Evropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (ETTB) 1990 yilda Londonda tashkil qilingan. ETTBning asosiy maqsadi – Markaziy va Sharqiy Evropaning sobiq sotsialistik tuzumda bo’lgan mamlakatlarini bozor iqtisodiyotiga o’tishiga yordam berishdan iborat. ETTB faqatgina aniq doiradagi loyihalarni kreditlaydi. ETTB resurslari XTTBga o’xshashlik bo’yicha shakllanadi.
ETTB ishlab chiqarishni (loyihalarni moliyalashtirishni o’z ichiga olgan holda), infratuzilmani taraqqiy ettirish va qayta tiklashga texnik yordam ko’rsatishni (ekologik dasturlarni o’z ichiga olgan holda), aktsionerlik kapitaliga investitsiyalari, ayniqsa xususiylashtirilayotgan korxonalarni kreditlashga ixtisoslashgan. Shu bilan birgalikda ETTBning asosiy diqqati kichik biznesni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan. Boshqa xalqaro moliya institutlari singari ETTB aniq maqsadli investitsiyalarni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishda maslahat berish xizmatini ko’rsatadi. ETTBning bitta strategik vazifasi – davlat korxonalarini xususiylashtirishni qo’llab-quvvatlash, ularni modernizatsiyalash va tuzilmaviy qayta qurish, shuningdek ushbu masalalar bo’yicha maslahatlar berishdan iborat.
Bank o’z a’zolariga, tuzilmaviy va tarmoq iqtisodini davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirishni isloh qilish, bu bilan mamlakatlarni jahon iqtisodiy hamjamiyatiga uyg’unlashuviga ko’maklashadi.
ETTBning ta’sischilari bo’lib 40 mamlakat – Albaniyadan tashqari hamma Evropa mamlakatlari, AQSh, Kanada, Meksika, Marokko, Misr, Isroil, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, shuningdek, EIK va Evropa Investitsiya Banki hisoblanadi. SSSR, Chexoslovakiya va Yugoslaviya parchalanganidan keyin paydo bo’lgan yangi davlatlar uning a’zolari bo’lishdi. Uning a’zolari sifatida XVF a’zosi bo’lgan har qanday mamlakat bo’lishi mumkin. 2010 yil holatiga ko’ra ETTB aktsionerlari bo’lib 60 dan ortiq mamlakat hisoblanadi.
Shuningdek ETTB quyidagi faoliyat turlarini moliyalashtirmaydi:
Mudofaa sanoati.
Tamaki sanoati.
Xalqaro huquqiy me’yorlarda taqiqlangan vositalarni ishlab chiqarish.
Qimor biznesi.
Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi ishlab chiqarishlar va jarayonlar.
ETTB kredit-moliya siyosatining muhim yo’nalishlaridan moliyaviy sektor, energetika, telekommunikatsiya infratuzilmasi, transport va agrobiznesni ajratib ko’rsatish mumkin. Alohida holda xususiylashtirish sohasi ham muhim o’rin egallaydi.
Hozirgi kunda ETTB kredit liniyalaridan dunyodagi ko’pchilik mamlakatlar o’z iqtisodiyotini rivojlantirishda foydalanib kelmoqda. Ushbu tashkilot tomonidan ajratilayotgan mablag’lar jahon iqtisodiy holatini yaxshilanishiga ta’sir ko’rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |