2441-modda. Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish
(2441-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash —
(2441-modda birinchi qismining dispozitsiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(2441-modda birinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish —
(2441-modda ikkinchi qismining dispozitsiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(2441-modda ikkinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlar:
a) oldindan til biriktirib yoki bir guruh shaxslar tomonidan;
b) xizmat mavqeyidan foydalanib;
Oldingi tahrirga qarang.
v) diniy tashkilotlardan, shuningdek chet el davlatlari, tashkilotlari va fuqarolaridan olingan moliyaviy yoki boshqa moddiy yordamdan foydalanib;
g) ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa, —
(2441-modda uchinchi qismi dispozitsiyasining “v” bandi O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi O‘RQ-405-sonli Qonuniga asosan “v” va “g” bandlar bilan almashtirilgan — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(2441-modda uchinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 29-avgustdagi 254-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 165-modda)
(Kodeks O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 621-I-son Qonuniga asosan 2441-modda bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 102-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |