3. O’zbekistonda manbashunoslikning taraqqiy etishi va unga hissa qo’shgan olimlar.Arab yozuvidagi manbalar qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va arxiv hujjatlari shaklida bo‘lib, ular arab, fors va turkiy tillarda bitilgan tarix, madaniyat, dunyoviy va diniy ilmlarga oid asarlardan iborat. Bu qo‘lyozmalarda o‘z davri san’ati darajasini ifodalovchi miniatyuralar, turli bezaklar, chizmalar ham mavjud. Ular Movarounnahrda kitobatning rivoji haqida muhim ma’lumotlar beradi. Mazkur kitoblar aholining turli qatlamlari uchun mo‘ljallanganligi bilan ham e’tiborga molik.
Bunday qo‘lyozma fondlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida mavjud. Istiqlol yillari xalqimizning boy qo‘lyozma merosini saqlash, boyitish, undan foydalanish, targ‘ib qilish, tadqiq qilish va nashr etish sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining yangi binosi qurildi. Institut fondi 28 mingga yaqin jildga joylashgan 70 mingdan ortiq asar, risola, bayozlardan iborat. Fond yillar davomida to‘ldirilib, boyitib kelinmokda. Bu yerda 6 mingdan ortiq turli qo‘lyozma hujjat, maktublar ham saqlanadi. Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi ko‘p asrlik o‘zbek adabiyoti namoyandalarining hayoti va ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘lyozmalar, turli hujjatlar, rasmlar, xotiralar, fotosuratlarni to‘plovchi, saqlovchi va ko‘rgazmali materiallar tarzida namoyish etuvchi madaniy-ma’rifiy va ilmiy maskandir. Muzeyda alohida qo‘lyozmalar fondidan tashqari O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivi ham mavjud. Qo‘lyozmalar fondida arab, fors va turkiy tillardagi turli fan sohalariga oid qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivida XX-XXI asrlarda yashab ijod qilgan o‘zbek shoir va yozuvchilari hamda adabiyotshunoslarining qo‘lyozmalari saqlanadi. Bulardan tashqari, maxsus ekspeditsiyalar va ilmiy safarlar chog‘ida mamlakatimizning turli shahar va tumanlaridan topilgan, chet ellardagi ajdodlarimiz ilmiy va adabiy merosiga oid materiallar yig‘ilib, filmlar qilingan va shu asosda qo‘lyozmalar va mikrofilmlar fondi barpo etilgan.
Qo‘lyozmalar fondida 2000 ga yaqin qo‘lyozma va toshbosma kitoblar hamda fotonusxalar mavjud. Mazkur fondlardagi qo‘lyozma va toshbosma kitoblarni ilmiy muomalaga kiritishning muhim bosqichi bo‘lgan tavsiflash va kataloglarini nashr qildirish sohasida ham ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Noyob qo‘lyozma asarlarning faksimel va albomlari nashr qilinayotir. Bir paytlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qo‘lyozmalar institutida qadimgi turkiy til, o‘rxun-enisey va sug‘d yozuvlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boradigan bo‘lim faoliyat olib borardi.
Afsuski, ana shu bo‘lim ba’zi sabablarga ko‘ra tugatildi. Kelgusida Fanlar akademiyasi tizimidagi biron institutda ana shu bo‘lim faoliyati qaytadan tiklansa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sharq falsafasini qo‘lyozma manbalar asosida tadqiq etadigan mutaxassislar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratish zarur. Buning uchun mavjud falsafa fakultetlari qoshida Sharq falsafasi turli yo‘nalishlarda bakalavriyat bosqichidan boshlab o‘rgatilib, unda asosiy e’tibor talaba qaysi xalq falsafasini o‘rganayotgan bo‘lsa, o‘sha xalq tili va qo‘lyozma asarlarini o‘qiy oladigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilmog‘i kerak.
Zero, har qanday xalq falsafasiga bevosita birlamchi manba asosida milliy manfaatlarimiz nuqtai nazaridan baho bera oladigan o‘z olimlarimizni tayyorlashga zarurat sezilmoqda. Adabiy va tarixiy manbashunoslik sohasida ham xuddi shunday jihatlarni ko‘rishimiz mumkin. Bular bilan bir qatorda, xorijiy qo‘lyozma fondlar bilan yaqinroq aloqalarni o‘rnatib, ularda saqlanayotgan Vatanimizdan yetishib chiqqan allomalarning asarlari elektron bazasini tashkil qilish ham zarur. Ma’naviy merosimizning manbalari bo‘lgan qadimiy yozuvlarimiz va qo‘lyozma asarlarni asrab-avaylash, jamlash, foto yoki elektron nusxalarini xorijdan olib kelish, ilmiy tadqiq qilish bilan bir qatorda kelgusida ularni yana ham chuqurroq o‘rganish, tadqiqotlarning qamrovini kengaytirish va davomiyligini ta’minlash uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Oʻzbekistonda manbashunoslikning taraqqiyotiga S. A. Azimjonova, M. A. Salye, A. A. Semyonov, A. K. Arende, P. G. Bulgakov, I. Abdullayev, B. Ahmedov, B. Valixoʻjayev, B. Vahobova, A. B. Vildanova, L. M. Yepifanova, R. Jalilova, N. I. Ibrohimov, A. Irisov, U. I. Karimov, S. Mirzayev, Q. Munirov, S. Mutalibov, G. Ostanova, A. P. Qayumov, A. Rasulov, A. Rustamov, H. Sulaymonov, U. Uvatov, T. Fayziyev, A. Xoʻjayev, X. Hikmatullayev, Sh. M. Shoislomov, Olim Sharafuddinov, P. Shamsiyev, D. Yusupova, A. Oʻrinboyev kabi olimlar katta hissa qoʻshdilar. Ularning saʼyharakatlari va betinim tadqiqotlari tufayli Oʻzbekistonda milliy manbashunoslik maktabi tashkil topdi. Hozirgi kunda bu maktabda B. Abduhalimov. A. Aytboyev, B. Bobojonov, O. Boʻriyev, Gʻ. Joʻrayeva, H. Karomatov, S. Karimova, A. Madraimov, X. Toʻrayev, M. Hasaniy kabi manbashunos tadqiqotchilar ijod qilmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |