17.2. Xalqaro xisob-kitob shakllari va uni turkumlash.
Shakllangan amaliyotga muvofiq, zamonaviy sharoitda xalqaro xisob-kitoblarning quyidagi shakllari qo‘llaniladi: xujjatli (dokumentar) akkreditiv, inkasso, bank pul o‘tkazmasi, ochiq xisobvaraq, bo‘nak. Bundan tashqari, veksellar va cheklardan foydalanilgan xolda xisob-kitoblar amalga oshiriladi. Xisob-kitoblarning aloxida turlari bo‘yicha banklarning kafolat berish bilan bog‘liq operatsiyalari xalqaro xisob-kitoblar bilan bog‘liqdir (masalan, inkasso, bo‘nak, ochiq xisobvaraq). Ushbu kafolatlar tashqi savdo ishtirokchilari tomonidan shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar bajarilishining qo‘shimcha ta’minoti bo‘lib xisoblanadi. Xalqaro xisob-kitoblarning tarixan quyidagi xususiyatlari shakllangan:
1.Importyor va eksportyorlar xamda ularning banklari tashqi savdo shartnomasi shartlaridan tashqarida bo‘lgan rasmiylashtirish, jo‘natish, tovardan foydalanish xuquqini beruvchi xujjatlar va to‘lov xujjatlarini qayta ishlash, to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq ma’lum bir munosabatlarga kiradilar. Ularning orasidagi majburiyatlar xajmi va javobgarlikning taqsimoti xisob-kitobning aniq bir shakliga bog‘liqdir.
2.Xalqaro xisob-kitoblar me’yoriy milliy xuquqiy dalolatnomalar xamda xalqaro bank qoidalari va udumlari bilan muvofiqlashtiriladi. AqShdagi birxillashtirilgan savdo Kodeksi xisob-kitoblarga, shu jumladan, xalqaro xisob-kitoblarga aloqador me’yorlarni o‘z ichiga olgan.
3.Xalqaro xisob-kitoblar – soddalashtirish ob’ektidir, bu xo‘jalik aloqalarining baynalmilallashuvi xamda bank operatsiyalarining universallashuvi bilan asoslangandir. 1930 va 1931 yillarda Jenevada bo‘lib o‘tgan konferensiyalarda veksel va chek muomalalari borasidagi qonunchilikni soddalashtirishga va ulardan xalqaro xisob-kitoblarda foydalanish murakkabliklarini bartaraf etishga qaratilgan xalqaro “Veksel” va “Chek” konvensiyalari qabul qilingan. Veksel bo‘yicha birxillashtirilgan qonun ko‘pchilik mamlakatlarda ushbu boradagi milliy qonunchilik zamini bo‘lib xizmat qiladi. Xalqaro savdo xuquqi bo‘yicha BMTning Komissiyasi veksel qonunchiligining yanada soddalashtirilishini amalga oshiradi. XX asrning boshida Parijda tashkil etilgan Xalqaro savdo palatasi dokumentar akkreditivlar va inkasso uchun Soddalashtirilgan qoidalar va udumlarni ishlab chiqadi va chop etadi. Masalan, inkasso bo‘yicha dastlabki qoidalar 1936 yilda ishlab chiqilgan xamda 1967, 1978, 1995 yillarda qayta ishlangan edi (1996 yilning yanvar oyidan boshlab kuchga kirgan). Dunyo banklarining ko‘pchiligi akkreditiv va inkasso bo‘yicha mazkur Soddalashtirilgan qoidalarga qo‘shilishi to‘g‘risida e’lon qildilar. Xalqaro savdo palatasi shartnoma kafolatlari bo‘yicha qoidalarini ishlab chiqdi xamda to‘lov kafolatlari bo‘yicha qoidalarni tayyorlash yuzasidan ish olib bormoqda.
4.Xalqaro xisob-kitoblar odatda dokumentar xarakterga ega, ya’ni moliyaviy va tijorat xujjatlari mavjud bo‘lgandagina ijro etiladi. Moliyaviy xujjatlarga oddiy va o‘tkaziladigan veksellar, cheklar, to‘lov tilxatlari kiradi. Tijorat xujjatlari tarkibiga esa: a)schyot-fakturalar; b)maxsulot jo‘natilganligi yoki uni yuklashga qabul qilinganligini tasdiqlovchi xujjatlar (konosamentlar, temir yo‘l, avtomobil va aviatsiya nakladnoylari, pochta kvitansiyalari, aralash yuk tashishlarga bo‘lgan kombinatsiyalashgan transport xujjatlari); v)dengiz (daryo, okean) orqali yuk tashishlarni sug‘urtalovchi sug‘urta kompaniyalari yoki ular agentlarining sug‘urta xujjatlari, chunki eksportga mo‘ljallangan yuklar odatda sug‘urta qilinadi; g)boshqa xujjatlar – tovarlarning kelib chiqishi, og‘irligi, sifati yoki tovarlar tekshirilganligi xamda ular chegarani bosib o‘tganligi to‘g‘risida guvoxlik beruvchi sertifikatlar, firibgarlik va boshqa shu kabi qonunbuzarliklarning oldini olish maqsadida importyor-mamlakat bojxona xizmatlarini yukning maqsadi xaqida xabardor etish uchun bojxona va konsullik schyot-fakturalari kiradi. Bank yuqorida zikr etilgan xujjatlarning mazmuni va taxlamining butligini tekshiradi. Shu bilan birgalikda, bir qator tashkilotlar (Xalqaro savdo palatasi, Parij, SVIFT va boshqalar) tomonidan o‘z ichiga elektron shartnomalari, elektron moliyaviy instrumentlar va xisob-kitoblar (shu jumladan akkreditivlar), elektron transport xujjatlari tushunchalarini olgan elektron “qog‘ozsiz” savdo texnologiyasi konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
5.Xalqaro to‘lovlar turli valyutalarda amalga oshiriladi. Shu sababli ular valyuta operatsiyalari, valyutalar oldi-sotdisi bilan yaqindan bog‘liqdirlar. Ularni amalga oshirilish samaradorligiga valyuta kurslarining dinamikasi ta’sir etadi.
6.Xalqaro savdo palatasi tomonidan chop etilgan kafolatlar (SEK and guarantees) ning Soddalashtirilgan qoidalari qo‘llaniladi. Mazkur xujjatning matni kafolat matniga kiritilishi zarur bo‘lgan asosiy qoidalarni o‘z ichiga olgan, ular quyidagilar:
1) kafolatni talab qilib olib bo‘lmaydi, agarda kafolat beruvchiga mukofot to‘lanmagan bo‘lsa;
2) bitim to‘g‘risida batafsil ma’lumot;
3) e’tirozni taqdim etish uchun zarur bo‘lgan xujjatlar (odatda benefitsiar banki tomonidan tekshiriladi);
4) kafolat muddati tugashini ko‘rsatuvchi sana va benefitsiar tomonidan xujjatlarni kafolat beruvchi bankga taqdim etish sanasining qayd etilishi;
5) xarakat muddati tugaganidan so‘ng kafolat qaytarilgan bo‘lishi lozim, chunki endi u xech qanday kuchga ega emas.
Xalqaro xisob-kitoblar turining tanloviga quyidagi omillar ta’sir etadi:
a) tashqi savdo bitimining ob’ekti bo‘lmish tovarning turi (xisob-kitob turlari mashina va jixozlar yoki oziq-ovqat maxsulotlari yetkazib berilishida bir-birdan farqlanadi). Ayrim tovarlarni – yog‘och, g‘alla yetkazib berishda amaliyot tomonidan yaratilgan an’anaviy shakllar qo‘llaniladi;
b) kredit bitimining mavjudligi;
v) kontragentlarning o‘zaro kelisha olish xarakterini belgilovchi tashqi iqtisodiy bitimlar bo‘yicha to‘lov layoqatliligi va nufuzi;
g) jaxon bozorlarida ushbu tovar turiga bo‘lgan talab va taklifning darajasi.
Xalqaro xisob-kitoblarning shartlari va shakllari shartnomada o‘zaro kelishiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |