oldim. Bu kitoblarni ukam yaxshi o’qisin degan maqsadda oldim.
Har ikki gap ham to’g’ri tuzilgan. Ular ifodalagan hukmda ham zidlik yo’q.
Demak, nutqdan mantiqsizlik kuzatilmaydi. Ana shu nutqda mantiqsizlik yo’qligi
mantiqiy kategoriya hisoblangan hukmning to’g’riligi bilan tasdiqlanadi. Berilgan
hukm ikki xil gapda ifodalangan ekan. Birida hissiylik yo’q, ikkinchisida esa
qisman bo’lsa-da his-tuygu bor.
Nutq madaniyati bilan ruhshunoslikning munosabati, nutqning o’rinli-
o’rinsiz ekanligini belgilashda namoyon bo’ladi. So’zlovchi har xil vaziyatlarda,
har xil odamlar o’rtasida bo’ladi. Demak, u o’z nutqini ana shu vaziyatlar va
odamlar holatini hisobga olgan holda tuzishi kerak. Bundan tashqari tinglovchilar
kayfiyati degan narsa ham bor. So’z tinglovchilarning zerikib turganligi sezilib
tursa-yu, nutq qanchalik to’g’ri bo’lmasin, notiq o’sha zerikkanlikni his qilmasa va
nutqni cho’zib yuborsa, uning ta’sir kuchi yo’qoladi.
Nutqni ta’sirchan qilishda tilning tasviriy vositalaridan hisoblangan
metonimiya, metafora kabilardai foydalaniladi. Nutq madaniyati bilan
ruhshunoslik munosabatida ko’proq notiqning u yoki bu fikrini bayon qilishda
odamlar kayfiyatini hisobga olishi birinchi o’rinda turadi. Har bir kishining,
umuman tinglovchining kayfiyatiga qarab nutq so’zlash taqozo etiladi.
Tinglovchilar bilan samimiy muomala hamma vaqt notiqning asosiy vazifasi
bo’lishi lozim. Tinglovchilarning yuz va ko’z ifodalarini ko’rmay, sezmay turib,
eng zo’r zarur gapni aytib yuborishni o’ylab ko’rish kerak. Ana shunday zarur
gaplar hammaning diqqati tortilgan paytda aytilishi zarur.
Hamma vaqt ham tinglovchilar oldida uyalib qolmaslik, noo’rin so’zlarni,
gaplarni ishlatib yubormaslik uchun notiq odamlar ruhiyatini chuqur ko’zda tutishi
lozim, ularni qiziqtiradigan narsalarni topishga harakat qilishi, boshqa mavzu,
boshqa hodisalarga o’tib ketmasligi kerak.
Har bir notiq uning nutqi qanday tuzilganda tilning qanday tasviriy
vositalarini qaysi holatlarda, nutqning qaysi qismida ishlatganda tinglovchilar
kayfiyatiga ta’sir qilinishi, ular kayfiyatini o’zgartirishini yaxshi bilishi lozim. Ana
shundagina ko’zlangan maqsadga erishish mumkin.
Nutq madaniyati nafosat (estetika), badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik,
adabiy tanqidchilik kabi fanlar bilan uzviy aloqadadir. Chunki yaxshi nutq
tinglovchiga estetik zavq berishi kerak, uni hayajonlantirishi lozim. Badiiy nutq
esa ta’sirchan nutq bo’ladi, shu orqali kishilar ongiga ta’sir etadi. Unday nutq egasi
badiiy tasvir vositalaridan juda keng foydalanadi.
Badiiy nutqning adabiy til me’yorlariga munosabati ham boshqacha. Unda
ba’zi adabiy me’yorlardan chekinish ham uchrashi mumkin. Biroq bunda ma’lum
bir maqsad ko’zda tutilgan bo’ladi.
Xullas, nutq madaniyati sohasi ko’pgina boshqa fanlar bilan ham o’zaro
munosabatda bo’ladi. Ayniqsa, uning tilshunoslik, uslubiyat, notiqlik san’ati,
matnshunoslik, ruhshunoslik, falsafa hamda adabiyotshunoslik fanlari bilan aloqasi
juda mustahkamdir.
Tabiat va jamiyatda inson tilidek murakkab, serqirra, serqatlam, servazifa,
shakl va mazmun mosligi hodisasi kamdan-kam topiladi. Til dunyoni bilish,
bilimlarni to’plash, saqlash, keyingi avlodlarga yetkazish, ruhiy kategoriyalarni
voqelantirish kabi bir qancha vazifalarni bajarishga qaramasdan asosiy e’tibor
uning kishilar o’rtasidagi aloqani ta’minlash vazifasiga qaratib kelindi.
Tilni faqat insonlar o’rtasidagi aloqa vositasi sifatidagina talqin etish
insonning tabiiy tilini, bu benihoya murakkab va muhtasham hodisani
soddalashtirishdan, aniq bir milliy qiyofa yoki milliy - ruhiy zamindan mutloqo
mosuvo bo’lgan sun’iy tilga (masalan esperanto) tenglashtirishdan, yo’l harakatini
tartibga solish maqsadida yaratilgan shartli «til»ga baravarlashtirishdan boshqa
narsa emas. Agar til faqat aloqa vositasigina bo’lganda edi. U juda oddiy, sodda va
qashshoq bir narsaga aylangan bo’lardi.
Holbuki, til bemisl boy, sehr-u sinoatga, ruh-u ruhoniyatga, ko’rk-u
komillikka limmo-lim bir hilqatdir.
Chinakam nutq madaniyati esa tilni ana shunday rangin hilqat tarzida idroq
etish asosida shakllanadi.
Aniqki, nutq madaniyati jamiyat madaniy-ma’rifiy taraqqiyotining, millat
ma’naviy kamolotining muhim belgisidir. Haqiqiy ma’nodagi madaniy nutq shaxs
umummadaniy saviyasining favqulodda muhim unsurlaridan biridir. Shuning
uchun ham mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy islohotlar davlat siyosatining
ustuvor yo’nalishi deb e’lon qilingan bugungi kunda nutq madaniyati ko’nikmalari
va malakalarini oshirish, ta’lim jarayonlarining barcha bosqichlarida madaniy nutq
muammolarini yetarli darajada nazarda tutish har qachongidan ham dolzarblik kasb
etganligi bejiz emas.
Respublikamizning «Davlat tili haqida» gi, «Ta’lim to’g’risida» gi qonunlari,
Kadrlar tayyorlash bo’yicha Milliy Dastur va boshqa juda ko’plab hujjatlarda
ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, til masalalariga alohida ahamiyat berilgan.
Jamiyatimizning har bir a’zosi, har qanday mutaxassis, zamon bilan hamqadam
kadr, eng avvalo, o’z ona tilisining sobit sohibi bo’lmog’i lozim. Birinchi
Prezidentimiz I.Karimov ham o’z nutqlarida shunday ta’kidlaganlar: «O’z fikrini
mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go’zal va lo’nda ifoda eta olmaydigan
mutaxassisni, avvalombor, rahbar kursisida o’tirganlarni bugun tushunish ham,
oqlash ham qiyin».
Fikrni ona tilida mustaqil, ravon, go’zal va lo’nda ifoda etmoq uchun odamda
nutqiy madaniyat yetarli darajada bo’lmog’i lozim.
Zero, nutq madaniyati tildan bemalol va maqsadga o’ta muvofiq tarzda
foydalana olishni ta’minlaydigan ko’nikma, malaka va bilimlarning jami demakdir.
Nutqning madaniyligini ta’min etadigan to’g’rilik, aniqlik, mantiqiylik,
ifodalilik, boylik, soflik kabi bir qancha sifatlar mavjud. Ana shu kommunikativ
sifatlarning barchasini o’zida mujassamlashtirgan nutq madaniy nutq hisoblanadi.
Albatta, nutqning to’g’riligi, ya’ni uning adabiy til me’yorlariga qat’iy
mosligi madaniy nutqning asosiy, markaziy sifatidir. Ammo har qanday to’g’ri
nutq madaniy bo’lavermaydi. U yuqorida aytilgan boshqa kommunikativ sifatlarga
ega bo’lgandagina chin ma’nodagi madaniy nutq atamasini oladi. Shunga
qaramasdan, uzoq vaqtlar bizning ta’lim tizimimizda, asosan, nutqning
to’g’riligigagina diqqat qilindi, shu sifatni o’rgatishga zo’r berildi.
Rossiyada Pyotr I zamonida shunday farmon chiqarilgan ekan, unga ko’ra
jismoniy yoki nutqiy nuqsonga ega bo’lgan odam, har qancha yetuk mutaxassis
bo’lmasin, dars berish uchun sinfga kiritilmagan. Dunyoda boladay ziyrak
taqlidchi va tanqidchi yo’q, shuning uchun «jonli ko’rgazmali qurol» har jihatdan
to’kis va tugal bo’lishi lozimligi oddiy mantiqning talabidir.
O’qituvchining asosiy quroli «ketmoni» uning tili, nutqi ekan, bu qurol
samarali ishlamog’i uchun u o’tkir bo’lishi kerak, shuning uchun «O’qituvchi nutq
madaniyati» fani faqat filologiya fakulteti talabalarigagina emas, balki har qanday
fan o’qituvchilarini tayyorlaydigan fakultetlarda ham o’qitilyapti.
Xulosa qilib aytganda, nutq madaniyati muammolarini ilmiy asosda
o’rganishni yanada chuqurlashtirish ham bugungi kunda alohida dolzarblik kasb
etdi. Bu borada anchagina ishlar qilingan. Ammo hali qilinadigan ishlar juda ko’p.
Mustaqillik sharofati bilan erkin taraqqiyot yo’liga tushib olgan tilimizning o’z
tabiatiga xos mezonlarni tayin etish unuttirilgan boyliklarni tiklash, sofligini
ta’minlash tamoyillarini takomillashtirish, bir necha ming yillik madaniyatimiz
tarixidagi nutqiy odob an’analarini o’rganish, so’zni benazir ne’mat sifatida
ardoqlagan ulug’ ajdodlarimizning ulkan merosini bor bo’yicha ko’rsatib berish
o’qituvchilar va bo’lajak o’qituvchilar oldida turgan muhim vazifalardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |