2-bob. Banklarga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlari va ularga mablag‘lar ajratish tartibi 8. Moliya vazirligi tomonidan ipoteka kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda banklarga quyidagi muvofiqlik mezonlari belgilanadi:
bankda yangi tartib doirasida ipoteka kreditlarini ajratish yuzasidan aniq belgilangan ichki tartib mavjud bo‘lishi;
bank “Fitch Ratings” yoki “Standard & Poor’s” reyting agentliklarining “V” darajasidan yoki “Moody’s Investors Service” reyting agentligining “V2” reytingidan past bo‘lmagan darajada uzoq muddatli kredit reytingiga ega bo‘lishi;
oxirgi uch yillik moliyaviy hisobotlar bo‘yicha auditorlik tashkiloti ijobiy xulosasining mavjudligi;
bankning regulyativ kapitali 500 milliard so‘mdan kam bo‘lmasligi;
bank davlat budjeti mablag‘lari, shu jumladan, Moliya vazirligi tomonidan yangi tartibga muvofiq joylashtirilgan mablag‘lar bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlikka ega bo‘lmasligi;
Markaziy bank tomonidan belgilangan prudensial normativlar buzilganligi sababli unga nisbatan ipoteka krediti berilishiga to‘sqinlik qiluvchi amaldagi chora va sanksiyalar mavjud bo‘lmasligi lozim.
Mazkur bandning ikkinchi — oltinchi xatboshlarida nazarda tutilgan hujjatlar banklar tomonidan, yettinchi xatboshida keltirilgan ma’lumotlar Markaziy bank tomonidan Moliya vazirligiga taqdim etiladi.
9. Moliya vazirligi banklarning muvofiqlik mezonlariga mos kelishini baholashda Markaziy bankdan banklarning moliyaviy holati to‘g‘risidagi qo‘shimcha axborotni so‘rab olishi mumkin.
10. Ushbu Nizomning 8-bandida belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilgandan so‘ng Moliya vazirligi muvofiqlik mezonlariga mos keluvchi banklar bilan ipoteka kreditlari uchun mablag‘lar ajratish yuzasidan Bosh bitim tuzadi.
Moliya vazirligi tomonidan ushbu Nizom doirasida ajratiladigan mablag‘lar bankning birinchi darajali regulyativ kapitalidan oshib ketmasligi lozim.
11. Bosh bitimga muvofiq Moliya vazirligi mablag‘larni banklarga bozor shartlari asosida joylashtiradi.
Bunda banklarga joylashtiriladigan mablag‘larning bozor stavkasi Moliya vazirligi va Markaziy bank tomonidan banklarga joylashtirilgan depozitlar, davlat qimmatli qog‘ozlari, boshqa vositalar va operatsiyalar bo‘yicha foiz stavkalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mablag‘larning foiz stavkasini aniqlashda foydalaniladigan moliyaviy operatsiya va maqsadli ko‘rsatkichlar turlari Moliya vazirligi tomonidan Markaziy bank bilan kelishgan holda inflatsiyaning joriy va kutilayotgan darajasi hamda pul bozoridagi shart-sharoitlarni inobatga olgan holda belgilanadi.
12. Moliya vazirligi tomonidan banklarga mablag‘lar joylashtirishdan olingan daromadlar (foizlar) O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga o‘tkaziladi.
13. Banklar Bosh bitimga muvofiq ipoteka kreditlari uchun fuqarolardan tushgan real talabni inobatga olgan holda asoslangan hisob-kitoblar bilan birga ipoteka kreditlari uchun mablag‘lar ajratish bo‘yicha Moliya vazirligiga shartnoma tuzish yuzasidan murojaat qiladi.
Murojaat kiritilgandan so‘ng banklar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan talabini o‘z vaqtida qondirish maqsadida ajratilgan ipoteka kreditlari Moliya vazirligidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan qayta moliyalashtirilishi mumkin.
14. Banklardan ipoteka kreditlari ajratish bo‘yicha buyurtmanomalar qabul qilingandan so‘ng Bosh bitim doirasida Moliya vazirligi banklar bilan ajratiladigan mablag‘ miqdori, foiz stavkasi va moliyalashtirishning boshqa shartlarini nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolaydi hamda o‘n ish kuni mobaynida shartnomada nazarda tutilgan mablag‘larni tegishli bankka o‘tkazib beradi.
Moliya vazirligi tomonidan joylashtirilgan mablag‘lar ushbu mablag‘lar olingan sanadan boshlab uch oy mobaynida ipoteka kreditlari berish uchun foydalanilmagan taqdirda, bank foydalanilmagan mablag‘larni ushbu davr tugashidan oldingi sanagacha shartnomada ko‘rsatilgan foizlar bilan birga Moliya vazirligiga qaytarishi shart.
Foydalanilmagan mablag‘lar bank tomonidan Moliya vazirligiga belgilangan uch oy muddatda qaytarilmagan taqdirda, qaytarilmagan mablag‘lar ular olingan sanadan boshlab haqiqatda qaytarish sanasiga bo‘lgan davr uchun shartnomada ko‘rsatilgan foiz stavkasi ikki baravar miqdorda hisoblangan holda to‘lab beriladi.
Bunda tegishli bank tomonidan moliya yili mobaynida ikki marta Moliya vazirligi mablag‘larining 50 foizdan ortiq qismi ipoteka kreditlari berish uchun belgilangan uch oy muddat mobaynida foydalanilmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, Moliya vazirligi ushbu bankka keyingi uch oy muddatga mablag‘ ajratilishini vaqtincha to‘xtatishi mumkin.
15. Moliya vazirligidan olingan mablag‘lar ular hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlari qarz oluvchilar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirish muddatidan qat’i nazar banklar tomonidan Bosh bitim, shartnomalar va ularga ilova qilingan qaytarish grafiklariga asosan qaytariladi.