Madaniyat – umuminsoniy hodisa. U barchaga baravardir. Masalan, maqomlar, adabiyot, me’morchilik durdonalari, fan-texnika yutuqlari, transport va aloqa
Bog'liq 1-mavzu “MA’naviyatshunoslik” fanining ob’ekti, predmeti va ma’ (1)
Madaniyat – umuminsoniy hodisa. U barchaga baravardir. Masalan, maqomlar, adabiyot, me’morchilik durdonalari, fan-texnika yutuqlari, transport va aloqa vositalari barchaga tegishlidir. Ammo, bu madaniyatning milliy shakli bo‘lmaydi, degan ma’noni anglatmaydi. CHunki u qanchalik umuminsoniy bo‘lmasin, bari-bir uning zaminlari milliylikka borib taqaladi. Umuminsoniyat mulkiga aylangan har qanday madaniyat ham u yoki bu millat tomonidan yaratiladi, u madaniyatga o‘ziga xos bo‘lgan tomonlarini singdiradi. Masalan, umuminsoniyat mulkiga aylangan Samarqand, Buxoro va Hiva shaharlaridagi xunarmandchilik va arxitektura durdonalari, eng avvalo O‘zbeklarniki, ularga O‘zbeklarning avlod-ajdodlari o‘zlariga xos milliy jilo berganlar. O‘zbekona bunday san’at asarlari dunyoning boshqa xalqlarida uchramaydi. Xuddi ana shu xususiyati bilan ular milliy hisoblanadi.
Prezidentimiz milliy ma’naviyat haqida to‘xtab: “har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu borada, ma’naviy meros, madaniy boyliklar, ko‘hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi”,15-deb ta’kidlagan edi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridayoq Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni o‘rganish, asrash va himoya qilish, shu asosda yosh avlodimiz qalbi va ongiga ezgu g‘oyalarini singdirish bo‘yicha keng miqyosda amaliy ishlar olib borilmoqda. Samarqand, Buxoro, Xiva, SHahrisabz, Toshkent va boshqa qadimiy shaharlarimizdagi xalqimiz moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘zida ifoda etgan sharq memorchilik san’atining durdonalari bo‘lmish tarixiy obidalarini saqlash, ularni qayta tiklash va ta’mirlash ishlariga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. CHunonchi mustaqillik yillari Samarqanddagi Imom Buxoriy va Imom Moturudiy ziyoratgohlari, Buxorodagi Abduholiq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqishband, Minorai Kalon, va Masjidi Kalon majmualari, Farg‘onadagi Ahmad Farg‘oniy va Burhonuddin Marg‘iloniy yodgorliklari, Surxondaryodagi Hakim Termiziy va Imom Termiziy, Hivadagi Ichan qal’a, SHahrisabzdagi Dorut – tilovat, Qarshi shahridagi Odina va Ko‘kgumbaz obidalari, Karmana shahridagi Qosim shayh maqbarasi, Toshkentdagi Hazrati Imom (Hastimom) majmuasi singari o‘nlab qadamjolarni obod etish bo‘yicha keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari olib borildi.
Sobiq sho‘ro davrida boy ilmiy-madaniy merosni o‘zida jamlagan tarixiy – ma’naviy qo‘lyozmalar maxsus fondlarda saqlab kelinar va ulardan faqat tor doiradagi mutaxassislar ilmiy maqsaddagina foydalana olardi. Bu ma’naviy merosimizni asl insoniy mohiyatiga mos ravishda chuqur o‘rganish, ma’naviy hayotimizning uzviy bir qismi sifatida talqin va targ‘ib qilishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasdi. Bunga jur’at qilgan odamlarning qanday tazyiq va xavf-xatarlarga uchrashi muqararligini yaqin o‘tmishimiz bilan tanish bo‘lgan har qaysi o‘rta va keksa avlod yaxshi biladi. Tarixiy madaniy – me’moriy madaniyat yodgorliklari –masjid va madrasalar, maqbaralar qarovsiz, xaroba holga kelib qolgan edi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq diniy ma’naviy- madaniy merosimizga bo‘lgan bunday salbiy munosabatga chek qo‘yildi, ajdodlarimiz tamonidan yaratilgan boy ma’naviy va madaniy merosga voris xalq ekanligimizni anglash va bu bilan faxrlanish yo‘lida qator tadbirlar amalga oshirildi. Ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan bebaho ilmlar, jahon fani va madaniyatiga beqiyos katta hissa bo‘lib qo‘shilgan asarlarni teranroq o‘rganish imkoniyati yuzaga keladi. YUrtdoshlarimiz Imom at-Termiziy, Ahmad YAssaviy, Imom al-Buxoriy, Baxouddin Naqshbandiy, Mahmud Zamaxshariy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Abu Mansur Moturudiy va boshqa islom olamining allomalari hayoti va ijodi o‘rganilib, ularning o‘lmas asarlari xalqimiz ma’naviy hazinasiga qaytarildi. Mazkur ulug‘ zotlar mangu qo‘nim topgan joylar obodonlashtirilib xalqimizning ziyoratgohlariga aylantirildi. Zotan bu buyuk siymolar odamlar ongiga poklik, halollik, diyonat, adolat, insonparvarlik kabi umuminsoniy ma’naviy qadriyatlarni singdirishib, kishilik jamiyatining ezgulik yo‘lidan taraqqiy topishiga ulkan hissa qo‘shdilar.
Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti bo‘lmish AYSESKO tomonidan Toshkent shahriga 2007 yilda «Islom madaniyati poytaxti»degan yuksak nom berilishi yurtimizda etishib chiqqan ilmu ulamolarning Islom madaniyati va ma’rifati rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini islom dunyosida e’tirof etilishidir.
Ular qoldirib ketgan ma’naviy meros bugungi kunda diniy qadriyatlarimizni tiklashimizning asosi bo‘lmoqda, ma’naviyatimizni, qalbimiz va ruhiyatimizni boyitmoqda. Ularning asarlari o‘zbek xalqining moddiy va ma’naviy boyligi bo‘lishi bilan birga butun dunyo xalqlarining mulkiga aylangandir.
Avlod-ajdodlarimizdan qoldirilgan ana shu moddiy va ma’naviy meros mustaqillik sharoitida ma’naviy tiklanish, ma’naviy poklanish, ma’naviy rivojlanishimiz uchun asosiy manba bo‘lib kelayotganligi, ruhiyatimizni boyitib borayotganligi madaniyat va ma’naviyatning har doim uyg‘un rivojlanishini tasdiqlovchi yorqin misol bo‘la oladi. Ular har doim bir-birlariga ijobiy ta’sir o‘tkazib o‘zaro bir-birlarini boyitib kelganlar. Ularning uzviyligi umummilliy ma’naviyatimizni rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.