299-modda. Uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini buzish
Uchish yoki uchishga tayyorgarlik ko‘rish qoidalarini, shuningdek, uchish apparatlaridan foydalanish qoidalarini buzish halokat yuz berishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentabrdagi 23-sonli “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 5.3-bandi.
300-modda. Kemani boshqarish qoidalarini buzish
Kemani boshqarish qoidalarini buzish kemaning halokatga uchrashiga yoki unga jiddiy shikast yetkazilishiga, odamlar halok bo‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
XXIV bob. Harbiy mansabdorlik jinoyatlari
301-modda. Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi
Boshliq yoki boshqa mansabdor shaxsning o‘z hokimiyat yoki xizmat mavqeyini suiiste’mol qilishi, hokimiyat yoki xizmat vakolati doirasidan chetga chiqishi, shuningdek, hokimiyat harakatsizligi Qurolli Kuchlarning manfaatlariga, harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqarolarning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yoki jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab bo‘lsa, —
Oldingi tahrirga qarang.
uch yilgacha xizmat bo‘yicha cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(301-modda birinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 29-martdagi O‘RQ-421-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 13-son, 194-modda)
O‘sha qilmishlar badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazib, sodir etilgan bo‘lsa, —
Oldingi tahrirga qarang.
besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(301-modda ikkinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
O‘sha qilmishlar:
a) odam o‘lishiga;
b) boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, —
Oldingi tahrirga qarang.
o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(301-modda uchinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
Ushbu moddada nazarda tutilgan qilmishlar jangovar vaziyatda sodir etilgan bo‘lsa, —
Oldingi tahrirga qarang.
o‘n besh yildan yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
(301-modda to‘rtinchi qismining sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 29-avgustdagi 681-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1998-y., 9-son, 181-modda)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2000-yil 15-sentabrdagi 23-sonli “Harbiy xizmatni o‘tash tartibiga qarshi jinoyatlarga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 4.2 — 4.5-bandlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |