Hujjatlarni o‘rganish – mehnat jarayoni ishchilar tarkibi, ularning kasbiy tayyorgarligi va malakasi to‘g‘risidagi ob’ektiv ma’lumotlarni yig‘ish metodi hisoblanadi. Bu ma’lumotlar quyidagi hujjatlardan olinadi:
- Ishchilar harakatlarini tasvirlovchi texnologik kartalar, ishning bajarilish usullarini sifatiga quyiladigan talablar;
- Insonga psixofiziologik va psixologik ta’sir ko‘rsatadigan asbob-uskunalarning texnik tavsifnomasi;
- Yoshi, staji, ma’lumoti, kasbiy tayyorgarligi, kadrlar qo‘nimsizligi uning sabablari va hokazolar xaqidagi ma’lumotlar;
- Ishlab chiqarishdagi avariyalar va travmalar shuningdek, ishchilar sog‘ligining holati to‘g‘risidagi ma’lumot.
Mehnat metodi – bu kasbiy faoliyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish joyida o‘rganishga qaratilgan tadqiqot metodidir. Kasbiy faoliyatni egallagan va bajaruvchisi sifatida psixolog ham tadqiqotchi ham ishchi sifatida faoliyat olib boradi. Har bir ish kunidan keyin standartlashgan sxema bo‘yicha bayonnoma to‘ldiriladi. Ish joyida tadqiqot olib borish usullari samaraliroq hisoblanadi. Tadqiqotchi standart kuzatish chizmasi asosida ishchining faoliyatini o‘rganadi. Bu usullarning afzalligi kasbiy realikka maksimal darajada yaqin bo‘lishidadir.
Kuzatish metodi tabiiy metodlar jumlasiga kirib, bunda tashqi kuzatuv mohiyatan kuzatiluvchi xulq-atvorini bevosita tashqaridan turib kuzatish orqali ma’lumotlar to‘plash usuli bo‘lsa, o‘z-o‘zini kuzatish esa odam o‘zida kechayotgan biror o‘zgarish yoki hodisani o‘zi o‘rganish maqsadida ma’lumotlar to‘plashdir. Erkin kuzatuvda ko‘pincha biror ijtimoiy hodisa yoki jarayonni o‘rganish maqsad qilib qo‘yiladi. Masalan, dars jarayonida ta’lim oluvchilarning u yoki bu mavzu yuzasidan umumiy munosabatlarini bilish uchun ham ba’zan erkin kuzatish tashkil etilishi mumkin. Standartlashtirilgan kuzatuv esa, buning aksi bo‘lib, nimani, qachon, kim va kimni kuzatish qat’iy belgilab olinadi va maxsus dastur asosida kuzatuv olib boriladi.
Psixologiyada guruhiy jarayonlarning shaxs xulq-atvoriga ta’sirini o‘rganish maqsadida bevosita ichkaridan kuzatuv tashkil qilinadi, bunda kuzatuvchi shaxs o‘sha guruh hayotiga tabiiy ravishda qo‘shiladi va zimdan kuzatish ishlarini olib boradi. Shu yo‘l bilan olingan ma’lumotlar bir tomondan tabiiyligi va mufassalligi bilan qimmatli bo‘lsa, ikkinchi tomondan, agar kuzatuvchida konformizm xislati kuchli bo‘lsa, o‘zi ham guruh hayotiga juda kirishib ketib, undagi ayrim hodisalarni sub’ektiv ravishda takrorlaydigan bo‘lib qolishi ham mumkin. Guruhiy fenomenlarni tashqaridan kuzatish buning aksi – ya’ni kuzatuvchi guruhga yoki kuzatilayotgan jarayonga nisbatan chetda bo‘ladi va faqat bevosita ko‘zi bilan ko‘rgan va eshitganlari asosida fikr-mulohaza yuritadi. Kuzatish metodining ijtimoiy hayot, professional ko‘rsatkichlarni qayd qilishda so‘zsiz afzalliklari bor, lekin shu bilan birga kuzatuvchining professional mahorati, kuzatuvchanligi, sabr-qanoatiga bog‘liq bo‘lgan jihatlar, yana to‘plangan ma’lumotlarni sub’ektiv ravishda tahlil qilish xavfi bo‘lgani uchun ham biroz noqulayliklari yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, tadqiqot jarayonida ba’zida turli hodisalar ko‘p uchraydi va kuzatilayotgan voqealarga aralashib ketadi. Ayrim vaziyatlarda esa sinovchilarga tadqiqot vazifalari haqida ma’lumot berishga to‘gri keladi, bu esa ularning kasbiy xulqi va faoliyatini suniy ravishda o‘zgartirishiga olib keladi. Kuzatuv metodi kamchiliklarini tartibga solish maqsadida 1973 yilda AQShda kuzatuv so‘rovi ishlab chiqiladi. Mazkur kuzatuv so‘rovining amerika va nemes standart variantlari kasbiy talablar, kvalifikatsiya, kasbiy qiziqish, mehnatdan qoniqish, ish joyi va tashkilotni tahlil qilish uchun ishlab chiqilib, u 194 savollardan iborat.
Kuzatuv so‘rovining tadqiqot ob’ektlari 4 blokga bo‘lingan:
1) axborot to‘plash va qayta ishlash;
2) mehnatga oid harakatlarni bajarish;
3) shaxslararo va professional munosabatlar;
4) murakkab va maxsus mehnat sharoitlari.
Kuzatuv so‘rovi o‘rtacha 1yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatda olib boriladi. Uning davomiyligi tadqiqotchilarning ishlab chiqarish faoliyati to‘g‘risidagi bilimlari va sinaluvchi (ishchi) bilan o‘rnatilgan ishonch darajasiga bog‘liq.
Do'stlaringiz bilan baham: |