Sosiologiya fani ham yangicha munosabatlar sharoitida o`z taraqqiyotining
muhim bosqichiga erishar ekan, psixologiya ushbu fan tomonidan qo`lga kiritilgan
yutuqlardan foydalanadi hamda ularning qo`llanilishiga, ommalashishiga baholi
qudrat xizmat qiladi. Ayniqsa, psixologiyadan mustaqil ravishda rivojlanib, ajralib
chiqqan bugungi taraqqiyot davrimizda alohida ahamiyat kasb etgan ijtimoiy
psixologiyaning sosiologiya bilan aloqasi uzviy bo`lib, ular jamiyatda ijtimoiy
taraqqiyot va rivojlanishni ta`minlash ishiga xizmat qiladi. Qolaversa, huquqiy-
demokratik davlat qurish ishini sobitqadamlik bilan amalga oshirayotgan
O`zbekiston aholisining huquqiy madaniyatini va demokratik o`zgarishlarga
psixologik jihatdan tayyorligini amalda ta`minlash bu sohada muntazam tarzda
ijtimoiy fikr, insonlar fikr va qarashlaridagi o`zgarishlarni o`rganish, bashorat
qilish va taraqqiyot mezonlarini ishlab chiqishda ikkala fan metodologiyasi va
metodlarini birlashtirish tadbiqiy ahamiyat kasb etadi.
Pedagogika bilan psixologiyaning o`zaro hamkorligi va aloqasi an`anaviy va
azaliy bo`lib, ularni yosh avlod tarbiyasining zamon talablari ruhida amalga
oshirishdagi roli va nufuziga xosdir. O`z-o`zidan ravshanki, bunday aloqa hamisha
ham mavjud bo`lib kelgan va buni ilg`or psixologlar va pedagoglar tushuntirib
berishga harakat qilishgan. Rus pedagogi va psixologi K.D.Ushinskiy pedagogika
uchun o`z ahamiyatiga ko`ra psixologiya barcha fanlar ichida birinchi o`rinda
turadi, deb ta`kidlagan edi. Kishini har jihatdan tarbiyalamoq uchun, - deb qayd
etgan edi K.D.Ushinskiy, uni har jihatdan o`rganmoq darkor.
Tabiiy fanlar - biologiya, fiziologiya, kimyo, fizika va boshqalar psixik
jarayonlarning tabiiy fiziologik mexanizmlarini tushunish va shu orqali ularning
kechish qonuniyatlarini ob`ektiv o`rganish uchun materiallar beradi. Ayniqsa, bosh
miyaning hamda markaziy asab tizi-mining psixik faoliyatlarini boshqarishda va
ularni muvofiqlash-tirishdagi rolini e`tirof etgan holda psixologiya fani tabiiy
fanlar erishgan yutuqlar va ulardagi tadqiqot usularidan omilkorona foydalanadi.
Masalan, shaxs qobiliyatlarini diagnostika qilish uning tug`ma layoqatlari hamda
orttirilgan sifatlarini bir vaqtda bilishni taqozo etganligi sababli unga tabiiy
layoqatning xususiyatlarini aniqlashda psixofiziologiyaning qator usullaridan o`z
o`rnida foydalanadi va biologiya, anatomiya, fiziologiya, neyrofiziologiya kabi
fanlarning shu kungacha erishgan yutuqlaridan foydalanadi. Shuning uchun tabiiy
fanlar sohasida erishilgan barcha yutuqlar psixologiya fanining predmetini
mukammalroq yoritishga o`z hissasini qo`shgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |