10. Afsonaviy va diniy nomlar. Geografik xaritalarda o'sha joyga hech qanday aloqasi bo'lmagan nomlar ham uchraydi. Bunday nomlar kishilarning eshitgan ertak, hikoyalari, o'qigan kitoblari qahramonlari, afsonaviy mahluqlar nomlari bilan bog'liq holda vujudga keladi. Bunday nomlarga O'sh shahridagi Taxti Sulaymon, Toshkentdagi Kaykovus arig'i, Shri - Lankadagi Odamota tog'i, Uraldagi Shaytonmakon, Sirdaryodagi Farhod qoyasi, Xorazmdagi Duldulotlagan, Shohimardon, Ohangarondagi Ali qoyasi misol bo'ladi. Bunday nomlarni afsonaviy nomlar deyiladi. Aslida o'zi yo'q - ku nomi saqlanib qolgan joy nomlari ham afsonaviy nomlar hisoblanadi. Sannikov Yeri, Ko'hi Qof, Ya'juz - Ma'juz yeri ana shunday nomlardir.
Dinga va din namoyondalari nomlariga, diniy bayramlarga bog'liq toponimlar ham ko'p uchraydi. O'zbek tilidagi, umuman turkiy tillardagi dinga bog'liq nomlarga ko'pincha ota, avliyo, bobo, islom, momo, nur, ziyo, shayx kabi qo'shimchalar qo'shiladi va bunday nomlar aksariyat hollarda muayyan shaxslar nomlari bilan bog'langan bo'ladi: Avliyoota, Zangibuva (Zangiota), Cho'ponota, Nurota, Shavkatbobo, Oqsoqota, Norakota, Surenota, Yalong'ochbuva, Islomobod, Shayx Zayniddinbobo, Ho'jaalandorbuva, Bibi Mariyam va h.k.
G'arb mamlakatlarida diniy geografik nomlarga odatda san, sankt, svyatoy kabi so'zlar qo'shib yoziladi: San - Marino, San - Tome, San - Fransisko, San - Salvador, Santyago, Sankt - Peterburg, Svyatoy Lavrentiy, Svyatoy Nos va b.
11. G'aroyib nomlar. Ba'zi bir geografik nomlar g'alati ma'noli, kulgili, ayrimlari qo'rqinchli bo'ladi. Toshkent shahrida Xotinko'prik, Pushtihammom, Chuvalachi, Yalang'och, Qoryog'di, Padarkush, Injiqobod, Jinko'cha, Kallaxona, Kampirdevor, Qonqus, Moxovzor kabi g'aroyib nomli ko'cha, mahalla, mavzelar mavjud. Dunyo xaritasida ham g'aroyib nomlarni ko'p uchratamiz. G'alati nomlardan Krivoy Rog (egri shoh), Kapri (echki) oroli, Kanar (it) orollari, Labbay tog'i, Cho'ntakqishloq, Zolotoy Rog (Oltin shoh), qo'rqinchli, vahimali nomlardan Dashti Lut (O'lim dashti), Ajal vodiysi, Dashti Margoh (O'lim dashti), Borsakelmas, O'lik dengiz, Jonchiqar kabi nomlarni misol qilib ko'rsatish mumkin. Angliyadagi ayrim joy nomlari o'zbek tiliga tarjima qilinsa, “Rahming kelsin”, “So'qir kuyovlar”, “Qurbaqalar”, “Zo'r Muhabbat”, “Kalamush qal'a”, “Ko'rinmay qoldi” degan ma'nolarni beradi. Bunday nomlarni O'zbekistonda ham ko'plab uchratish mumkin: Ko'kdo'ppi (Farg'ona viloyatida), Og'zikeng, Jo'jao'g'ri, Kampirchiqdi, Qorko'mdi, G'alcha va boshqalar shular jumlasidandir. G'aroyib nomlar qayerda bo'lmasin o'z tarixiga va qandaydir o'ziga hos xususiyatiga ega bo'ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |