2. Bolalar adabiyoti ham umumbadiiy adabiyot ish ko`radigan xalqchilik haqqoniylik va yuksak badiiylik umda (prinsip)lariga tayanadi.
Bolalar adabiyotining xalqchilligi shundaki, u avvalo, xalqning asrlar davomida yaratgan eng ilg`or qarashlari va hayotiy tajribalari ruhida farzandlarini tarbiyalashni ko`zlaydi. Xalq hamma zamonlarda mehnatkashlikni, halollikni, rostgo`ylikni, to`g`rilikni, Vatanni sevishni, kattani hurmat qilib kichikka shafqatli bo`lishni sharaflab kelgan, ishyoqmaslik, tekinxo`rlik, subutsizlik, yolg`onchilik, o`g`rilik, shafqatsizlik, toshbag`irlik, xoinlik, g`iybatkashlik kabi insoniylikni tahqirlovchi xislatlarni qoralagan. Bolalar adabiyoti xalqni o`z kelajagi bo`lgan yosh avlodga ana shu sohadagi dono aqidalar va ijodiy an`analarini singdirishda xizmat qilmog`i darkor.
Bu-olijanob maqsad. Uni amalga oshirish yuksak burch va mas`uliyatni talab qiladi. Binobarin, bolalar uchun yoziladigan asarlar ham yuksak badiyatga ega bo`lmog`i shart. Ularda hayot haqqoniyko`rsatilmog`i, insoniylikni, mehnatni sharaflovchi, bolalarda kelajakda kim bo`lmoqlarini belgilab olishlarida ko`maklashuvchi g`oyaviy-badiiy barkamollik ufurib turmog`i zarur. Xom-xatala, hayotni bo`yab-bezab bayramdagiday tantanavor qilib ko`rsatuvchi bitiklar bolalar ma`naviy olamiga salbiy ta`sir ko`rsatadi.
Realizm-bolalar adabiyotining ham asosiy ijodiy metodi sanaladi. Biroq bolalar uchun yoziladigan asarlarda voqelikning haqqoniy va aniq ifodasi goho romantika, goho fantastik bo`yoqqa sug`orilgan holda aks etishi mumki.Bu asarning qiziqarliligini, emocionaligini kuchaytiradi va o`qimishligini ta`minlaydi. Umuman, bolalar adabiyoti realizmida umuminsoniylikni qadrlash, ijtimoiy adolatni, ezgulikni sharaflash ruhi ustivor bo`ladi.
3. Bolalar adabiyoti ham umumbadiiy adabiyotda mavjud barcha turlar(proza, poeziya va dramaturgiya ) va janrlarda ish ko`radi. Shuni ta`kidlash joizki,badiiy adabiyot janrlarga qanchalik boy bo`lmasin, bolalar adabiyotida ularning bolalar dunyoqarashi va estetik idealiga muvofiq keladiganlaridangina foydalaniladi. Bolalar nasrida roman, qissa, hikoya; poeziyasida she`r, masal, doston; dramaturgiyasida esa drama va komediya janrlari faol bo`lsa-da, mumtoz sheriyatdagi muxammasot namunalari, ruboiy, fard, qit`a, shuningdek, dramaturgiyadagi tragediya janrlariga murojaat qilinmaganini qayd qilishga to`g`ri keladi. Buning sababini bu janrlarda ifodalanadigan voqelik kattalar turmushi va dunyoqarashiga xos murakkabliklarga daxldorligi bilan izohlanadi.Aksincha xalq nasrining shakli bo`lgan ertak janri bolalar adabiyotiga ayricha qimmat kasb etgan. U bolalar nasrida adabiy ertak-novella,ertak-qissa, ertak-roman; poeziyasida she`riy adabiy ertak, naql-ertak, topishmoq-ertak va nihoyat dramaturgiyasida ertak-drama, ertak-kamediya, ertak-opera va ertak-film singari talay xilma-xil oraliq janrlarning yuzaga kelishi va qaror topishiga ta`sir ko`rsatgan. Bu hol bolalar adabiyoti genetik asoslarini belgilashda, folklor nechog`li rol o`ynaganini yaqqol ko`rsatib turibdi. Ammo bolalar adabiyotining umumbadiiy adabiyotdan ayri xususiyatlari ham borki, bular uning mustaqil hodisa-alohida adabiy saltanat sifatidagi mohiyatini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |