Naqd pullik aylanish tushunchasi
Iqtisodiyotda amal qiladigan umumiy to'lov aylanishining tarkibiy qismlaridan biri naqd pullik aylanish hisoblanadi. Ko'pincha pul mablag'lari aylanishining bu qismini pul muomalasi deyiladi.
Pul muomalasi pul aylanishining naqd pul mablag'larining muomalasi, pul belgilarining bir yuridik va jismoniy shaxslardan boshqa shaxslarga doimiy tarzda o'tib yurishi bilan bog'liq qismidir.
Boshqacha aytganda, bu iqtisodiy sub'ektlar o'rtasidagi pullar muomalasi jarayonining faqat naqd shaklda bo'ladigan qismidir. Naqd pul aylanishi, odatda, tovarlar va xizmatlarga haq to'lanishi ehtiyojlari bilan bog'liq bo'lib, boshqa tijoratchilik bitimlarining tuzilishi va ularga haq to'lanishi jarayonlari bilan bog'liq emas. Boshqacha aytganda, naqd pul aylanishi jarayonida har safar mablag'larning nisbatan kichik summasi qatnashadi. Bu qo'shimcha kafolatlarning ta'minlanishi, pul mablag'larining yirik summalarini bir xo'jalik yurituvchi sub'ektdan boshqa sub'ektga o'tkazishdagi tashishning murakkabligi va transaktsion xarajatlarni tejashning zarurligi bilan bog'liqdir. Shunday qilib, naqd pullar muomalasi iqtisodiyot sub'ektlarining maishiy ehtiyojlari bilan bog'liq bo'lgan tovar almashinishi jarayonini pul mablag'larining nisbatan kichik summasini ishlatgan holda ta'minlaydi. Odatda, pul aylanishining ushbu tipi xizmatlar uchun haqni bevosita u yoki boshqa tashkilotning kassasiga to'laydigan uy xo'jaliklari va kichik korxonalarda asosiy o'rin tutadi. Har bir kishi naqd pul aylanishi bilan bog'liq, chunki hamma ham har kuni naqd pul belgilari yordamida tovarlar va xizmatlar uchun haq to'lab turadi. Iqtisodiyotning boshqa sub'ektlari pul aylanishining ushbu tipidan juda kam foydalanishadi va, odatda, bunday tip faqat faol qo'llaniladigan naqd pulsiz aylanishga qo'shimcha shaklida amal qiladi.
Shuni qayd qilish kerakki, naqd pullik aylanish bir qator afzalliklarga ega:
1) mablag'larning tez yetkazib berilishi;
2) hisob-kitoblarning o'tkazilishi to'g'riligini zudlik bilan tekshirish mumkinligi;
3) mavjud resurslar miqdori yuzasidan aniq axborotning mavjudligi;
4) qarzlarning paydo bo'lishi imkoniyatining istisno qilinishi.
Bundan tashqari, ushbu hisob-kitob vositasining to'lov aylanishining umumiy tarkibidagi ulushi iqtisodiy tizim rivojlanganligining yorqin ko'rsatkichi hisoblanadi. Masalan, natura xo'jaligi hukmronlik qilganida naqd pullik hisob-kitoblar kichik ulushni egallaydi va hisob-kitobni amalga oshirishning ushbu turining o'sib borishi bozor iqtisodiyotiga o'tish va tovar iqtisodiyotidan uzoqlashishdan dalolat beradi. Bozor iqtisodiyoti hukmronlik qilganida hisob-kitobni amalga oshirishning bu turi eng ustun o'rinni egallamasa-da, lekin to'lov vositalaridan foydalanishning umumiy hajmining katta qismini tashkil etadi. Va, nihoyat, postindustrial iqtisodiyotga o'tishda naqd pul mablag'lari aslida iqtisodiyotda amal qilmay qo'yadi, ularning o'rnini hisob-kitoblar hamma joyda elektron pul vositalaridan foydalanish orqali bajariladigan naqd pulsiz shakl egallaydi. Shunday qilib, hozirgi vaqtda mamlakatlarning ko'pchiligi iqtisodiy kontragentlar o'rtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirishning bu shaklidan sekin-asta voz kechish jarayonini boshdan kechirishmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |