Demokratik saylovlarni vakillik mexanizmi sifatida amal qilishini betakror qadriyatga aylantirgan, umume’tirof etgan qator prinsiplar mavjud. Bu prinsiplar saylov qonunchiligida o‘z ifodasini topadi va ular muhim inson huquqlaridan biri bo‘lgan – saylash huquqi yoki ovoz berish huquqini ta’minlaydi.
Parlament demokratiyasiga asoslangan konstitutsiyaviy mamlakatlarda avvalo vakillik organlarini saylanish prinsipi va ularni shakllantirishdagi xalqning hech bir bo‘linmas huquqi har tomonlama mustahkamlanadi. Bu mamlakatlar konstitutsiyalarida, odatda, saylovlarning umumiyligi prinsipi mazmuni ochib beriladi. Umumiylik prinsipi barcha aholini saylovchi sifatidagi faol huquqi, hokimiyat organlariga saylanish uchun saylovlarda nomzod sifatidagi passiv saylov huquqini anglatadi194.
Bundan mustasnolik bir qancha senzlar bilan chegaralangan: balog‘atga etmaganlarning yoshi, nomzodlarning yoshi sal kattaroq bo‘lishi; sud qarori bilan mustahkamlangan saylovlarda ishtirok etish qobiliyatiga ega bo‘lmagan ruhiy kasal fuqarolar. SHuningdek, ma’naviy senzlar ham mavjuddir: sud qarori bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar huquqi ham cheklanadi. Umume’tirof etilgan qoidalardan tashqari boshqa senzlarni o‘rnatish saylovlarning umumiylik prinsipini cheklaydi yoki uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzadi.
Sobiq ittifoq qonunchiligiga binoan ma’lum sinflar va ijtimoiy tabaqalar saylov faolligini cheklovchi qator toifaviy – sinfiy senzlar mavjud edi. Ularning ro‘yxati va mazmuni davlat rivojlanishining turli bosqichlarida tez-tez o‘zgarib turdi.
Jinsiy senz uzoq davrlar ayollarning saylovlardagi ishtirokini cheklab keldi (ba’zi musulmon mamlakatlarida hozirga qadar bu kabi senz saqlanib qolmoqda). Mulkiy senz esa kambag‘al fuqarolar faolligini hamon cheklamoqda. Qator mamlakatlarda o‘troqlik senzi migrantlarning saylov okrugida saylash va saylanish huquqini bir necha yillar davomida cheklaydi.
Hozirgi davr demokratik saylovlar prinsiplaridan biri – teng saylov huquqi hisoblanadi. Uning amaldagi ifodasi shundan iboratki, qonun chiqaruvchi organga har bir deputat deyarli teng miqdordagi fuqarolar vakili hisoblanadi, shuningdek, har bir saylovchi umumiy saylov qarorlariga bir xilda ta’sir etish darajalariga ega bo‘ladi. Bu prinsipga amal qilishning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari mavjud. Mazkur prinsipga amal qilish saylov okruglari chegaralarini to‘g‘ri belgilash bilan bog‘liq.
Teng saylov huquqi prinsipi yana bir qancha muhim talablarga itoat etishni taqozo etadi: nomzodlar ko‘rsatish davrida ular uchun teng imkoniyatlar yaratish, nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘iladigan ovozlarni va saylovoldi targ‘ibotlari imkoniyatlarining tengligi. SHuningdek, nomzodlarning moddiy imkoniyatlari turlicha ekanligi va ularning bu imkoniyatlaridan qanday darajada foydalanishlarini nazorat qilish mushkul ish ekanligiga e’tibor berilsa, bu yo‘nalishda tenglikni ta’minlash ko‘plab muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. SHuning uchun ham aksariyat mamlakatlarda nomzodlar moddiy shart-sharoitlari tengligini ta’minlash uchun saylov kampaniyalarini davlat tomonidan moliyalashtirishga amal qilinadi.
Demokratik saylovlarning yana bir mezonlaridan biri – saylovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazish prinsipi hisoblanadi. Parlament demokratiyasi rivojlangan mamlakatlarning ko‘pchiligida saylovchilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri (delegatlar yoki vakillar vositasisiz) prezident, parlament va boshqa siyosiy hokimiyat organlarini saylaydilar. SHu bilan birga, ba’zan oz sonli maxsus saylovchilar saylov okrugidagi yoki mamlakatdagi barcha saylovchilar irodasini ifoda etishi asosida saylaydigan shaklan bilvosita, mazmunan bevosita saylovlar ham amaliyotda uchrab turadi. Bu kabi shaklan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lmagan saylovlar AQSH prezidentini saylashda qo‘llaniladi. Lekin bu saylovlar mamlakatdagi barcha saylovchilar qarorini ozchilik maxsus saylovchilar tomonidan hech bir o‘zgarishlarsiz bajarish asosida ro‘y berishi e’tiborga olinsa, u ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlardan kam farq qiladi195.
Ilgarilari bilvosita saylovlarni ko‘plab qo‘llash natijasida saylov jarayonlaridagi demokratik mazmun kamayib ketgan edi. Avvalo, bu kabi saylovlarni qo‘llash saylovchilar sonini kamaytirib, har bir fuqaroni saylovlarda ishtirok etishiga imkoniyatlar qoldirmas edi. SHuningdek, bu saylovlarda ishtirok etishni istamaydigan saylovchilar soni ham yildan-yilga ko‘payib bordi. Nomzodlar va ularning dasturlariga nisbatan e’tiborsizlik paydo bo‘ldi. SHu bilan birga, bilvosita saylovlar siyosiy kuchlar o‘rtasidagi kuchlar joylashuvini doimo soxtalashtirib, saylovchilarni erkin tanlash huquqlarini buzib keldi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlar esa barcha saylovchilarni ovoz berishda ishtirok etishiga imkoniyatlar yaratib, saylov kampaniyasini legitimlik asosida kechishini ta’minlab kelmoqda.
Demokratik saylovlarning yana bir muhim prinsiplaridan biri musabaqadoshlik yoki o‘zaro raqobatdoshlik hisoblanadi. YA’ni u saylovlarda turli xil ijtimoiy guruhlar yoki qatlamlar manfaatlarini ifodalovchi turli partiyalar va nomzodlarni ishtirok etishini anglatadi. Siyosiy partiyalar turli xil mafkura va turli ijtimoiy qatlamlar siyosiy manfaatlari asosida saylovlarga barcha toifadagi fuqarolarni jalb qilish imkoniyatlariga egadir. Ko‘ppartiyaviylik asosidagi raqobatdoshlik demokratiya rivojlangan mamlakatlar uchun xos bo‘lib, u turli ijtimoiy manfaatlarni tinch musabaqalashuv asosida ifodalashni ta’minlab, jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga katta hissa qo‘shadi. SHu bilan birga, raqobatdoshlik asosidagi saylovlar turli o‘zaro ijtimoiy mojarolarning ham tinch yo‘l bilan barham topishiga imkoniyat yaratadi.
Barcha demokratik mamlakatlar tomonidan tan olingan prinsiplardan yana biri – yashirin ovoz berish hisoblanadi. Saylovlarda yashirin ovoz berish natijasida saylovchiga tashqaridan tazyiq yoki ta’sir o‘tkazishning oldi olinadi, har bir saylovchining erkin bo‘lishi, o‘z xohish-ixtiyorini amalga oshirishi uchun imkoniyatlar yaratiladi. SHuningdek, saylovlar o‘tkazishdagi yana bir demokratik prinsip – saylovlar ustidan xalq nazoratini amalga oshirish hisoblanadi. SHuningdek, saylovlar kampaniyalarida milliy va xorijiy kuzatuvchilarning ishtirok etishi saylov o‘tkazilayotgan davlatning obro‘-e’tiborini oshiradi.
Demokratik mamlakatlardagi saylovlar o‘tkazish prinsiplaridan biri – saylovlarning erkinligi va ularda fuqarolarning ishtirok etishining ixtiyoriyligi hisoblanadi. Bu prinsipning mohiyati shundaki, hech kim fuqaroning saylovda erkin o‘z xohishini bildirishiga yoki saylovda ishtirok etishi va etmasligiga ta’sir o‘tkaza olmaydi.
Demokratik saylovlarning yana bir prinsipi – nomzodlarning saylovoldi kurashi uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Bu prinsip nomzodlardagi turli moddiy yoki siyosiy imkoniyatlar ularning ba’zilariga ustunliklar va imtiyozlar yaratilishini oldini olib, barcha nomzodlar uchun teng imkoniyatlar yaratadi. SHuningdek, yana bir prinsip – saylovlarni boshqa muddatlarga ko‘chirish yoki uni bekor qilishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidagi saylovlar muddatini cheklash prinsipi hisoblanadi. CHunki saylovlarni o‘tkazish muddati ayrim siyosiy kuchlar xohishiga bog‘liq bo‘lsa, saylovlar o‘z qadr-qimmatini yo‘qotishi turgan gap. Saylovlarni aniq bir xil muddatlarda o‘tkazilishi saylovchilarning o‘z manfaatlari asosida hokimiyat organlarini o‘zgartirib turishiga keng imkoniyatlar yaratib beradi196.
Demokratik saylovlar tamoyillari va bu sohada shakllangan qadriyatlarni tahlil etish natijasida fuqarolik jamiyatining muhim jihatlaridan biri bo‘lgan – fuqarolarning siyosiy jarayonlardagi ishtirokining nechog‘li ahamiyat kasb etishiga doir xulosalar shakllanadi. BMTning «Inson huquqlarining umumjahon deklaratsiyasi»da ifodalangan «xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi kerak», degan demokratik qoida asosan saylovlar vositasida amalga oshirilib, unda jamiyat a’zolarining xohish-istaklari asosida siyosiy hokimiyatning shakllanishi ro‘y beradi. Ana shu qoidani amaliyotda qo‘llash natijasidagina fuqarolik jamiyatining hokimiyat organlari faoliyatini nazorat qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratiladi. SHuningdek, demokratik saylovlar fuqarolik jamiyati tarkibidagi ijtimoiy qatlamlar va guruhlarning manfaatlarini barq urishiga, bu manfaatlar qutqusi asosida siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishiga zamin tayyorlaydi. Umuman olganda, saylovlarning erkin va adolatli o‘tishi fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasini bildiradi va unga yashovchanlik qobiliyatini baxsh etadi.