O’simliklarni joylashtirish. Kulupnayni joylashtirishning bir qatorlab, ikki qatorlab, ya’ni gilam-dorojkaga o’xshatib, blokli qilib ekish usullari mavjud.
Ikki qatorlab joylashtirish sxemasini (120x40x40, 100x30x30, 100x25x25 va 90x25x25) sinab ko’rganda, to’rt yilda gektaridan 88,2 sentnerdan hosil olinadi, ya’ni maksimal hosildorlik yiliga o’rtacha 22,1 sentnerga to’g’ri keladi. Ikki qatorlab keng egat olib ekilganda ekin suvga yaxshi qonmaydi. Toraytirib olingan bir qatorli egatlardagi 60x25, 80x25, 100x25 sxemalarida ekilganda, 60x25 sxemasida joylashtirilgan ekinlar kontroldagiga nisbatan 31,4% ortiq hosil berdi.
O’zbekistonda bir qatorlab ekish ko’proq tarqalgan. Ko’chatlar qator orasi 70-80 sm, o’simliklar oralig’i 20-25 sm qilib ekiladi, shunda har 100 m2 yerga 500-714 tup yoki har m2 yerga 5-7 tup ko’chat joylashadi.
Qatordagi oraliqni 10-15 sm gacha toraytirganda kelgusi yili hosildorlik 80x25 sm sxemasida ekilganiga nisbatan 1,5-2 baravar ko’payadi, shuningdek ekishga ketadigan chiqimlar ham ortiq bo’ladi
Parvarishlash. Qulupnay tuprog’i o’z vaqtida ishlanmasa, begona o’t bosadi, ekin yorug’lik, namlik va oziq moddalarni yetarlicha o’zlashtiraolmaydi. Ko’chat ekilgach 20-30 kun o’tkazib egat va qator oralariga ishlov berish, begona o’tlarni yo’qotish, tez-tez sug’orish natijasida bo’ladigan qatqaloqni yumshatish kerak. Tuproqqa ishlov berishda va sug’orish ariqlarini ochishda ildizlarning kesilib, o’simlikning tuproq bilan ko’milib qolishiga yo’l qo’ymaslik lozim.
Birinchi yili avgust oyida ekilgan o’simliklarga har sug’orishdan so’ng ishlov beriladi. Sentyabrda ammoniy sulfatni har m2 yerga 30 g hisobidan solinib, tuproq chuqur yumshatiladi. Qorsiz sovuq qish oylarida yosh nihollarni sovuq urdirmaslik uchun ustiga poxol tashlanadi. Uglerod bilan oziqlanishini yaxshilash uchun tuplarning ostiga har m2 yerga 1-1,5 kg hisobidan yarim chirigan go’ng solinadi, so’ngra sug’oriladi, bu tadbirlar ekinni qishki sovuqdan saqlab, tuplarning baquvvat holatda ko’zga tashlanib turishi uchun o’tkaziladi.
Bahorda o’simlik kuzgi zapaslar hisobiga, qishlab chiqqan ildiz va barglar asosida rivojlana boshlaydi. So’ngra barglar o’sib, gullash va meva tugish, bachki shoxlar va o’simtalar chiqarish boshlanadi.
Bahorda uchastkadagi poxol yig’ib olinadi, kuzgi ishlovda solingan o’g’itni tuproqqa ko’mib chiqiladi. Hosildorlik, asosan, tuproqni bahorgi yumshatish muddatiga bog’liq. Birinchi yumshatish qancha erta o’tkazilsa, hosil shuncha yuqori bo’ladi, kechikkan sari hosildorlik pasayib boradi. O’zbekiston sharoitida bahor issiq, namlik beqaror kelgan yillarda tuproqni ertaroq yumshatish zarur. Shuning uchun fevral oxiri - mart boshlarida uchastkada ishlash imkoniyati tug’ilishi bilan qator oralarini 10-12 sm chuqurlikda yumshatib, o’simlik atrofidagi tuproqqa ishlov berish kerak.
Tuplar eski, qurigan barglardan tozalanadi, bunda qurigan barglarni chetga olib chiqib yoqib yuborish kerak. Bir vaqtning o’zida o’simlik tuplari to’g’rilanadi. Ochilib qolgan ildizlarga tuproq solib chiqiladi, cho’kib qolgan yoki chuqurroq ekilgan tuplarning o’sish nuqtalari ochib qo’yiladi. Paykal begona o’tlardan toza tuprog’i yumshoq, tup qalinligi qulay holda ushlanadi, qurib qolgan tuplar o’rniga yangisi ekiladi.
O’zbekiston sharoitida quyidagi muddatlarda ishlov beriladi: erta bahordan hosil yig’ib olinguncha- tup atrofi bir-ikki marta chopiq qilinib, yumshatiladi; mevalar terib olingach qator orasi 8-10 marta yumshatiladi, qatorlar 4-5 marta chopiq qilinib, ishlov beriladi. Meva tugayotgan tumanlarda birinchi chopiq bilan birga yerni yumshatib, begona o’tlar chopiladi, ikkinchi chopiq meva yetilishi oldidan, uchinchisi - hosil terib olingach hamda zarurat tug’ilganda yoz oxirida yakka bir marta o’tkaziladi.
Meva tugib bo’lgach, qulupnay bachki novda chiqarib, unda yangi ildizlar o’sadi, o’ziga xos yarus hosil bo’ladi. Shuning uchun, yildan yilga o’sgan sari ildizlar yuqoriga ko’tarilib qoladi. Yangi bachki novdadan chiqqan ildizlar esa tuproqning nam va oziqli qatlamidan yuzada joylashgani sababli qurib nobud bo’ladi. Tez-tez ochilib qolgan o’simlik zaiflashib, o’sishdan orqada qoladi, bu esa hosildorlikni pasaytiradi.
Mevasi terib olingan tuplar atrofini har yili chopiq qilish parvarishning asosiy tadbirlaridan bo’lib, chopiqdan so’ng gul kurtaklar shakllanishi va zapas oziq moddalar to’planishi uchun zarur sharoit vujudga keladi. Hosil terimidan so’nggi davrda tuproqni yumshoq, nam va begona o’tlardan holi tutish muhimdir. Shu davrda ekinga qanchalik yaxshi sharoit yaratilsa, kelasi yil hosildorlik shunchalik yuqori bo’ladi.
Yaxshi rivojlangan barg qoplami fotosintez jarayonini kuchaytiradi, o’simlikda plastik materiallar zonasini oshiradi, bu esa xuddi ildiz sistemasi kabi gulkurtaklarning shakllanishini kuchaytiradi, hosilning ko’payishiga imkon beradi.
Kulupnayning gul hosil qiluvchi organlari O’zbekistonda iyul - avgust oylarida, ya’ni harorat yuqori bo’lgan ( 420 S) vaqtda hosil bo’ladi. Gulkurtaklar shakllanadigan qatlamda tuproq namligini normal (18-20%) saqlash ayniqsa muhimdir.
Hosil yig’ib olingandan keyin agrotexnika qoidalariga rioya qilmaslik hosilning pasayishiga sabab bo’lishi mumkin. Chunonchi, mevasi terib olingan uchastkalarda begona o’t bosib, bachkilar ko’payib ketadi, tuproq ishlanmaydi, o’g’it solinmaydi, hatto siyrak sug’oriladi. Natijada barglar kichrayib, sarg’ayib ketadi, yuzada joylashgan gulkurtak va ildiz chiqaruvchi poyalar quriydi, o’simlik noziklashib, tez qariydi. Bunday sharoitda gulkurtaklar hosil bo’lishi sust kechadi, natijada kelgusi yil hosildorligiga jiddiy zarar yetkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |