3-bob. Departamentning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi 9. Departament o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa muassasalarning bazalari (shu jumladan elektron bazalari)dan axborot, statistik va boshqa materiallarni so‘rash hamda olish;
qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari bo‘yicha belgilangan tartibda takliflarni kiritish;
tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari vakillarini tarbiyaviy-profilaktika tadbirlariga, mahkumlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuviga jalb etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarni belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha boshqa yerga ko‘chirishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining tegishli bo‘linmalari bilan hamkorlikni tashkil etish;
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;
mahkumlarning ma’naviy-axloqiy saviyasi darajasini oshirish, ular bilan tarbiyaviy tadbirlarni o‘tkazish, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilayotgan shaxslarga ijtimoiy va moddiy yordam ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilik vakillari va fuqarolarni jalb etish;
mahkumlarning ta’lim olishi va kasb-hunar o‘rganishini ta’lim va mehnat organlari bilan hamkorlikda tashkil etish;
ozod etilayotgan shaxslarni ishga joylashtirish va ularning maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha ijtimoiy moslashtirish markazlari bilan hamkorlikni amalga oshirish;
qonunchilikda belgilangan tartibda Departament va uning muassasalari tibbiy kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash;
sog‘liqni saqlash organlari bilan hamkorlikda manzil-koloniyalarda saqlanayotgan mahkumlarni tibbiy vositalar bilan ta’minlagan holda barcha turdagi tibbiy yordam ko‘rsatish, mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarga malakali davolash-diagnostika hamda shoshilinch yordam ko‘rsatish, turli xil ekspertiza va ko‘rikdan o‘tkazish;
Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari bilan mahkumlarning nogironligini tasdiqlash va belgilash, ularning kasbiy mehnatga qobiliyatini yo‘qotganlik darajasini aniqlash masalalari bo‘yicha hamkorlikni amalga oshirish;
davlat organlari, ta’lim, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlardan Departament faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflarni olish hamda tegishli organlar va tashkilotlarning rahbarlari bilan kelishilgan holda ushbu loyihalarni tayyorlash bo‘yicha komissiyalar (ishchi guruhlar) tuzish;
qonunchilikka, IIVning ko‘rsatmalari va farmoyishlariga rioya etilishi yuzasidan jazoni ijro etish tizimida moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish va taftish o‘tkazish;
xodimlarning moddiy-texnik va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha takliflarni kiritish;
ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi jazoni ijro etish muassasalarini rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish uchun investitsiyalar (shu jumladan xorijiy) jalb qilish bo‘yicha choralarni ko‘rish;
muassasalar xavfsizligini ta’minlash borasidagi tadbirlarga mahalliy hokimliklar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb etish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10. Departament quyidagilarga majburdir:
mahkumlar va qamoqqa olingan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hamda majburiyatlarini ado etish bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida zarur choralarni ko‘rish;
sudlarning, shuningdek, ish yurituvida jinoyat ishi bo‘lgan boshqa organlarning tegishli hukmlari, ajrimlari va qarorlari asosida ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq jazolarni ijro etish, qamoqqa olingan shaxslarni saqlash;
jazoni ijro etish tizimining faoliyati haqida zarur ma’lumotlarni tayyorlash va IIV rahbariyatiga taqdim etish;
mahkumlarni qonunga itoatkorlik ruhida tarbiyalash, ularga psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam ko‘rsatish va kasb-hunar o‘rgatish orqali kelgusidagi ijtimoiylashuvga tayyorlash ishlarini sifatli va to‘laqonli amalga oshirish.
Departament qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
11. Departament o‘ziga yuklatilgan vazifa va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javobgardir.