146-modda. Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish
(146-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash —
Oldingi tahrirga qarang.
bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(146-moddaning sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 103-moddasi.
147-modda. Saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish
Fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish —
Oldingi tahrirga qarang.
to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(147-moddaning sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 va 117-moddalari, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunining 43-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 103-moddasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |