1-MAVZU: PARAZIT SODDA HAYVONLAR OLAMI
Amyobalar (Amoebida) – soxta oyoqlilar sinfiga mansub bir hujayrali umurtqasiz hayvonlar turkumi (ayrim manbalarda sinf). Ba’zi amyobaning diametri 20 mk cha; yirik amyoba (Amoeba proteus) 700 mk keladi. Amyobalar chuchuk suvlarda, nam tuproq va qumda yashaydi. Dengizlarda ham bor. Amyobaning qattiq qobigʻi boʻlmaydi, shu sababli ularning gavda shakli doim oʻzgarib turadi, soxta oyoqlari bilan siljiydi. Ba’zi amyobalar xivchin chiqaradi. Amyobalar bakteriyalar, mayda suvoʻtlar va hokazo bilan ovqatlanadi.
Noqulay sharoitda amyobalar gavdasi yumaloqlanib, qattiq qobiq hosil qiladi va sistaga aylanadi. Ayirish vazifasini qisqaruvchi vakuomar bajaradi. Amyobalar, asosan, ikkiga boʻlinish yoʻli bilan koʻpayadi. Amyobalarning bir qancha turlari odam va hayvonlar organizmida parazitlik qiladi. Asosiy turlari: erkin yashovchi oddiy amyoba (Amoeba proteus) va odam ichagida parazitlik qiluvchi ichburugʻ amyobasi (A. histolitica).
Parazitizm hodisasi sodda hayvonlar orasida ham ko’p tarqalgan. Tekinxo’rlik bilan yashaydigan formalarning soni 3 mingdan ortiq bo’lib, ular odam va hayvonlar organizmida hayot kechirib, og’ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Parazit sodda hayvonlarni zamonaviy zoologiyaning alohida bir qismi – protozoologiya o’rganadi. Parazit sodda hayvonlar keltirib chiqaradigan kasalliklar umumiy nom – protozoonozlar deyiladi. Parazit sodda hayvonlar orasida o’ta patogen va spetsifik formalari ko’p bo’lib, ular qishloq xo’jalik hayvonlari, shuningdek odamlarning turli xil organ va to’qimalarida lokalizatsiyalanadi. Xususan, gemosporidiylar va piroplazmidlar qon parazitlari hisoblansa, amyobalar va koktsidiyalar ichak sistemasi, jigar va buyrak hujayralarida, trixomonadalar jinsiy organlarda, leyshmaniyalar esa retikulo-endotelial sistemalarning hujayralarida parazitlik qilishga moslashgan. Parazit sodda hayvonarning xo’jayin organizmiga ko’rsatadigan patogen ta’siri ko’pgina faktorlarga, jumladan, parazitning biologik xususiyatlari, ularning soni, yil fasli, iqlim sharoiti, hayvon yoki odamning yoshi, xo’jayin organizmining umumiy rezistentligi, chorva mollarining saqlanishi, oziqlantirilishi va boshqalarga bog’liq. Mana shu sharoitlarning yoki xususiyatlarning o’zgarishi bilan protozoonozlarni qo’zg’atuvchilarning patogenlik xususiyati kuchayishi yoki kuchsizlanishi mumkin. Protozoonozlarni qo’zg’atuvchi parazitlarning mexanik va toksik ta’siridan og’ir o’tadigan klinik belgilar rivojlanadi. Piroplazmidiylar ta’sirida eritrotsitlar, koktsidiylar ta’sirida ichak va jigardagi epitelial hujayralar parchalanadi. Tripanosomalar toksini ta’sirada ot va tuyalarda qator asabiy o’zgarishlar ro’y beradi. Yil fasliga ko’ra koktsidioz bilan quyonlar va qoramollar erta bahorda zararlanib kasallik og’ir kechadi. Qoramollarning anaplazmoz kasalligi, O’rta Osiyoning boshqa respublikalariga nisbatan O’zbekistonda og’ir o’tadi. Shuningdek, noqulay sharoitda, sifatsiz oziqlar bilan boqilgan hayvon organizmidagi protozoonozlarning patogenlik xususiyati kuchli bo’ladi. Protozoonozlarning xarakterli xususiyati shundaki, ularning qo’zg’atuvchilari nafaqat lokalizatsiyalangan organ yoki to’qimaga, balki xo’jayin organizmining nerv sistemasiga ham ta’sir ko’rsatadi. Ayniqsa, qon parazitlari va ularning hayotiy mahsulotlari kuchli zaharlidir, u bosh miya yarim sharlari va retseptorlarga ta’sir qiladi. Nerv sistemasi va ayrim organlarning funktsional o’zgarishi sekin-asta rivojlanib boradi. Bu organlar kuchsiz bo’lganligidan inkubatsion davrda kasallik belgilarini kuzatib bo’lmaydi. Kasallik qo’zg’atuvchilarining toksinlari ta’sirida organizmning reaktivligi buziladi. Sezuvchanligi kuchaygan organizmda nerv retseptorlarining qitiqlanishi yana ham ortadi, moddalar almashinishi keskin izdan chiqadi, organlar funktsiyasi buziladi. Binobarin, bunday organizmda nospetsifik toksik modda hosil bo’lib, patologik jarayonlar yana ham kuchayadi. Parazitlar ko’payib, ular ajratgan spetsifik va nospetsifik zaharlar organizmga to’xtovsiz ta’sir qilganida markaziy nerv sistemasidagi birlamchi qo’zg’alish yanada tezlashadi. Natijada organizmda sodir bo’ladigan barcha biokimyoviy jarayonlar buziladi va organlarning funktsiyasi izdan chiqadi. Sodda hayvonlar yoki bir hujayralilarning tanasi yagona hujayradan iborat bo’lib, ana shu hujayra ham asosan ko’p hujayralilar hujayrasiga o’xshash tuzilgan, lekin ulardan fiziologik jihatdan keskin farq qiladi. Chunki bir hujayralilar mustaqil hayot kechiradigan organizmlar bo’lib, ular modda almashinish, harakatlanish, ta’sirlanish, ko’payish va tirik organizmlar uchun xos bo’lgan boshqa barcha xususiyatlarga ega. Bunday funktsiyalarni hujayradagi maxsus organoidlar (organellalar) bajaradi. Bir hujayralilarning organoidlari hujayraning bir qismi bo’lishi bilan ko’p hujayralilarning organlaridan farq qiladi. Binobarin, «sodda hayvonlar» tushunchasi nisbiy bo’lib, ularning ko’pchiligi o’ta murakkab tuzilgan, bitta hujayra mustaqil bir butun organizm bo’lib yashashga moslashgan. Sodda hayvonlar orasida parazit formalari ham talaygina bo’lib, ular erkin yashovchi formalaridan asosan kichikligi bilan farq qiladi. Parazit sodda hayvonlar mikroskopik bir hujayrali organizmlar bo’lib, protoplazma, yadro va maxsus parda – pellikuladan tashkil topgan. Protoplazma tarkibiga kolloid aralashma holidagi oqsillar, uglevodlar, lipoidlar, fermentlar, har xil tuzlar va suv kiradi. Protoplazmaning tashqi qavati ektoplazma deyilib, u birmuncha quyuq, nisbatan zich gomogen tarkibli qavatdir. Ichki qavati esa endoplazma bo’lib, u donador va nisbatan suyuq. Protoplazmaning bu ikkala qavati o’rtasida aniq chegara mavjud emas. Parazit sodda hayvonlar tashqi tomondan yupqa pellikula parda bilan qoplangan. Pellikula tabiatan lipoid xarakterida bo’lib, u yarim o’tkazish xususiyatiga ega. Sodda hayvonlarning yadrosi cho’ziqroq yoki deyarli yumaloq bo’lib, hujayra markazida yoki uning periferik qismida joylashgan. U o’z shaklini o’zgartirish xususiyatiga ega. Yadro bo’linishda alohida ahamiyat kasb etadigan xromatin iplari, yadro shirasi va yadro qobig’idan tashkil topgan bo’lib, ularning barchasi oqsilli birikmalar hisoblanadi. Yadro ham protoplazma kabi quyuq, cho’ziluvchan konsistentsiyadagi holatda bo’ladi. Sodda hayvonlarda yadroning bir necha tiplari farqlanadi. Ovulyar tipdagi yadro – sharsimon shaklda bo’lib, ko’p hujayrali hayvonlar tuxum hujayralarining yadrosini eslatadi. Bunday yadrolar odatda xromatin ipchalari va yadro tanachasi – kariozomadan tashkil topgan bo’ladi. Spermal tipdagi yadro (mikronukleus) unchalik katta bo’lmagan yumaloq shaklda bo’lib, zich joylashgan xromatin ipchalaridan tashkil topgan. Bu yadro formasi jihatidan ko’p hujayrali hayvonlar urug’ hujayralarining yadrosiga o’xshash. Bu ikkala tipdagi yadrolar kariokinetik yo’l bilan bo’linadi va juda ko’pchilik sodda hayvonlarda uchraydi. Makronukleus parazit sodda hayvonlar yadrosining uchinchi tipii bo’lib, u nisbatan yirik va turli shakllarda bo’ladi. U asosan ko’p miqdordagi mayda donador xromatinlardan tashkil topgan. Bunday tipdagi yadrolar infuzoriyalarda uchraydi va faqat amitotik yo’l bilan bo’linib ko’payadi. Harakatlanish organoidlari. Sodda hayvonlarda o’ziga xos vaqtinchalik va doimiy harakatlanish organoidlarini farqlash mumkin. Vaqtinchalik harakat organoidlari soxta oyoqlilarda bo’lib, bunda harakatlanish soxta oyoqlar – psevdopodiyalar yordamida amalga oshadi. Psevdopodiyalar ektoplazmaning muayyan bir tomonga qarab harakatlanishi orqali hosil bo’ladi. Bunday soxta oyoqlar tananing turli joylaridan hosil bo’lishi mumkin: avval hosil bo’lgan oyoqlar yo’qolib tananing boshqa joyidan yangisi paydo bo’ladi. Shu bois bunday harakatlanish organoidlarini vaqtinchalik deyish mumkin. Doimiy harakatlanish organoidlariga xivchinlar, kiprikchalar va to’lqinsimon parda kiradi. Ular protoplazmaning hosilasi bo’lib, muayyan tuzilishga, joylashish o’rniga va ishlash printsipiga ega. Xivchinlar ipsimon ko’rinishda bo’lib, ancha uzun. Ularning soni bittadan sakkiztagacha, ba’zan esa undan ham ko’proq bo’lishi mumkin. Xivchinlarning asosi maxsus bazal tanachadan boshlanib, ikkinchi uchi erkin holda tugaydi. Xivchinlarga ega bo’lgan sodda hayvonlar xivchinning erkin uchini xalqasimon aylanishi orqali harakatlanadi. Kiprikchalar xivchinlardan ancha kalta, ammo soni juda ko’p bo’ladi. Kiprikchalarning bir tomonga qarab juda tez tebranishi orqali sodda hayvon o’ziga xos harakatga keladi. To’lqinsimon parda tana qobig’ining hosilasi bo’lib, uning to’lqinsimon tebranishi orqali hayvon harakatlanadi. Oziqlanishi. Sodda hayvonlar uchun animal va endoosmotik usulda oziqlanish xarakterlidir. Animal usulda tayyor oziq psevdopodiyalar (amyobalarning fagotsitar oziqlanishi), xivchinlar (xivchinlilarda) va kiprikchalar (infuzoriyalarda) yordamida o’zlashtiriladi. Ko’pchilik parazit sodda hayvonlarda hazm organellalari bo’lmaydi. Shuning uchun ularga endoosmotik usulda oziqlanish xarakterlidir. Bunda oziq hayvonning butun tanasi orqali so’rib olinadi. Oziqlanishning bunday usuli sodda hayvonlarning barcha parazit formalari uchun xosdir. Ko’payishi. Sodda hayvonlarning ko’payishi jinssiz va jinsiy yo’llar bilan boradi. Har ikkala yo’l bilan ham ko’payish yadroning bo’linishi bilan birga boradi. Ayrim sodda hayvonlar faqat jinssiz yo’l bilan ko’paysa (xivchinlilar), ba’zilari faqat jinsiy yo’l bilan (gregarinalar) ko’payadi. Parazit sodda hayvonlar orasida yana shunday gruppalari borki, ularning ko’payishi jinssiz va jinsiy nasllarning gallanishi – metagenez orqali boradi. Ko’payishning bunday xili gemosporidiylar (qon sporalilari) uchun xos bo’lib, ularning jinssiz ko’payishi uy hayvonlarining qonida borsa, kanalar (tashuvchilar) organizmida faqat jinsiy yo’l bilan ko’payadi. Parazit sodda hayvonlarning nasllar gallanishi orqali ko’payishi ularning ontogenezida xo’jayin almashtirib rivojlanishi va tashqi muhitda tsista xolida tarqalishiga bevosita bog’liq. Tsista hosil qilishi. Ko’pchilik parazit sodda hayvonlar, masalan gemosporidiylar parazitlikka o’ta moslashgan bo’lib, xo’jayin organizmidan tashqarida umuman yashay olmaydi va shu bois tashqi muhitda ularning invazion elementlari uchramaydi. Boshqa ba’zi parazit sodda hayvonlar esa xo’jayin organizmidan tashqarida, ya’ni tashqi muhitda birmuncha vaqt yashay oladi. Bunday parazit sodda hayvonlar tsista hosil qilishga moslashgan bo’lib, tashqi muhitda albatta tsista holida bo’ladi. Tsista hosil qilish xususiyati parazit sodda hayvonlarda evolyutsiya jarayonida vujudga kelgan. Parazitlarning tsistalanishi xo’jayin organizmida ro’y beradi, bunda parazit tanasi zichlashib maxsus qobiq bilan o’raladi. Tsista tashqi muhit ta’sirlariga o’ta chidamli bo’lib, ular harakatsiz va parazit ontogenezidagi eng passiv stadiyasi hisoblanadi. Shuningdek, tsista parazitlarning invazion elementlarini tabiatda saqlanib qolishi va tarqalish arealini kengayishiga imkon beradi. Sistematikasi. Hozirgi vaqtda sodda hayvonlarning 70000 dan ortiq turi fanga ma’lum bo’lib, bu turlar hayvonot olamining Sarkomastigoforalar, Sporalilar, Miksosporidiyalar, Mikrosporidiyalar va Infuzoriyalar kabi 5 ta tipiga mansubdir. Sodda hayvonlarning parazit formalari qayd etilgan barcha tip vakillari orasida uchraydi. Sarkomastigoforalar – Sarcomastigophora tipiga soxta oyoqlar yoki xivchinlardan iborat harakatlanish organoidlariga ega bo’lgan sodda hayvonlar kiradi. Tip vakillari nam tuproqlarda va suvda hayot kechiradi, odam va hayvonlar organizmida parazitlik qilib yashaydi. Ayrim vakillari esa boshqa hayvonlar bilan simbioz hayot kechiradi. Parazit formalari amyobalar (Amoebina), kinetoplastidlar (Kinetoplastida), ko’p xivchinlilar (Polymastigina) va opalinalar (Opalina) turkumlari vakillaridir. Sporalilar – Sporozoa tipining barcha vakillari parazit sodda hayvonlar bo’lib, parazitlikka moslanish orqasida o’ziga xos regressga uchragan: ularda harakatlanish organoidlari, qisqaruvchi va hazm vakuolalari rivojlanmagan. Taraqqiyot tsikli juda murakkab bo’lib, metagenez – jinssiz va jinsiy nasllarning gallanishi orqali ko’payadi. Hozirgi vaqtda 4000 dan oshiqroq turni o’z ichiga olgan bu tip sistematik jihatdan gregarinalar (Gregarinina) va koktsidiyalar (Coccidiomorpha) sinflariga bo’linadi. Gregarinalar asosan hasharotlarda parazitlik qilsa, koktsidiyalar umurtqali hayvonlar parazitlari hisoblanadi. Miksosporidiyalar – Myxosporidia tipi vakillari umurtqasiz hayvonlar (xalqali chuvalchanglar) va tuban umurtqalilarning (baliqlar) tana bo’shlig’i, to’qimalar va hujayralarida parazitlari hisoblanadi. Hozirgi sistematikaga muvofiq miksosporalilar (Myxosporea) va aktinosporalilar (Actinosporea) kabi ikki sinfni o’z ichiga oladi. Birinchi sinf vakillari tabiatda keng tarqalgan bo’lib, hamma suv havzalarida uchraydi. Baliqlar, ayniqsa baliq chavoqlarida og’ir kasallik paydo qiladi va baliqchilik xo’jaliklariga katta ziyon keltiradi. Aktinosporalilar xalqali chuvalchanglarda parazitlik qiladi. Mikrosporidiyalar – Microsporidia tipi vakillari hujayra parazitlari bo’lib, hujayra ichida parazitlik qiladi. Asosan, bo’g’imoyoqlilarni, ba’zan umurtqali hayvonlarni (baliqlarni) zararlaydi. Nosema avlodi vakillari ayniqsa diqqatga sazovordir. Asalarilarda (Nosema apis) va tut ipak qurtida (Nosema bombyci) nozema va pebrina (qora son) kasalliklarini keltirib chiqaradi. Infuzoriyalar – Infusoria tipi vakillari eng murakkab tuzilgan bir hujayrali hayvonlardir. Infuzoriyalar differentsiyallashgan, tuzilishi va funktsiyasi bilan bir-biridan aniq farq qiladigan katta va kichik yadrolarning bo’lishi bilan boshqa sodda hayvonlardan farq qiladi. Jinsiy ko’payishi ham murakkab bo’lib, konyugatsiya yo’li orqali boradi. Ko’pchilik infuzoriyalar dengizlarda va chuchuk suv havzalarida, ayrim turlari tuproqda hayot kechiradi. Ular orasida parazitlik qilib yashovchi turlari ham bor. Bu tipga 8000 dan ortiq tur kiradi. Hozirgi sistematikaga muvofiq kiprikli infuzoriyalar (Ciliata) va so’ruvchi infuzoriyalar (Suctoria) sinvlariga bo’linadi. Parazit formalari asosan Ciliata sinfi vakillari orasida bo’lib, Suctoria sinfi vakillari o’ziga xos yirtqich hayvonlardir. Sarkomastigoforalarning parazit formalari va ularning bio-ekologik xususiyatlari. Sarkomastigoforalar (Sarcomastigophora) tipi vakillarining eng xarakterli belgisi psevdopodiyalar (soxta oyoqlar) yoki xivchinlardan iborat harakatlanish organoidlarining mavjudligidadir. Ular tashqi tomondan yupqa po’st – plazmolemma bilan qoplangan. Sarkomastigoforalarning bir va ko’p yadroli vakillari mavjud. Yigirma mingga yaqin turni o’z ichiga olgan bu tipning ko’pchilik vakillari odam va hayvonlar organizmida parazitlik qilib yashaydi. Parazit formalarida qisqaruvchi vakuolalar bo’lmaydi. Sarkomastigoforalar tipi sistematik jihatdan ikki sinfni: sarkodalilar (Sarcodina) va xivchinlilar (Mastigophora) o’z ichiga oladi. Amyobalar. Amyobalar (Amoebina) turkumi Sarcodina sinfiga mansub bo’lib, uning vakillari tanasida qattiq po’st bo’lmasligi bilan xarakterlanadi. Hujayra tsitoplazmasi faqat tsitoplazma membranasi orqali tashqi muhitdan ajralib turadi. Qattiq po’st rivojlanmaganligi bois tanasining shakli doimiy emas. TSitoplazmadan hosil bo’lib turuvchi o’simtalar yordamida sekin-asta harakatlanadi. SHuning uchun bunday oyoqlar soxta, ya’ni psevdopodiylar deyiladi. Psevdopodiylar oziqni qamrab olish vazifasini ham bajaradi. Butun tana sirti orqali nafas oladi. Odatda ikkiga bo’linish, ba’zan kurtaklanish orqali jinssiz ko’payadi. Jinsiy ko’payish kamdankam bo’lib, ayrim erkin yashovchi formalarida uchraydi. Parazit amyobalarning eng keng tarqalgan turi dizenteriya (ichburug’) amyobasi bo’lib, u asosan odamlarning ichagida parazitlik qiladi va amyobiaz, ya’ni qonli ichburug’ kasalligini keltirib chiqaradi. Bu parazitni birinchi marta 1875 yilda Peterburg Harbiy akademiyasining professori F.A.Lesh topgan. Dizenteriya amyobasi (Entamoeba histolytica) ning kattaligi 20-30 mkm bo’lib, yo’g’on ichakda parazitlik qiladi va ichak epiteliysini jarohatlaydi. Uning ektoplazmasi ancha qalin bo’lib, endoplazmadan aniq ajralib turadi. Parazit ko’p sonli kalta va yo’g’on psevdopodiylari yordamida juda faol harakat qiladi. Dizenteriya amyobasi o’zining hayot tsiklida mayda vegetativ (forma minuta), yirik vegetativ (forma magna) va tsistalar shaklida uchraydi (1-rasm). Bulardan eng muhimi yo’g’on ichak devorida yashaydigan mayda vegetativ formasidir. Mayda vegetativ formadagisi bakteriyalar bilan oziqlanadi, ikkiga bo’linib ko’payadi. Tanasining kattaligi 13 mkm gacha, yadrosi sharsimon, psevdopodiyalari kalta, sekin harakat qiladi. Hazm vakuolasida doimo bakteriyalar bo’ladi. Ichagida amyobaning faqat mayda formasi yashaydigan odamlar amalda sog’lom bo’lib qolaveradi. Organizm zaiflashganda amyobalar ichak devorining ichiga o’tadi va yirik vegetativ formaga aylanadi. Yirik vegetativ formadagi amyoba 20-30 mkm keladi. Protoplazmasi shishasimon tiniq ektoplazma va mayda donachali yarim tiniq endoplazmaga ajralib turadi. Serharakat, osmotik usulda eritrotsitlar bilan oziqlanadi. Ular o’zlaridan proteolitik (oqsillarni eritadigan) ferment chiqarib, ichak to’qimasini yemiradi, bu xol yaralar hosil bo’lishiga olib keladi. Ayni vaqtda qon tomirlari yemirilib, ichak yo’liga qon tushadi (qon aralash ich ketadi). Qon tomiriga tushgan amyobalar qon oqimi bilan jigar yoki boshqa organlarga borishi ham mumkin. Bu yerda ular to’qimalarni yemirib, yiringli yallig’lanishni keltirib chiqaradi. Dizenteriya amyobasi tsista orqali tarqaladi. Ovqat qoldig’i bilan yo’g’on ichakdan to’g’ri ichakka tushgan yirik vegetativ formadagi amyobalar psevdopodiylarini tortib oldi va yumaloqlib, mayda vegetativ formaga aylanadi. Ektoplazma hisobiga pishiq qobiq hosil bo’lib, parazit tsista davriga o’tadi. Shu davrda tsista ichidagi amyobaning yadrosi ketma-ket ikki marta bo’linadi. Ana shunday qilib, tsista ichidagi amyoba to’rt yadrolik bo’lib qoladi. Axlat bilan tashqariga chiqadigan tsistalar juda chidamli bo’ladi: nam najasda 5 haftagacha, nam tuproqda 2-3 oygacha, suvda ikki oygacha yashovchanligini yo’qotmasligi mumkin. Tsistadagi amyobalar hatto xlorlangan suvda ham ular tirik qoladi. Lekin tsistalar quruq va issiq muhit ta’siriga uzoq bardosh berolmaydi. Tsistalarni chivinlar ham tarqatishi mumkin. Amyoba tsistasi suv yoki ovqat bilan odam ichagiga tushganida uning qobig’i yemiriladi. Tsitoplazmasi esa yadrolar soniga muvofiq ikki marta bo’lingach, to’rtta amyoba (forma minuta) hosil bo’ladi. Kuchli zararlangan bemor odamlar ichagidan bir kecha-kunduzda 300 mln tagacha tsista chiqaradi. Dizenteriya amyobasi juda keng tarqalgan. Yer sharining turli hududlarida amyoba bilan 10% dan 30% gacha odamlar zararlanishi mumkin. Lekin amyobiaz bilan kasallanish belgilari issiq mintaqalarda yashovchi xalqlar o’rtasida kengroq tarqalgan. O’rta va Shimoliy kengliklarda yashovchi kishilar ichagida ham amyoba uchrab turadi, lekin kasallanish hollari deyarli kuzatilmaydi. Amyoba bilan zararlangan, lekin ichburug’ bilan kasallanmaydigan odamlar parazit tashuvchilar hisoblanadi. Ba’zi hollarda, masalan issiq iqlimda organizm immuniteti kuchsizlanib qolganida amyobalar ichak devoriga kirib, epiteliy hujayralarini yemiradi va og’ir qonli ichburug’ kasalligini keltirib chiqaradi. Amyobalar asosan, jarohatdan chiqadigan qondagi eritrotsitlar bilan oziqlanadi. Kasallik vaqtida davolanmasa surunkali formaga o’tadi. Kasal kishi juda ozib ketishi, hatto ba’zan halok bo’lishi mumkin. Kinetoplastidlar. Kinetoplastidlar (Kinetoplastida) turkumi xivchinlilar (Mastigophora) sinfining hayvonsimon xivchinlilar (Zoomastigina) kenja sinfiga mansub bo’lib, vakillarining xarakterli belgisi gavdasining oldingi uchida joylashgan harakat organellasi – xivchinlar bo’lishidadir. Xivchinlar bir, ikki, to’rt, o’n va yuzlab bo’lishi mumkin. Gavda pellikula po’sti bilan qoplanganligi uchun har bir tur o’ziga xos doimiy gavda shakliga ega. Asosan jinssiz yo’l bilan ko’payadi. Kinetoplastidlarda xivchin bilan bog’langan maxsus organi – kinetoplast bo’ladi. Bu turkumning asosiy ko’pchilik turlari parazit hayot kechiradi. Parazit formalariga ayniqsa, leyshmaniya va tripanosoma avlodlari vakillarini ko’rsatish mumkin. Leyshmaniya (Leischmania) avlodi vakillari xivchinlilar ichida eng og’ir va havfli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi parazitlar hisoblanadi. Ular bir qator umurtqali hayvonlar: baliqlar, reptiliyalar, sut emizuvchilar, shuningdek odamlarning terisi va ichki organlarida parazitlik qiladi. Leyshmaniyalar hujayra ichida parazitlik qilganidan xivchin hosil qilmaydi, harakatsiz bo’ladi. Uzunligi 4-7 mkm bo’lgan bu parazitlarning ovalsimon hujayrasida bitta yadrosi va kinetoplasti bor. Leyshmaniyalarni tarqatuvchisi qon so’ruvchi ikki qanotli hasharotlar (Phlebotomus) avlodining turlari hisoblanadi. Odamlarda leyshmaniyaning asosan 2 xil (Leischmania donovani va Leischmania tropica) turi uchraydi. Shulardan Leischmania donovani O’rta Osiyoda «kala-azar» deb ataladigan umumiy yoki vistseral leyshmanioz kasalini qo’zg’atuvchisidir. MDH da u faqat O’rta Osiyoda uchraydi. Uning manbalari Hindiston, Sharqiy Xitoy va O’rta dengiz sohillarida bor. Bu parazitning kattaligi 2-4 mkm, tanasi ovalsimon shaklda, hazm qiluvchi vakuolalari yo’q. Oziqni osmotik yo’l bilan qabul qiladi. Odamning jigari, talog’i, limfa bezlari, qon tomirlari va ko’mik endoteliysining hujayralari ichida parazitlik qilib yashaydi. Ikkiga bo’linib ko’payadi. Leyshmaniyalar ko’payganda bitta hujayradagi parazitlar soni 100-200 tagacha yetadi. Hujayra yemirilgandan keyin, ular limfa va qonga o’tib, yangi hujayralarga kirib oladi. Leyshmaniyalarni qon so’rar iskabtoparlar tarqatadi. Chivin kasal odam qonini so’rganida leyshmaniyalar chivinning hazm yo’liga o’tadi. Bu yerda ular kattalashib, tanasi duksimon shaklga aylanadi, oldingi uchidan esa uzun xivchin o’sib chiqadi. Kasallangan chivin sog’lom odam qonini so’rganda odamga leyshmaniyalarni yuqtiradi va «kala-azar» deb ataluvchi og’ir kasallikni keltirib chiqaradi. Bu kasallikda bemor qattiq isitma chiqaradi, tinkasi qurib nihoyatda ozib ketadi. Davolanilmasa, jigari va talog’i shishib ko’pincha o’limga olib boradi. Kala-azarni qo’zg’atuvchi leyshmaniya paraziti tabiatda itlar qonida yashaydi. Bu kasallikning oldini olish uchun, avvalo, iskabtoparlarga qarshi kurashish va leyshmanioz kasali bilan og’rigan itlarni nazoratga olish zarur. Leyshmaniyaning Leischmania tropica turini birinchi marta toshkentlik olim P.F.Borovskiy 1897 yili topgan. Bu tur parazit keltirib chiqaradigan kasallik pendinka, sharq kuydirgisi yoki Borovskiy kasalligi deb ataladi. Joylarda uni «pashshaxo’rda» nomi bilan ham yuritiladi. Bu kasallikning mohiyati shundan iboratki, odatda, badanning ochiq qismlarida: yuzda, qo’llarda shish hosil bo’ladi. Keyin bu shish yaraga aylanadi. Yara olti oydan bir yilgacha va undan ko’pga cho’zilishi mumkin. Yara tuzalib ketsa-da, uning o’rni chandiq bo’lib qoladi. Leyshmaniyalar odamga ikki xil yo’l bilan, ya’ni kasallangan iskabtopar chivini odamni chaqqanda va chaqayotgan iskabtoparni teri ustida qichib ezganda yuqadi. Tabiatda leyshmaniyalar askariyat issiq qonli hayvonlar: bo’ri va chiyabo’rilar, daydi itlar, mushuklar, kalamush va yumronqoziqlarda parazitlik qiladi. Bu hayvonlar leyshmaniya parazitining rezervuari hisoblanadi. Iskabtopar chivini asosan kemiruvchi va yovvoyi hayvonlar uyasining devorida yashab ko’payadi, ko’pincha bu hayvonlarga tashlanib qonini so’radi. Ana shunda leyshmaniyalar bir organizmdan ikkinchi organizmga o’tadi. Iskabtoparlar ichagida leyshmaniya bo’linish orqali tez ko’payadi, uning xivchini paydo bo’ladi va faol harakat qiladi. Natijada tabiatda leyshmanioz manbalariga borib qolgan odamni chivin talab, leyshmaniozni yuqtiradi. Leyshmanioz Shimoliy Afrika, Janubiy Yevropa va Janubi-G’arbiy Osiyoning birqancha mamlakatlarida tarqalgan. Kasallik O’zbekistonning janubiy rayonlarida tarqalgan bo’lib, uning tabiiy manbai asosan cho’l mintaqasidagi yumronqoziqlar ini bilan bog’langan. Yuqorida qayd etilgan har ikkala leyshmanioz bilan ko’proq bolalar kasallanadi. Kasalliklardan keyin muntazam immunitet hosil bo’ladi. Shuning uchun har bir kishi leyshmanioz bilan faqat bir marta kasallanadi. Leyshmaniozga qarshi kurashda iskabtoparlarni qirish bilan birga, kemiruvchilarning tarqalishiga qarshi kurash ham olib borish zarur. Parazit kinetoplastidlar orasida odam va umurtqali hayvonlar qonida parazitlik qiluvchi tripanosoma (Trypanosoma) avlodi vakillari ayniqsa katta ahamiyatga ega. Tripanosomalarning tanasi yassi, ikki uchidan ingichkalashgan, tasmaga o’xshash bo’lib, kattaligi 20-70 mkm. Oldingi tomonida joylashgan bitta xivchini o’ziga xos tuzilishga ega. Xivchin tsitoplazmaning orqa tomonida joylashgan blefaroplastdan boshlanib, to’lqinlangan holda tananing yonidan orqaga qarab yo’nalgan. Xivchin yupqa to’lqinlanuvchi membrana yordamida ektoplazmaga tutashgan. Tripanosomaning harakatlanishi xivchin, to’lqinli parda va tanasining egilishi natijasida ro’y beradi. Bazal tanachasi (kinetoplast) endoplazmada xivchinning asosida joylashgan. Protoplazma tashqi tomondan pellikula po’sti bilan qoplangan, yadrosi yumaloq-ovalsimon shaklda. Tripanosomalar bo’yiga qarab bo’linib ko’payadi. Bunda dastlab blefaroplast, keyin yadro va eng oxirida protoplazma bo’linadi. Tripanosoma avlodining Trypanosoma gambiense, T.cruzi, T.rhodesiense kabi turlari odamlarda parazitlik qilib og’ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Trypanosoma gambiense va T.rhodesiense turlari odamlarda «uyqu kasalligi»ni keltirib chiqarsa, T.cruzi turi «chagas» kasalligini keltirib chiqaradi. Har ikkala kasallik ham o’ta og’ir kasalliklardan bo’lib, vaqtida oldi olinmasa va yaxshi davolanmasa odam nobud bo’lishi muqarrar. Bu kasalliklar asosan Afrikada tarqalgan. O’rta Osiyo mamlakatlarida, jumladan O’zbekistonda Trypanosoma avlodining 2 ta turi: Trypanosoma ninae kohl-jakimovi va T.equiperdum turlari tarqalgan bo’lib, qishloq xo’jalik hayvonlarida parazitlik qiladi. Xususan, Trypanosoma ninae kohl-jakimovi turi otlar, eshaklar va tuyalarning qon plazmasida parazitlik qilib, mazkur hayvonlarda «su-auru» (qozoqchadan tarjimasi «suvog’riq») kasalligini qo’zg’atadi. T.equiperdum turi esa otlarning jinsiy organlarida parazitlik qiladi va otlarda «kuyikish kasalligi» ni keltirib chiqaradi. Su-auru tripanozomozi O’rta Osiyo respublikalarida keng tarqalgan bo’lib, uning qo’zg’atuvchilari parma shaklidagi tripanosomalardir. Ularning uzunligi 25,1-25,6 mkm. Protoplazmasi och yashil tusda, ovalsimon-yumaloq shakldagi yadrosi tanasining o’rta qismida joylashgan, qilsimon xivchinlari va to’lqinlanuvchi membranasi tinimsiz harakatlanib turadi. Tripanosomalar hayvon qonining zardobida (plazmasi) parazitlik qiladi. Ular zaharli modda – tripanotoksin chiqarib, hayvon organizmini, birinchi navbatda nerv sistemasini zaharlaydi. Tripanosomalar oddiy, uzunasiga bo’linib ko’payadi. Epizootologiyasi. Parazitlar sog’lom hayvonlarga so’nalar, chivinlar orqali o’tadi. Ayniqsa, yilning issiq oylarida kasallik kuchayadi, chunki bu vaqtda so’na va chivinlar aktivlashadi. Bu hasharotlar ko’pincha suv havzalariga yaqin joylarda ko’p uchraydi. Klinik belgilari. Kasallikning yashirin davri 12-20 kun davom etadi. Kasallikning o’tkir va surunkali formalari mavjud. Kasallikning o’tkir formasida hayvonning temperaturasi ko’tariladi, keyin normal holatga keladi, vaqti-vaqti bilan yana ko’tarilib turadi. Ishtahasi yo’koladi, umumiy bo’shashish kuzatiladi. Bo’yin limfa tugunlari kattalashib, yaqqol ko’rinadigan bo’lib qoladi. Hayvon tez-tez yotadi, ba’zan ichi ketadi, ko’zidan yosh oqadi. Kasallik borgan sari og’irlashib, hayvon o’ladi. Agar hayvon 3-6 hafta davomida nobud bo’lmasa, kasallik surunkali formaga o’tib, uzoq vaqt davom etadi. Kasallikning surunkali formasida uning belgilari sust namoyon bo’ladi. Hayvonning orqasi falajlanadi yoki yarim falajlanib, ko’ziga oq tushadi, juni xiralashadi. Kasallangan otlarning lablari, lunjlari, quloqlari, jag’ osti, ko’kragi, jinsiy organlari shishadi, ularda tez-tez asabiy holatlar yuz berib turadi. Ot boshini devorga tirab turadi yoki hurkadi. Kasallik surunkali kechganda hayvonlarning ishtahasi yaxshiligiga va yaxshi boqilishiga qaramay, oriqlab ketishadi. Ko’zning shilliq pardasi yallig’lanadi va asabiy holatlar yuz beradi. Su-auru kasalligi ko’pincha 4-5 oydan 1,5 yilgacha cho’ziladi. Patologo-anotomik o’zgarishlar. O’lgan hayvonning ichini yorib qaralganda, uning oriqligi, ko’krak va qorin bo’shlig’ida zardob to’planganligi, tomoq va limfa tugunlarining kattalashib ketganligi ko’rinadi. Qon haddan tashqari suyulib ketadi. Shilliq pardalar esa oqaradi. Kasallikni aniqlash. Kasallik o’ziga xos belgilariga va o’lgan hayvonning ichki o’zgarishlariga qarab aniqlanadi. Kasallikni laboratoriya sharoitida aniqlash uchun hayvon qulog’idan ozgina kesib, predmet oynasiga qon olinadi va undan ezilgan tomchi yoki qalin mazok (surtma) tayyorlab, mikroskop ostida tekshiriladi. Bunda o’lik yoki harakat qilib turgan tripanosomalarni ko’rish mumkin. Su-auru kasalligiga nosog’lom bo’lgan va tarqalish ehtimoli ko’proq bo’lgan hududlarda bunday tekshiruvlar sistemali ravishda olib borilishi zarur. Profilaktikasi. Tuya va otlarni su-auru kasalligidan saqlash uchun ularni so’nalar ko’p yaylovlarga yubormaslik va suv havzalariga yaqin yaylovlarda ko’p boqmaslik kerak. Bunday joylarda hayvonlar kechasi yoki salqin paytlarda o’tlatiladi. SHuningdek, hayvonlarga so’nalarning tashlanishini oldini olish uchun terisiga geksaxloran sepiladi. Laboratoriya tekshiruvlarini qishda va yozning o’rtalarida o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Qon so’ruvchi hasharotlar paydo bo’lishidan oldin kasal va kasallikka shubhali hayvonlar sog’aytirilgan bo’lishi zarur. Kasallikni davolashda va profilaktikasida naganin veterinariya preparati qo’llaniladi. Bu preparat otlarning har bir kg tirik vazniga 0,01 g va tuyalarga 0,035 g hisobidan eritma shaklida qonga yuboriladi. Bir marta yuborilgan naganin preparati 1,5 oygacha tripanozomozdan saqlaydi. Shuning uchun ushbu muddat o’tishi bilan u yana takror yuborilishi va bu profilaktika tadbiri sistemali amalga oshirib borilishi zarur. Polimastiginalar. Polimastiginalar (Polymastigina) turkumi ham hayvonsimon xivchinlilar (Zoomastigina) kenja sinfiga mansub bo’lib, barcha vakillari parazitlikka moslashgan. Ular murakkab tuzilgan xivchinlilar hisoblanadi. Xivchinlar soni to’rtta yoki undan ham ko’proq. Odam va umurtqali hayvonlarning hazm sistemasi va siydik-tanosil sistemasida parazitlik qiladi. Polimastiginalarning Lamblia va Trichomonas avlodlari vakillari, ayniqsa o’ta patogen parazitlar bo’lib, odamlarda og’ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Bu avlodlarga mansub turlarning xarakterli belgisi bu ularning butun tanasi bo’ylab o’tuvchi ichki tayanch skeleti – aksostili va to’lqinlanuvchi pardasining bo’lishidir. Lamblia avlodining tipik vakili lyambliya – Lamblia intestinalis bo’lib, odamlarning o’n ikki barmoqli va ingichka ichagida, o’t yo’llarida parazitlik qiladi va lyamblioz kasalligini keltirib chiqaradi.. Lyambliya birinchi marta XIX asrning o’rtalarida Xarkov universitetining professori Lyamble tomonidan topilgan. Yer sharining hamma qismida uchraydi. Lyambliyaning tanasi ikki tomonlama simmetriyali bo’lib, noksimon ko’rinishda, uzunligi 10-20 mkm. Tanasining o’rtasidan ikkita tayanch ipi – aksostillar o’tgan, ularning ikki tomonida simmetrik ravishda ikkita yadro joylashgan, 4 juft xivchini bo’lib, harakat organellasi sifatida xizmat qiladi. Qorin tomonida xo’jayin ichagiga yopishish funktsiyasini bajaruvchi so’rg’ichlari bo’ladi (2-rasm). Hazm organoidlari bo’lmaydi. Odamning ichagida hazm bo’lgan oziq parazit tanasiga osmotik yo’l bilan o’tadi. Jinssiz, uzunasiga bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Lyambliyalarning hayot tsikli vegetativ va tsistaga o’ralgan formalarining almashinib turishidan iborat. Vegetativ formalari so’rg’ichlari bilan ichak shilliq pardasiga yopishib olgan holda yashaydi. Har 1 sm shilliq pardada bir mln gacha individlar bo’lishi mumkin. Keyinchalik vegetativ formadagi lyambliyalar to’g’ri ichakka tushib, xivchinlarini yo’qotadi va qalin po’stga o’ralib, tsista hosil qiladi. Tsista tashqi muhitga chiqqandan so’ng odamga lyamblioz yuqtiradigan manba bo’lib qoladi. Lyambliyalar odam organizmida 30-40 kun yashaydi. Lyambliya tsistalari odamga oziq-ovqat, ichiladigan suv, iflos qo’l va boshqa yo’llar bilan og’iz orqali o’tadi. Tsistalar o’n ikki barmoqli ichakda yoriladi va undan yangi vegetativ formalar chiqadi. Lyamblioz asosan yosh bolalar orasida ko’p (50-80%) tarqalgan. Lyambliya ichakda juda ko’plab ko’payganda ichakning normal faoliyatini buzilishiga va o’t pufagining yallig’lanishiga (xoletsistit) ga sabab bo’ladi. Lyamblioz bilan kasallangan bemorlarda kasallik belgilari aniq ko’rinmaydi. Shuning uchun diagnoz qo’yishda, asosan, bemor najasi maxsus metodlar asosida tekshirib ko’riladi. Lyamblioz kasalligini davolashda nistatin meditsina preparati tavsiya etiladi. Parazitlarning yuqmasligi uchun profilaktika qoidalariga qat’iy amal qilish kerak. Buning uchun meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish, suvni qaynatib ichnsh, lyambliya tsistalarini tarqatuvchi har xil chivinlarga qarshi kurashish, hojatxonalarni dezinfektsiya qilib turish kabi ishlar amalga oshirilishi lozim. Trichomonas avlodining vakillari ham tabiatda keng tarqalgan xivchinlilardan bo’lib, ularning orasida patogen formalari ancha ko’p. Parazit trixomonadalar suvda ham quruqda yashovchilarda, qushlarda, sut emizuvchilarda shuningdek, odamda uchraydi. Ular odatda ichak parazitlari bo’lib, o’zi yashab turgan organizmga unchalik zarar yetkazmaydi. Lekin ichakdan tashqarida (jigar, jinsiy organlarda) yashashga o’tgan formalari u yoki bu darajali patogen parazitlar hisoblanadi. Ichak trixomonadasi – Trichomonas hominis hamma joyda keng tarqalgan, odamning yo’g’on ichagida parazitlik qilib yashaydi (3-rasm). Tanasi oval shaklida, ketingi uchi o’tkirlashgan, uzunligi 5-15 mkm bo’lib, tanasining oldingi tomonida 4 ta xivchini joylashgan. Beshinchi xivchini orqa tomonga egilib, tana pellikulasi bilan birga yupqa to’lqinlanuvchi pardani hosil qiladi. Xivchinlar trixomonadaning harakatini ta’minlaydi. Sharsimon yadrosi tanannng oldingi qismida joylashgan. Protoplazmasida hazm qiluvchi vakuolalari bor. Ularda bakteriyalar va eritrotsitlar uchraydi. Trixomonada uzunasiga bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Tsistalik formalari yo’q. Odam ichagida parazitlik qiluvchi trixomonadalar havfli kasalliklarni keltirib chiqarmaydi, lekin kolit (ich qotish) kasalini tezlashtiradi. Trichomonas avlodining yana bir turi – qin trixomonadasi (Trichomonas vaginalis) odamlarda jinsiy kasalliklarni keltirib chiqarishi bilan o’ta havfli hisoblanadi. Bu trixomonadaning kattaligi 15-30 mkm gacha, noksimon shaklda. Tuzilishiga ko’ra ichak trixomonadasiga o’xshaydi. Bu parazit hamma joyda tarqalgan bo’lib, erkak va ayollarniig siydik-tanosil yo’llarida uchraydi. Zararlanish ayollarda 20-40%, erkaklarda 15% ni tashkil qiladi. Qin trixomonadasi ayollarda og’ir kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ular asosan, jinsiy aloqa vaqtida yuqadi. Parazit sporalilarning biologiyasi, ekologiyasi va ularga qarshi kurash choralari. Sporalilar (Sporozoa) tipi faqat parazit formalardan iborat sodda hayvonlar bo’lib, uning vakillari turli hayvonlar va odamda parazitlik bilan hayot kechiradi. Parazit hayot kechirish ta’sirida ularning tana tuzilishi ham birmuncha soddalashadi. Ularning harakatlanish organoidlari, qisqaruvchi va ovqat hazm qilish vakuolalari rivojlanmagan. Lekin sporalilarning rivojlanish tsikli nihoyatda murakkablashgan bo’lib, har xil muhit sharoitida yashashga, xo’jayinlarini almashtirib turish, jinssiz va jinsiy nasllarining gallanishi kabi yangi xususiyatlar vujudga kelgan. Jinssiz ko’payishi hujayraning ketma-ket bo’linishi – shizogoniyadan iborat bo’lib, bunda bir yadroli merozoitlar shakllanadi. Jinsiy ko’payish ikki xil tipdagi gametalar (anizogametalar) ning kopulyatsiyasidan iborat bo’lib, urg’ochi – makrogametalar va erkak – mikrogametalar ishtirokida boradi. Zigotasi qalin po’st bilan o’ralgan bo’lib, ootsista deyiladi. Ootsista xo’jayin organizmidan tashqarida, ya’ni tashqi muhitda rivojlanadi. Bunda ootsista ichida sporogoniya jarayoni (sporalar hosil bo’lishi) natijasida sporozoitlar hosil bo’ladi. Sporozoitlar hosil bo’lishi bilan parazitning rivojlanish tsikli tugaydi. Ushbu parazitlarning xo’jayinlari sporozoitli ootsistalarni yutib yuborishi orqali sporalilar bilan zararlanadilar. Qon sporalilari. Qon sporalilari – Haemosporidia turkumi xo’jayin almashtirib rivojlanadigan bir necha o’nlab turlarni o’z ichiga oladi. Ularning jinsiy ko’payishi qon so’ruvchi pashshalar ichagida, jinssiz ko’payishi esa odam va boshqa umurtqalilar (qushlar, sut emizuvchilar, sudralib yuruvchilar) organizmida boradi. Pashshalar ularning asosiy xo’jayini, odam va umurtqali hayvonlar esa oraliq xo’jayini hisoblanadi. Qon sporalilarining sporogoniyasi (spora ichida ko’payishi) hech vaqt tashqi muhitda emas, balki odatda pashshalar organizmida boradi. Bu hasharotlar qon sporalilarini tashuvchilar hisoblanadi. Qon sporalilarining eng keng tarqalgan va o’ta patogen bo’lgan turlari Plasmodium avlodi vakillari bo’lib, ular odam va boshqa issiq qonli hayvonlarda bezgak kasalligini keltirib chiqaradi. Odamda ushbu avlodning to’rtta turi parazitlik qiladi. Ularni umumiy nom – bezgak plazmodiysi deyiladi. Bezgak plazmodiylarining hayot tsikli bir-biriga o’xshash bo’lib, quyidagicha boradi. Bezgak pashshasi (Anopheles) ning urg’ochisi odam qonini so’rganida (erkak pashshalar qon so’rmasdan, balki gul nektari bilan oziqlanadi) qonga bezgak plazmodiysining juda ko’p sporozoitlarini o’tkazadi. Plazmodiy sporozoitlari 5-8 mkm keladigan juda kichik chuvalchangsimon bir yadroli hujayralar bo’lib, ular qon oqimi bilan butun tanaga tarqalib ketadi. Sporozoitlar jigar va qon tomirlari endoteliysi (ichki qoplama qavati) hujayralariga kirib olib, trofozoit va shizont stadiyalarini o’taydi. Jinssiz ko’payish (shizogoniya) natijasida shizontlardan juda ko’p bir yadroli hujayralar – merozoitlar hosil bo’ladi. Merozoitlar zararlangan organning boshqa hujayralariga va qon eritrotsitlariga kirib olib o’sadi. Parazitning eritrotsitlar gemoglobini hisobida oziqlanib o’sadigan stadiyasida trofozoitlar yetishadi. Rivojlanishning boshlanish davrida trofozoitlar tanasining markazida vakuoli bo’lganligi sababli uzuk shaklida ko’rinadi. Keyinroq vakuola asta-sekin yo’qoladi va parazit amyobasimon shaklga kiradi. Trofozoitlardan bo’linib ko’payuvchi shizontlar hosil bo’ladi. Shizontlar eritrotsit hujayrasini to’ldirib oladi. Parazit eritrotsitlar gemoglobinining bir qismini hazm qiladi, hazm bo’lmasdan qolgan qismi esa qoramtir pigment – melaninga aylanadi. Har qaysi eritrotsitlardagi har bir shizont bo’linib (shizogoniya) 10-20 merozoit hosil qiladi. Merozoitlar eritrotsitlarni yemirib, qon plazmasiga chiqadi va yangi eritrotsitlarga kirib oladi. Jinssiz ko’payish yana takrorlanadi. Eritrotsitlar yemirilganida qonga melanin bilan birga zaharli moddalar almashinuv mahsulotlari chiqariladi. Zaharli mahsulotlar ta’sirida odam organizmida moddalar almashinuvi o’zgarib, tana harorati keskin ko’tariladi va bezgak huruj qila boshlaydi. Bir necha marta jinssiz ko’payish (shizogoniya) tsiklidan keyin parazit ko’payishdan to’xtaydi. Eritrotsitlarga kirgan merozoitlar o’sib, shizontlarni emas, balki bo’linmaydigan gametotsitlar, ya’ni gamontlar (gameta hosil qiluvchi hujayralar) ni hosil qiladi. Eritrotsitlardagi gametotsitlar ikki tipda: birmuncha yirik makrogametotsitlar va kichikroq mikrogametotsitlar bo’ladi. Gametotsitlarning bundan keyingi rivojlanishi faqat bezgak pashshasi (Anopheles) tanasida davom etadi. Urg’ochi pashsha qon so’rganida uning ichidagi makrogametotsitlar yirik makrogametalarga aylanadi. Mikrogametotsit yadrosi esa bo’linib 5-6 ta chuvalchangsimon harakatchan va mayda mikrogametalarni hosil qiladi. Pashsha ichagi bo’shlig’ida mikro- va makrogametalyar qo’shilishadi va urug’lanish sodir bo’ladi. Hosil bo’lgan zigota juda harakatchan bo’lib, u ookineta deyiladi. Zigota pashsha ichagi devorini teshib kiradi va uning ustki, tana bo’shlig’iga qaragan tomoniga o’tib oladi. Bu yerda zigota elastik po’st bilan o’ralib, ootsistaga aylanadi. Ootsista ichak devorida juda tez o’sadi, uning hajmi bir necha yuz barobar kattalashadi. U o’sgan sayin yadrosi ham ko’p marta bo’lina boradi. Bu jarayon ootsista ichida juda mayda (14 mkm gacha) ingichka bir yadroli ko’p sonli (bitta ootsistada 10 minggacha) harakatchan sporozoitlarni hosil bo’lishi bilan tugallanadi. Ootsista qobig’i yorilgandan so’ng sporozoitlar tana bo’shlig’i suyuqligi (gemolimfa) ga chiqadi. Tana suyuqligidan sporozoitlar pashshaning so’lak bezlariga, so’ng so’lak chiqaruvchi naylarga o’tib oladi. Pashsha chaqqanda parazitlar yana odam qoniga o’tadi va jinssiz tsikl boshlanadi. Shunday qilib, bezgak plazmodiylarining hayot tsikli faqat xo’jayinlar (pashsha va odam) organizmida o’tadi. Shuning uchun u noqulay tashqi muhitdan himoyalanishga imkon beruvchi qattiq po’st bilan qoplangan spora hosil qilmaydi. Odam organizmida bezgak kasalini paydo qiluvchi Plasmodium avlodining 4 turi (Plasmodium vivax, P.malariae, P.falciparum, P.ovale) uchraydi. Ular bir-biridan ayrim morfologik va biologik xususiyatlari bilan farq qiladi. Plasmodium malariae turida jinssiz tsikl, binobarin bezgakning huruj qilishi har 72 soatda takrorlanib turadi. Shuning uchun bu tur paydo qiladigan kasallik 4 kunlik bezgak deyiladi. Plasmodium vivax juda keng tarqalgan qon paraziti bo’lib, shizogoniya har 48 soatda davom etadi, bezgak ham har 3 kunda huruj qilib turadi. Plasmodium falciparum parazitining taraqqiyot tsiklida shizogoniya 24 yoki 48 soat davom etadi, lekin bezgak huruji uzoq davom etgani sababli eng havfli hisoblanadi. Bu tur paydo qiladigan kasallik tropik bezgak deb ataladi. P.ovale juda kam, faqat Afrikada uchraydi. Bezgak plazmodiysi odam qoniga o’tgandan so’ng kasallik alomatlari paydo bo’lguncha birmuncha vaqt o’tadi. Bu vaqt kasallikning yashirin, yani inkubatsiya davri hisoblanadi. Bezgak kasalligining inkubatsiya davri odatda 2 hafta davom etadi. Ba’zan 6 oygacha va undan ham ko’proq davom etishi mumkin. Kasallik haroratning juda tez va keskin (400 va undan yuqori) ko’tarilishi bilan boshlanadi. Birozdan so’ng harorat yana me’yorga keladi, lekin isitmalash har doim ma’lum vaqt (24, 48 yoki 72 soat) o’tgandan so’ng takrorlanib turadi. Bezgak huruji shizogoniya natijasida hosil bo’lgan merozoitlarning eritrotsitlardan qon zardobiga chiqish davriga to’g’ri keladi. Merozoitlarning eritrotsitlarga kirib olgandan so’ng yangi shizogoniyaga qadar kasallik huruji to’xtaydi. Bezgak kasalligida kuchli anemiya paydo bo’ladi. 1 mm3 qondagi eritrotsitlar soni normadagi 5 mln dan bir mln gacha tushib qoladi. Kasallangan kishining qoni, jigari va talog’ida melanin to’planib qoladi. Jigar shishib ketadi. Bezgak yer yuzida eng keng tarqalgan kasalliklardan biri bo’lib, XIX asr oxirigacha kasallikning sabablari nomalum bo’lib kelgan. Faqat o’tgan asrning boshlarida bezgak paraziti topilib, uning hayot tsikli o’rganilgach, kasallikka qarshi kurash olib borish imkoni tug’ildi. Bezgak kasalligi XIX asrning oxiri va XX asrning 40-yillarigacha Kavkaz, Markaziy Osiyo, Volganing o’rta va quyi qismida va Ukrainada juda keng tarqalgan edi. 1935 yilning o’zida mazkur hududlarda 9 mln kishi bezgakka chalinganligi ma’lum. O’sha davrda bezgak Afrika, Janubiy Amerika, Osiyo va Yevropadagi juda ko’p mamlakatlarda tarqalgan bo’lib, 30- yillarda faqat Hindistonning o’zida har yili 100 mln dan ortiq kishi bezgak bilan og’riganlign ma’lum. Bezgak kasalligi va uning qo’zg’atuvchisini o’rganishda hamda bezgakka qarshi kurash choralarini ishlab chiqishda rus olimlaridan V.Danilevskiy, I.Mechnikov, Ye.Martsinovskiy, V.Beklemishev, D.Romanovskiy va S.Isaev, frantsuz olimi Sh.Laveran, ingliz olimi R.Ross, italiyalik D.Grassi va boshqalarning xizmatlari g’oyat kattadir. Bizning mamlakatimizda bezgakka qarshi kurash birdaniga bir qancha yo’nalishda olib borildi. Birinchi navbatda bezgak bilan kasallangan hamma kishilar maxsus sistema asosida majburiy davolanish kurslaridan o’tkazildi. Bezgak pashshasining tez ko’payishini oldini olish maqsadida ko’lmak suvlar va botqoqliklar quritildi. Pashshalar va uning lichinkalari turli usullar bilan, shu jumladan kimyoviy vositalar yordamida qirib tashlandi. Bu tadbirlar natijasida o’tgan asrning o’rtalariga kelib bezgak kasalligi O’zbekistonda butunlay tugatildi. Hozir bu kasallik butun Yevropa hududida ham tugatildi. Lekin bezgak Janubiy va Markaziy Amerika, Osiyo, ayniqsa, Afrika mamlakatlarida hozir ham keng tarqalgan. Hindistonda har yili 200 mingga yaqin kishi bezgak bilan kasallanishi ma’lum. Bezgak plazmodiysi sut emizuvchilarda va qushlarda ham uchraydi. Hayvonlarga bezgak parazitini Aedes, Culex va boshqa avlodlarga kiruvchi pashshalar tarqatadi. Masalan, Aedes avlodiga mansub pashshalar tovuqlar qonida parazitlnk qiluvchi bezgak plazmodiysi (Plasmodium galli) ni tarqatadi. Bu parazit tropik mamlakatlarda tovuqlar orasida enzootiyaga sabab bo’lishi mumkin. Keyingi paytlarda pashshalarga qarshi kurashning biologik metodlari tobora ko’proq yoyilmoqda. Xususan, iqlim bir muncha iliq bo’lgan joylarda bezgak pashshasi lichinkasini yo’qotish uchun hovuz va ko’llarda gambuziya balig’i ko’paytirilmoqda. Shuning bilan birga bezgak yuqtiruvchi pashshalarga qarshi genetik metodlar ham ishlab chiqildi. Buning uchun erkak pashshalar yig’ib, rentgen nuri ta’sirida sterillangach, tabiatga qo’yib yuboriladi. Bu erkak chivinlar urg’ochisini urug’lantiradi, lekin urug’langan tuxumdan lichinka rivojlanib chiqmaydi yoki tuxumdan chiqqan lichinka normal rivojlana olmaydi. Piroplazmidlar. Piroplazmidlar (Piroplasmida) turkumiga mansub sporalilar piroplazmidozlar deb nomlanadigan uy hayvonlarining qon kasalliklarini qo’zg’atuvchilari hisoblanadi. Ular obligat transmissiv kasalliklar qatoriga kirib, tabiiy sharoitda biologik tarqatuvchilar yaylov (Ixodidae) kanalari orqali kasallangan hayvondan sog’lomlariga o’tadi. Piroplazmidlar sut emizuvchi hayvonlarning eritrotsitlarida parazitlik qiladi. Piroplazmidozlardan qoramollarda uchraydigan piroplazmoz, babezioz, fransaiellyoz, teylerioz va anaplazmoz kasalliklarini o’rganishning ahamiyati katta, chunki bu kasalliklar o’ta patogenligi va chorva xo’jaliklariga katta iqtisodiy zarar keltirishi bilan ajralib turadi. Piroplazmoz. Qoramollarning piroplazmozi og’ir o’tadigan invazion kasallik bo’lib, bu kasallik Piroplasma bigeminum piroplazmidiylarining eritrotsitlarda parazitlik qilishidan rivojlanadi. Piroplazmoz mavsumiy kasalliklardan, ular janubiy rayonlarda ayniqsa keng tarqalgan. Kasallangan molning isitmasi ko’tariladi, sariqlik, kamqonlik yuz beradi va hayvon qon siyadi. Rivojlanishi. Piroplazmoz definitiv (kanalar – Boophilus calcaratus) va oraliq (qoramollar) xo’jayin ishtirokida rivojlanadi. Kasallik qo’zg’atuvchisi oraliq xo’jayinning eritrotsitlarida ko’payadi. Ularning oddiy bo’linib ko’payishi natijasida amyobasimon, noksimon, xalqasimon shaklidagi piroplazmidlar hosil bo’ladi. Ammo piroplazmalarning oraliq xo’jayin eritrotsitlarida o’tkir burchak hosil qilib birikkan bo’ladi. Ulardan qo’sh nok shaklidagisi juda xarakterlidir. Qoramollarga piroplazmoz Boophilus calcaratus yaylov kanasining piroplazma bilan invaziyalangan lichinkalari hujum qilganida yuqadi. Hayvon qonini so’rayotgan kana so’lagidagi piroplazmalar qon tomirlarga o’tib, darhol eritrotsitlarga kirib, u yerda ko’payadi va butun organizmga tarqaladi. Boophilus calcaratus bir xo’jayinli kana bo’lganligidan uning qoramollarga hujum qilgan lichinkasi shu hayvonning o’zida nimfaga, so’ngra erkak va urg’ochi kanaga aylanib, qon so’rish vaqtida piroplazma bilan invaziyalanadi. Kana organizmiga o’tgan Piroplasma bigeminum jinsiy yo’l bilan ko’payib, kananing tuxumdoniga o’tadi. So’ngra qonga to’ygan urg’ochi kana hayvon tanasidan yerga tushib, tuxum qo’yadi va bir necha haftadan keyin bu tuxumlardan tuxum orqali piroplazma bilan invaziyalangan lichinka chiqadi. Ular qoramolga oziqlanish maqsadida hujum qilib, qon so’rish bilan birga ularga piroplazmozni ham yuqtiradi. Epizootologiyasi. Kasallik har yili yozda va kuzda juda ko’p tarqaladi. Definitiv xo’jayin Boophilus calcaratus har yili ikki-uch avlod beradi. Ammo qoramollar piroplazmoz bilan yoz va kuzda og’ir kasallanadi, chunki bu vaqtda bahor oylariga nisbatan tabiatda Boophilus calcaratus lichinkalari ko’p bo’ladi. Qishda lichinkalarning ko’pi nobud bo’ladi, shuning uchun ham bahorda piroplazmoz unchalik ko’p uchramaydi. Qoramollarga piroplazmoz asosan butazor to’qaylarda yuqadi, chunki bunday yaylovlarda Boophilus calcaratus yaxshi va tezroq rivojlanadi. Bunday yaylov kanasining lichinkasi 6-7 oygacha och yashashi mumkin, shuning uchun lichinkalarning ayrimlari qishlab chiqib, ularning tanasida piroplazma saqlanib qoladi. Klinik belgilari. Piroplazmozning inkubatsion davri 10-15 kun. Kasallik og’ir kechishi va 2-3 kun ichida molni nobud qilishi mumkin. Kasallik boshlanishi bilan molning temperaturasi 40-420C ga yetadi. Mol zaiflashadi, ishtahasi yo’qoladi, kasallik kuchayganda butunlay yemhashak yemaydi, kavsh qaytarmay qo’yadi, suv ichmaydi, qaltiraydi, ko’zlarining shilliq pardalari oldin qizarib, so’ngra sarg’ayadi, yurak urishi, nafas olishi tezlashadi. Sog’in sigirlarning suti kamayadi. Hayvon qaltirab, zo’rg’a yuradi. Qizil qon tanachalari buzilib, hayvon qon siyadi. Bu hodisa kasallikning ikkinchi, uchinchi kunlari ro’y beradi va u piroplazmoz kasalligi uchun xarakterli belgilardan hisoblanadi. Qon siyish hayvon tuzalguncha yoki o’lgunicha davom etadi. Piroplazmoz har xil kechishi mumkin. Ba’zan, ayniqsa, yosh mollarda u yengil o’tadi va tuzalib ham ketadi, ba’zan og’ir kechib, mol o’ladi. Piroplazma toksinlari yurak muskullariga zararli ta’sir etadi, qon suyuladi. Kasallikning birinchi yoki ikkinchi kunlaridayoq eritrotsit ichida piroplazma borligi aniqlanadi. Mol o’lishi oldidan temperaturasi normallashadi yoki undan ham pasayadi va uchinchi-to’rtinchi kuni nobud bo’ladi. Piroplazmoz bilan kasallangan mollarning 30-40% i, asosan katta yoshdagilari nobud bo’ladi. Jaydari mollar piroplazmozlar bilan kamroq kasallanadi, chunki ularda asrlar davomida moslashganligidan nosteril immunitet hosil bo’lib, bu kasallikka bardosh bera oladi, ammo chetdan keltirilgan zotdor mollarning deyarli hammasi kasallanadi. Tog’li rayonlardagi qoramollar past tekisliklarda boqilsa, ularga kana yopishib piropplazmoz bilan og’ir kasallanadi. Piroplazmoz o’rta hisobda o’n kun davom etadi va qulay sharoitda kasallikning belgilari sekinasta yo’qola boradi, 1,5-2 oyda to’liq sog’ayib ketadi. Patologo-anatomik o’zgarishlar. Piroplazmozdan o’lgan mol oriq, uning shiliq pardalari va teri osti to’qimalari qonsizlangan, charvisi sarg’aygan, qoni suyulgan bo’ladi. Yuragi kattalashadi, uning muskullarida qon bo’lmaydi. Yurakning ustki va ichki pardasida nuqta-nuqta qon quyilishlar ko’zga tashlanadi. Jigar kattalashib, qattiqlashgan va sarg’ish-qizil rangga kirgan bo’ladi. O’t xaltasi har xil: qora, qo’ng’ir, ko’k bo’lib ko’rinadi. Taloq ikki-uch marta kattalashadi, chetlari yumaloqlanib, parenximasi yumshoqlashadi. Qovuq qizil qonli siydik bilan to’lgan bo’ladi, qatqoringa quruq hashak to’lib qotib qoladi. Shirdon bo’sh bo’lib, uning shiliq pardasi bo’rtadi va unga qon quyiladi. Ingichka va yo’g’on ichak shiliq pardalarida ham xuddi shunday o’zgarishlar ro’y beradi. Charvi bezlari kattalashadi. Kasallikni aniqlash. Piroplazmoz kasalligi uning tarqalish sharoitlarini, ya’ni piroplazmidoz zanjirlarining mavjudligini hisobga olib, klinik belgilaridan mol temperaturasining ko’tarilishi, shiliq pardalarining sarg’ayishi, kamqonlik va qon siyish kabi holatlariga qarab aniqlanadi. Kasallangan molning periferik qon tomirlaridan olingan birinchi tomchi qondan maxsus tayyorlangan mazokni predmet oynasi ostiga qo’yib mikroskopda qarab va eritrotsitda piroplazma borligi tekshirilib kasallik aniqlanadi. Bundan tashqari, piroplazmozning mavsumiyligi, xo’jalikda bundan oldin ham piroplazmidozlarning bo’lganligi va patologo-anatomik o’zgarishlar hisobga olinishi kerak. Babezioz. Qoramollarning babeziozi ham og’ir kechadigan kasalliklardan bo’lib, uni Babesia bovis nomli piroplazmidiylar qo’zg’aydi. Babezioz ham piroplazmoz kabi mavsumiy kasallik bo’lib, u klinik jihatidan mol temperaturasining ko’tarilishi, shiliq pardalarining sarg’ayishi, kamqonlik va gemoglobinuriya bilan xarakterlanadi. Rivojlanishi. Babezia kichik, endogloubulyar parazitlardan bo’lib, kattaligi 1-3 mikronga teng. Eritrotsit ichida xalkasimon, oval, amyobasimon va noksimon formadagilari ham bo’ladi. Babezia eritrotsitlarda oddiy yo’l bilan bo’linib ko’payadi. Kasallikni qoramollarga parazitning maxsus tarqatuvchisi Ixodes avlodiga kiruvchi kanalar yuqtiradi. Urg’ochi kana tanasiga o’tgan babezialar jinsiy yo’l bilan ko’payib, kana tuxumdoniga, undan tuxumiga o’tib, transovarial usulda kananing kelgusi avlodiga o’tadi. Epizootologiyasi. Babezioz bir yilda ikki marta yuqori tarqalish nuqtasiga ko’tariladi. Birinchisi may oyidan avgustgacha, ikkinchisi avgustning ikkinchi yarmidan sentyabr oyigacha davom etadi. Babeziani tarqatuvchi kanalar lichinka, nimfa va imago davrlarida uzoq vaqt och yashashi va tabiatda invaziya manbai bo’lib qolishi mumkin. Shuningdek, kasallanib sog’aygan mollarning eritrotsitlarida ham parazit uzoq vaqtgacha yashaydi. Qoramollar babezioz bilan yaylov kanalari keng tarqalgan yaylovlarda kasallanadi. Babezioz erta bahor va yoz juda issiq kelgan yillari ko’p uchraydi va uncha uzoq davom etmaydi. Aksincha, yoz salqinroq kelgan yillari kasallik uzoq vaqtga cho’ziladi. Babezioz ham piroplazmoz kabi katta yoshdagi hayvonlarda og’ir kechadi. Uch oygacha bo’lgan buzoqlar babezillyoz bilan yengil kasallanib, tez tuzaladi. Klinik belgilari. CHorva mollari kana bosgan yaylovda boqilsa, 12-14 kundan keyin kasallikning belgilari paydo bo’ladi. Mol temperaturasi bir necha kun ko’tarilib turishi, siydikning qizarishi, shiliq pardalarning sarg’ayishi babeziozning asosiy belgilaridan hisoblanadi. Kasallikning boshqa belgilari piroplazmoznikiga o’xshash. Patologo-anatomik o’zgarishlar. Piroplazmoz kasalligidagi kabidir. Kasallikni aniqlash. Kasallikni aniqlash xarakterli klinik belgilarga va periferik qon tomirlaridan olingan mazokni mikroskopda tekshirib, qo’zg’atuvchisini topishga asoslangan. Bundan tashqari, babezioz paydo bo’ladigan yil fasli va shu xo’jalikning bu invaziyadan sog’ emasligi ham hisobga olinishi lozim. Fransaiellyoz. Qoramollarning fransaiellyozi shiddatli kechadigan invazion kasalliklardan bo’lib, uni Francaiella colchica qo’zg’aydi. Bu kasallik O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Fransaiellyoz mavsumiy kasallikdir. Kasallangan molning temperaturasi ko’tariladi, kamqonlik yuz beradi va shilliq pardalar sarg’ayadi. Piroplazmozdan farqi shuki, molda «qon siyish» kasallikning oxirgi davrida kuzatiladi yoki uning mavjudligi o’likni yorganda ko’rinadi. Rivojlanishi. Francaiella colchica ikki xo’jayin ishtirokida rivojlanadi, yaylov kanalaridan Boophilus calcaratus definitiv xo’jayin, qoramollar oraliq xo’jayin hisoblanadi. Fransaiella periferik qonda oddiy, ikkiga bo’linish yo’li bilan ko’payadi. Bo’linish natijasida asosan xalqasimon, oval va ko’zoynakni eslatadigan qo’shlimon shakllari hosil bo’ladi. Qoramollar fransaiellalar bilan invaziyalangan Boophilus calcaratus yaylov kanalari hujum qilib qon so’rganda kasallanadi. Kana qoramolning qonini so’ra turib, so’lagidagi parazitni hayvonning qon tomirlariga o’tkazadi. Bu kanalar imago davrida zararlanib, qoramollarga kasallikni lichinkalik davrida yuqtiradi. Urg’ochi kananing tanasiga o’tgan fransaiellalar jinsiy yo’l bilan ko’payib, ularning tuxumiga va transovarial yo’l bilan kananing kelgusi avlodiga o’tadi. Epizootologiyasi. Fransaiellyozning epizootologiyasi piroplazmoznikiga o’xshash va hayvon bu ikki kasallik bilan bir vaqtda kasallanadi. Ammo fransaiellyoz ko’proq uchraydi. Belgilari ham piroplazmozniki kabidir, inkubatsion davri 9-15 kunga cho’ziladi. Fransaiellyoz piroplazmozga nisbatan birmuncha sekin o’tadi. Shiliq pardalar uncha sarg’aymaydi, «qon siyish» kasallikning so’nggi kunlari kuzatiladi. Patologo-anatomik o’zgarishlar. Xuddi piroplazmoznikiga o’xshaydi. Kasallikni aniqlash. Klinik belgilari va periferik qondan tayyorlangan mazokni mikroskopda tekshirib, tipik formadagi (ko’zoynaksimon) fransaiellalarning borligiga asoslanib aniqlanadi. Teylerioz. Qoramollarning teyleriozi shiddatli o’tadigan invazion kasalliklardan bo’lib, uni Theileria annulata qo’zg’atadi. Teylerioz boshqa piroplazmidozlardan molning retikuloendotelial sistema organlarini zararlab yuzaki joylashgan limfa tugunlarining kattalashuvi, siydigi tarkibida qonning bo’lmasligi bilan farq qiladi. Teylerioz O’rta Osiyoda keng tarqalgan. Bu kasallik O’rta Osiyo respublikalarining chorvachilik xo’jaliklariga katta iqtisodiy zarar yetkazadi. Kasallangan molning mahsuldorligi ayniqsa, sut mahsuloti keskin kamayadn, qoramollar ko’plab nobud bo’ladi va kasallik naslchilik ishlariga to’sqinlik qiladi. Rivojlanishi. Theileria annulata ikki xo’jayinli, ya’ni definitiv xo’jayin Hyalomma avlodiga kiruvchi yaylov kanalari va oraliq xo’jayin – qoramollar ishtirokida rivojlanadi. Qoramollar teyleriya bilan invaziyalangan Hyalomma avlodiga mansub kanalar chaqqanida kasallanadi. Kana so’lagidan qonga o’tgan teyleriyalar retikulo-endotelial sistema organlarida (limfa tugunlar, jigar, taloq va buyraklar) shizogonal usulda ko’payib, anor donachalarini eslatadigan tanachalarni hosil qiladi. Bu anor donachalari (agomontlar va gamontlar) ichki organlarning hujaylari ichida va hujayra oralig’ida erkin bo’lishi mumkin. Gamontlar shizogonal ko’payishining oxirgi davrida parchalanib, juda ham ko’p miqdorda eritrotsitlarga o’tadi. Eritrotsitlarga o’tgan bunday gamontlar gametotsitlar deyiladi va ularni periferik qondan topish mumkin. Gametotsitlar polimorf, ya’ni vergulsimon, xalqasimon, noksimon va boshqa ko’rinishda bo’lib, har bir eritrotsitda 3-4 va hatto 11 donagacha uchrashi mumkin. Epizootologiyasi. Teylerioz mavsumiy kasallik, u yilning issiq fasllarida uchraydi. Ammo teylerioz ayrim mollarda yanvar oyida ham uchrab turadi. Iyun-iyul oylarida esa kasallik juda kuchayadi. Teyleriozning qo’zg’atuvchilarini tarqatadigan Hyalomma avlodi kanalarining ayrim turlari Hyalomma detritum va H.anatolicum molxonalarda rivojlanadi, shuning uchun teylerioz molxonalarda boqilayotgan mollarda ham uchrashi mumkin. Jaydari aborigen zot mollarda teylerioz yengil o’tadi. Aksincha, boshqa, teylerioz uchramaydigan joydan olib kelingan, ayniqsa, zotdor mollar og’ir kasallanib, ularning ko’pchiligi (65%) nobud bo’ladi. Buzoqlar ham teylerioz bilan og’ir kasallanadi. Klinik belgilari. Teyleriozning inkubatsion davri 15-30 kun va undan ham ko’proqqa cho’ziladi. Kasallik shiddatli kechib, 7-20 kun davom etadi va ko’pincha hayvon nobud bo’ladi. Teylerioz boshlanishi bilanoq molning sirtqi limfa tugunlari normaga nisbatan 2-4 marta kattalashadi, kasallikning butun shiddatli davrida temperaturasi ko’tariladi (410S va undan ham yuqoriroq) yoki bir oz vaqt pasayib, so’ngra takror ko’tariladi. Toksinlarning yurak muskuliga, qon tomirlariga va markaziy nerv sistemasiga ta’sir qilishi tufayli yurakning faoliyati buziladi. Kasallangan hayvon ko’p yotadi, yo’taladi. Qashiganda u ko’p sezmaydi, chunki terining sezgirligi va reflekslari pasayib ketadi. Oshqozonning faoliyati izdan chiqadi: kavsh qaytarmaydi, oldingi qorinlarning harakati sekinlashadi, tezagiga shiliq va qon aralashgan bo’ladi, ko’zlarining shiliq pardasi, to’g’ri ichakning shiliq pardasi va qinda nuqta shaklida qon quyilishlar kuzatiladi. Ko’zining pastki va yuqorigi qovoqlari shishib, undan qonga o’xshash, shiliqli suyuqlik oqib turadi. Hayvonning siyishi qiyinlashib, oz-ozdan tez-tez siyadi, siyganda beli egiladi. Kasal hayvon ozadi va sog’aygandan keyin ham uzoq vaqtgacha oriq bo’ladi. Patologo-anatomik o’zgarishlar. Burun, ko’z va anusning shiliq pardasi oqarib, birmuncha sarg’aygan va ko’pgina nuqta shaklida qon quyilganligi aniqlanadi. Teri osti kletchatkalari yallig’lanadi, bo’yin, chot va boshqa limfa tugunlari shishgan va ularda qon quyilganligini ko’ramiz, ko’krak va qorin bo’shliqlarida tipik yoki qizg’ish suyuqlik bo’ladi. O’pka, yurak va plevra pardalariga qon quyiladi. Shirdonning shiliq pardasi yaralanib, juda ham ko’p nuqtasimon qon quyilganligi ma’lum bo’ladi. Jigar, buyrak va yurakda oqish-sariq yoki kul rang-oq granulemaga o’xshash tugunchalar bo’ladi. Kasallikni aniqlash. Kasallikning xarakterli klinik belgilariga, yilning fasliga qarab aniqlanadi va periferik qon tomirlaridan tayyorlangan mazokdagi eritrotsitlarda gametotsitlar hamda limfa tugunlaridan olingan suyuqlikda anor donachalari borligi aniqlab tasdiqlanadi. Bundan tashqari, teyleriozni patologo-anatomik o’zgarishlarga asoslanib ham aniqlash mumkin. Anaplazmoz. Qoramollar anaplazmozi birmuncha surunkali o’tadigan invazion kasalliklardan bo’lib, uni Anaplasma marginale qo’zg’atadi. Anaplazmoz O’rta Osiyo respublikalarida keng tarqalgan. Anaplazmozlar kichkina nuqtasimon parazit bo’lib, protoplazmasi ko’rinmaydi. Har bir eritrotsitda 1-3 dona parazit uning chetlarida joylashadi. Eritrotsitlarning zararlanishi 20-50% ga yetadi. Anaplazmozlarni limfatsitlardan ham topish mumkin. Rivojlanishi. Anaplazmalar ham ikki, ya’ni definitiv xo’jayin – Boophilus calcaratus, Rhipicephalus turanicus, Ixodes ricinus, Dermacentor pictus va Hyalomma avlodiga mansub yaylov kanalari hamda oraliq xo’jayin – qoramollar ishtirokida rivojlanadi. Definitiv xo’jayin tanasida anaplazmalar jinsiy yo’l bilan ko’payadi. Anaplazmoz bilan kasallangan hayvonning qonini so’rib, invaziyalangan yaylov kanalari qoramollarga yopishib o’z so’lagidagi parazitni ularning qoniga o’tkazadi. Qonga o’tgan anaplazma eritrotsit va limfatsitlarga kirib, uning chekkasida nuqta shaklida joylashadi. Epizootologiyasi. Anaplazmoz bilan qoramollar yaylovda invaziyalanadi va kasallik asosan yoz va kuz oylarida uchraydi. Boshqa piroplazmidiylardan farq qilib, qoramollarning anaplazmozi bilan qo’y va echkilar, tuyalar ham kasallanadi. Klinik belgilari. Anaplazmoz birmuncha surunkali o’tib, 3-4 hafta davom etadi va hayvonning keskin oriqlashi bilan xarakterlanadi. Kasallikning inkubatsion davri 20-80 kun davom etadi. Kasallikning birinchi kunlari mol temperaturasi ko’tariladi (400C ga yetadi) va keyinchalik normaga tushib, yana vaqti-vaqti bilan ko’tarilib turadi. Kasallangan molning ko’rinadigan shiliq pardalari oqarib, birmuncha sarg’ayadi, nafas olishi va yurakning urishi tezlashadi. Keyinroq ko’z qovog’i va bo’yin sohasi shishadi, ko’zlaridan yosh oqadi, limfa tugunlari kattalashadi. Sog’in sigirlarning suti kamayadi. Kasallangan mollarning o’rta hisobda 10-30% i nobud bo’ladi. Patologo-anatomik o’zgarishlar. Unchalik xarakterli bo’lmaydi, o’lgan molning oriqligi, ko’z, burun, anus shiliq pardalarining oqarganligi ma’lum bo’ladi. Kurak oldi, chot va boshqa limfa tugunlari kattalashgan, yurakning epikard qatlami va miokardning ostida nuqta shaklida qon quyilishlar bo’ladi. SHirdonning shiliq qatlami yallig’langanligi aniqlanadi. Kasallikni aniqlash. Periferik qon tomirdan olingan 1-2 tomchi qondan tayyorlangan mazokni bo’yab, unda anaplazmaning bor yoki yo’qligiga qarab kasallik aniqlanadi. Shu bilan birga kasallikning klinik belgilari, patologo-anatomik o’zgarishlar hamda epizootologik ma’lumotlar ham albatta hisobga olinadi. Piroplazmidozlarni davolash. Piroplazmadozlarning (piroplazmoz, babezioz, fransiellyoz, teylerioz va anaplazmoz) etiologiyasi bir-biriga o’xshash bo’lganligi bois, bu kasalliklarni davolash va oldini olish tadbirlari ham deyarli bir xil bo’ladi. Piroplazmadoz bilan kasallangan chorva mollarini davolashda etiotrop, patogenetik hamda funktsional terapiyadan foydalaniladi. Etiotrop usulda davolaganda organizmda rivojlanayotgan patologik protsessni tezroq to’xtatish ko’zda tutiladi. Buning uchun har xil ximio-terapevtik preparatlar ishlatiladi. Bunda tripansin, flavakridin, gemosporidin, piroplazmin, azidin, berinil kabi kimyoviy preparatlar tavsiya etiladi. Funktsional usulda davolaganda dorilarni kasallangan mol organizmidagi funktsiyasi izdan chiqqan har xil organ va to’qimalarni tiklab, maqsadga muvofiq ishlatish nazarda tutiladi. Kasallangan mol etiotrop va funktsional usullarda murakkab yo’llar bilan davolanganda hamda chorva mollari sifatli yem-hashak bilan toza havoda, qulay sharoitda boqilganda tezroq tuzaladi. Kasallikni davolashda dorilarni to’g’ri tanlash uchun shu kasallikning qo’zg’atuvchisining turini aniq bilish hamda kasallangan molning umumiy holatini hisobga olish kerak. Hayvonlar kasallanishi bilan darxol podadan ajratib spetsifik hamda simptomatik preparatlar bilan davolash yaxshi natija beradi. Simptomatik preparatlar sifatida sun’iy karlovar tuzi, kofein, vitamin V, mikroelementlar, uglerod va boshqalar tavsiya etiladi. Bu preparatlar oshqozon va yurak-qon tomir faoliyatini izga soladi. Kasal molni davolash qanchalik erta boshlansa, shunchalik uning temperaturasi pasayib, parazitlar reaktsiyasi susayadi. Hayvonning umumiy ahvoli yaxshilanadi, ishtahasi ochiladi. Piroplazmidoz bilan kasallangan mol salqin, shamolsiz bino yoki bostirmalarda yumshoq to’shamalar to’shab boqiladi. Kasallangan molni bir joydan ikkinchi joyga tez-tez ko’chirish, ortiqcha harakat qildirish man etiladi. Mol tanasidagi kanalar terib olinib o’ldiriladi. Kasallangan molga toza va sovuq suv beriladi. Kasallik kuchayganda ularning oziq ratsioni yangi o’rilgan o’t, makkajo’xori ko’kati, mayda kesilgan sabzi, lavlagi, karam barglari bilan boyitilishi kerak. Kasal mol sog’ayayotganda yuqorida aytilgan ratsionga donli oziqlar, yangi sog’ilgan sut qo’shilishi mumkin. Ratsion tarkibiga o’t, sabzi, lavlagi, shuningdek, 5-6 l sut qo’shilganda mol vitamin va oqsil bilan ta’minlanadi, shunda uning ichi qotmaydi, oshqozon ishi buzilmaydi. Yosh mol qari va oriq molga nisbatan tezroq tuzaladi. Nerv sistemasining faoliyati, yurak-tomir sistemasi, oshqozonning funktsiyasini tartibga solish yoki tiklash uchun ishlatiladigan simptomatik preparatlardan har bir kasallangan hayvonning preparatga nisbatan sezuvchanligini hamda hayvonning umumiy xolati hisobga olingan xolda foydalaniladi. Bu dorilardan o’z vaqtida foydalanilganda, ayniqsa yurak ishi bilan oshqozonning funktsiyasi normallashadi. Yurak-tomirlarning ishini hamda nerv sistemasi faoliyatini tiklab turadigan dorilardan ko’pincha kaltsiy xlorid (2,3-kunlari) eritmasi, kofein tuzlari, kamfora, glyukoza kabilar ishlatiladi. Oshqozonning ishini yaxshilash uchun klizma qilinadi, surgi tuzlari, moy, spirt beriladi. 10% li osh tuzi eritmasi venaga yuboriladi. Karboxolin, sut, qatik, tez hazm bo’ladigan turli o’tlar beriladi. Turli dorivor moddalar ishlatilganda molni davolash vaqtidagi umumiy ahvoli, kasallikning rivojlanish davrlari hisobga olinadi. Yuqorida ta’kidlab o’tilgan davolash usullari va preparatlardan tashqari, piroplazmidozlarni davolash uchun maxsus ximioterapevtik dorilar ham qo’llaniladi. Bularga sulfantrol, terromitsin, aminoakrixin, biomitsin, ekmonovotsillin, tetratsiklin kabilarni ko’rsatish mumkin. Qarshi kurash va oldini olish tadbirlari. Piroplazmidozlarga qarshi kurashish uchun murakkab tadbirlar kompleksi taklif qilingan. Chunonchi, piroplazmidoz bilan kasallangan mol davolanadi, sog’lom mollarda kasallikning oldini olish tadbirlari yamalga oshiriladi, piroplazmidiy-lar tarqatuvchi yaylov kanalari qirib tashlanadi, tashqi muhitda kanalar uchun noqulay sharoit yaratiladi, molning umumiy rezistentligini oshirish uchun kurashiladi. Kasallangan mollar o’z vaqtida qulay sharoitda sifatli oziq berib boqilib, to’g’ri davolangandagina kasallikka tezda barham beriladi. Kasallangan va kasallikka gumon qilingan mol tezda podadan ajratiladi va ular salqin, toza molxona, ya’ni bostirmaga olinadi. Molni oftobda qoldirish, haydash va ishlatish natijasida uning kasalligi og’irlashadi. Piroplazmidoz kasalining oldini olish uchun qator tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, chorva mollarini yaylov kanalari bosishdan saqlash uchun yozda tog’li yaylovlarda boqish kerak, chunki tog’li yaylovlarda kanalar bo’lmaydi, bu joyda ularning rivojlanishi uchun sharoit noqulaydir. Tog’li yaylovi bo’lmagan xo’jaliklarda kanalar ko’paygan vaqtlarda chorva mollari molxonada boqilib, vaqti-vaqti bilan faqatgina yayratish maydonchalariga haydalishi kerak. Piroplazmidoz chiqqan xo’jalikda birorta molning kasallangani aniqlansa yoki mol tanasida yaylov kanalari borligi ma’lum bo’lsa, xo’jalikdagi hamma mollar maxsus ximiyaviy preparatlar bilan emlanadi. Shuningdek, kasallik tarqalgan xo’jaliklardan keltirilgan qoramollar ham ximiyaviy preparatlar bilan emlanishi kerak. Ximiyaviy dori yuborilgan har qaysi molga 12-14 kungacha piroplazmidoz kasalligi yuqmaydi. Shuning uchun ham yilning issiq fasllarida bu dorilar har 10 kunda takror yuborib turilishi maqsadga muvofiqdir. Sun’iy immunitet hosil qilish uchun mollarga kuchsiz piroplazmidiylar yuboriladi. Ayrim vaqtlarda kuchsizlangan piroplazmidiylar ximiyaviy preparatlar bilan birga yuboriladi. Immunitet hosil qilish usuli kompleksi amalga oshirilganda mol piroplazmidozdan albatta saqlanadi. Chorva mollarini piroplazmidozdan saqlash uchun ularni boqish, asrash, oziqlantirish qoidalariga to’liq rioya qilish hamda hayvonning umumiy rezistentligini oshirish kerak. Koktsidiyalar. Koktsidiyalar (Coccidiida) turkumi vakillari hujayra ichida yashaydigan parazitlar bo’lib, umurtqali va umurtqasiz hayvonlarning epitelial hujayralarida, ya’ni ichak va jigarda yashaydi. Tanasi dumaloq yoki oval shaklida. Jinssiz va jinsiy ko’payishi doimo to’g’ri gallanib turadi. Uy hayvonlarida (qoramollar, qo’ylar, quyonlar va parrandalar) asosan turkumning Eimeria avlodi turlari parazitlik qiladi. Har xil turdagi koktsidiyalarning rivojlanish tsikli birbiriga juda o’xshash bo’lib, u uchta stadiyadan: shizogoniya, gametogoniya va sporogoniyadan iborat. Shizogoniya va gametogoniya stadiyalari xo’jayin organizmida (endogen stadiya), sporogoniya stadiyasi esa tashqi muhitda o’tadi (ekzogen stadiya). Shizogoniya jinssiz ko’payish stadiyasi bo’lib, hayvonlar oziq moddasi yoki suv bilan birga koktsidiya ootsistalarini yutib yuboradi. Ootsista ichida to’rtta spora va har bir spora ichida ikkitadan sporozoitlar bo’ladi. Xo’jayin organizmiga tushgan ootsistaning qobig’i erib ketadi, sporalarning po’sti yorilib, ulardan duksimon ko’rinishdagi harakatchan sporozoitlar chiqadi va tezlikda epitelial hujayralarga kirib oladi. Epitelial hujayrada sporozoitlar yumaloqlanadi, o’sib hajmi kattalashadi va yadrosi bir nechtaga (8-60 ta) bo’linadi. Shundan keyin yadrolar soniga qarab protoplazma ham o’shanchaga bo’linadi va yangi avlod merozoitlari shakllanadi (4-rasm). Bu jinssiz ko’payishning birinchi generatsiyasi bo’lib, merozoitlar epiteliy hujayralaridan ichak hujayralariga chiqib qaytadan sog’lom epitelial hujayralarga kiradi va yana jinssiz yo’l bilan ikkinchi generatsiyani hosil qiladi. Shu yo’sinda jinssiz avlod berish bir necha marta takrorlanadi. Buning oqibatida xo’jayin organizmi o’z-o’zidan qayta-qayta koktsidiyalar bilan zararlanadi. Gametogoniya jinsiy yo’l bilan ko’payish stadiyasi bo’lib, ushbu stadiya bir qator jinssiz avloddan keyin boshlanadi. Epitelial hujayralarga kirib olgan bir guruh merozoitlardan makro- va mikrogametotsitlar hosil bo’ladi. Keyinchalik har qaysi makrogametotsitdan bitta makrogameta (tuxum), har qaysi mikrogametotsitdan esa kichkina, uzunchoq shaklli va bir juft xivchinlari bo’lgan bir nechta harakatchan mikrogametalar voyaga yetadi. Mikrogametalar epiteliya hujayralaridan ichak bo’shlig’iga chiqib, hujayralardagi kam harakatchan makrogametalar bilan qo’shiladi. Buning natijasida zigota hosil bo’ladi, zigota o’z atrofida qobiq hosil qilib ootsistaga aylanadi. Eimeria avlodi turlarining ootsistalari yumaloq, ovalsimon, tuxumsimon, ellipssimon, noksimon va hatto rombsimon bo’ladi. Hosil bo’lgan ootsista ichak bo’shlig’iga chiqib, hayvon axlati bilan tashqi muhitga tushadi. Sporogoniya. Eimeria avlodi turlarining ootsistalari faqatgina kislorodli muhitda rivojlana oladi. Shu tufayli ootsista xo’jayin tezagi bilan tashqi muhitga chiqadi. Ootsistaning ikki qavatli po’sti himoya vazifasini bajaradi. Normal temperatura va namlikda hamda kislorodli muhitda ootsista rivojlana boshlaydi. Dastlab yadrolar to’rttaga bo’linadi, ma’lum vaqtdan keyin protoplazma ham yadrolar soniga qarab 4 ga bo’linib, ootsistada sporoblastlar shakllanadi. Keyinchalik sporoblastlardan sporalar, sporalar ichida esa ikkitadan sporozoitlar hosil bo’ladi. Shunday qilib, sporogoniyada har bir ootsistada 4 ta spora va 8 ta sporozoit voyaga yetadi. Voyaga yetgan ootsista invazion, ya’ni yuqumli bosqichda bo’lib, shunday ootsistani o’ziga yuqtirgan hayvonlar koktsidioz bilan kasallanadi. Koktsidiyalar yer yuzida keng tarqalgan. Hozirgi vaqtda koktsidiyalarning qoramollarda 10 dan ortiq, qo’y va echkilarda 10 ga yaqin, quyonlarda – 8 va parrandalarda 10 ta turi parazitlik qilishi aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |