3.4. O‘z-o‘zidan tashkil topish fenomeni. Materiyaning o‘z-o‘zidan tashkil topishi haqidagi tasavvurlarni uning harakati va rivojlanishi haqidagi tasavvurlar sifatida o‘rganish falsafaning an’anaviy muammosidir. O‘z-o‘zidan tashkil topish – bu ob’yektning komponentlarining faqat ichki aloqalari hisobidan va o‘tmish tarixiga muvofiq kollektiv harakati natijasida vujudga kelishidir. Rivojlanish, murakkablashish va o‘z-o‘zidan tashkil topish jarayonlari uzoq vaqtgacha faqat jonli tizimlar bilan bog‘lab kelindi.
Jonsiz tabiatda o‘z-o‘zidan tashkil topish hodisalarining kashf etilishi ko‘pgina jarayonlarga yangicha qarashga imkon berdi, jonsizdan jonlikka o‘tish mexanizmi to‘g‘risidagi bilimni boyitdi. Bu jihatdan sinergetika nomini olgan yangi ilmiy yo‘nalish doirasida ishlab chiqilayotgan g‘oyalar diqqatga sazovordir.
Sinergetika tushunchasi. Sinergetika o‘z-o‘zidan tashkil topish mexanizmlari va qonuniyatlarini taraqqiyot jarayonining universal komponenti sifatida o‘rganadi. Bu universallik o‘z-o‘zidan tashkil topish nazariyasi uchun shu qadar muhimki, sinergetika tadqiqotchilaridan biri G.Xaken bu fanning asosiy masalasini u bilan bog‘laydi. «Nima uchun, - deb yozadi u,- o‘z tabiatiga ko‘ra turli komponentlardan – elektronlar, atomlar, molekulalar, fotonlar, xujayralar, hayvonlar yoki xatto odamlardan iborat bo‘lgan tizimlar o‘z-o‘zidan tashkil topganda, ayni bir prinsipga bo‘ysunib, suyuqlikdagi tuzilmalar, elektr tebranishlari, hayvonlar populyatsiyalari yoki ijtimoiy guruhlarni tashkil etishi kerak?».1
O‘z-o‘zidan tashkil topish hodisalarining bu qadar keng ko‘lami sinergetikada postulat qilib olinmaydi. U mutaxassislarning turli tuman bilim sohalarida tabiiy va ijtimoiy jarayonlarning umumiy determinantlarini kashf etishi natijasidir. Shu tufayli sinergetika alohida fan g‘oyalarining yig‘indisi sifatida emas, balki fizik, ximik, biolog va matematik o‘z materialini ko‘radigan umumiy qarashlar tizimi sifatida va, aksincha, bulardan har biri, o‘z fani metodini qo‘llab, sinergetikaning rivojlanishiga biron bir tarzda hissa qo‘shadi. «Men yangi fanni «sinergetika» deb atadim, bunga sabab, - deb yozadi G.Xaken,-unda tizimlarning ko‘pgina elementlarining birgalikdagi harakati tadqiq etilishigina emas, balki o‘z-o‘zidan tashkil topishni boshqaruvchi umumiy prinsiplarni topish uchun ko‘pgina turli-tuman fanlarning kooperatsiyalashuvi zarurligidir».2
Shunday qilib, yunonchadan tarjima qilinganda, «ko‘mak»ni, «hamkorlik»ni bildiruvchi «sinergetika» so‘zi ikki xil ma’noga ega. Bir tomondan, bu murakkab tizimli elementlarning kooperativ harakati, ikkinchi tomondan, bu turli bilim sohasidagi olimlarning hamkorligidir. Aynan o‘z ma’nosida aytganda, sinergetika bu turli tabiatli tuzilmalarning o‘z-o‘zidan tashkil topish, barqarorlik, parchalanish va qayta paydo bo‘lish jarayonlarini tadqiq etuvchi nazariyadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |