3-мавзу. Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati.
Reja:
1. Saljuqiylar davlatining tashkil topishi va davlat boshqaruvi tizimi.
2. Xorazmshoxlar davlatining tashkil topishi va ijtimoiy-siyosiy hayoti.
Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
1. Азамат Зиё. Ўзбек давлатчилиги тарихи: (Энг қадимги даврдан Россия босқинига қадар). - T.: Шарқ, 2000.
2. Сагдуллаев ва бошқ. Ўзбекистон тарихи: давлат ва жамият тараққиёти. - Т., 2000.
3. Эшов Б. Ўзбекистон давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. Ўқув қўлланма – Т.: Янги аср авлоди, 2012.
4. Матниёзов М. Олламов Я. Хоразм давлатчилиги тарихи. – Урганч, 2009.
5. Ўзбекистон давлатчилиги тарихи очерклари. - Т.: Шарқ, 2001.
6. Shamsiddinov R. Karimov Sh. Vatan tarixi. T.,1997.
7. Ахмедов Б. Тарихдан сабоқлар. – Т.: Ўқитувчи, 1994
Vatanimiznigina emas, balki butun turk dunyosi tarixida ham salmoqli iz qoldirgan Saljuqiylar sulolasi to’g’risida fikr yuritar ekanmiz, ular tuzgan davlatning o’z davrida g’oyatda keng hududlarga yoyilganligi, unga uyushgan, tarkibiga kirgan xalqlar, elatlarning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida bergan muhim o’zgarishlar, olg’a siljishlar ko’z o’ngimizda namoyon bo’ladi.
Ma'lumki, Saljuqiy turklarning kelib chiqishi Sirdaryo quyi etaklarida, Orol havzasida yashagan, ko’proq ko’chmanchi hayot kechirgan o’g’iz urug’lariga borib taqaladi. "O’g’iznoma" kitobida naql qilinishicha, o’g’iz urug’lari, qavmlari juda qadim tarixga ega bo’lib, ularga ilk bor O’g’izxon nomli buyuk shaxs boshchilik qilgan. IX asr oxiri X asr o’rtalariga kelib Orol bo’yi va Kaspiy dengizi shimolida o’g’iz urug’lari ittifoqi shakllangan. X asr oxirlarida Sirdaryo etagida poytaxti Yangikent bo’lgan o’g’izlar davlati tashkil topadi. XI asr o’rtalariga kelib bu davlat sharqdan bostirib kelgan qipchoqlar zarbasiga uchraydi. Natijada o’g’iz urug’larining bir qismi shimolga - rus dashtlariga, bir qismi old Osiyo mamlakatlariga chekinadi, yana bir qismi esa hozirgi Turkmaniston hududiga o’tib, yerli aholi bilan qo’shilishib, turkmanlar nomi bilan atalib ketadi.
Sirdaryo quyi oqimida paydo bo’lgan o’g’iz davlatning dastlabki yobg’usi (sardori) Saljuqbek bo’lgan. Uning avlodlari Tug’rulbek, Dovudbek va Shakarbeklar o’z davrlarida Saljuqiylar shuhratini yuksakka ko’tardilar.
Hozirgi Turkiya turklari, Iroq, Eronda yashovchi turkmanlar, gagauz, ozarbayjon xalqlarining shakllanishida saljuqiy turklarning roli va ta'siri alohidadir.
Somoniylar hukmronligi davrida ularning ruxsati bilan saljuqiy qabilalari Zarafshon vohasiga, Nurotaning tog’li yerlariga kelib o’rnashib, chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Keyinroq Movarounahr hududlari Qorahoniylar sulolasi tomonidan egalanib, ularning chorvador ho’jaliklari bu yerlarni band etgach, saljukiylarning yashash sharoitlari mushkullashadi. Shu bois ular g’arbga tomon siljishga majbur bo’ladilar. XI asrning 20-30 yillariga kelib saljuqiy urug’-qabilalarning hozirgi turkman yerlari orqali G’aznaviylar tasarrufidagi Xuroson o’lkasiga kirib borishi faollashadi. 1038 yilda Saraxsda, 1040 yilda Dandonig’onda bo’lib o’tgan hal qiluvchi urushlar davomida Saljuqiylar G’aznaviylarni yengib, butun Xuroson yerlarini egallab, o’z davlati markazini shu hududga ko’chiradilar. Shu tariqa Nishopur shahri Saljuqiylar poytaxtiga aylanadi. Saljuqiylar hukmdori Tug’rulbek egallagan Movarounnahr va Xuroson hududlarini o’z avlodlari tasarrufida qoldirib, o’zi g’arbga tomon harbiy yurishlarni davom ettiradi. Tug’rulbekning 1038-1063 yillarni o’z ichiga olgan hukmronlik davri old Osiyo va Kichik Osiyoning katta hududlarini qo’lga kiritilganligi bilan tavsiflanadi.
Bu davr mobaynida Saljuqiylar Gurgon, Tabariston, Xorazm, Ozarbayjon, Kurdiston hududlarini, hozirgi g’arbiy Eron viloyatlarining bir qismi, Fors, Kermon viloyatlarini egallaydilar. 1055 yilda esa xalifalik markazi Bog’dod ishg’ol qilinadi. Ayni paytda Vizantiyaning Kavkazdagi ta'siriga ham kuchli zarba beriladi. Shunday qilib, Tug’rulbek kuchli Saljuqiy sultonligiga asos soladi. Uning vorisi Alp-Arslon (1063-1072) ham jahongirlik yurishlarini davom ettiradi. Jumladan, u Vizantiya imperatori Roman IV Diogenni mag’lubiyatga uchratib, O’rta Yer dengizi qirg’oqlarigacha bo’lgan Kichik Osiyo yerlarini qo’lga kiritadi. Shu tariqa, qudratli Saljuqiylar saltanati Movarounahrdan to O’rta Yer dengiziga qadar bepoyon hududlarga yoyiladi.
Alp-Arslon mamlakat poytaxtini Nishopurdan Marvga ko’chiradi. U o’z podsholigi davrining katta qismini yana sharqqa - Movarounahrning Qorahoniylar ta'sirida bo’lgan joylarini egallashga qaratadi. Shu maqsadda u Xorazm yerlarini, so’ngra Jand, Sabronni qo’lga kiritadi. Keyinroq Chag’aniyon va Xuttalon viloyatlarini bosib olish uchun qo’shin tuzadi. Biroq Alp-Arslonning 1072 yilda 200 minglik qo’shin bilan Amudaryo kechuvidan o’tish chog’ida o’z chodirida mahalliy qal'a boshliqlaridan Yusuf al Xorazmiy tomonidan kutilmaganda o’ldirilishi uning keyingi rejalarining amalga oshuviga imkon bermaydi.
Saljuqiylar davlati qudratining Movarounahr va Xurosondagi eng kuchaygan payti Malikshoh (1072-1092) davriga to’g’ri keladi. Gap shundaki, xuddi shu yillarda Malikshoh va uning tadbirkor, dono vaziri Nizomulmulk (asli ismi Abu Ali ibn Ali ibn Ishoq) tomonidan mamlakat hayotining ko’plab sohalarida juda muhim ijobiy o’zgarishlar amalga oshirildi. Avvalo, Saljuqiylar davlatining Movarounahrdagi maqomi yanada mustahkamlandi. Malikshoh muhim strategik ahamiyatga molik bo’lgan Balx va Termiz hududlarini Qorahoniylardan qaytarib oldi. Shuningdek Qorahoniylar hukmdori Shamsulmulk vafotidan so’ng vujudga kelgan qulay vaziyatdan foydalanib, 1089 yilda katta qo’shin tortib Buxoro va Samarqandni egallaydi va yangi xon Ahmadni asir qiladi. Garchand tez orada Ahmad Qorahoniylar xonligi taxtiga qaytarilgan bo’lsa-da, biroq amalda Qorahoniylar Saljukiylarga tobe bo’lib qoladi.
Malikshoh davrida davlat hokimiyatining kuchayishida dono vazir Nizomulmulk (1017-1092) o’rni benazirdir. Katta huquq va keng vakolatlarga ega bo’lgan birinchi vazir markaziy hokimiyatni kuchaytirishga, davlat amaldorlarining mas'uliyati, javobgarligini oshirishga, davlatning moliya, soliq va boshqa boshqaruv tizimlarini takomillashtirishga alohida ahamiyat berdi. U o’zining bu boradagi yuksak salohiyati va tajribasini umumlashtirib, mashhur "Siyosatnoma" asarini yozadi. Bu kitob katta shuhrat va e'tirof qozonib, mana, necha asrlardirki, Sharq va G’arb mamlakatlarining davlat arboblari, vaziru vuo’zarolari uchun siyosat bobida muhim dasturulamal qo’llanma vazifasini bajarib kelmoqda. Mustaqilligimiz sharofati tufayli bu nodir kitob 1997 yilda ilk bor ona tilimizda nashr qilinib, o’zbek kitobxonlari qo’liga yetib bordi.
Nizomulmulkning rahnomoligi va tashabbusi bilan Bog’dod, Nishopur, Hirot, Balx, Marv kabi shaharlarda oliy madrasalar ochilib, ularda juda ko’plab o’qimishli yoshlarning ta'lim-tarbiya olishi yaxshi yo’lga qo’yildi. Mamlakat shaharlarining hunarmandchilik va savdo-sotiq, karvon savdosi markazlari sifatidan mavqei kuchayib, xalqaro Ipak yo’lining o’rni ortib bordi.
Tashqi savdoning rivojlanishiga to’sqinlik tug’diruvchi haddan ziyod boj to’lovlarining bekor qilinishi tadbiri ham Nizomulmulk siyosatining muhim jihatlaridan bo’lgan. Nizomulmulk davrida Saljuqiylar qo’li ostidagi hududlarda "iqto" tizimi kuchli rivojlangan bo’lib, u bilan bog’liq mulkiy munosabatlar qishloq xo’jaligi sohasida yetakchi mavqe egallagan.
Saljuqiylarning eng so’ngi hukmdori Sulton Sanjar (1118-1157) podsholigi bu davlatning, ham yuksalishi, ham halokatga yuz tutishi bilan o’ziga xos murakkab, ziddiyatli davrni aks ettiradi.
Negaki bu yillarda Saljuqiylar hukmronligi Xuroson va Movarounahrda yanada mustahkamlandi. Qorahoniylar hukmdorlari amalda ularga tobelik maqomiga tushib qolgan edi. Ayniqsa 1130 yilda Sanjar tomonidan bu sulolaning asosiy hayotiy markazlari Samarqand, Buxoroning egallanganligi (garchand bular ya'ni Qorahoniylarga qaytarib berilgan bo’lsa-da) fakti ham fikrimizni isbot etadi. Bu davrda Xorazm yerlari ham amalda Saljuqiylar ta'sirida bo’lib, Xorazmshohlar, masalan, Qutbiddin Muhammad, Otsiz v.b. rasman ularga itoat etardilar. (faqat Otsiz (1127-1156) hukmronligining so’ngi davrlari bundan istisno xolos).
Biroq XI asrning 40-yillariga kelib Saljuqiylar davlatining mavqei puturdan keta boshlaydi. Bunda ayniqsa sharqdan bostirib kelgan Qoraxitoylar bir vaqtning o’zida ham Qorahoniylar va ham Saljuqiylar saltanatiga katta xavf soladi. Sulton Sanjar va Qorahoniylar xoni Mahmudning birlashgan qo’shini 1141 yilda Samarqand yaqinidagi Katvon cho’lida Qoraxitoylar bilan bo’lgan hal qiluvchi jangda qaqshatqich mag’lubiyatga uchragach, Movarounahr yerlari Qoraxitoylar qo’li ostiga o’tadi. Saljuqiylar esa katta hududlarga egalik qilish huquqidan mahrum bo’ladi. Endilikda ular katta kuch to’plab, yangidan Qoraxitoylarga qarshi urush qilish emas, balki asosan bo’ysunmaslikka harakat qilayotgan Xorazmni qo’lda tutish, Xuroson o’lkasida yuz berayotgan g’alayonlarni bostirish ishlari bilan ko’proq band bo’ldilar.
Qoraxitoylar esa Movarounnaxrni ishg’ol etish bilan birga, bu yerdagi sulolalar hukmronligini yiqotmay, ularni o’zlariga vassal qilish, muntazam boj, xiroj olib turish sharti bilan kifoyalandilar.
Shuning uchun ham Qorahoniylar, Xorazmshohlar va boshqalar Bolasog’unda turuvchi qoraxitiylar xukmdori Gurxonga kelishilgan miqdordagi xiroj-o’lponni yuborib turishga majbur edilar.
Sulton Sanjarning keyingi takdiri ham favqulodda holatda kechdi. U 1153 yilda Balx viloyatining tog’li hududida ko’chib yuruvchi o’g’uz qabilalarining g’alayonlarini bostirish chog’ida kutilmaganda asirga tushib qoladi. U uch yil davomida o’g’uzlar qo’lida asirda bo’ladi. Bu vaqt ichida o’g’uzlarning Xuroson va Movarounahrning janubiy-sharqiy yerlariga bosqinlari tez-tez takrorlanib turadi.
Faqat 1156 yildagina Sulton Sanjar tutqunlikdan qutulishga muvaffaq bo’ladi va bir yildan so’ng vafot etadi. Uning o’limi bilan bir vaqtda o’z davrida qudratli bo’lgan markazlashgan Saljuqiylar davlati-yu, uning shonu-shuhrati ham so’nadi. Bu davrga kelib Kermon o’z mustakilligiga erishadi. Fors va Ozarbayjon hududlarida mustaqil davlatlar paydo bo’ladi. Xuroson ham Saljuqiylar tobeligidan chiqadi. Arab xalifaligi o’zining avvalgi mustaqilligini tiklaydi. Ayni chog’da Kichik Osiyo hududida Saljuqiy turklarning uzil-kesil joylashuvi jarayoni kuchayadi ham ularning mustaqil davlat tuzilmalari vujudga kela boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |