2.O‘zbekistonda korrupsiya qarshi kurashga doir huquqiy asoslarning yaratilishi va takomillashtirilishi.
Mustaqillikning dastlabki davridan boshlab mamlakatda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning strategik maqsadini amalga oshirishda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish muhim ustuvor va dolzarb vazifalar sifatida qarab kelindi.
Mustaqillik davrida Birinchi Prezident I.A. Karimov tashabbusi bilan tarixan qisqa davr ichida mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashning huquqiy asoslari shakllantirildi, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2008 yili Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (2003 yil 31 oktyabr, Nyu-York), shuningdek, 2010 yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakat rejasiga (2003 yil 10 sentyabr, Istanbul) qo‘shilishi korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi.
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash va uning oldini olish bilan bog‘liq huquqiy asoslarni takomillashtirishga qaratilgan qator muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, Byudjet, Bojxona kodekslari (yangi tahrirda), “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi, “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi, “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Korrupsiya va uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabablar va omillarning oldini olish maqsadida iqtisodiyotni erkinlashtirish, mehnat jamoalarida ishchanlik va oshkoralik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar tashkil etish, ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish hamda davlat organlari tomonidan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat xaridlari mexanizmini takomillashtirish, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalarini tasdiqlashga oid qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Lekin, mamlakatimizda 2017 yilga qadar korrupsiyaga qarshi kurashni muvofiqlashtiradigan, bu kurashni qonuniyligi va shaffofligini ta’minlaydigan maxsus qonun qabul qilingmagan edi. Mamlakat Prezidenti SHavkat Mirziyoevning tashabbusi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi va u 2017 yil 4 yanvardan boshlab kuchga kirdi. Mazkur Qonundan ko‘zlangan asosy maqsad korrupsiyaga qarsha kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘ldi. Unda “korrupsiya”, “korrupsion huquqbuzarlik” va “manfaatlar to‘qnashuvi” kabi tushunchalarga izohlar berildi.
Qonunning 3-moddasida korrupsiyaga doir asosiy tushunchalarga doir quyidagi ta’riflar ifodalandi:
korrupsiya — shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
Do'stlaringiz bilan baham: |