3. Korrupsiyaga qarshi kurashda jamoatchilik nazoratining ahamiyati.
Har qanday jamiyatda davlat va boshqaruv, o‘sha davlat Konstitutsiyasida ko‘zda tutilganidek, uning tub maqsadlariga mos bo‘lishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldir-lar" deyiladi. Asosiy qonunning bunday talablari davlat hokimiyati, davlat xizmati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faoliyat mexanizmlarida yoki ularning sohalarida mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshiradi, davlat apparatining fuqarolar oldidagi majburiyatlarini belgilab beradi. Xalqni davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchi albatta, shu davlatning taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri aylandi, uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi belgilandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) qo‘shilishi islohotlarning dastlabki muhim qadami bo‘lib, uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun, Prezidentning «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2752-son qarori qabul qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashishning institutsional tuzilmasi sifatida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tashkil etilib, hozirgi kunda mazkur idora UNODC (BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo‘yicha idorasi), UNDP (BMT taraqqiyot dasturi) va OSCE (Evropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. SHuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturining qabul qilinishi bu borada davlat siyosatini amalga oshirish strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. SHunday bo‘lsa-da, mamlkatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ushbu sohalarga alohida e’tibor qaratish lozim:
— korrupsiyaga qarshi kurashning preventiv choralari samaradorligiga erishish. Mazkur yo‘nalishga ko‘ra, korrupsiyaning oldini olishning nazariy poydevori «ta’lim, xabardorlik va targ‘ibot» (Education, Awareness and Advocacy) tamoyillariga asoslanib, amaliy tomondan esa «samaradorlik, shaffoflik va hisobdorlik» (Effectiveness, Transparency, Accountability) tamoyillari asosida aniq davlat siyosatini ishlab chiqishdan iborat. Bu borada davlat siyosati dunyoda (xususan, Singapurda) «One size fits all» («barcha uchun bir xil mezon») modeli asosida ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq huquqiy mexanizmi, samarali institutsional tuzilmasi, moliyaviy va mehnat resurslari bilan doimiy ta’minlab turilishi, muntazam monitoring faoliyati hamda xolis va shaffof baholash tizimi ko‘rsatilishi lozim. «O‘zbek modeli»da esa davlat siyosatining yuqoridagi sanab o‘tilgan elementlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va bir-biriga ta’sir qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lib, bunda yaxlit kompleks tizimning uzviy ishlashini yo‘lga qo‘yish taklif etiladi.
— korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasida intergatsiyalashgan yondashuvni qo‘llash. Bunda davlat organlarining fuqarolik jamiyatining barcha institutlari bilan hamjihat faol harakatini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda milliy tuzilmalarning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor beriladi. Bu borada O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida integratsiyaga erishishga to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri —aniq statistika va maqbul dalillarga asoslangan ma’lumotga tayangan holda ish olib borish tizimining mavjud emasligi hisoblanadi.
— jamiyatning har bir sohasida, xususan, tadbirkorlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimlarida korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, korrupsiya bilan bog‘liq ayrim hatti-harakatlarni kriminalizatsiyalash hamda xalqaro standartlarni to‘liq va to‘g‘ri qo‘llash talab etiladi. Bu borada xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan «noqonuniy boylik orttirish», «uchinchi shaxslarning moddiy manfaatlarini ko‘zlab tamagirlik qilish» kabi xatti-harakatlarni kriminalizatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz.
— korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturining bajarilishi. Bu borada monitoring jarayonida samarali huquqiy mexanizmning etarli emasligi, davlat xizmatchilarining etika qoidalariga rioya qilish darajasining pastligi, davlat organlari faoliyati ochiqligi tamoyilining amalda nomigagina ishlayotganligi kabi masalalar hal qilinishi lozim. Xitoy tajribasi singari davlat xizmatchisining ijtimoiy ximoyasi va moddiy ta’minotini mustahkamlash lozim.
— korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib, amalda real ishlaydigan strategiyani ishlab chiqish. Bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir tashkilot va muassasalar korrupsiyaga qarshi kurash borasida o‘zlarining “yo‘l haritalarini” ishlab chiqayotgan bo‘lsa-da, ko‘pgina strategiyalar amaliyotgan uzoq va samarasiz loyihalardir. SHu sababli aniq mexanizmlari ko‘rsatilgan eng kamida chorak asrga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyalari ishlab chiqilishi lozim.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish uch bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich— jamiyat a’zolari faol ishtirokini kuchaytirish uchun ma’lumotlarni erkin olish imkoniyatini yaratish (Ushbu yo‘nalishda mamlakatimizda salmoqli ishlar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqda). Bu bosqichda faol fuqarolik pozitsiyasi mustahkamlanib boradi;
ikkinchi bosqich — yangi texnologiyalardan foydalangan holda korrupsiya holatlari haqida axborot berish va oldini olish (yangi texnologiyalar korrupsiyani nazoratga olish uchun emas, uni yo‘qotishga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim);
uchinchi bosqich — korrupsiyaga oid muammolarni hal qilish va bartaraf etishda jamoyatchilik ishtirokini ta’minlashning aniq tizimining amalda ishlashi (ushbu yo‘nalishdagi rejalarni amalga oshirish uchun mamlakatimizda huquqiy mexanizm yaratilgan bo‘lsa-da, fuqaroviylikning passivligi va siyosiy-huquqiy madaniyatning etarli emasligi belgilangan rejalarni amalga oshirishga imkon bermayapti).
Mazkur zamonaviy tendensiyadan kelib chiqib, O‘zbekistonda har bir sohada korrupsiyaga qarshi kurashishda uning (sohaning) xususiyatlaridan kelib chiqib yondashish, korrupsiya holatlari haqida xabar berishning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish va qo‘llash, korrupsiya holatlarini ekspertizadan o‘tkazish, monitoring qilish va baholashning real, hayotiy, xolis va shaffof indikatorlarini belgilash maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |