Fuqarolik ongi iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, ma’naviy sohalarda me’yoriy, shakllantiruvchi, yo‘naltiruvchi, muloqotga etaklovchi singari rang barang vazifalarni bajaradi. Bu vazifalar o‘zar ta’sirlar natijasida o‘zaro kesishadi va bir-birini boyitib boradi. Ularning aksariyati davlat va uning institutlaridan iboratdir. Lekin, davlat organlari qonunlar, me’yoriy hujjatlar, qoida va talablardan iborat huquqiy doirada faoliyat yuritsa, fuqarolik ongi jamiyatda erkin holda shakllanadi. Fuqaroviy ong me’yorlari ijtimoiy-siyosiy jarayonlar natijasida shakllanadi, uni muvofiqlashtiradigan yoki uni amalga oshiradigan maxsus tuzilmalar bo‘lmaydi. Fuqarolik ongining vazifalari alohida olingan individlarning emas, balki butun jamiyat faoliyati bilan bog‘liq holda amalga oshadi.
Fuqarolik ongi jamiyat hayotida turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Kishilar shaxsiy va ijtimoiy qadriyatlar muhitida o‘z qarashlari, tasavvurlari, qadriyatlari, intilishlari, me’yorlarini turli ko‘rinishlarida namoyon etadi. Jamiyat, ijtimoiy guruhlar, shaxsning ijtimoiy manfaatlari namoyon bo‘ladigan fuqaroviy manfaatlar bir tizim holiga keladi. Aynan u tizim holida bo‘lganligi tufayli fuqaroviy manfaatlar har bir shaxsning qadriyatlarini hayotga tatbiq etishini ta’minlaydi, uning jamiyatga, davlatga, boshqa fuqarolarga nisbatan munosabatini shakllantiradi, fuqaroning mas’uliyati, maqsadlari, vazifalarini belgilashga, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xususiyatlarini shakllantirishga ko‘maklashadi. Aynan ana shu tarzda shakllangan fuqaroviy ong fuqarolik jamiyatining shakllanishiga xizmat qiluvchi qadriyatlar, me’yorlar, g‘oya hamda tasavvurlarni shakllantirish, jamiyatni komillik va erkinlikka sari etaklashga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyati bir necha avlod almashinuvini talab etadigan jarayon bo‘lganidek fuqaroviy ong ham tarixiy davr mobaynida shakllanib boradi. Har bir mamlakatdagi fuqaroviy ong shu mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy tizimning tabiatiga mos va xos tarzda shakllanadi, ana shu mamlakatga xos bo‘lgan ijtimoiy tizim, aloqalar va munosabatlarni aks ettiradi.
Fuqarolik ongi tabiiy va tadrijiy taraqqiyot mahsuli bo‘lib, uni sun’iy jihatdan tezlashtirishning iloji yo‘q. U ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy omillar negizida tadrijiy tarzda shakllanadi. Har bir avlod mavjud demokratik qadriyatlarni o‘zlashtiradi va yangilarini yaratadi. Bu jarayonda fuqarolik ongini belgilab beruvchi me’yorlar va qadriyatlarni saqlash hamda uzluksiz takomillashtirish muhim faoliyat hisoblanadi. Tadrijiy taraqqiyot natijasida demokratik tasavvurlar shaxs ongida mustahkamlanib boradi, unda asta-sekinlik bilan fuqarolik tajribasi ham to‘planib boradi.
Fuqarolik ongi qator o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Fuqarolik ongi ijtimoiy tizimning o‘zgarishi bilan yangilanadigan qadriyatlarga moslashib boradi. Boshqa tarafdan, fuqarolik ongi ijtimoiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaruvchi faol omil hamdir. U fuqarolarni faol harakatga undovchi tasavvurlar bilan bog‘liq bo‘lganligi tufayli jamiyat o‘zligining yangilanishiga va ijtimoiy taraqqiyotni tezlashtiruvchi omilga aylanishi mumkin. Fuqarolik ongi ijtimoiy taraqqiyotning ruhiy negizini yaratgan holda jamiyatning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Fuqarolik ongi yangi g‘oyalarni qabul qilish darajasida ochiq xarakterga egadir. YAngi g‘oyalar aynan bir tizimga mos ekanligi o‘z isbotini topgan taqdirdagina u asta-sekin jamiyatning hayotiga singib boradi.
Madaniy yangilanishlarning uzluskiz tarzda ijtimoiy ongga ta’sir ko‘rsatishi natijasida jamiyatda voqeliklarni his etishning yangicha usullari vujudga keladi va ular o‘z navbatida fuqaroviy ongning o‘zgarishiga ta’sir qiladi.
Mamlakatdagi siyosiy hayotni tubdan o‘zgartirish, hattoki, jamiyatning mulkka nisbatan munosabatni butunlay o‘zgartirish mumkin, lekin, kishilarning ruhiy qarashlari va qadriyatlarini tezlik bilan o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Fuqarolik ongi faqat umumiy tamoyillarga asoslanmasdan ham o‘z mohiyatini o‘zgartirib borishi mumkin. Albatta, jamiyatda barqaror bo‘lgan, har qanday siyosiy tizimga xos bo‘lgan tarixiiy tajriba va an’analar singari o‘zgarmas xususiyatga ega qadriyatlar ham mavjud bo‘lib, ular fuqaroviy ongda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tezkor o‘zgarishlarga bo‘lgan intilishlarni tiyib turadi. YAngi tarixiy tajriba aynan ana shunday qadriyatlar negizida vujudga keladi va fuqarolar ongiga singib boradi.
Tushuncha sifatida “fuqarolik ongi” deganda, avvalo, fuqaroning davlat bilan siyosiy-huquqiy munosabatlari nazarda tutilib, kishining biror-bir davlatga mansubligi va shu davlatning qonunlariga bo‘ysunishi tushuniladi. SHaxsning huquqiy maqomida ifodalanadigan fuqarolik davlat bilan fuqaro o‘rtasida amal qiladigan qator huquq va burchlar bilan mustahkamlangan bo‘ladi.
Turli ijtimoiy sub’ektlarning o‘zaro ta’sirlashuvlari ro‘y beradigan va manfaatlari ziddiyatlari asosida paydo bo‘ladigan jamiyatdagi munosabatlar fuqaroviy ongni boyitib boradi, ular ana shu ongda aks etadi. SHuningdek, fuqaroviy ong kishilararo munosabatlarga ta’sir ko‘rsatgan holda ularga aniqlik, yangi mazmun va shakl bag‘ishlaydi. Kishilarning ijtimoiy hayot hamda davlatga nisbatan, shuningdek shaxs bilan davlat o‘rtasida haqiqiy va me’yoriy munosabatlar to‘g‘risidagi tasavvurlari fuqaroviy ongda mujassamlashgan.
Ijtimoiy-siyosiy, diniy, axloqiy, huquqiy, iqtisodiy va boshqa me’yorlar, talablar, tamoyillir, qoidalar umumiy fuqaroviy dunyoqarash shaklida fuqaroviy ongning tarkibiy unsurlari sifatida namoyon bo‘ladi.
Demokratik jamiyatning barqarorligi demokratik qadriyatlar bilan boyishga zarurat skzadi. Bu jarayon jamiyatdagi fuqarolarning ijtimoiy erkin sharoitda yashashga qanchalik tayyor ekanliklari, ya’ni shaxslarning fuqaroviy etukligi va faolligiga bog‘liqdir. O‘z navbatida, fuqaroviy etuklik va fuqaroviy mus’uliyat jamiyat a’zolarining fuqaroviy ongi darajasi bilan belgilanadi. Aynan fuqaroviy ong jamiyatning ma’naviy, intellektual va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini shakllantiradi.
Fuqaroviy ong jamiyatni birlashtirishga xizmat qiladi, umumiy manfaatlar yo‘lida fuqarolar o‘rtasida kelishuvlar ro‘y berishiga xizmat qiladi. Jamiyatda ro‘y beradigan turli ijtimoiy-madaniy omillar ta’sirida fuqaroviy ong o‘zgarib boradi va fuqaroviylik to‘g‘risidagi g‘oyalar taraqqiyotida o‘z aksini topadi.
Davlat va jamiyat, davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlarning tabiati haqidagi bilimlarning kengayishi “fuqaroviylik” tushunchasini qayta qayta tafakkurlashni taqozo etishi – bu tarixiy taraqqiyot zaruratidir. Ijtimoiy jarayonlar natijasida sayqallangan fuqaroviy madaniyat va fuqaroviy ong kishilarni iqtisodiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy jihatlardan yuksalib borishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |