Mustaqillik -yillarida O'zbekiston mintaqaviy siyosatining asosiy yo'nalishlari
Respublikamiz iqtisodiyotida ham bozor iqtisodiyotiga o'tayotgan boshqa mamlakatlardagi singari “samarali” usulni qo'llash bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ko'plab foydalanilmayotgan zaxiralar ishga tushirilmoqda; yangi korxonalar asosan kommunikatsiyalar bilan yaxshi ta’minlangan kichik va o'rta shaharlarga joylashtirilmoqda; qishloq xo'jaligida tabiiy-iqlim sharoitiga mos ekinlar ekish joriy etilmoqda.
Respublikamiz mustaqillikka erishgandan keyin, birinchi navbatda boy tabiiy- iqtisodiy salohiyatga ega hudud va shaharlarni rivojlantirish, mintaqalar iqtisodiy taraqqiyotidagi tafovutlarni kamaytirishga alohida e’tibor berilmoqda. Qishloqda sanoatni, birinchi navbatda qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalarni ishga tushirish, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma tizimini shakllantirish bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, respublikamizning turli hududlari maydoni, aholi soni, tabiiy-iqlim sharoiti, infratuzilma obyektlari bilan ta’minlanishi, shaharlashuv darajasi, aholining turmush sharoiti va boshqalarga ko'ra bir-biridan keskin farq qiladi. Jumladan, mamlakat ma’muriy-hududiy birliklari o'rtasidagi aholi zichligi bo'yicha eng yuqori ko'rsatkich Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga to'g'ri kelsa (1 km2 maydonda 767 kishi), aksincha eng siyrak mintaqa Navoiy viloyatining Tomdi tumani (1 km2 maydonda 0,58 kishi) hisoblanadi.
Surxondaryo viloyatining Bandixon tumani respublika ma’muriy-hududiy birliklari orasida aholi tabiiy o'sishining yuqoriligi bo'yicha eng oldingi o'rinni egallaydi. 2001-yil davomida bu yerda har 1000 kishiga nisbatan tabiiy o'sish 26,9 kishiga to'g'ri kelgan. Eng quyi ko'rsatkich esa Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 4,7 kishiga teng bo'lgan.
Aholi tabiiy ko'payishida shahar va qishloq o'rtasidagi tafovutlar yaqqol sezilib turadi. Xususan yirik, sanoatlashgan va mahalliy millat vakillari nisbatan kam istiqomat qiladigan shaharlarda aholi tabiiy ko'payishi qishloq joylarga nisbatan bir necha bor past ekanini ko'rishimiz mumkin. Jumladan, Toshkent viloyatidagi Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq shaharlarida tabiiy o'sish respublika o'rtacha ko'rsatkichiga nisbatan 3-5 marta kamdir.
Toshkent shahrining ayrim tumanlari orasida ham shunday tafovutlar uchraydi. Jumladan, mahalliy millat vakillari ko'p istiqomat qiladigan Shayxontohur tumanida aholining tabiiy ko'payishi Mirzo Ulug'bek tumaniga nisbatan esa 3,7, Hamza tumaniga nisbatan 5,5 marta yuqori.
Samarqand viloyati Urgut tumani aholi soni bo'yicha mamlakat ma’muriy- hududiy birliklari orasida eng yuqori o'rinni egallaydi. U yerda 335 ming kishi istiqomat qiladi. Buxoro viloyati qorovulbozor tumani esa, aksincha, aholisi eng kam hudud hisoblanadi. U yerda 13,6 ming kishi yashaydi.
Umuman, har bir tuman yoki shaharning o'ziga xos xususiyatlari haqida bu kabi misollarni yana ko'plab keltirish mumkin. Mamlakatning mintaqaviy- iqtisodiy siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning mana shunday alohida jihatlari albatta hisobga olinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |