5-Mavzu: Yoshlarni “virtual madaniyat”ning zararli oqibatlaridan himoyalashning huquqiy va ijtimoiy-ma’naviy asoslari
II-modul. Virtual madaniyatning milliy madaniyatga ta’siri va tahdidi
II.1. Yoshlarni “virtual madaniyat”ning zararli oqibatlaridan himoyalashning huquqiy va ijtimoiy-ma’naviy asoslari
Reja:
“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun
“Bolalarni ularning sog‘ligiga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun
Yoshlarni “virtual madaniyat”ning zararli oqibatlaridan himoyalashning ma’naviy asoslari
Virtual madaniyatni shakllanishida internetning ijobiy va salbiy jihatlari
Tayanch tushunchalar: axborot, axborot erkinligi, axborot erkinligi kafolatlari, bolalarni sog’ligiga zarar keltiruvchi axborotlar, internet, ijobiy va salbiy jihatlar
Bugun axborot har qanday jamiyat, millat taqdiri va kelajagini o‘zgartirib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli vositaga aylanib bormoqda. Turli mintaqalarda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarda tomonlar o‘zining haq ekanini isbotlash maqsadida turli vosita va usullardan foydalangan holda axborot tarqatishga, jamoatchilik, xalqaro tashkilotlarni o‘z manfaatlari sari og‘dirishga urinmoqda. Shu bois, yurtimiz yoshlarini sog’ligi va ma’naviy olamini buzishga qaratilgan turli ko’rinishdagi zararli axborotlardan himoyalashning milliy va xuquqiy mezonlarni ishlab chiqish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Axborot xavfsizligi va axborot tahdidi o‘zi nima? Axborot xavfsizligi deganda, jamiyatni insonlar, tashkilotlar va davlat manfaatlari asosiy shakllanishi va rivojlanishini ta’minlovchi axborot makonining himoyalaganlik darajasi tushuniladi. Ahborot tahdidi esa, jamiyat axborot makonini ishlashiga xavf tug‘diruvchi omil yoki omillar birligidir. [1]
O‘zbekiston Respublikasida axborot olish, undan foydalanish, tarqatishni tartibga solish sohasida bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo‘lib, bular “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunlardir.
“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga binoan axborotlashtirish — yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda, sharoit yaratishning tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayonidan iborat. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, axborot deganda manbalari va taqdim etilish shaklidan qat’i nazar shaxslar, narsalar, faktlar, voqealar, hodisalar va jarayonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tushuniladi.
Axborot olish faqat qonunga asosan hamda inson huquq va erkinliklari, konstitusiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini ta’minlash maqsadida cheklanishi mumkin. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda axborot erkinligining prinsiplari sifatida ochiqlik va oshkoralik, hamma erkin foydalanishi mumkinligi va haqqoniylik ko‘rsatilgan.
Albatta, ommaviy axborot barcha fuqarolar uchun ochiq va undan foydalanishga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin masala ushbu axborotdan qanday maqsadda va qay yo‘sinda foydalanishga bog‘liq. Masalan, tadqiqotchi olim turli axborotlarni o‘rganib, o‘z bilimi va malakasini oshirishi, turli sohalarga yangiliklar kiritishi, muammolarni hal etishi mumkin. Ammo uning mana shu faoliyati shaxs, jamiyat, davlat manfaatlariga tahdid qilmasligi, ziyon keltirmasligi lozim.
Ushbu qonunda yana jamiyatning axborot borasidagi xavfsizligiga erishishning quyidagi yo‘llari ham ko‘rsatib o‘tilgan:
Demokratik fuqarolik jamiyati asoslari rivojlantirilishini, ommaviy axborot erkinligini ta’minlash;
Qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘ymaslik;
Jamiyatning ma’naviy, madaniy va tarixiy boyliklarini, mamlakatning ilmiy va ilmiy-texnikaviy salohiyatini asrash hamda rivojlantirish;
Milliy o‘zlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy va milliy an’analar hamda urf-odatlardan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot ekspansiyasiga qarshi harakat tizimini barpo etish.
Axborotlashtirish jarayonining tezkorligi sharoitida fuqarolarning axborot-psixologik xavfsizligini ta’minlash, psixologik tahdidlarning oldini olish, ta’sirini kamaytirish uchun quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
Avvalo, shaxs o‘zining psixologik xavfsizligini ta’minlashi lozim. Buning uchun esa u o‘z individual xususiyatlarini yaxshi bilishi, dunyoqarashi keng shakllangan bo‘lishi, atrofda sodir bo‘layotgan turli voqea-hodisalarga munosabat bildira oladigan darajaga etishishi lozim.
Yuqoridagi holatni ta’minlash uchun esa ta’lim va tarbiya jarayoniga katta e’tibor bergan holda, yoshlarga mana shunday axborot xurujlariga qarshi tura oladigan, tahdidlarga o‘z munosabatini bildirish kuchiga ega qilib ta’lim berilishi va yoshlar shu ruhda tarbiyalanishi, umumiy, o‘rta maxsus va oliy ta’lim bosqichlarida axborot-psixologik xavfsizlik bo‘yicha bilimlar berilishi kerak. Zero, endigina hayotga kirib kelayotgan yosh avlodni “axborot xaos”i ta’siriga tushib qolishdan saqlash orqali “yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun”[2] xizmat qilgan bo‘lamiz. Bugungi kunga kelib, OAV juda katta kuchga aylandi. Uning axborot uzatish, qabul qilish imkoniyatlari XX asrning oxirlariga nisbatan ancha kengaydi. OAVlar orqali mamlakatimizga, aholiga ham ijobiy, ham salbiy axborotlar etib kelishi mumkin. Yuqoridagi ikki holatni mustahkamlash, yurtimizga bo‘ladigan turli axborot xurujlarini kamaytirish, uning oldini olish uchun esa avvalo o‘z milliy OAVmizni yanada rivojlantirishimiz lozim.
Aytish lozimki, bu sohada 2017 yil sentyabr oyida qabul qilingan “Bolalarni ularning sog‘ligiga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun muhim ahamiyatga ega. Mazkur qonunda bolalarga zarar etkazuvchi axborot turlari keng va atroflicha tahlil etilgan. Bolalarni uz xayoti va salomatligiga xavf soladigan xatti-xarakatlarni sodir etishga undaydigan, ularda narkotik vositalar, alkogolli va tamaki maxsulotlarini iste’mol kilish, qimor uyinlarida ishtirok etish istagini paydo qiladigan axborot tarqatilishi tulik man etilgan. Oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, turli noqonuniy xatti-xarakatlar, shafqatsizlik, jismoniy va ruxiy zo’ravonlik, jamiyatga qarshi boshqa xatti-xarakatlarni oqlaydigan axborot tarqatilishi taqiqlangan.
Qonunda bosma shakldagi, zararli axborotdan iborat mahsulotning bolalar kirishi mumkin bo’lgan joylarda fakat zich o’ralgan idishlarda tarqatilishi belgilangan. Bolalar sog’lig’iga zarar yetkazuvchi axborot mahsulotining bolalar uchun mo’ljallangan ta’lim, tibbiyot, sanatoriy-kurort, jismoniy tarbiya va sport, madaniyat va sog’lomlashtirish muassasalarida tarqatilishiga yo’l qo’yilmaydi[3].
Qonunda axborot maxsuloti ekspertizasini o’tkazish va bolalar orasida taqiqlangan axborot maxsulotlari reestrini yuritish shartlari, tartibi o’rnatilmoqda. Ushbu reestrni tuzish va uni yuritish O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Qonunning dolzarbligi O’zbekiston axolisining 35 foizi yoki 11,2 million nafari 18 yoshga tulmagan shaxslardan iborat ekani bilan asoslanadi. Axborotni tarqatishdan oldin uni ishlab chiqaruvchi va (yoki) tarqatuvchi uni yoshga doir tasnifini aniqlashi kerak bo‘ladi. Buning uchun O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida akkreditatsiyadan o‘tgan ekspertlar jalb qilinishi mumkin.
Ushbu Qonunning 16-moddasida bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborot mahsulotlariga quyidagilar kirishi belgilangan:
-“bolalarni o‘z hayoti va (yoki) salomatligiga xavf soladigan xatti-harakatlarni sodir etish, shu jumladan sog‘lig‘iga zarar etkazish, o‘z joniga qasd qilishga va shu harakatlarni targ‘ib qilishga undaydigan;
-bolalarda narkotik vositalar, psixotrop moddalar yoki ularning aql – iroda faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi boshqa moddalar, alkogolli va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, qimor o‘yinlarida, ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etish, fohishalik, darbadarlik, tilanchilik yoki boshqa ko‘rinishdagi noijtimoiy harakatlar bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan;
-insonlar yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik va (yoki) shafqatsizlik qilish mumkinligini asoslaydigan yoxud oqlaydigan yoki zo‘ravonlik xatti-harakatlarini sodir etishga undaydigan;
-oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, jinsiy buzuqlikni targ‘ib qiladigan, shuningdek ota-onalar va oilaning boshqa a’zolariga nisbatan hurmatsiz munosabatni shakllantiradigan;
-noqonuniy xatti-harakatni oqlaydigan va qonunbuzilishini sodir etishga undaydigan;
Jamiyatda buzg‘unchilik g‘oyalarini targ‘ib etishga undaydigan, haqoratli so‘zlarni o‘z ichiga olgan;
-pornografiya xususiyatiga ega axborotni o‘z ichiga olgan axborot mahsulotlari;
-noqonuniy xatti-harakatlar (harakatsizlik) natijasida jabrlangan bola, jumladan uning familiyasi, ismi, otasining ismi, o‘zining, ota-onasi va boshqa qonuniy vakillarining foto va videotasvirlari, tug‘ilgan kuni, ovozi yozilgan audiotasma, doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyi, o‘qish yoki ish joyi to‘g‘risida, bunday bola shaxsini bevosita yoxud bilvosita aniqlashga yordam beradigan boshqa axborotlar”[4].
Darhaqiqat, bolalari sog‘lom yurtgina qudratli bo‘ladi. Bu g‘oya bugun hayotimizning mazmuniga aylanib, islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda. Yurtni, elni qudratli ko‘rishni istasak, bolalarni bunday zararli ta’sir va tahdidlardan asray olishimiz kerak.
Aytish lozimki, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar etkazuvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qilinishi, bugun mamlakatimizda ushbu sohada yig‘ilib qolgan quyidagi masalalarni yechishga qaratilgan:
Birinchidan, bolalar sog‘lig‘iga zarar etkazuvchi axborotdan ularni himoya qilish va axborot olish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlarni yaratish;
Ikkinchidan, bolalarni buzg‘unchi, ularning ruhiyatiga zarar etkazuvchi ta’sirlardan himoya qilish, ularning salomatligiga ziyon etkazuvchi axborot tarqatilishining oldini olish, cheklash va taqiqlash;
Uchinchidan, bolalar sog‘lig‘iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, jismoniy va yuridik shaxslar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
To‘rtinchidan, bolalarga yo‘naltirilgan axborot muhiti mazmunini tizimli baholashga yo‘naltirilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, bolalar sog‘lig‘iga zarar etkazuvchi axborotning mezonlari, mexanizmlari va metodikasini yaratish va rivojlantirish, bolalar axborot xavfsizligini ta’minlovchi texnik va dasturiy-apparat vositalarini joriy etish.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytganda, ushbu Qonun bugun jamiyatimizda sekin-asta yuzaga kelayotgan quyidagi milliy-ma’naviy ko‘rinishdagi muammolarni oldini olishda xuquqiy asos sifatida muhim ahamiyat ega:
· ota-onalarga farzandlarini tarbiyalash, ularni zararli axborotdan himoya qilish, har qanday rivojlangan jamiyat va huquqiy davlatda zarur bo‘lgan bolalarning jismoniy, ma’naviy va axborot xavfsizligining qonuniy belgilangan kafolatlari kompleksini yaratish, bolalarning jamiyatga qarshi tajovuzkor va boshqa ko‘rinishdagi xatti-harakatlarining oldini olishga;
· mamlakatning axloqiy ma’naviy va demografik xavfsizligini ta’minlash, bola huquqlarini, oilani himoya qilish sohasida davlatning obro‘-e’tiborini oshirishga;
· bolalarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan axborot mahsulotlarini tasniflash va shunday axborotlarning turli yoshdagi bolalar uchun toifalariga muvofiq toifalash asoslarining aniqlanishiga;
· OAV, Internet va boshqa axborot manbalarida tarqatilayotgan axborotlar mazmunining bolalarning yoshiga muvofiq emasligi va qay darajada mazmunan zararli ekanligini belgilovchi organlarni belgilashga;
· chet el tajribasida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan axborot mahsulotlarini ixtiyoriy tarzda yosh toifalari bo‘yicha tasniflash va bolalarni ularning sog‘ligiga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilishning boshqa huquqiy mexanizmlarini joriy qilishga;
Eng muhumi, mazkur sohadagi barcha me’yoriy hujjatlar bolalarning jamoat joylarida bo‘lgan vaqtlarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olishga (bolalarni ma’muriy ijtimoiy himoyasi), bolalarni va ularning ota-onalarini bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavf-xatar va tahdidlardan xabardor qilishga, xavf-xatar va tahdidlarga javoban ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralarni o‘rgatishga, bolalarni xavf-xatar va tahdidlardan himoya qilish choralarini tartibga solishga va boshqa choralarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugun axborot har qanday jamiyat, millat taqdiri va kelajagini o‘zgartirib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli vositaga aylanib bormoqda. Turli mintaqalarda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarda tomonlar o‘zining haq ekanini isbotlash maqsadida turli vosita va usullardan foydalangan holda axborot tarqatishga, jamoatchilik, xalqaro tashkilotlarni o‘z manfaatlari sari og‘dirishga urinmoqda. Ushbu soha mutaxassislari, garchi insoniyatga tahdid bo‘lsada, o‘z cho‘ntaklarini qappaytirish maqsadida yangidan-yangi loyiha, dasturlar ishlab chiqmoqda. Dastlab faqatgina aloqa vositasi sifatida paydo bo‘lgan mobil telefonlar,- bugun ba’zilarning “ko‘ngilxushlik” matohiga aylandi. Shu bois, yurtimiz yoshlarini bu kabi aloqa vositalaridan to‘g‘ri foydalanishini tartibga soluvchi milliy va xuquqiy mezonlarni ishlab chiqish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Aytish lozimki, bu sohada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar diqqatga sazovordir. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 mayda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalarida mobil telefonlaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» qarori hamda shu hujjat asosida tasdiqlangan Nizomda bu kabi masalalar aniq belgilab berilgan. Mazkur nizomda ko‘rsatilishicha, ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida ma’naviy-axloqiy xislatlarni buzuvchi, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografiya, shuningdek, reaksion-sektant, soxta diniy mafkurani targ‘ib qiluvchi, atrofdagilarni salbiy harakatga undovchi materiallardan iborat bo‘lgan, ko‘rgazma, fon sifatida xizmat qiluvchi rasmlar, audio-video yozuvlar, chizma va suratli tasvirlar, ovozli videoroliklarni namoyish qilish, tarqatish va qo‘llash, turli xizmatlar — GPRS, Bluetooth, internet kabilardan foydalanish qat’iyan taqiqlandi. Shuningdek, ushbu qaror ijrosini ta’minlashda ta’lim muassasalaridan tashqarida ham oila, mahalla, o‘quv va mehnat jamoalari tomonidan olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqotlar o‘z samarasini bermoqda.
Internetdan foydalanuvchilarning qariyb 80 foizini yoshlar tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, ayni damda ular ongida internetdan foydalanish, axborot olish madaniyatini shakllantirish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Internet milliy turmush-tarzimizning bir qismiga aylanar ekan, undagi g‘oyalarni ham xalqimizga xos bo‘lgan ma’naviy-axloqiy xususiyatlarimiz bilan uyg‘unlashtirish, ushbu sohaga oid yangi tushunchalar: mediamadaniyat, virtual olam, internet axloqi kabi tushunchalarni ham milliy-ma’naviy me’yorlar asosida qaytadan baholash zarurdir. Chunki bu tushunchalar lug‘at boyligimizga endi kirib kelayotganligi sababli milliy-ma’naviy taraqqiyotimiz davomida shakllangan mentalitetimiz mezonlariga javob bera olmaydi. Eng xatarlisi, bizga milliy axloqda ibrat bo‘ladigan “katta avlod” vakillari ushbu tushunchalar “olami”dan yiroqdaligidir. Shuning uchun “katta avlod”dan ancha ilgarilab ketgan bugungi yoshlar internet bilan muloqotga kirishishda turli to‘siq, muammo va xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Ko‘p hollarda kattalarning nazorat va ta’sir doirasidan uzoqlashayotgan aksariyat yoshlar har qanday cheklovlardan holi, xatti-harakatlari uchun muayyan javobgarlik hamda mas’uliyat mavjud bo‘lmagan virtual olamni ko‘proq ma’qul bilib, ularda tobora ko‘proq vaqtini o‘tkazmoqda. Demak, milliy mentalitetdan kelib chiqib, yosh avlod “katta avlod”siz virtual olamda ijtimoiy mas’uliyat, javobgarlikni his etmas ekan, ular ustidan qat’iy nazoratni o‘rnatish lozim. Bu ma’suliyatli vazifani umummiqyosda: ota-onalar, murabbiylar, ziyolilar, xususan, shu vatan taqdiriga o‘zini daxldor xis etgan har bir inson amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
XXI asr texnika taraqqiyoti asri, bu asrda inson qo‘li bilan yaratilayotgan yangiliklar insonlarning jamiyatda yashashini engillashtirib, ularning hayot mazmunini ta’minlab bermoqda. Internet tarmog‘ida insonlarning virtual muhitdagi hatta-harakatlari ularning o‘zaro suhbatlarini ta’minlovchi ijtimoiy tarmoqlar ham shunday kashfiyotlar qatoriga kiradi. “The Royal Pingdom” tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda er yuzida 2.1 mlrd internetdan foydalanuvchilar bo‘lib, shundan 44%i Osiyo mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich Evropada 23%, SHimoliy Amerikada 13%, Yaqin Sharq mintaqasida 3%, Avstraliyada esa 1%ni tashkil etadi. Hozirda rivojlangan davdatlar bilan tengma-teng bo‘ylashayotgan mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi axborot texnologiyalari sohasida ham bir qancha yutuqlarga erishilgani sir emas. Mustaqillikning ilk yillaridan boshlab ta’lim tizimiga informatika fanining joriy etilishi, mamlakatimizning barcha maktablari, litsey, kollej va Oliy uquv yurtlari, davlat muassalari, korxona va tashkilotlar, davolash maskanlari zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlanishi, yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan TPS, EVO, Sarkortelekom kabi provayderlarning aholiga xizmat ko‘rsatish sifatininng oshirilishi hamda trafiklar narxlari birmuncha arzonlashgani yurtimizda internet tarmog‘idan foydalanuvchilar sonini oshishishga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 30%dan ortiq aholi internet tarmog‘idan foydalanadi. Mamlakatimizda internet tarmog‘idan foydalanuvchilarning ortishi quvonarli hol albatta. Lekin masalaning ikkinchi tomoni, bu “o‘rgimchak” to‘ri ning salbiy taraflari bugun yoshlarnni o‘z domiga tortayotganidir. Bugun dunyo aholisini larzaga solayotgan, millatlarni gomogenlashuviga olib keladigan milliy madaniyatni yo‘q qilayotgan globallashuv jarayoni ijtimoiy tarmoqlarda o‘z salbiy ta’sirini shunday o‘tkazmoqdaki, mafkuraviy immuniteti sayoz har qanday mamlakat yoshlari uning girdobiga tushib qolmoqda. Xo‘sh ijtimoiy tarmoqlarning tuzilishi qanday va uninng salbiy oqibatlari nimada? Ijtimoiy tarmoqlarning tuzilishi sxemasi juda soddda bo‘lib, shaxsiy sahifalari asosan mikroblog, baho, fotografiya, mehmon, bayramlar, reklama hamda qidiruv bo‘limlaridan iborat. Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda asosan yorqin ranglardan foydalaniladi.
Ma’lumki axborot xurujining asosiy nishoni yoshlar hisoblanadi. Ularning miqdori yildan-yilga oshib borishi mutaxassislar tomonidan e’tirof etilmoqda. Dastlab axborot xuruji ob’ekti talabalar bo‘lsa, bugunga kelib maktab o‘quvchilari xam ularning safiga qo‘shilmoqda. Tabiyki, axborot xuruji tarqatilayotgan manba – internetdir, lekin axborotlashgan jamiyatda uni bekor qilishinng imkoni yo‘q. To‘g‘ri, kitob sotib olgandan yoki kutubxonada katalog qidirgandan bir necha marta arzon va qulay bo‘lgan internet tarmog‘i yoshlar uchun eng samarali makon hisoblanadi. Ammo u erda davomiy ishlash oqibatida vayronkor axborotlar ta’siriga tushib qolishi ehtimoli ortadi. Shuning uchun bizda ham rivojlangan mamlakatlar kabi tarqatilayotgan axborotlarning xaqqoniyligini tekshirib borish uchun maxsus internet-provayder kompaniyalarini tashkil etish kerak. Bu markazlar nafaqat davlat miqyosida, balki muayyan ixtisosliklar doirasida tashkil etilsa yanada maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xususan mamlakatimiz iqtisodiy, siyosiy, xuquqiy hayotiga oid masalalar ko‘zga ko‘ringan televidenie, radio va OAV nomidan yaratilgan saytlar vositasida xalq ongiga etkazilishi kerak. Zero bu yo‘l bilan, avvalo, istalgan axborotni keng miqyosda, atroflicha tahlil etish imkoniyati yuzaga keladi, qolaversa, iste’molchiga etkazilayotgan axborot turli g‘arazli maqsadlardan himoyalanadi. “Hozirgi axborot, kommunikatsiya va kompyuter texnologiyalari asrida, internet kundan-kunga, hayotimizning barcha jabhalariga tobora chuqur va keng kirib borayotgan bir paytda, odamlarning ongi va tafakkuri uchun kurash ahamiyat hal qiluvchi kasb etib etib borayotgan bir vaziyatda bu masalalarning jamiyatimiz uchun naqadar dolzarb va ustuvor bo‘lib borayotgani haqida gapirib o‘tirishga hojat yo‘q”[5]
Bugun aytish mumkinki, kun.uz., sharh.uz., daryo.uz. kabi yuzlab saytlar axborotga bo‘lgan chanqog‘imizni qondirishga harakat qilmoqda. Afsuski, bugungi aksariyat yoshlar internet axborot xurujiga qarshi o‘zlarida fuqarolik pozitsiyasini to‘liq shakllanitirgan deya olmaymiz. Shu ma’noda, axborotlashgan jamiyatda “internet” muhim tadqiqot ob’ektiga aylanishi, uni jamiyat sohalariga, xususan milliy-ma’naviy hayotga ta’sirini o‘rganish, undan foydalanishning xuquqiy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish zaruriy vazifalardir. To‘g‘ri, “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi, “Bola xuquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunlarimizda yoshlarni nosog‘lom g‘oyalardan himoyalash mexanizmlari mavjud bo‘lsa-da, bugungi “axborot to‘fon”i jamiyatimizda “xaos”ni kuchaytirib turgan bir paytda bu sohadagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimizni taqazo etadi. Bu borada xorij davlatlari tajribasini o‘rganish foydadan holi bo‘lmaydi. Xususan Angliyada mamlakatga noqonuniy axborotlar kirib kelishini nazorat qiluvchi “Xavfsiz tarmoq” jamg‘armasi tuzilgan bo‘lsa, Germaniyada buzg‘unchi axborotlarni tarqatuvchi saytlar sud qarori asosida yopib qo‘yilishi belgilangan. Rossiyada esa axborot xurujlariga qarshi kurashuvchi “Xavfsiz internet markazi” tashkil etilgan.
Internetning axboriy tahdidlar makoniga aylanish sabablarini quyidagi omillar bilan izohlash mumkin:
Auditoriyaning o‘ta kengligi
Turli mazmundagi his-tuyg‘ularni oshkor etish imkoni mavjudligi
Real hayotdagi ijtimoiiy ma’suliyatlardan holilik
O‘z imkoniyatlarini to‘la va erkin namoyon etishga to‘siqlarning yo‘qligi
Maqsadlarini ideal darajada erkin ko‘rsata olish imkoniyati mavjudligi
Istagagn narsasini erkin o‘qish, eshitish, ko‘rish imkoniyati mavjudlig
Nazoratga olinmaganligi
Istagan insoniga axborotlarni o‘z tilida yuborish imkoniyati
Ma’lumotlarni maxfiy jo‘natish imkoni mavjudligi
Axborotlarni tezlikda etkazish imkoniyati
Uning katta xotiraga egaligi
Uning 24 soat muntazam ishlashi
U millat, din, til tanlamasligi
Bugun yoshlarda axborotlarni kuzatib borish, qabul qilish, tahlil etish va ularni voqelikda amalga oshirish uchun bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirib borish juda muhim masaladir. Chunki butun sayyoramiz davlatlari qatori O‘zbekiston ham axborotlashgan jamiyatga kirib bormoqda. Tabiiyki, bunday jamiyatda inson “ahborot to‘foni” ostida yashashga majbur bo‘ladi. Bu to‘fon ichidan to‘g‘ri, asosiy axborotni ajratib olish muammosi tobora murakkablashadi. Eng xatarlisi, bu jarayonda insoniyat mavjudligi mohiyati – ma’naviy olam xavf ostida qoladi. Demak, axborotlashgan jamiyat, tom ma’noda “axborot xaos”ini yuzaga keltiradi. Bu jarayonda inson tafakkuri real borliqdagi soxtalashtirilgan g‘oyalar bilan tinimsiz kurash olib boradi. Bugun er yuzida sodir etilayotgan barcha xunrezliklarning negizi ushbu “axborot xaos”ining natijasidir. Lekin, “Bugungi kunda yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-televidenie, matbuot, internet vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kengayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini o‘rab-chirmab, o‘ni o‘qima, buni ko‘rma deb bir tomonlama tarbiya berish, ularning atrofini temir devor bilan o‘rab olish, hech shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi”.[6] Shuning uchun, yoshlarni axboriy tahdidlardan himoyalashda quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim:
“G‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashish” bilim, ko‘nikma, malakasinin shakllantirish;
Voqea – hodisalarni mustaqil taffakkur etishga o‘rgatish;
Milliy qadriyat va an’analarga nisbatan sobit e’tiqodli qilib tarbiyalash;
Jamiyatda axborotlarni tezligi va ishonchliligini ta’minlash;
Jamiyatda axborot taqchilligini bartarf etish;
Mashhur ommaviy axborot vositalarining internetda saytlarini yaratish;
OAVlarida “mediamadaniyat” to‘g‘risida muntazam ma’lumot berib borish;
Ma’naviy yuksalishga qaratilgan g‘oyaviy, axloqiy, estetik tarbiyaga e’tiborni kuchaytirish ;
Ushbu sohaga oid ilmiy-ommabop qo‘llanma va kitoblarni ko‘paytirish
Jamiyatning milliy-ma’naviy hayotiga rahna soluvchi axborot tahdidlarini oldini olish va bartaraf etishga yo‘naltirilgan maxsus tashkiliy-xuquqiy, tarbiyaviy tadbirlarni hayotga joriy qilish, mamlakat aholisining ijtimoiy ongini ushbu xavflarga qarshi tura oladigan qilib shakllantirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ularni quyidagicha belgilash mumkin:
Ko‘p millatli mamlakatimizda an’anaviy va zamonaviy qadriyatlarni uyg‘unlikda rivojlanayotganini hisobga olgan holda, jamiyat a’zolari ongida milliy mafkurani singdirish jarayonini yanada takomillashtirish
Ommaviy axborot vositalari jamiyatda respublikamizning milliy manfaatlariga javob beradigan an’anaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishi, vatanparvarlik va fuqaroviy burchni tarbiyalashga xizmat qiladigan milliy me’yorlarni ishlab chiqish va amalga oshirish
Xalqimiz mentalitetida miya faolligi, sa’y-harakatlarda tezkorlik, topqirlik, har bir ishda rejalilik, puxta tayyogarlik, fahm-farosat, muamolarni hamkorlik asosida bartaraf etish kabi xususiyatlarni rivojlantirish zarur
Mamlakatda axborot taxdidlariga qarshi chora-tadbirlarni qo‘llash faqat ta’limiy va tarbiyaviy soha bilan cheklanmay, respublika bo‘yicha majmuaviy tarzda olib borilishi zarur.
Zero, bu sohada “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy harakati tomonidan olib borilayotgan ishlar alohida ahamiyatga molikdir. “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy harakati Toshkent shahar kengashida 2018 yil 21 yanvar kuni matbuot anjumani o‘tkazildi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda harakat tomonidan internet tarmog‘ini milliy segmentini yanada boyitish, rivojlantirish hamda foydali resurslarni ko‘paytirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. “MIT.uz” – internet milliy tanlovi, Talabalar internet harakati, “Intellectuall” – axborot texnologiyalari tanlovi hamda mutasaddi tashkilotlar hamkorligidagi boshqa loyihalar shular jumlasidandir. Aytish mumkinki, mamlakatimizning oldingi safdagi yoshlari nigohida internet – “axboriy tahdidlar o‘chog‘i” emas, balki milliy–ma’naviy sohadagi taraqqiyotga erishish uchun imkoniyat makonidir.
Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakatimizda bolalarni himoya qilish borasida davlat tomonidan ko‘riladigan choralar keng ko’lamda olib borilmoqda. “Yoshlarimizning mustaqil fikrlaydigan, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyatga ega bo‘lib, dunyo miqyosida o‘z tengdoshlariga hech qaysi sohada bo‘sh kelmaydigan insonlar bo‘lib kamol topishi, baxtli bo‘lishi uchun”[7] xizmat qilish, haqli ravishda Vatanimizning kelajagi uchun javobgarlikni zimmasiga olishga qodir bo‘lgan har bir vatandoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |