1-rasm. Moliya mexanizmining bo’g’inlari
Moliya mexanizmining soha va bo’g’inlari bir-birlari bilan murakkabligi va boshqa jihatlari bo’yicha farq qiladi. Masalan, byudjet mexanizmi soliq turlarining ko’pligi, ularni undirish usullarining turli-tumanligi, moliyalashtirish usullarining turlichaligi va byudjet mablag’laridan foydalanishning ko’p o’nalishliligi bilan xarakterlanadi.
Korxona moliya mexanizmi orqali esa, korxona pul jamg’armalari shakllari belgilanadi, foyda, daromadlar va moliyaviy resurslar taqsimlanadi va turli maqsadli fondlar tuziladi va ulardan foydalanish ta’minlanadi.
Moliya mexanizmining elementlari tarkibida fondlar va to’lovlarni miqdor jihatdan aniqlash usullari qismi eng harakatchan va tez o’zgaruvchan bo’lib, ular ishlab chiqarish shart-sharoitlarining hamda jamiyat oldida turgan vazifalarning o’zgarishiga qarab tez-tez muvofiqlashtirilib turiladi. Masalan, pul mablag’lari fondlarining shakllari o’zgarmagani holda, foydani taqsimlash usullari bir necha bor o’zgardi, taqsimlash qoldiq usuli, normativ usuli, majburiy to’lovlar usuli; soliq turlari o’zgarmagani holda, ularning stavkalari, imtiyozlar, sanksiya va jarima kabi jazo choralari bozor talablariga ko’ra tez-tez qayta qurilib, o’zgarib turadi.
Respublikamiz soliq tizimida uzoq davr mobaynida samarali faoliyat qilib kelgan oborot solig’i o’rniga joriy qilingan qo’shilgan qiymat solig’i (QQS) stavkasi dastlab 30% miqdorida, keyinchalik 25, 20, 18, 17 % miqdorlarigacha tushirildi. Hozirgi kunda esa, 20% lik miqdor qo’llanilmoqda. Moliyaviy mexanizmni shakllantirish bilan davlat uni u yoki bu davr moliya siyosati talablari bilan iloji boricha to’la mos kelishiga intiladi. Bu esa davlatning maqsad va vazifalarini to’laqonli bajarilishining garovi hisoblanadi.
3. Moliyaviy bozorlar va institutlar
Iqtisodiyotni modernizasiyalashnining hozirgi sharoitida moliyaviy resurslarga bo’lgan ehtiyoj va ularni samarali investisiyalash masalalari dolzarb ahamiyat kab etadi. Bunda bevosita moliyaviy bozorlarning ahamiyati g’oyat yuksakdir.
Moliyaviy bozorlarda moliyaviy resurslar harakati turli moliyaviy instrumentlar orqali jamg’aruvchi va foydalanuvchi amalga oshiriladi. Shu sababli moliya bozori orqali moliyaviy resurslar iqtisodiyot tarmoqlari o’rtasida taqsimlanadi va qayta taqsimlanadi. O’z navbatida bu taqsimlash jarayonida moliyaviy resurslar nisbatan samarali investisiyalarga yo’naltiriladi. Turli moliya-kredit muassasalari yordamida moliyaviy resurslar xarakati qanday amalga oshirsa‚ moliyaviy bozor orqali moliyaviy resurslar ham kapital yetkazib beruvchilardan(investordan) kapital iste’mol qiluvchilarga turli moliyaviy instrumentlari vositasida to’g’ridan-to’g’ri harakatlanadi.Shuning uchun moliya muassasalari kapital (moliyaviy resurslar)ning nisbatan samarali harakatiga imkon tug’diruvchi institutlar hisoblanadi.
Moliyaviy bozor – bu savdo obyekti moliyaviy instrumentlar hisoblanuvchi tashkillashgan iqtisodiy-huquqiy mexanizm bilan ta’minlangan, iqtisodiyot subyektlari uchun zaruriy bozor sharoitlarini yaratib beruvchi majmua sifatida namoyon bo’luvchi tizim.
Moliya bozori tushunchasi keng ma’noni va murakkab iqtisodiy kategoriyani tashkil etadi. Moliya bozori o’zida o’zaro ta’sirda bo’ladigan mulk egalari bilan sarmoya, qarz oluvchilar o’rtasidagi munosabatlarini tavsiflaydi. Moliya bozorida kreditlar, veksellar, aksiyalar, obligatsiyalar, investisiyalar va boshqa turdagi qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdi va harakat obyekti hisoblanadi.
Moliyaviy bozor quyidagi turlarga bo’linadi:
- qimmatli qog‘ozlar bozori;
- ssuda kapitali yoki kredit bozori;
- valyuta bozori (pul bozori);
- investisiya bozori (kapital bozori) va boshqalar.
Rivojlangan mamlakatlar butun moliya tizimida markaziy o’rinni moliyaviy vositachi muassasalar moliyasi markaziy o’rinni egallaydi. Yuqori darajadagi takomillashgan moliyaiy infrastruktura tizimini mavjudligi va moliyaviy vositachilikni rivojlanganligi natijasida ularda investision maqsadlardagi yirik moliyaviy resurslar konsentrasiyasi sodir bo’lgan.
XX asrning oxirgi 10 yilidagi moliyaviy innovasiyalarning shiddat bilan rivojlanishiga qaramasdan rang-barang moliyaviy vositachilik turlari moliyaviy resurslarni oxirgi iste’molchilari uchun samarali joylashuvini ta’minlovchi «moliyaviy mahsulot»ni jalb qilish va sotish kabi umumiy funksiyalarni bajaradi.
Moliyaviy vositachilar ya’ni tom ma’noda moliyaviy institutlar tarkibida tijorat banklari, kredit ittifoqlari, sug’urta kompaniyalari, xususiy pensiya fondlari, moliyaviy kompaniyalar va boshqalar hisoblanadi. Ular iqtisodiyotning moliyaviy sektorini asosini tashkil qiladi.
Iqtisodiyotning moliyaviy sektorini keng va tor ma’noda tushunish mumkin. Birinchi holatda moliyaviy sektor bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar va moliyaviy ittifoqlarni tushunishimiz mumkin.
Nazorat qiluvchi organlarning asosiy vazifalari moliya tizimini barqaror faoliyatini qo’llab-quvvatlash, hukumat tomonidan chiqarilgan qonun va qarorlar hamda me’yoriy hujjatlarni amalda qo’llash va bevosita moliyaviy institutlar faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish hisoblanadi.
Moliyaviy ittifoqlarning asosiy vazifalari davlat va jamiyat oldida moliyaviy institutlar guruhlarining manfaatlarini taqdim etish va himoya qilish hisoblanadi.
Moliyaviy sektorning moliyaviy innsitutlariga bank tizimi va nobank moliyaviy vositachi muassasalarni kiritishimiz mumkin. O’z navbatida bank tizimi tarkibida markaziy banklar alohida o’ringa egadir. Markazy banklar davlatning pul kredit siyosatini amalga oshirishda mas’ul muassasa hisoblanadi. Shuningdek, tijorat banklari ustidan nazorat va ularni kreditlashni amalga oshiradi, emissiya(pullar, banknotalar va boshqa kredit instrumentlarini muomalaga chiqarish), davlatni kreditlash va hukumat uchun hisob-kitob operatsiyalarni amalga oshirish, oltin-valyuta zahiralarini saqlash va boshqa funksiyalarni bajaradi.
Tijorat banklari universal moliyaviy muassasalar hisoblanib, kredit, investision, moliyaviy vositachilik, hisob-kitob operatsiyalarni amalga oshiradi. Zamonaviy tijorat banklari asosan aksionerlik shaklida tashkil qilinadi. Tijorat banklari: aktiv operatsiyalar, passiv operatsiyalar, vositachilik va ishonch operatsiyalari hamda boshqa qator operatsiyalarni bajaradi.
Moliyaviy vositachi muassasalar tarkibida sug’urta muassasalarining ahamiyati yuksakdir. Umuman, sug’urta munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida aksariyat iqtisodchi olimlar sug’urtani moliya tiziining alohida bo’g’ini sifatida qaraydilar.
Sug’urta munosabatlari - unda qatnashuvchi subyektlar o’rtasidagi xo’jalik subyektlari iqtisodiy faoliyati natijasida vujudga keluvchi ehtimolli zararlarni qoplash yoki sug’urta holatlarini sodir bo’lishi oqibatlari bilan bog’liq xo’jalik subyektlari yo’qotishlarini tenglashtirish uchun mo’ljallangan sug’urta fondiga maqsadli badallar hisobiga alohida pul fondlarini shakllantirish bo’yicha qayta taqsimlash munosabatlari majmuasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |