Mulchalash. Mahsulotning sifatini yaxshilash, hosilning yog’in-sochinli bahorda va tez sug’orish natijasida chirib nobud bo’lishdan saqlash, shuningdek begona o’tlarga qarshi kurash tadbiri sifatida qulupnay maydonlari (tuprog’i) usti yopiladi, buni mulchalash deyiladi. Buning uchun poletilin plyonka, poxol po’stlog’i, qipiq, qog’oz ishlatish mumkin. Erta bahorda, yerni kultivasiya qilib, o’g’it solib, egat olib bo’lgandan so’ng mulchalanadi. Mulchani erta bahorda ariq uzunligida 5-7 santimetrlrg kenglikda yopiladi. Biroq yangi o’rib olingan o’t, quruq barg to’shash yaramaydi, chunki ular mevani chiritib yuboradi.
Tajribalarda polietilen plyonka yopilgan maydonlar mevasi 3 kun oldin pishdi, tarkibidagi qand moddasi 1,76% oshib, tovar sifati yaxshilandi, begona o’t o’sishi kamaydi. Hosil terimi davrida plyonka ostidagi har m2 joyda 3 ta, ochiq yerda 28 ta begona o’t paydo bo’lgani aniqlandi.
Qulupnay hosilini yig’ib-terib olish. Meva terimi - uchastkadagi eng qiziqarli va mas’uliyatli ish. Qulupnayning sersharbat nozik mevalarini o’z vaqtida va sifatli nobud qilmay terib olish kerak. Terib olingan mevalarga to’g’ri tushadigan quyosh nuridan saqlash lozim.
Meva terimi ob-havo sharoitiga qarab boshlanadi, lekin farq 8-10 kundan oshmaydi. Odatda, dastlabki mevalar gullash boshlagandan 25-30 kun keyin pishadi. Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining janubiy rayonlarida va bahor erta kelganda qulupnay aprel oyining oxirida, tog’li va shimoliy rayonlarda esa, may oyining boshida pishadi. Butun may oyi va iyun boshlari terim davri hisoblanadi.
Mevalarning yirikligi va hosildorlikka qarab hosil tez yig’ib olinadi: hosildorlik qanchalik yuqori va mevalari qanchalik yirik bo’lsa, ularni terib olish ham tezlashadi. Qiyg’os pishgan davrda kunora va oradan ikki kun o’tkazib terib olish, rezavorning haddan tashqari pishib ezilib ketishiga yo’l qo’ymaslik kerak.
Havo quruq, issiq bo’lgan kunlari rezavor ertalab, shudringi ketgach va kechqurun issiq pasayganda, Havo bulutli kunlari esa kun bo’yi terish mumkin. Meva bandi bilan uziladi. Mevasiga tegib ketmasdan, bandini ushlab, tirnoq bilan chilpib olish kerak. Eti ancha qattiq bo’lgan (Pamyat Shredera va boshqalar) navlarni bandsiz ham uzib olish mumkin.
Meva terish uchun 2-2,5 kg meva sig’adigan savat yoki 40x25, 50x30 sm li yashiklar yaraydi. Kasal tekkan va shikastlangan (ezilgan) mevalar alohida idishga teriladi. Agar meva terilgan kuni iste’mol qilinmaydigan va qayta ishlanmaydigan bo’lsa, muzlatgichga qo’yib, ikki uch kun saqlash mumkin.
Hosilni terib olgach, sug’oriladi, so’ngra tuproqqa ishlov beriladi, mineral o’git (har m2 yerga 100- 200 grammdan) ammoniy selitrasi va superfosfat solinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |