5.Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning yuridik xizmati.
Xo‘jalik yurituvchi sub'ekt yuridik xizmatining huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993 yil 2 martdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organlari va korxonalardagi yuridik xizmat to‘g‘risida”gi Nizom hamda O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi “Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilab qo‘yilgan.
Hozirgi paytda xo‘jalik yurituvchi sub'ekt shtat jadvalida nazarda tutilgan yuridik xizmat xodimlarining soni juda ozchilikni tashkil etadi. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarning aksariyati doimiy ravishda yuriskonsult xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Buning ham ob'ektiv, ham sub'ektiv sabablari mavjud.
Ob'ektiv sabablar jumlasiga – yuristlar sonining respublikamizda kamligi, barcha korxonalarda ham doimiy ravishda yuridik xizmat xodimlariga haq to‘lash imkoniyati yo‘qligi, shuningdek yuridik xizmat xodimlari maoshlarining kamligi kiradi. Sub'ektiv sabablarga esa – korxona rahbarlarining yuridik xizmatga yuzaki qarab uni mustahkamlashga e'tibor bermasligi, yuristlarning ko‘pchiligida asosan prokuratura, sud va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash ishtiyoqi ko‘pligi va yuridik xizmatga bepisandalik bilan qarashlari kiradi.
Shuning uchun xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar asosan advokatlar hay'atlari, advokatlik firmalari hamda advokatlik byurolarida faoliyat olib borayotgan advokatlarning xizmatlaridan ko‘proq foydalanmoqdalar. Biroq advokatura instituti tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlarga ko‘rsatiladigan yuridik xizmat yuridik xizmatning barcha yo‘nalishlarini qamrab ololmayapti va asosan shartnoma loyihalarini tuzish, ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish hamda sudda vakillik qilish bilan cheklanib qolmoqda.
Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar yuridik xizmatining vazifalariga asosan ular faoliyatini huquqiy ta'minlanishini tashkil etish, talabnoma-da'vo ishlarini yuritish, mehnat intizomini mustahkamlash, mulkni saqlash bo‘yicha huquqiy ishlarni yo‘lga qo‘yish, korxona xodimlarining yuridik o‘quvini tashkil etish kabilar kiradi.
Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar o‘z faoliyatlarining xususiyatidan hamda huquqiy ishlarning hajmidan kelib chiqqan holda yuridik xizmat xodimi uchun shtat birligi ajratish yoki ajratmaslik masalasini mustaqil hal etadilar. Agarda xo‘jalik yurituvchi sub'ekt davlat organining qarori asosida tashkil etiladigan bo‘lsa, unda uning tuzilmasida yuridik xizmat xodimi uchun shtat birligini ajratish yoki ajratmaslik masalasini shu organning o‘zi hal etadi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 31 maydagi “Tovarxom ashyo birjalari faoliyatini takomillash-tirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 251-sonli qaroriga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining tashkiliy tuzilmasida yuridik bo‘lim xodimlari uchun ikkita shtat birligi ajratilgan.
6.Yuridik xizmatning tuzilishi va shtatlari
Har bir Xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar qonunda belgilangan tartibda Yuridik xizmatning tuzilishi va shtatlaribi tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yuridik xizmatining tashkiliy tuzilmasi ham yuridik bo‘lim sifatida tashkil etilgan bo‘lib, bo‘limning tuzilmasiga bo‘lim mudiri, ikkita bosh mutaxassis va bitta yetakchi mutaxassis, shuningdek I toifali ish yurituvchi-kotiba kiradi. Yuridik bo‘lim tuzilmasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Bo‘lim ishlariga rahbarlik mudir tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |