1-Mavzu: Kirish. Kirish.Mustaqil O'zbekiston Respublikasining tashkil topishi va uning tarixiy ahamiyati.
Reja:
1. O‘zbekistonning eng yangi tarixi faniga kirish: fanning predmeti, maqsad va vazifalari
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi anlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori va uning ahamiyati
3. O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanining nazariy metodologik tamoyillari
Tayanch so‘z va iboralar: eng yangi tarix, metodologiya, fan predmeti, fanning maqsad va vazifasi, fanlararo yonashuv.
Mustaqillik yillari ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning tezkorligi, voqea va hodisalarning shiddatliligi, olam-u odam taqdiriga daxldor bo‘lgan dunyoviy muammolar-u serqirra hayotning barcha jabhalarini qamrab olgan umumiy qarashlarimizdan tortib, eng kichik, eng shaxsiy yumushlarimizgacha bo‘lgan barcha hodisalarni o‘zida mujassam etadi. Tabiiyki, bunday yalpi yangilanishlar jarayoni ijtimoiy-gumanitar fanlar qatorida tarix fani oldiga ham yangi vazifalar qo‘yadi. Tadqiqotchilar birinchi navbatda xalqimizning mustaqillikka erishish yo‘lidagi asrlar osha olib borgan tinimsiz kurashini, uni qo‘lga kiritish yo‘llari va vositalarini, milliy davlatchilik qurilishiga doir tajribani, mustaqillikni mustahkamlashning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy omillarini o‘rganish va milliy g‘oyani yaratish kabi bir qator muhim muammolarni har tomonlama mushohada qilmoqlari lozim. Darhaqiqat, tarix xotirasi inson taraqqiyotiga kuchli ta’sir o‘tkazadi, milliy g‘oyaning shakllanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Milliy ong, milliy tafakkur xalq tarixi, uning rivojlanish bosqichlarini nechog‘li o‘rganish, undan saboq chiqarish bilan bog‘liq. Ulug‘ allomalar aytganidek, tarix insonni istiqbolga da’vat etadi, ulkan yaratuvchilikni rag‘batlantiradi. “O‘zbekistonning eng yangi tarixi” fanining vazifasi – O‘zbekiston milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini tadqiq etish va o‘qitish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish, ilm-fanning ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlarini mustahkamlash va rivojlantirish borasida ilmiy, madaniy, ta’lim, jamoat muassasalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish ishlarining samaradorligini oshirish, yoshlarda, avvalambor, umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar o‘quvchilarida, oliy ta’lim muassasalari talabalarida mamlakat tarixi haqidagi chuqur bilimlarni shakllantirishdir.
Zotan, uning ulug‘ murabbiylik, tarbiyachilik, yo‘naltiruvchilik qudrati ham xuddi ana shunda. Insoniyat tarixida XX asrning so‘nggi choragi va – XXI asr boshi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarning yangi pallasini boshlab berib, O‘zbekistonning milliy davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishi aynan shu davrga to‘g‘ri keldi. Bu holat tarix fanida ham tub o‘zgarishlarni, nazariy va metodologik yangilanishni, bir so‘z bilan aytganda mustaqil O‘zbekiston nufuziga munosib bo‘lishni taqozo qildi. Mustaqillik yillarida tarix fani arsenali yangilanib, o‘zgardi. Tarix fanida kechgan chuqur ichki transformatsiya jarayoni fanning nazariy-metodologik, konseptual, mazmuniy, strukturaviy o‘zgarishlarida aks etdi. Yangi ijtimoiy impulslar ta’sirida ko‘pgina mavzular yangicha mushohada qilina boshladi. Haqqoniy talqini va tahliliga muhtoj bo‘lgan mavzular tarixchilar diqqat markazidan joy oldi va bugungi kunga qadar ba’zi konseptual jihatlari haqida qatiy bir xulosaga kelishda bu jarayon davom etmoqda.
Sovet davrida o‘rganish ta’qiqlangan, noto‘g‘ri talqin etilgan mavzular ilmiy xolislik asosida - milliy mustaqillik nuqtai nazaridan qaytadan o‘rganildi. Tarixiy tadqiqotlar diapazoni kengayib, yangi ilmiy yo‘nalishlar vujudga keldi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi tarix fanida ana shunday yangi ilmiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Bu bevosita milliy mustaqil davlatning tashkil topishi bilan vujudga kelib, zamonaviy tarixiy jarayonlarning rivojini o‘rganish, tahlil qilish, tarixiy tajribani umumlashtirish va bu orqali milliy o‘zlikni anglashga yo‘naltirilgandir. ―O‘zbekistonning eng yangi tarixi hozircha institutsional xarakter kasb etgan emas, yoinki o‘z metodologiyasi, tadqiqotchilik ishlari va o‘quv-uslubiy ta’minotiga ega bo‘lgan mustaqil fan sohasigaajratilmagan. So‘nggi yillar davomida mamlakatimiz hayotida ro‘y bergan voqealar ko‘lami va rivoji fan va ta’lim oldiga ularni tizimli mushohada qilish masalasini ilgari surmoqda.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning nihoyatda dolzarblashuvi munosabati bilan 2012 yil yanvarida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Birinchi Prezidentining ―O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashini tashkil etish to‘g‘risida‖gi qarori qabul qilindi. Kengashning asosiy vazifalari qatoridan ―demokratik huquqiy davlatni, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini, fuqarolik jamiyatining asoslarini shakllantirishda «o‘zbek modeli»ning mohiyati va mazmunini, inson huquqlari hamda erkinliklarini ta’minlash, jamiyatda barqarorlikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni, hozirgi dunyoda O‘zbekistonning roli va o‘rnini chuqur o‘rganish va yaqqol ko‘rsatib berish‖ ham muhim o‘rin oldi.
Mustaqillik yillarida tarix fani dolzarb muammolarini aniqlash, ilmiy jamoatchilikning bu muammolar yechimini izlashdagi yondoshuvlari va faoliyatini aks ettirishda ilmiy anjumanlar muhim o‘rin tutdi. Tarix fani nazariy-metodologik asoslarini, tarix tadqiqotlariga yondoshuvlarni yangi davr talablari va mezonlari asosida ishlab chiqish, uning oldida turgan vazifalarni aniqlashda bu muammolar muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ―O‘zbekistonning yangi tarixi: konseptual metodologik muammolar‖ (1999 y.); ―Novaya istoriya Sentralnoy Azii. Pereotsenka istorii, sovremennqe problemq i podxodq‖ (2004 y.) mavzuidagi respublika va xalqaro ilmiy anjumanlarning ahamiyati katta bo‘ldi. 2013 yil may oyida Respublika Fanlar akademiyasi tomonidan tashkil etilgan ―O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishning dolzarb masalalari‖ga bag‘ishlangan matbuot anjumanida bajarilgan ishlar sarhisobi ilmiy jamoatchilikka taqdim qilindi, jamiyat rivojining yangi bosqichi ehtiyojlari tarixchilar oldiga jahon tajribasidan kelib chiqib, tarix fanini yangi nazariy-metodologik darajaga ko‘tarish va yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish zarurligi kabi vazifalar qo‘yildi. Tarix tadqiqotlarini amalga oshirishning zamonaviy vositalaridan bo‘lgan turli fondlar bilan ilmiy hamkorlik yangi loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda.
Chunonchi, Tarix instituti va Konrad Adenaur fondi bilan o‘zaro ilmiy hamkorlikda bajarilayotgan ―Eng yangi tarix umumjahon jarayonlarining tarkibiy qismi sifatida‖ loyihasi doirasida o‘tkazilgan ―O‘zbekistonning eng yangi tarixini fanlararo o‘rganish‖ mavzuiga oid davra stolidagi (2014 yil, 24 sentyabr) ma’ruzalar va muhokamalar eng yangi tarixning dolzarb masalalarini, tadqiqot usullarini aniqlashda tarixchilar hamjamiyati uchun muhim ilmiy tadbir bo‘ldi. Ilmiy jarayonni tashkil etishda dissertatsion tadqiqotlar ilmiy bilimlar rivojining ko‘rsatkichi ekanligini nazarda tutadigan bo‘lsak, mustaqillik yillarida O‘zbekistonning eng tarixiga oid ilmiy bilimlarning to‘planishi va rivoji 1991-2012 yillar mobaynida himoya qilingan dissertatsion tadqiqotlarda o‘z ifodasini topdi.
Mustaqillik tarixining turli jihatlari doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining mavzulari bo‘ldi. Shuni ta’kidlash lozimki, ko‘rsatilgan yillarda O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha himoya qilingan doktorlik dissertatsiyalari nisbatida O‘zbekistonning mustaqillik davri tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan tadqiqotlar ko‘p emas. Dunyoda ―O‘zbek modeli‖ deb e’tirof etilgan siyosiy, ijtimoiyiqtisodiy va madaniy sohalardagi tub islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi, tarixiy jarayonlar tarixchilar tomonidan qadam-baqadam o‘rganilib borildi va ilmiy tadqiqot ob’ektiga aylandi. O‘zbekiston jamiyati hayotida kechayotgan demokratik o‘zgarishlar, fuqarolik jamiyatini shakllantirish vositalari, ko‘ppartiyaviylik tizimining vujudga kelishi va rivojlanishi kabi mavzular tarixchilar tomonidan o‘rganila boshlandi. Mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohadagi o‘zgarishlar Respublika viloyatlari va shaharlari misolida tadqiq etildi. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston aholisining milliy xususiyatlari va demografik rivojlanishi jarayonlarini o‘rganish dolzarb ahamiyat kasb etdi. Tarixiy o‘zgarishlarning demografik jarayonlarga ta’siri hamda ularning turli jihatlarini tahlil etish mamlakatda amalga oshirilayotgan kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, islohotlarning ijtimoiy samarasini oshirishga qaratildi.
Tarixchilar tadqiqot ob’ekti bo‘lgan ma’lum hududni mustaqillik yillaridagi rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatini o‘rganish orqali iqtisodiy, agrar, madaniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalarini yoritdilar. Mazkur tadqiqotlarning davriy chegarasi, manbaviy asoslari turlicha bo‘lishiga qaramay, bu izlanishlarning umumlashmasi mustaqillik yillarida mamlakat iqtisodiy ijtimoiy va madaniy jarayonlarini yaxlit bir manzarasini shakllantirishda muhim material bo‘lib xizmat qiladi Mustaqillik davri ijtimoiy jarayonlarini turli jihatlarini ma’lum xronologik doirada o‘rgangan tadqiqotlar vujudga keldi. O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘li ta’lim tizimini isloh qilishni taqozo qildi. Bu sohada O‘zbekiston o‘z milliy strategiyasini ishlab chiqib, ta’lim tizimini isloh qilishning o‘ziga xos yo‘lidan bordi. Ta’lim tizimidagi islohotlar jarayoni, Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining ishlab chiqilishi va amaliyotga tadbiq etilishi natijasidata’limning uzluksizligi, umumta’lim va professional ta’limning chuqurlashib borishini yorituvchi, shuningdek O‘zbekistonda ilm-fan rivojlanishi holati va taraqqiyot yo‘nalishlarini tahlil qiluvchi tadqiqotlar amalga oshirildi. O‘zbekiston mustaqilligi sharoitida millliy ma’naviy qadriyatlarning tiklanishi va rivojlanishi, madaniyat rivojining turli jihatlarini yorituvchi tadqiqotlar vujudga keldi. Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar muvaffaqiyati jamiyatning katta qismini tashkil etgan ayollar faolligiga bog‘liq ekanligi O‘zbekistonda xotin-qizlar masalasida yangicha yondoshuvlar, muammolar yechimini izlash zaruriyatini taqozo qilganligi G.G‘anieva tadqiqotida o‘rganildi.
Mustaqil O‘zbekistonda yoshlarga oid siyosatning ahamiyati va ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni, milliy mustaqillik sharoitida talaba yoshlarda axloqiy qadriyatlarining shakllanishi tadqiq qilindi. O‘zbekistonning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni nomzodlik dissertatsiyalari mavzulari orasida eng faol o‘rganilgan muammolardan bo‘ldi. O‘zbekistonda diplomatiya xizmatining shakllanishi va rivojlanishi o‘rganish O‘zbekistonning sovet davri va mustaqillik yillaridagi tashqi aloqalari tarixini qiyosiy tahlil etish orqali bu soha rivojida muhim o‘rin tutgan omillarni aniqlash va tarixiy jarayonlarni umumlashtirib, ilmiy xulosalar chiqarish imkonini berdi.
O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligi va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekistonning o‘rni muammosi bir qator nomzodlik dissertatsiyalarida tadqiq qilindi. Ushbu tadqiqotlar O‘zbekistonning eng yangi tarixini yaratish yo‘lida yosh mustaqil respublikaning mintaqadagi barqarorlikni ta’minlashda jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini har tomonlama qamrab olinishiga va ilmiy jihatdanyoritilishiga yordam beradi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda tizimli yondoshuvning shakllantirilishi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohadagi tub o‘zgarishlarni tadqiq qilishda har bir jarayon xususiyatidan kelib chiqib ma’lum xronologik ramkalarni belgilab olish maqsadga muvofiq bo‘lishini ko‘rsatdi. Mazkur tadqiqotlar, ularda mujassamlashgan manbaviy ma’lumotlarni tanqidiy va tahliliy o‘rganish O‘zbekistonning eng tarixini yaxlit manzarasini yaratishga xizmat qiladi. Mamlakatimiz tarixchilarining O‘zbekistonning mustaqillik davri tarixiga doir izlanishlari natijalari shuningdek ko‘plab maqolalar, risolalar, monografik tadqiqotlarda o‘z ifodasini topdi. O‘zbekistonning mustaqillik davri masalalarini o‘rganishda faylasuflar, iqtisodchilar, huquqshunoslar, sotsiologlarning izlanishlarini e’tirof etgan holda, ularning tadqiqotlarida mujassamlashgan ma’lumotlar va xulosalarni tarixiy tadqiqotlarga jalb qilish asnosida, fanlararo yondoshuvga asoslangan O‘zbekistonning eng tarixini yaxlit yorituvchi asarning yaratilishi fursati yetdi. Bu asar jamiyat tarixiy tafakkurida mamlakatimizning dunyoda munosib o‘ringa egaligi va O‘zbekiston tarixi umumjahon tarixiy jarayonlarining ajralmas bir qismi ekanligi haqidagi tasavvurlarni shakllantirmog‘i lozim. ‖
Har bir tarixiy jarayon shu jarayonlar sodir bo‘layotgan davrning mahsuli. Ma’lum bir davrda xalq tafakkuri, intellektual salohiyati, buyuk maqsadlari va ulug‘ kelajakka bo‘lgan ishonchlari shakllanadi. Voqeahodisalar, xususan, jamiyat bir holatdan ikkinchi bir holatga o‘tayotgan, odamlar dunyoqarashida keskin burilishlar sodir bo‘layotgan, natijada yaxlit jamiyat, butun xalq hayoti yangi mazmun kashf etayotgan bir jarayonda tarixiy davrni butun ko‘lami, mahobati va mohiyati bilan o‘rganish fan oldidagi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir. Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy siljishlar bilan birga tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan o‘zbek xalqi hayotida XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari yangi sahifa ochdi. Mustaqillikning o‘tgan davri tarix bilan qiyoslaganda kapalak umridek qisqa. Biroq, ana shu davrda xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu davrning mohiyati – butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani sobiq mustabid tuzum mafkurasidan voz kechish, yangi yondashuvlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarga yuz tutdi. Fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish O‘zbekiston tarixchilari zimmasiga jahon amaliyoti yutuqlaridan kelib chiqib, tarix fanini yanada yuqori ilmiy-nazariy darajaga olib chiqish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish kabi vazifalarni yuklamoqda. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri bo’ldi.
Qarorda Jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli, haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish. Ikkinchi yo‘l – mavjud bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi mamlakatimizning 1991-yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va mazmunini anglab yetish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganini tushunib yetish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari, oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan to‘ldirishimiz maqsadga muvofiqdir.
Rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng ishtirok etishini ta’minlovchi siyosiy institutlarning xilma-xilligiga asoslangan yangi demokratik tizim negizlarini shakllantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan. Sobiq tuzum davrida davlat va yakkapartiyaviylik tizimi shaxs ustidan yalpi hukmronligini o‘rnatgan edi. Fuqaroning huquqiy himoyalanmagani, boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullari, har qanday muqobil fikrlashning tazyiq ostiga olinishi ko‘p odamlarda chorasizlik tuyg‘usini uyg‘otib, real hayotdan uzoqlashish istagini oshirdi. “Siyosiy autsayderlar” deb ataluvchi kishilar sonining o‘sishi, jamiyatda ijtimoiy pessimizm va boqimandalikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Afsuski, bugungi kunda ham jamiyatda eski davrga xos bo‘lgan ijtimoiy ongning retsidivlari muayyan darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu holatni nazarda tutgan holda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni jiddiy tanqid ostiga olib, quyidagilarni ta’kidladi: “Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda. Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda”. Bugun kuchli fuqarolik jamiyatni qurish vazifasi tobora ko‘proq dolzarblik kasb etmoqda. Uning amalga oshirilishi real va faol ko‘p partiyali tizimni shakllantirishni talab etayotir.
Do'stlaringiz bilan baham: |