu holatlar to‘g‘risidagi xulosalariga asos bo‘lgan dalillar, hal qiluv qarorini qabul qilishda hakamlik sudi amal qilgan normalar.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida arz qilingan har bir da’vo talabini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida hakamlik sudining xulosalari bo‘lishi kerak. Hal qiluv qarorining xulosa qismida nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar summasi, mazkur xarajatlarning hakamlik muhokamasi taraflari o‘rtasida taqsimlanishi, zarur hollarda esa, qabul qilingan hal qiluv qarorini ijro etish muddati va tartibi ko‘rsatiladi.
Hal qiluv qarori qabul qilinganidan so‘ng o‘n kun ichida hakamlik muhokamasining har bir tarafiga hal qiluv qarori topshirilishi yoki yuborilishi kerak.
40-modda. Qo‘shimcha hal qiluv qarori
Taraflardan biri hakamlik sudining hal qiluv qarorini olganidan so‘ng, agar hakamlik muhokamasi taraflari boshqacha shartlashmagan bo‘lsalar, hakamlik muhokamasi davomida arz qilingan va ko‘rib chiqilgan, ammo qabul qilingan hal qiluv qarorida o‘z aksini topmagan da’vo talablari bo‘yicha qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilish to‘g‘risidagi ariza bilan o‘n kun ichida aynan o‘sha hakamlik sudiga bu haqda boshqa tarafni xabardor qilgan holda murojaat etishi mumkin. Nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi mazkur ariza olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uni ko‘rib chiqishi kerak.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish ushbu Qonunning 34-moddasi va 35-moddasining uchinchi qismi qoidalariga rioya etilgan holda hakamlik sudi majlisida amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini qabul qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi bo‘lgan qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilinadi yoki qo‘shimcha hal qiluv qarori qabul qilish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqida ajrim chiqariladi.
41-modda. Hal qiluv qarorini tushuntirish
Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olganidan so‘ng hal qiluv qarorini tushuntirib berish to‘g‘risidagi ariza bilan o‘n kun ichida aynan o‘sha hakamlik sudiga bu haqda hakamlik muhokamasining boshqa tarafini xabardor qilgan holda murojaat etishga haqli. Nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi hal qiluv qarorini tushuntirib berish to‘g‘risidagi ariza olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uni ko‘rib chiqishi kerak.
Hakamlik sudi o‘zi qabul qilgan hal qiluv qarorini uning mazmunini o‘zgartirmagan holda tushuntirib berishga haqli. Tegishli arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi bo‘lgan hal qiluv qarorini tushuntirish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
42-modda. Yozuvdagi xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish
Nizo bo‘yicha hal qiluv qarori qabul qilgan hakamlik sudi yozuvda yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni hakamlik muhokamasi tarafining arizasiga ko‘ra tuzatishga haqli. Yozuvda yo‘l qo‘yilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risidagi arizani nizoni hal qilgan hakamlik sudi tarkibi ariza olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqishi kerak.
Tegishli arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha hakamlik sudi hal qiluv qarorining tarkibiy qismi bo‘lgan yozuvdagi xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatish to‘g‘risida ajrim chiqariladi.
43-modda. Hakamlik sudining ajrimi
Hakamlik sudi nizoning mazmuniga daxl qilmaydigan masalalar yuzasidan ajrim chiqaradi.
Hakamlik sudining ajrimi ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
44-modda. Hakamlik muhokamasini tugatish
Hakamlik sudi quyidagi hollarda hakamlik muhokamasini tugatadi:
hakamlik sudi o‘z hal qiluviga topshirilgan nizoni ko‘rib chiqish uchun hakamlik sudi vakolatga ega emasligi to‘g‘risida ajrim chiqarsa;
da’vogar o‘zining da’vo talabidan voz kechsa va javobgar hakamlik muhokamasini tugatishga qarshi e’tiroz bildirmasa;
hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik muhokamasini tugatish to‘g‘risida kelishuvga erishsa;
hakamlik muhokamasi taraflari kelishuv bitimi tuzsa va u hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan tasdiqlansa;
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik muhokamasining taraflari mediativ kelishuv tuzgan bo‘lsa;
(44-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik muhokamasi tarafi bo‘lgan yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilgan bo‘lsa;
(44-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
hakamlik muhokamasi tarafi bo‘lgan jismoniy shaxs vafot etgan bo‘lsa yoki vafot etgan deb e’lon qilingan bo‘lsa yoxud bedarak yo‘qolgan deb topilgan bo‘lsa va huquqiy vorisdan hakamlik muhokamasini davom ettirish to‘g‘risida ariza tushmasa;
ayni bir hakamlik muhokamasi taraflari o‘rtasidagi, ayni bir predmet to‘g‘risidagi va ayni bir asoslar bo‘yicha kelib chiqqan nizo yuzasidan vakolatli sudning yoki hakamlik sudining qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lsa.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos bo‘yicha tugatilgan hakamlik muhokamasiga doir nizo tugatilgan hakamlik muhokamasi taraflaridan biri tomonidan vakolatli sudga topshirilishi mumkin.
45-modda. Nizolarga doir ishlarning saqlanishi
Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudida ko‘rilgan ishlar, agar doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalarida uzoqroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, mazkur hakamlik sudida uch yil mobaynida saqlanadi.
Muvaqqat hakamlik sudi tomonidan ko‘rilgan ish hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin bir oy muddat ichida vakolatli sudga saqlash uchun yuboriladi.
7-bob. Hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish
46-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan vakolatli sudda nizolashish
Hakamlik muhokamasi tarafi hakamlik sudining hal qiluv qarorini olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida vakolatli sudga ushbu hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘rab ariza berish yo‘li bilan hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashishi mumkin.
Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risida ariza berilganligi nizo bo‘yicha ish yuritish vakolatli sud tomonidan tugallanguniga qadar hakamlik sudi hal qiluv qarorining ijrosi bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turadi.
47-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish asoslari
Vakolatli sud hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoki hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.
Hakamlik sudining hal qiluv qarori, agar hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni so‘rab ariza bergan hakamlik muhokamasi tarafi quyidagi holatlarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa, vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak:
Oldingi tahrirga qarang.
hakamlik bitimining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha haqiqiy emasligini;
(47-moddaning ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
hakamlik sudi hal qiluv qarorining hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligini yoxud unda hakamlik bitimi doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha xulosalar mavjudligini. Agar hakamlik sudining hakamlik bitimi bilan qamrab olinadigan masalalar bo‘yicha xulosalarini bunday bitim bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalaridan ajratib olish mumkin bo‘lsa, hakamlik sudi hal qiluv qarorining faqat hakamlik bitimi bilan qamrab olinmaydigan masalalar bo‘yicha xulosalari bo‘lgan qismi bekor qilinishi mumkin;
hakamlik sudining hal qiluv qarori ushbu Qonun 10-moddasining birinchi va uchinchi qismlari talablari buzilgan holda chiqarilganligini;
hakamlik sudi tarkibi yoki hakamlik muhokamasi ushbu Qonunning 14, 15, 16 va 25-moddalari qoidalariga muvofiq emasligini;
hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflarining qaysi biriga qarshi qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha taraf hakamlik sudyalarini saylash (tayinlash) to‘g‘risida yoki hakamlik sudining majlisi bo‘ladigan vaqt va joy haqida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligini hamda shu sababli u hakamlik sudiga o‘z tushuntirishlarini taqdim etolmaganligini.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar hakamlik sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan nizo qonun hujjatlariga muvofiq hakamlik muhokamasining predmeti bo‘lmasa, hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilinishi kerak.
(47-moddaning uchinchi qismi ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
48-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish oqibatlari
Hakamlik sudining hal qiluv qarori vakolatli sud tomonidan bekor qilingan taqdirda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yangidan murojaat etishga haqli.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik bitimi haqiqiy emasligi oqibatida yoxud hal qiluv qarori hakamlik bitimida nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha chiqarilganligi oqibatida yoxud unda hakamlik bitimida qamrab olinmagan masalalar bo‘yicha to‘xtam mavjudligi yoinki nizo hakamlik muhokamasi predmeti bo‘lishi mumkin emasligi oqibatida to‘liq yoki qisman bekor qilingan bo‘lsa, mazkur nizo bundan buyon hakamlik sudida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
8-bob. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini ijro etish
49-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish
Hakamlik sudining hal qiluv qarori mazkur hal qiluv qarorida belgilangan tartibda va muddatlarda ixtiyoriy ijro etiladi.
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarorida ijro etish muddati belgilanmagan bo‘lsa, u darhol ijro etilishi kerak.
50-modda. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik sudining hal qiluv qarorida belgilangan muddatda ixtiyoriy ijro etilmagan bo‘lsa, u majburiy ijro etilishi kerak. Hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy ijro etish “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, vakolatli sud bergan ijro varaqasi asosida amalga oshiriladi.
51-modda. Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza
Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza hakamlik sudining hal qiluv qarori hakamlik muhokamasi taraflaridan qaysi birining foydasiga chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha taraf tomonidan vakolatli sudga beriladi.
Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
hakamlik sudi hal qiluv qarorining tasdiqlangan nusxasi. Doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining hal qiluv qarori nusxasi mazkur hakamlik sudining raisi tomonidan tasdiqlanadi, muvaqqat hakamlik sudi hal qiluv qarorining nusxasidagi hakamlik sudyasining imzosi notarial tartibda tasdiqlanishi kerak;
ushbu Qonunning 12 va 13-moddalari qoidalariga muvofiq tuzilgan hakamlik bitimi nusxasi;
belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to‘langanligini, shuningdek ariza nusxasi hakamlik muhokamasining boshqa ishtirokchilariga topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar.
Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza hakamlik sudi hal qiluv qarorini ixtiyoriy ijro etish muddati tugagan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay berilishi mumkin. Mazkur muddat vakolatli sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, o‘tkazib yuborilgan muddat tiklanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilangan muddat o‘tkazib yuborilgan yoki zarur hujjatlar ilova qilinmagan holda topshirilgan ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ariza vakolatli sud tomonidan ko‘rib chiqilmasdan qaytariladi va bu haqda ajrim chiqariladi, mazkur ajrim ustidan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(51-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
52-modda. Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani vakolatli sud sudyasi yakka tartibda, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi. Hakamlik muhokamasi taraflari mazkur arizani ko‘rib chiqish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Hakamlik muhokamasi taraflarining yoki ular vakillarining vakolatli sud majlisiga kelmaganligi arizani ko‘rib chiqishga monelik qilmaydi.
(52-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
Vakolatli sud ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ijro varaqasi berish haqida yoki ijro varaqasi berishni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqaradi.
Vakolatli sudning ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi ajrimi darhol ijro etilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli sudning ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi yoxud ijro varaqasi berishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksida yoki O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
(52-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 29-yanvardagi O‘RQ-463-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son — 2018-yil 1-apreldan kuchga kiradi)
53-modda. Ijro varaqasi berishni rad etish asoslari
Vakolatli sud ijro varaqasi berish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqayotganda hakamlik sudi aniqlagan holatlarni tekshirishga yoxud hakamlik sudining hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.
Vakolatli sud ijro varaqasi berishni rad etish to‘g‘risida ushbu Qonunning 47-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha ajrim chiqaradi.
Vakolatli sud ijro varaqasi berishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqargan taqdirda, hakamlik muhokamasi taraflari hakamlik bitimiga muvofiq hakamlik sudiga yoxud taalluqlilik va sudlovga tegishlilik qoidalariga rioya qilgan holda vakolatli sudga yangitdan murojaat etishga haqlidir, ushbu Qonun 48-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
54-modda. Hakamlik sudi hal qiluv qarorining qaytarma ijrosi
Agar hakamlik sudining hal qiluv qarori u bekor qilingan paytga kelib ijro etilgan bo‘lsa, hakamlik sudining bekor qilingan hal qiluv qaroriga muvofiq javobgardan da’vogarning foydasiga undirilgan narsalarning hammasi javobgarga qaytarib beriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
55-modda. Nizolarning hal etilishi
Oldingi tahrirga qarang.
Hakamlik sudlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(55-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
56-modda. Hakamlik sudlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Hakamlik sudlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(56-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
57-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1963-yil 23-martda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Grajdanlik protsessual kodeksining 3-sonli ilovasini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
O‘zbekiston Respublikasining 1963-yil 23-martda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Grajdanlik protsessual kodeksining 3-sonli ilovasi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Vedomostlari, 1963-yil, № 9, 31-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
58-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(58-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin.
59-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun 2007-yil 1-yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 16-oktabr,
O‘RQ-64-son


(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 42-son, 416-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2018-y., 03/18/463/0634-son; 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Download 95,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish