25-Mavzu:O`zbekistonda fuqarolik jamiyati insitutlarining shakllanishi
va rivojlanishi
Fuqarolik jamiyati institutlari tushunchasi, uning ma’no va mazmuni.
O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – erkin bozor
munosabatlariga asoslangan ochiq, huquqiy demokratik davlat qurish, adolatli fuqarolik
jamiyatini barpo etish, odamlar turmush darajasini taraqqiy etgan davlatlar darajasiga ko‘tarish,
mamlakatimizni jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashidan iboratdir.
Fuqarolik jamiyati muayyan hududda yashovchi, erkin va ozod kishilardan iborat aholi,
millat va xalqning yashash tarzini anglatadi. Fuqarolik jamiyati demokratiyaga asoslangan
davlatchilik sharoitida shakllanadigan va rivojlanadigan ijtimoiy muhitdir. Fuqarolik jamiyati
shunday ijtimoiy muhitki, bunda fuqarolar o‘zaro hamkorlik asosida ijtimoiy va boshqa
ehtiyojlarini qonuniy ravishda o‘zlari qondirib boradi.
Fuqarolik jamiyati shakllanishining umumiy jihatlarini quyidagilar tashkil qiladi:
birinchisi – xususiy mulkchilik. Rivojlangan demokratik davlatlarda aholining aksariyati xususiy
mulk egalari hisoblanadi. O‘rta mulkdorlar sinfi – jamiyat umumiy aholisining ko‘pchiligini
tashkil qiladi. Binobarin, xususiy mulk – fuqarolik jamiyati shakllanishi va
funksionallashuvining dastlabki va muhim asosi sanaladi.
Fuqarolik jamiyati amal qilishining ikkinchi muhim omili erkin bozor iqtisodiyotidir.
Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitidagina xususiy tadbirkorlik, ishbilarmonlik faoliyati uchun keng
imkoniyatlar yaratilishi mumkin.
Fuqarolik jamiyatining uchinchi muhim belgisi quyidagilardan iborat: har qanday
demokratik davlat fuqarolarning ehtiyojlari va manfaatlarini yuqori darajada qondirib borishni
nazarda tutadi. Ammo hozirgi zamonning o‘ta murakkab ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi
sharoitida davlat tashkilotlarining fuqarolar ehtiyojlari va manfaatlarini aniqlash, ulardan
xabardor bo‘lish imkoniyati tobora qiyinlashib bormoqda. Bu muammoni bartaraf etishning
yagona yo‘li – davlat tashkilotlarining jamiyat hayotini boshqarib borishdagi ko‘plab
funksiyalarini bosqichma-bosqich nodavlat tashkilotlar, birlashmalarga ya’ni fuqarolik jamiyati
institutlariga o‘tkazish hisoblanadi.
O‘zbekistonda jamiyat hayotini demokratlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini barpo
etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli beqiyos darajada kattadir. Bu institutlar -
ko‘ngilli ravishda tuzilgan, jamiyat hayotining barcha sohalarida amal qiladigan nodavlat
tipidagi tuzilmalar (birlashmalar, tashkilotlar, assotsiatsiyalar, uyushmalar, markazlar, klublar,
jamg‘armalar va b.)ning faoliyatini o‘zida mujassamlashtiradi. Mazkur tuzilmalar jamiyat
hayotining barcha sohalarida faoliyat ko‘rsatadi. Ular faoliyatining kuchayishi, o‘z navbatida,
fuqarolik jamiyatining qay darajada amal qilishini bildiradi.
O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlari sifatida faoliyat ko‘rsatuvchi nodavlat
notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari, turli sohalar bo‘yicha markazlar, jamg‘armalar,
assotsiatsiyalar, siyosiy partiyalar, harakatlar, diniy tashkilotlar bo‘lib, ular, mamlakatimizda
fuqarolik jamiyati shakllanishi va rivojlanishining muhim shartidir. Ular, fuqarolarning ijtimoiysiyosiy
faolligini oshirishda, hamda ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi ishtirokini ta’minlashda
muhim rol o‘ynaydi.
Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tib borish
jarayonida, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy manfaatlarini, qiziqishlarini qondirib borishda davlat
tashkilotlari bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlari hamda jamoat birlashmalarining roli
kattadir. Fuqarolik jamiyatiga yaqinlashgan sari boshqaruvning ko‘plab funksiyalari davlat
tasarufidan o‘z-o‘zini boshqaruv tizimiga o‘tib boradi. Aholining turli qatlamlari, ayrim olingan
shaxs muayyan nodavlat va jamoat tashkiloti orqali jamiyat boshqaruvida faol qatnashadi. Shu
asnoda jamiyat o‘zini o‘zi boshqarib boradi. Bu jarayonda qaysidir shaxs, hokim yoki rahbar
xohish-irodasi, hukmronligi yoki muruvvati bilan emas, balki demokratiyaga asoslangan,
fuqarolarning yuksak huquqiy madaniyati, dunyoqarashi ustuvor bo‘ladi va har qanday ijtimoiy
faoliyat asosini tashkil qiladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining asl mohiyati: unga a’zo bo‘lgan kishilar,
shaxs, ijtimoiy guruhlar, kasb–kor egalarining tub manfaatlarini, hayotiy ehtiyojlarini, amal
qilish mazmuniga mos holda qondirib borishdan iboratdir. NNTlarning har qanday faoliyati,
o‘tkazadigan ommaviy tadbirlari ana shu maqsadga qaratiladi.
Hozirda, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining shakllanishi va rivojlanishi
uchun qulay ijtimoiy-siyosiy, huquqiy, iqtisodiy-moliyaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishdan asosiy maqsad jamiyat a’zolarining
manfaatlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash va himoya qilishdan iborat. Fuqarolik jamiyati
institutlari o‘z mohiyatiga ko‘ra, fuqarolarning o‘zligini anglashga, ijtimoiy munosabatlarda
o‘zini o‘zi boshqarishga qaratilgan, ixtiyoriy tarzda birlashgan, muayyan bir maqsadga erishishni
nazarda tutgan nodavlat tipidagi tashkilotlardir.
Fuqarolik jamiyati institutlari sifatida faoliyat ko‘rsatadigan nodavlat notijorat tashkilotlari
va jamoat birlashmalari o‘z mohiyatiga ko‘ra davlat muassasalaridan farq qiladi. O‘zbekiston
Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonuni 2-moddasida “nodavlat
notijorat tashkiloti” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Nodavlat notijorat tashkiloti –
jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad(foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni
(foydani) o‘z qatnashchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan o‘zini o‘zi boshqarish
tashkilotidir”
Do'stlaringiz bilan baham: |