1-Mavzu. Turizmning tashkiliy rivojlanish tarixi.
Reja
1. Turizmning vujudga kelishi va rivojlanishi.
2. O‘zbekistonda turizmning rivojlanish.
3. O‘zbekiston mustaqilligi davrida turizmning yangi
yo‘nalishlari va ularning istiqbollari.
1. Turizmning vujudga kelishi va rivojlanishi.
Turizm (sayohat) ijtimoiy-tarbiyaviy xususiyatlarga ega bo‘lgan nazariy va
amaliy fan sifatida o‘qitiladi. U o‘zining ijtimoiy tuzumlar (formatsiya) bilan
bog‘liq bo‘lgan o‘z tarixi hamda rivojlanish jarayonlariga ega.
Turizm umumiy ma’noda sayr-sayohatlar, sarguzashtlarni ifoda etadi. Shu
sababdan ular ijtimoiy-turmush va mehnat jarayonlaridan tarkib topadi.
Turizm haqida ilmiy-ommabop risolalar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar juda
ko‘p. Ularning mazmunida turli yoshdagi kishilar va aholining talablariga qarab
sayr-sayohatlarni tashkil qilish yo‘llari bayon etilgan.
Turizmning vujudga kelish omillari va davrlari ijtimoiy turmush, madaniy
hayot va mehnat jarayonlari bilan bevosita bog‘liqdir.
Eng qadimgi insonlar yashash uchun ov va mehnat qurollarini yaratishga
harakat qilganlar. Shu tarzda tog‘lar, daryo va ko‘llarning sohillarida yashab,
yovvoyi hayvonlarni ov qilganlar, ularni qo‘lga o‘rgatib o‘z mehnatlarida
foydalanganlar. Ov manzillari va dam olishga qulay bo‘lgan joylarda ma’lum bir
belgilarni (tur) qo‘yishgan va zarur bo‘lgan paytlarda ana shu joylarga kelib hordiq
chiqarishgan, turli o‘yinlar tashkil qilib musobaqalashishgan.
Ishlab chiqarish va mehnat jarayonlarining takomillashuvi, ov va jang
qurollarini yaratishining yangi usullari odamlarning uzoq joylarga borib ov va
mehnat qilishi, shu asosda eng qulay va yaxshi joylarni tanlab dam olish, hatto
o‘troqlashib qolishlariga olib kelgan. Shu tariqa daryolar, ko‘llar, dengizlarda ov
qilish, sayr o‘tkazish, izlanish uchun kemalar yasab, ulardan maqsadli
foydalanganlar. Bu sohada Xristofor Kolumbning Amerika qit’asiga borib qolishi
(kashfiyot), turli sayohatchilarning Hindiston, Afrika, Avstraliya va boshqa
qit’alar, mamlakatlarga borganligi tarixdan ma’lum.
XIX asrning ikkinchi yarmida bir qator rus sayyohlari, mutaxassis olimlari
(asosan harbiylar) Markaziy Osiyoning iqlimi, tabiiy boyliklari, aholining
madaniyati va boshqa jihatlarini o‘rganish uchun tashrif buyurishgan. Ular orasida
P.P.Semyonov Tyanshanskiy, Prejevalskiy kabilar tog‘ sharoitlarini chuqur
o‘rganib, maxsus xaritalar tayyorlagan.
O‘zbekistonda turizmning dastlabki rivojlanish davri asosan o‘tgan asrning
birinchi choragiga to‘g‘ri keladi. 1925–1930 yillarda Markaziy Kasaba
uyushmalari kengashi qoshida maxsus turistik jamiyat, ya’ni ishchi-dehqonlar
turizm tashkilotini ta’sis etgan. Bu jamiyat asosan mehnatkashlarning turli
shaharlarga sayohatini (ekskursiya) uyushtirish, o‘quvchi-yoshlarni tarixiy obidalar
bilan tanishtirish, o‘lkani o‘rganish kabi tadbirlar bilan shug‘ullangan. Shuningdek,
dam olish kunlari ommaviy ravishda shahar atroflariga piyoda chiqish, chang‘ida
yurish, velosipedda sayr qilish kabi amaliy faoliyatlarni tashkil qilgan. Ularning
asosiy maqsadi jismonan chiniqish, mehnat faoliyatini oshirish va mudofaa
ishlariga tayyorgarlik ko‘rishdan iborat edi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida (1941–1945) harbiy tayyorgarlik
jarayonlarida o‘quvchi-yoshlar va mehnatkashlarning topografik bilimlarini
oshirishga alohida e’tibor berildi.
Atroflarni chamalab (orentirovanie) topish, xaritani o‘qish, mo‘ljalga tez
yetib borish (jismoniy harakat) kabi turistik faoliyatlar keng rivojlandi. Bu
jarayonlar o‘sha davrlarda va hatto keyinchalik ham “mehnat va mudofaga tayyor”
majmuyidan o‘rin oldi.
Urushdan keyingi yillarda (1950-1960) Markaziy Kasaba uyushmalarining
tashabbusi bilan barcha viloyatlarda va ularning quyi tarmoqlarida turistik klublar
tashkil etildi. Klublar turizm bo‘yicha (piyoda yurish, tog‘ turizmi, velosiped
turizm va hokazolarni uyushtirish) seksiyalar, to‘garaklar, jamoalar tashkil etib,
musobaqalar tashkil etishga kirishdi. Keyingi 30-40 yil davomida (1955-1990)
Respublikalar, hududlar (Markaziy osiyo, Kavkaz, Boltiq bo‘yi, Ural-Sibir va
hokazo) miqyosida slyotlar (musobaqalar) tashkil etildi. Ularning dastur
mazmunida kategoriyali (darajali) piyoda yurish, tog‘ so‘qmoqlari va dovonlaridan
oshish, daryolardan kechib o‘tish, arqonlarga osilib daryo, jarlarning ustidan o‘tish
hamda belgilangan joylarni kompas orqali va chamalab topish, gulxan yoqish,
chodirlarni tez (vaqtga) o‘rnatish, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam
ko‘rsatish, jamoaning ish faoliyatlarini ifoda etuvchi albomlarni namoyish etish,
qo‘shiq-raqs bo‘yicha ko‘rik-tanlov o‘tkazish kabi ko‘p qirrali ijtimoiy–tarbiyaviy
jihatlar o‘rin egallagan edi. Bunday nufuzli turistik tadbirlar boshlang‘ich
jamoalarda (ta’lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari va hokazoga) ham u
yoki bu darajada o‘tkazilishi odatga aylandi.
Ommaviy piyoda yurish, shahar va tarixiy yodgorliklarni tomosha qilish
sayr-sayohatlari asosan quyi jamoalarda yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Markaziy
shaharlar, viloyatlarda tashkil qilingan seksiyalardagi terma jamoalar tog‘ turizmi,
velosiped turizmi kabilar bilan shug‘ullanib, ularda chamalab topish
(orientirovanie) bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar tashkil qilindi. Shu asosda
yuqorida zikr etilgan turlar maxsus sportga aylandi. Ularning qoidalari (nizomlar)
ishlab chiqilib, sport razryadlari (1-2-3 darajalar, sport ustaligiga nomzod, sport
ustasi, xizmat ko‘rsatgan sport ustasi va hokazo unvonlar) tasdiqlandi.
Belorussiya, Boltiqbo‘yi, Ural, Sibir o‘lkasida o‘z hududlariga mos, asosan
turizmning tog‘ turizmi,chamalab topish, suv turizmi kabi turlari amalga oshirildi.
Kavkaz, Qirg‘iziston va shu kabi boshqa tog‘li hududlarda esa tog‘ turizmi
(g‘orlarni topish, qoyalarni zabt etish) ko‘proq rivojlanadi. Boshqa hududlarda
ommaviy piyoda yurish turizmi keng rivojlandi.
Jamiyatdagi qayta qurish (1980–1990 y) tadbirlari boshqa sohalar kabi
turizm ishlariga, ayniqsa jamoalarda ommaviy sog‘lomlashtirish sayohatlarini
tashkil qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatdi, ya’ni:
- shug‘ullanuvchilarning erk va istaklarini chegaralash, moddiy-texnik
ta’minotni bekor qilish, faollarning sa’y harakatlarini to‘xtatish kabi tadbirlar
rasmiy ravishda amalga oshirildi. Buning oqibatlari hozirgacha turizmning
rivojlanish jarayonida seziladi.