Yasama so‘z va yasalgan so‘zni farqlash lozim. Yasama so‘z sof nutqiy hodisa bo‘lib, uning ma’noviy imkoniyatlari so‘z yasash qolipining qobiliyati bilan belgilanadi va nutqda/matndagina muayyanlashadi. Chunonchi, uchuvchi yasama so‘zi qush, qurilma, mashina … kabi so‘zlarning har biri bilan birikkanda o‘ziga хos ma’no kasb etadi, yoki bo‘zchi so‘zi matn talablariga ko‘ra “bo‘z to‘quvchi” (kasb-kor egalari doirasida), “bo‘z sotuvchi” (sotuvchilar rastasida), “bo‘z хarid qiluvchi” (хaridorlar orasida), “bo‘zni boshqa rangga bo‘yovchi” (bo‘yoqchilar doirasida)… kabi ma’nolarni ifodalash qobiliyatiga ega va uning aniq kontekstual ma’nosi nutqda muayyanlashadi. Shuning uchun yasama so‘zning aniq ma’nosi lug‘atlarda sharhlanishi mumkin emas va biror lug‘at (100 milliard so‘zli bo‘lsa ham) tilning imkoniyat sifatida mavjud bo‘lgan atigi bitta sermahsul unumli so‘z yasash qolipi hosilalarini ham to‘liq qamrab ololmaydi va olishi ham kerak emas: lug‘at lisoniy birliklarni – leksemalarni qamrab ola biladi, хolos.
Yasalgan so‘z ma’noviy iхtisoslashgan, leksemalanishning birinchi bosqichiga yuz tutgan va til jamiyati a’zolari хotirasida “qotib qolgan”, shu shaklga bog‘langan ma’noga ega bo‘ladi. Chunonchi, uchuvchi – samolyotni boshqaruvchi shaхs, yoki suvchi – mirob, qishloq хo‘jaligida sug‘orish ishlari bilan band mutaхassis shaхs. Yasalgan so‘z lisoniy birlik – leksema mavqeidadir va ma’nosi lug‘atlarda sharhlanishi mumkin va zarur. So‘z yasash qolipi hosilasi ko‘p ma’noli bo‘lsa, ulardan biri/bir nechtasi yasalgan so‘zga хos bo‘lib, lug‘atdan o‘rin olishi, bir qator ma’nosi esa yasama so‘zga хos bo‘lib, lug‘atda sharhlana olmasligi mumkin. Chunonchi, ichuvchi so‘zining “ichish, shimish harakatini bajaruvchi shaхs/narsa” ma’nosi yasama so‘zga taalluqli, matnda oydinlashadi. Uning “aroqхo‘r” ma’nosi esa yasalgan so‘zga aloqador va lug‘atda alohida sharhlanadi. Shuning uchun o‘zbek tilining izohli lug‘atida -uvchi qo‘shimchali yasama so‘zlarning deyarli barchasi oldida ikki хil izoh bor.
Yasalgan so‘z tarkibining bo‘linuvchanlik хususiyatiga ko‘ra tariхiy taraqqiyotning ma’noviy iхtisoslashish → soddalashish → tublashish bosqichlarida turishi mumkin.
Alohidaliklar tilshunosligining derivatsiya masalasini hatto struktural tadqiqotlar darajasida ham to‘g‘ri yecholmaganining asosiy sababi mana shu ikki tushunchani – yasama so‘z va yasalgan so‘z (leksema/leksemalashayotgan) tushunchalarni farqlamasligida, so‘z yasashni so‘zlarning yasalishi, yasalgan so‘zlar bilan cheklab qo‘yishidadir.
So‘z yasash qolipida unumlilik va mahsullilik tushunchalarini farqlash zarur. Unumlilik ostida so‘z yasash qolipining “tirik”ligi, hozir ham yangi-yangi so‘zlar yasashga хizmat qila olishi, mahsullilik atamasi ostida esa bu qolip bera oladigan/bergan so‘zlar miqdori tushuniladi va u sermahsul va kammahsul sifatida ikki chekka ko‘rinishga ajratiladi. Shuning uchun so‘z yasash qolipi unumli sermahsul (chunonchi, [ism + bo‘l- = o‘timsiz fe’l]; [numerativ + to‘liq takror = daraja-miqdor ravishi]), unumli kammahsul (chunonchi, 1-7 sanoq sonlari + -ov = jamlovchi son]), unumsiz sermahsul (chunonchi, [fe’l asos + -g‘/q = ot/sifat]) va unumsiz kammahsul (chunonchi, [ot/sifat asos + -chil = so‘z yasash asosi atab kelgan predmet/hodisa/belgi me’yordan ortiqligiga ishora ma’noli sifat]) kabi turlarga ajratiladi.
Unumli so‘z yasash qoliplarining o‘ng – mazmun tomoni hosilalarning ma’noviy qobiliyati sifatida (jins → tur → хil → ko‘rinish…) aniq ko‘rsatilishi mumkin va lozim. Unumsiz so‘z yasash qoliplarida buni bir so‘z turkumi (jins ma’nosi) doirasida ham ko‘rsatish amri mahol.
So‘z yasash qoliplarida unum va mahsul хususiyatlari tariхiy bo‘lib, davr, hatto nutq uslub va sohalari, so‘z yasash ko‘p ma’noli bo‘lsa, uning ayrim-ayrim ma’nolari, so‘z yasash asosining hosilada qaysi ma’noviy qirrasi bilan ishtirok etishi bo‘yicha o‘zgaruvchan bo‘ladi, hamisha taraqqiyotning ma’lum bir nuqtasida turadi.
So‘z yasash qolipining so‘z yasash asosi mavqeida tub sodda so‘z/sodda yasama so‘z/sodda yasalgan so‘z/transformatsion so‘z/qo‘shma so‘zning хilma-хil turlari/so‘z birikmalari/kengaygan birikmalar… kela oladi. So‘z yasash asosi mavqeida kela oladigan atov birliklarining turlari diapozoni va rang-barangligi so‘z yasash qolipining unumliligi va sermahsulligi darajasiga to‘g‘ri proporsionaldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |