Test va uning sotsiologiya fanida tutgan ahamiyati.
Test inglizcha so`z bo`lib, tajriba, sinov, o`rganish ma`nolarini ifodalaydi. Test sotsiologiya fanida chuqur ildiz otayotgan ilmiy tadqiqot usuli bo`lib, oddiy kuzatish yoki so`rov usullarida qo`lga kiritish mushkul voqea va holatlar, shaxslarning murakkab ichki ruhiy jarayonlari, hislat va fazilatlari, iroda kuchi haqida atroflicha ma`lumot olish imkonini beradi. Testning bosh vazifalaridan biri tafakkur, xotira, diqqat-e`tibor, bilish va qiziqish jarayonlaridagi va umuman, aqliy-intellektual faoliyatning turli jihatlaridagi o`zgarishlarni o`rganishdan iboratdir. Testlar ko`magida hayotiy tajribalar, tasavvurlar, fikr-qarashlar, axloqiy-estetik nuqtai nazarlar, muayyan xatti-harakatlarning kelib chiqish sabablari xususida qimmatli ma`lumotlar olish mumkin. Test usuli orqali sotsiologik tadqiqotlar o`tkazishda respondentga bir xil talablar qo`yilishi ham muhim ahamiyatga ega. Ular muhtasar holda, quyidagilardan iborat: 1.Respodentlar ayni bir xil muqobil javoblar yig`indisidan iborat savollarga bir vaqtning o`zida javob beradilar. 2.Savollarga javob berish tartibi, odatda, yozma ravishda har bir respondent e`tiboriga bir xil tarzda havola etiladi. 3.Ba`zi hollarda og`zaki tushuncha berish zarurati tug`ilga taqdirda har bir guruhga bir xil mazmunda izoh beriladi. 4.Respondentlarning har qaysisiga boshqasiga nisbatan afzal shart-sharoit tug`dirib berilmaydi. 5.Ilgaridan tayyorlangan testlar natijalarini baholash tizimi hammaga bab-barobar qo`llaniladi. 6.Test o`tkazish jarayonida sinov o`tkazilayotgan joy vakillari, begona shaxslar ishtirok etmasliklari kerak. 7.Testga javob berilayotgan paytda sotsiolog murakkab savollarga qo`shimcha maslahat va izohlar berishdan o`zini tiymog`i kerak.
Test bilan aloqador tadqiqotlarni amalga oshirish jarayonida quyidagi talablarga, ayniqsa, qat`iy rioya qilish lozim: 1.Test yordamida nimani aniqlash kerak ekanligini yaxshi bilib olish lozim. 2.Shaxs sifatlari, ruhiy-fiziologik jihatlarni tekshirishga bag`ishlangan testning savollari miqdor va sifat talablari asosida ishlab chiqiladi. 3.Test natijalarini sotsiologik tadqiqotning kuzatish va interv’yu usullari natijalari bilan taqqoslash maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashuv olinadigan natijalarning ob`yektiv va haqqoniyligini ta`minlab beradi. 4.Test o`tkazish mahalida milliy urf-odatlar, axloq normalarini buzmaslikka harakat qilish kerak. Masalan, test savollari qatorida «Jamoangizdagi eng xunuk ayol familiyasini qayd eting» yoki «Tasvirdagi eng go`zal ayol rasmini ko`rsating» singari savollar bo`lmasligi lozim. 5.Test o`yin va musobaqa tariqasida tavsiya etilishi yoki sinov tarzida o`tkazilishi mumkin. Buning uchun hozir turli gazeta va jurnallarda e`lon qilinayotgan test namunalaridan foydalanish mumkin. 6.Test namunalarining eng so`nggi xulosani fikr sifatida tavsiya etishga shoshilmaslik kerak. Faqat, diqqat-e`tibor, kuzatuvchanlik, xotira xususidagi testlardan ilmiy xulosalar chiqarish mumki, xolos. Qolgan sohalarda test orqali olinuvchi ma`lumotlar sotsiologiyaning boshqa metodlaridan olingan xulosalar bilan hamohang tavsiya etilishi va umumiy xulosalar qilinishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |