debet bank kartasi — o‘z saqlovchisiga u va bank kartasi emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘i doirasida to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish va (yoki) naqd pul mablag‘larini olish uchun (korporativ bank kartasi bundan mustasno) tasarruf etish imkonini beradi;
kredit bank kartasi — o‘z saqlovchisiga u va bank kartasi emitenti o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga binoan to‘lov operatsiyalarini amalga oshirish va (yoki) naqd pul mablag‘larini olish uchun (bundan korporativ bank kartasi mustasno) tegishli karta hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari qoldig‘idan ortiq operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Ikki va undan ortiq to‘lov tizimlarida ishlaydigan va ularning logotiplarini o‘zida aks ettirgan bank kartalari kobeydjing kartalari deb hisoblanadi.
Ikki va undan ortiq tovar belgisi ostida emissiya qilingan bank kartalari kobrend bank kartalari deb hisoblanadi.
4-bob. Bank kartalarini emissiya qilish
7. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarini emissiya qilish O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan banklar tomonidan amalga oshiriladi.
8. Biron bir to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan bank kartalarini emissiya qilish, sertifikatlangan dasturiy-texnik vositalardan foydalangan holda, tegishli to‘lov tizimi operatori tomonidan o‘rnatilgan qoidalarga asosan emitent tomonidan amalga oshiriladi.
9. Bank kartalarining (shu jumladan, virtual kartalarining) majburiy rekvizitlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
bank kartasi saqlovchisining familiyasi va ismi (shaxsiy bank kartalari uchun);
karta hisobvarag‘i egasi bo‘lgan yuridik shaxsning firma (rasmiy) nomi va (yoki) uning to‘lov tizimidagi shartli raqami (korporativ bank kartalari uchun);
bank kartasi emitentining rasmiy nomi;
bank kartasining raqamlari va amal qilish muddati.
10. To‘lov tizimi doirasida emissiya qilinadigan bank kartalarida, identifikatsiya belgilari va bank kartalarining belgilari bo‘lgan qo‘shimcha majburiy rekvizitlar mazkur tizim qoidalarida belgilanishi mumkin.
5-bob.
Emitentning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi
11. Bank kartasining emitenti quyidagi huquqlarga ega:
jismoniy va yuridik shaxslarga ularning arizalari asosida o‘zaro tuziladigan shartnoma yoki ofertani qabul qilish yo‘li bilan Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga (ro‘yxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) muvofiq mijozni o‘rnatilgan tartibda identifikatsiyalagan holda bank kartalarini foydalanishga taqdim etish;
bank kartasi orqali amalga oshirilgan debet aylanmalar uchun vositachilik haqini undirish;
shartnomada belgilangan hollarda bank kartalariga mablag‘ kirim qilinganligi uchun vositachilik haqqi undirish.
12. Bank kartasining emitenti quyidagilarga amal qilishi shart:
bank kartasini olish uchun murojaat qilgan shaxsning arizasini ko‘rib chiqish;
bank kartasini saqlovchisini bank kartasi yo‘qolganligi va (yoki) bank kartasidan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risidagi xabarnomani tunu kun yuborish imkoniyati bilan ta’minlash;
bank kartasi emitenti va saqlovchisi o‘rtasida tuzilgan shartnomada o‘rnatilgan tartibga asosan bank kartasini berish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha emitent tariflarining o‘zgarganligi hamda bank kartasini amal qilish muddatidan avval to‘xtatish to‘g‘risida bank kartasi saqlovchilarini xabardor qilish;
karta hisobvarag‘i yopilganda, keyingi operatsiya kunidan kechiktirilmagan holda karta hisobvarag‘ida mavjud pul mablag‘larini mijozga berish;
bank kartalari orqali o‘tkazilgan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirish.
13. Bank kartasi emitenti:
bank kartasining saqlovchisidan bank kartasining yo‘qolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi to‘g‘risida ariza qabul qilingandan so‘ng emitent yo‘qotilgan yoki ruxsatsiz foydalanilgan bank kartasi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar;
qalbaki bank kartasi orqali bajarilgan barcha operatsiyalar bo‘yicha javobgar hisoblanadi.
14. Emitent bank kartasi saqlovchisi oldida quyidagi holatlarda javobgar hisoblanmaydi:
agar bank kartasi saqlovchisi shartnomada belgilangan qoida va tartiblarni buzgan bo‘lsa;
bank kartasi saqlovchisi tomonidan noqonuniy harakatlar
sodir qilingan holatda;
bank kartasining yo‘qolganligi yoki undan ruxsatsiz foydalanilganligi fakti haqida bank kartasining saqlovchisi tomonidan emitent xabardor qilinmaganda.
bank kartasiga bog‘lik ma’lumotlar (ShIR kod, bir martalik SMS kod va boshqalar) mijoz tomonidan uchinchi tarafga ma’lum qilingan holatda.
6-bob. Bank kartasi saqlovchisining huquq va majburiyatlari
15. Bank kartasi saqlovchisi quyidagi huquqlarga ega:
to‘lov tizimi qoidalari va emitent bilan tuzilgan shartnomada ko‘zda tutilgan shartlar va tartibga asosan bank kartasi orqali operatsiyalarni amalga oshirish;
bank kartasining emitentidan bank kartasidan foydalanish qoidalari hamda ular orqali operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha bank kartasining saqlovchisi va emitentning javobgarlik chegarasi to‘g‘risidagi to‘liq axborotni olish;
emitentdan bank kartasi orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar to‘g‘risida to‘liq axborot olish;
o‘z roziligiga ko‘ra, uning karta hisobvarag‘ini tasarruf etish imkoniyatini beruvchi qo‘shimcha bank kartalarini chiqarish va rasmiylashtirishni emitentdan so‘rash;
karta hisobvarag‘ini kelgusida yopish sharti bilan bank kartalaridan foydalanishni rad etish.
16. Bank kartasini saqlovchi hisoblangan yuridik shaxs va yakka tartibdagi tadbirkorlar mazkur Nizomning 15-bandida belgilangan huquqlar bilan birga quyidagi huquqlarga ham ega:
shartnoma, xizmat safari, xo‘jalik va boshqa xarajatlar uchun pul mablag‘larini karta hisobvarag‘iga kirim qilish va ushbu xarajatlarni karta hisobvarag‘idan naqd pulsiz tartibda to‘lash;
bank kartasining emitenti bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan va tegishli karta hisobvarag‘idan o‘tkazish uchun ruxsat etilgan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish.
7-bob. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan milliy va chet el valyutasidagi bank kartalaridan foydalanish tartibi
18. Karta hisobvarag‘ini to‘ldirish karta hisobvarag‘ini ochgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorlarning to‘lov topshiriqnomasi asosida istalgan talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘idan amalga oshiriladi.
19. Yuridik shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritish, shu jumladan davlat boji va yig‘imlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni faqat milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin.
Yuridik shaxslarning chet el valyutasidagi bank kartalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida nosavdo tusdagi valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida foydalanilishi mumkin.
Yuridik shaxslar korporativ bank kartasiga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar,
nafaqalar, stipendiyalar va dividendlarni o‘tkazishga, shuningdek, korporativ bank kartalari vositasida naqd pul berilishi va (yoki) chet el valyutasini sotib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuridik shaxslar tomonidan auksion savdolarida ishtirok etib, xaridlarni amalga oshirish uchun korporativ bank kartasidan foydalanish taqiqlanadi.
Korporativ bank kartalaridan foydalangan holda naqd pulsiz shaklda to‘lash uchun sarf qilinayotgan pul mablag‘lari korporativ bank kartasining saqlovchisiga hisobdorlik sharti bilan beriladigan, qat’iy tarzda belgilangan maqsadlarda ishlatiladigan mablag‘lar bo‘lib hisoblanadi.
Korporativ bank kartasining saqlovchisi korporativ bank kartasini hisobdorlikka olgan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmagan holda korporativ bank kartalari vositasida ishlatilgan mablag‘lar to‘g‘risida yuridik shaxsning buxgalteriyasiga hisobot taqdim etadi.
Xizmat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun korporativ bank kartasidan foydalanganda, korporativ bank kartasining saqlovchisi xizmat safaridan qaytganidan keyin korporativ bank kartasi vositasida sarflangan summalar to‘g‘risida buxgalteriyaga hisobot taqdim etadi.
20. Yakka tartibdagi tadbirkor milliy valyutadagi bank kartalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarish, savdo, xizmat ko‘rsatish, ishlarni bajarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa har qanday xarajatlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkorlarning chet el valyutasidagi bank kartalaridan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida nosavdo tusdagi valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida foydalanilishi mumkin.
21. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bank kartalari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha hisobot hujjatlari sifatida to‘lov terminali kvitansiyalarining asl nusxalari, shuningdek, elektron tijorat bitimlaridagi tomonlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi elektron cheklar, kvitansiyalar,
xabarlar va boshqa usullar, invoys (hisob-faktura) hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hujjatlar xizmat qiladi.
22. Karta hisobvarag‘idagi sarflanmay qolgan mablag‘larni talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga qaytarish to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshiriladi.
Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyati qonunchilik hujjatlariga muvofiq tugatilganda uning karta hisobvarag‘idagi sarflanmay qolgan mablag‘lari talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
23. Korporativ bank kartasi va yakka tartibdagi tadbirkorning bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalarning qonuniyligi uchun javobgarlik karta hisobvarag‘ini ochgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor zimmasida bo‘ladi.
8-bob. Bank kartalari bilan hisob-kitoblar
24. Bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan hisob-kitoblar qog‘ozda (slip, cheklar, sms-xabar) yoki elektron shaklda boshqa ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Bunda mazkur ma’lumotnomalar hisob-kitoblarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tomonlarga yetarli nusxalarda shakllantiriladi. Ma’lumotnomalar bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak.
25. Ma’lumotnomalarda bank kartasi va uning saqlovchilarining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari, shuningdek tashkilotlar, naqd pul berish punktlari va bankomatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi shart.
26. Elektron ma’lumotnomalar bank-ekvayerga, bank-emitentga hamda shartnomada nazarda tutilgan hollarda to‘lov tizimi operatori va to‘lov tashkilotiga yuboriladi.
27. Bank kartalari bo‘yicha banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblar:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) to‘lov tizimlari orqali umumiy asosda amalga oshiriladi;
Banklar o‘rtasida ular tomonidan chiqarilgan milliy valyutadagi bank kartalaridan foydalanilgan holda amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha to‘lovlarga ishlov berish hamda ularning kliringi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisob-kitoblar kliring tizimi to‘g‘risida nizomga (ro‘yxat raqami 2570, 2014-yil 4-aprel) muvofiq tartibda amalga oshiriladi.
28. Amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha umumiy hisob-kitoblar to‘lov tizimlari orqali quyidagicha amalga oshiriladi:
bank tomonidan xizmat ko‘rsatilayotgan mijozdan olingan elektron hujjatlar asosida ekvayerda avtomatik ravishda elektron xabarnoma shakllanadi hamda o‘tkazmalarni avtorizatsiya qilish va amalga oshirish uchun to‘lov tizimi orqali emitentga yuboriladi;
emitent elektron xabarnoma asosida tranzaksiyani avtorizatsiya qilib, mablag‘larni to‘lov tizimi orqali tegishli mablag‘larni oluvchiga o‘tkazish uchun ekvayerga yuboradi hamda mablag‘larni bank karta hisobvarag‘idan hisobdan chiqarish uchun elektron memorial orderni dasturiy ravishda shakllantiradi;
mablag‘lar ekvayer tomonidan emitentdan olingan elektron memorial order asosida mablag‘larni oluvchining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi va memorial order ro‘yxat ko‘rinishida
chop etilib, bankning kunlik hujjatlar yig‘majildiga tikiladi.
29. To‘lov tizimi operatori orqali hisob-kitoblar quyidagicha amalga oshiriladi:
amaliyot kuni davomida bank kartalari bo‘yicha to‘lov tizimi operatori orqali amalga oshirilgan barcha operatsiyalar hisob-kitob ishtirokchilari uchun ochilgan alohida shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi;
yakuniy summalar Markaziy bankning hisob-kitoblar kliring tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitoblar markazida ochilgan banklarning vakillik hisobvaraqlariga shartnomada nazarda tutilgan muddatda o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi;
banklar tomonidan to‘lov tizimi operatoridan olingan ma’lumotlar asosida mijozning bank kartasi hisobvarag‘iga mablag‘lar o‘tkaziladi yoki hisobdan chiqariladi.
9-bob. Bank kartasidan foydalanilgan holdagi to‘lovlar
30. Tovarlar va xizmatlarni chakana realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkor va yuridik shaxslar to‘lovlarning bank kartalaridan foydalangan holda qabul qilinishini ta’minlashi shart.
31. To‘lov xizmatlaridan foydalanuvchining bank kartalaridan foydalanish bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari bank kartasidan foydalangan holda amalga oshiriladigan to‘lov yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.
32. To‘lovlar bank kartasidan foydalangan holda amalga oshirilganda yakka tartibdagi tadbirkorda yoki yuridik shaxsda u bilan bank kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzgan bankka nisbatan yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs tomonidan qabul qilingan to‘lov summasida pul talab qilish huquqi, bankda esa yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik shaxsning pulga doir talabini bajarish majburiyati yuzaga keladi.
33. Bank kartasining emitenti bank kartasini saqlovchisi talabiga binoan uning bank kartasidan foydalanish bilan bog‘liq tegishli hujjatlarni va axborotni shartnomada belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
34. Bank kartasining emitenti bank kartasining saqlovchisiga yuborilgan va undan olingan xabarnomalarning ushbu xabarnomalar yuborilgan va olingan kundan e’tiboran uch yildan kam bo‘lmagan muddat mobaynida saqlanishini ta’minlaydi.
35. Bank kartasining emitenti bank kartasi saqlovchisining arizasining ariza kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kun mobaynida ko‘rib chiqadi. Arizani ko‘rib chiqish uchun tekshirish o‘tkazish, qo‘shimcha materiallarni so‘rab olish yoki boshqa choralar ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda arizani ko‘rib chiqish muddati ko‘pi bilan o‘ttiz kunga uzaytirilishi mumkin, bu haqda bank kartasining saqlovchisiga xabar beriladi. Bank kartasidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida foydalanilgan taqdirda bank kartasining saqlovchisining arizasi ariza kelib tushgan kundan e’tiboran qirq besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Bank kartasining saqlovchisiga arizani ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida yozma yoki elektron shaklda axborot yuboriladi.
36. Bank kartasidan foydalanish bank kartasining saqlovchisidan olingan xabarnomaga asosan bank kartasining emitenti tomonidan yoki bank kartasini saqlovchi bank kartasidan shartnomaga muvofiq foydalanish tartibini buzgan taqdirda bank kartasi emitentining tashabbusiga ko‘ra to‘xtatib turiladi yoki tugatiladi.
37. Bank kartasi saqlovchisining bank kartasidan foydalanishini to‘xtatib turish yoki tugatish bank kartasi saqlovchisining va bank kartasi emitentining ushbu kartadan foydalanishni to‘xtatib turish yoki tugatish paytiga qadar yuzaga kelgan majburiyatlarini tugatmaydi.
10-bob. Bank kartasi bilan operatsiyalarni amalga oshirishni to‘xtatish va bank kartasini muomaladan chiqarish
38. Bank kartasi saqlovchisidan bank kartasi yo‘qolganligi yoki o‘g‘irlanganligi to‘g‘risida xabarnoma olinganda, emitent bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishi hamda bank kartasini muomaladan chiqarish choralarini ko‘rishi zarur.
39. To‘lov tizimi operatori to‘lov tizimi qoidalariga muvofiq ayrim emitentlar tomonidan emissiya qilingan bank kartalari orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishga haqlidir.
40. Emitent quyidagi holatlarda bank kartasi orqali operatsiyalar o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish hamda bank kartasini muomaladan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin:
bank kartasi yoki uning rekvizitlaridan noqonuniy foydalanishni tasdiqlovchi holatlar mavjudligida;
bank kartasidan foydalanish vakolatiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan ishlatilganda;
bank kartalaridan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan
boshqa holatlarda;
qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Mazkur bandda ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelganda, bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish yoki bank kartasini muomaladan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish to‘lov tizimi qoidalariga asosan belgilanadi.
41. Bank kartasi orqali operatsiyalarni o‘tkazishni vaqtincha to‘xtatib qo‘yish hamda bank kartasini muomaladan chiqarish va bu haqda mijozga xabar berish tartibi to‘lov tizimi qoidalariga hamda bank kartalaridan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
11-bob. Bank kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi qurilmalar hamda savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlarining majburiyatlari
42. Savdo va xizmat ko‘rsatish subyekti rahbari o‘z savdo va xizmat ko‘rsatish obyektiga o‘rnatish uchun to‘lov terminallarini ajratish bo‘yicha yoki o‘zida mavjud bo‘lgan to‘lov terminallariga dasturiy ta’minotni o‘rnatish yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi bankka yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi.
Banklar to‘lov terminalini ajratish bo‘yicha murojaatlar kelib tushgan kundan boshlab o‘n bank ish kuni ichida to‘lov terminallarini ajratadi. Ushbu vaqt ichida banklar to‘lov terminallarini texnik jihatdan mijozga biriktirish ishlarini tugatishi shart.
Savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlarining o‘zlarida mavjud bo‘lgan to‘lov terminaliga dasturiy ta’minotni o‘rnatish yuzasidan qilingan murojaatlar uch bank ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va ularga tegishli dasturiy ta’minotlar o‘rnatiladi.
Tovarlar va xizmatlarni chakana realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar to‘lov terminallarining uzluksiz ishlashini, onlayn inkassatsiya amaliyotini har kuni qilinishini va to‘lov tizimi shartli belgisi bo‘lishini ta’minlashlari shart.
To‘lov terminali texnik yoki dasturiy nosoz holatga kelib qolganda, savdo va xizmat ko‘rsatish subyekti rahbari bu haqda bir kundan kechiktirmasdan davlat soliq xizmati organiga va xizmat ko‘rsatuvchi bankiga yozma yoki elektron shaklda xabar berishi shart.
Banklar uch ish kunida to‘lov terminallarini soz holatga keltirish choralarini ko‘rishlari va to‘lov terminallari soz holatga kelgunga qadar vaqtinchalik boshqa teriminal bilan ta’minlab turishlari shart hamda to‘lov amaliyotlarini to‘lov tizimi operatorlari tomonidan yuborilgan fayllar kliring qilinishi bir ish kunidan kechiktirmagan holda mijozlarning hisobvarag‘iga o‘tkazilishi lozim.
Savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari o‘zlaridagi mavjud to‘lov terminallarini boshqa subyektlarga foydalanish uchun berishlari mumkin emas.
43. Savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari quyidagilarga amal qilishi shart:
hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun tovar (ish, xizmat va boshqalar) narxlari asossiz ravishda oshmaydigan narx bo‘yicha bank kartasining saqlovchisiga xizmat ko‘rsatish;
shartnoma munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lov tizimi nomi va (yoki) logotipini ko‘rsatgan holda, bank kartasiga xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida mijozlarni xabardor qilish;
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi va ekvayer o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan to‘lov tizimiga tegishli bo‘lgan barcha bank kartalariga xizmat ko‘rsatish;
bajarilayotgan operatsiyalar summasi ekvayer bilan tuzilgan shartnomada o‘rnatilgan summadan ortiq bo‘lgan barcha holatlarda bank kartasi bo‘yicha avtorizatsiya o‘tkazish;
qonunchilik hujjatlari va ekvayer bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq bank kartasi orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha axborot taqdim etish;
bank kartasining saqlovchisi to‘g‘risida ma’lumotni uchinchi shaxslardan sir saqlash, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
44. To‘lov tizimi subyektlari tomonidan o‘rnatilgan bankomatlar va o‘z-o‘ziga xizmat qiluvchi qurilmalarda ekvayer nomi, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi telefon raqami hamda qurilma ulangan to‘lov tizimi logotipi bo‘lishi lozim.
Bankomat texnik nosozlik sababli bank
kartasini qaytarib bermaganda, bank kartasi saqlovchisi tomonidan ekvayerga og‘zaki yoki yozma murojaat qilinadi. Murojaat bank operatsiya kuni davomida kelib tushsa shu kunning o‘zida, operatsiya kuni tugaganda kelib tushgan taqdirda keyingi bank operatsiya kunidan kechikmagan holda mijozga bank kartasi qaytarib berilishi zarur.
Bank kartasi ShIR-kod noto‘g‘ri kiritilishi natijasida bankomat tomonidan qaytarib berilmaganda, bank kartasi ekvayer tomonidan bank kartasi saqlovchisi identifikatsiya qilingan holda bank kartasi saqlovchisining murojaati kelib tushgan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan qaytarib beriladi.
Banklar tomonidan o‘rnatilgan bankomatlarning ish faoliyati va naqd pul bilan ta’minlanganligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishi hamda bankomatlarning joylashuvi va ishchi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bankning veb-sayti va/yoki mobil ilovalarida ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
12-bob. Bank kartasi saqlovchilarining huquqlarini himoya qilish
45. Bank kartasi emitenti bank kartasi hisobvarag‘i egasiga bank kartasidan foydalanmagan holda bank kartasi hisobvarag‘i bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi zarur.
46. Bank kartasining saqlovchisi, uning bank kartalari orqali amalga oshirilgan operatsiyalari hamda bank kartalarining o‘zi haqidagi ma’lumot — bank siri ma’lumotlari bo‘lib hisoblanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etilishi mumkin.
13-bob. Ekvayerning huquq va majburiyatlari va savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari oldidagi javobgarlik chegarasi
47. Ekvayer quyidagi huquqlarga ega:
Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga (ro‘yxat raqami 2886, 2017-yil 23-may) muvofiq bank kartasining saqlovchisidan uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat taqdim etishini talab qilish;
naqd pul berish operatsiyasini amalga oshirishda bank kartasi hisobvarag‘idan bankning xizmat haqini undirish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bilan hisob-kitob operatsiyalarini o‘tkazish uchun shartnomada ko‘zda tutilgan vositachilik haqini bevosita hisobvaraqlarga kelib tushadigan summa hisobidan ushlab qolish.
48. Ekvayer quyidagilarga amal qilishi shart:
naqd pul berish operatsiyasini amalga oshirishda ekvayer tariflari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi axborotni bank karta saqlovchilariga yetkazish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bank kartalari orqali amalga oshirgan operatsiyalari bo‘yicha hisob-kitoblarning o‘z vaqtida bajarilishini va uning to‘g‘riligini ta’minlash;
o‘zi ishtirokchi bo‘lgan to‘lov tizimining barcha bank kartalariga xizmat ko‘rsatish;
savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlarini tuzilgan shartnomada belgilangan shartlar asosida bank kartalari egalariga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan qurilmalar va ma’lumotlar bilan ta’minlash;
bank kartalari orqali o‘tkazilgan operatsiyalar bo‘yicha savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bilan o‘zaro hisob-kitoblarni vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilishini ta’minlash.
49. Ekvayer tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi oldida bank kartasi orqali hisob- kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha quyidagi hollarda javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi:
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishda tuzilgan shartnomalarda o‘rnatilgan
qoida va tartibni buzganda;
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi tomonidan o‘tkazilgan to‘lov operatsiyasi to‘g‘risida hujjat yoki axborotlar mavjud bo‘lmaganda;
tovar (ish, xizmat va boshqalar) sotuvchisi tomonidan noqonuniy harakatlar amalga oshirilganda.
14-bob. To‘lov tizimi operatorining huquq, majburiyatlari va javobgarligi
50. To‘lov tizimi operatori quyidagi huquqlarga ega:
to‘lov tizimi ishtirokchilari uchun bank kartalari orqali operatsiyalarni amalga oshirish va unga ruxsat berish;
emitent bilan tuzilgan shartnomaning hamda to‘lov tizimining boshqa ishtirokchilari o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlarini emitent tomonidan bajarmaslik hollarida, emitentning bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatish.
51. To‘lov tizimi operatori quyidagilarga amal qilishi shart:
to‘lov tizimi ishtirokchilari tomonidan chiqarilgan bank kartalari orqali operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati bilan ta’minlash;
antifrod-tizimga ega bo‘lishi;
bank kartasiga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash to‘g‘risidagi emitentning yozma qarori olingandan so‘ng, bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish (alohida turdagi operatsiyalarni to‘xtatish);
emitentning bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingandan so‘ng, uning bank kartalari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatish;
to‘lov tizimini uzluksiz, barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash;
to‘lov tizimi ishtirokchilarining operatsiyalari to‘g‘risidagi bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni sir saqlanishini ta’minlash, bundan O‘zbekiston Respublikasining “Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunida nazarda tutilgan hollar mustasno.
52. Emitent tomonidan bank kartalariga xizmat ko‘rsatishni taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng, ular orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha hamda emitent tomonidan bank kartalari orqali amalga oshirilishi taqiqlanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan ayrim operatsiyalarni bajarish bo‘yicha to‘liq javobgarlikni to‘lov tizimi operatori o‘z zimmasiga oladi.
53. To‘lov tizimi ishtirokchilari bo‘lgan banklar faoliyati ustidan nazorat o‘rnatish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va to‘lov tizimi qoidalariga asosan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
54. To‘lov tizimi operatori bank kartalari emissiyasini amalga oshirish to‘g‘risida shartnoma tuzgan emitentlarning ro‘yxatini yuritadi.
55. Emitentlarning ro‘yxati doimiy ravishda to‘lov tizimi operatorining veb-saytida e’lon qilinib boriladi.
15-bob. Bank kartalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladigan axborotlarni himoya qilish
56. Emitentlar, ekvayyerlar, to‘lov
tizimi operatorlari, savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari bank kartalari orqali hisob-kitoblarni amalga oshirishda foydalaniladigan axborotlarni va dasturiy-texnik vositalarni himoya qilish bo‘yicha qoidalarga rioya qilishlari shart.
57. Axborotlarni, bank kartalarini va bunda foydalaniladigan dasturiy-texnik vositalarni himoya qilish, O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi hamda to‘lov tizimining qoida va tartiblariga asosan o‘rnatiladi.
16-bob. Yakuniy qoidalar
58. Bank kartalarini emissiya qilish, ular orqali amalga oshirilgan operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni o‘tkazish va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
59. O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarini emissiya qilish tartibini hamda bank kartalari orqali xizmat ko‘rsatish va operatsiyalar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish qoidalarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.04.2021-y., 10/21/3294/0285-son)