Paradigma (yun. paradigm-namuna, o‘rnak) – ilmiy muammolarni hal etish namunasi sifatida qabul qilingan ilmiy nazariya. Pozitivist R.Bergman ilmiy metodologiyadagi me’yorni tavsiflash uchun birinchi bo‘lib paradigma tushunchasini qo‘lladi. Lekin amerkalik fan tarixchisi T.Kun o‘zining “Ilmiy revolyutsiyalar strukturasi” asarini e’lon qilgandan sung paradigma tushunchasi yangicha mazmun va ahamiyat kasb etdi. Kun ilmiy revolyutsiya nazariyasini ishlab chiqish jarayonida qator tushunchalarni taklif etdi va bunda paradigma tushunchasiga alohida urg‘u berdi. Kun paradigma deganda, ma’lum davr ichida ilmiy jamoatchilikka ilmiy muammoni qo‘yish va hal etish namunasi bo‘lib hizmat qiladigan va ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan ilmiy nazariyani tushunadi. Kunning fikricha, paradigmalarning almashinuvi ilmiy revolyutsiyalarga olib keladi. Kunning fikricha, paradigma ilmiy jamoatchilik birligini ta’minlaydi. Ilmiy jamoat ma’lum paradigmani e’tirof etgan olimlardan tashkil topadi. Paradigma u yoki bu fan sohasining asosiy muammosini tashkil etib, darsiliklar va olimlarning mumtoz (klassik) asarlarida o‘z ifodasini topadi. Kun bunga misol qilib Aristotel dialektikasi, Ptolemey astronomiyasi, Nyuton mexanikasini ko‘rsatadi. Ilmiy namuna, universal qonunlarni konkret hodisalarga tadbiq etish asosida fan rivojlanadi. Umume’tirof paradigmalarning shakllanishi fan yetukligining belgisidir. Paradigmalarning o‘zgarishi fanda tub o‘zgarishni ta’minlaydi. Yangi paradigma tanlash yangi fikrlash asosidagina emas, balki qadriyatlar nuqtai nazaridan ham amalga oshiriladi.10
Konsepsiya (lot. conceptio — majmua, tizim) — 1) biror sohaga oid qarashlar, tamoyillar tizimi, fakt va hodisalarni tushunish, anglash va izohlashning muayyan usuli, asosiy nuqtai nazar; 2)adabiyotda — biror asarning asosiy gʻoyasi. K. badiiy asar mohiyatini, ijodkorning "meni"ni ifoda etadi. Biroq badiiy asar K.si ayrim holatlarda muallifning subʼyektiv qarashlaridan keng qamrovli bulishi mumkin. Baʼzan muallif moʻljaliga zid holat yuz bersa ham, mohiyat eʼtibori bilan asar oʻz K.siga koʻra muallifning badiiy-estetik olamiga tegishli boʻladi. Oʻquvchining maʼnaviy-ruhiy saviyasi, tarixiy shart-sharoitdan kelib chiqqan holda badiiy asar K.si alohida taʼkidlanib, ochiq-oydin ifoda etiladi. Inson va borliq mohiyatiga koʻra, K. bir butunlikni tashkil etadi. Masalani muayyan ijodkorning oʻz K.si yoki alohida olingan haqiqiy sanʼat asarining K.si tarzida qoʻyish ham mumkin. Boshqa jihatdan, badiiy asar K.si unda tasvirlangan badiiy-estetik, obrazli dunyo orqali hayotni anglash mexanizmi — usuli boʻlib ham maydonga chiqadi. Umuman, K. badiiy asarning sanʼat, adabiyot va madaniyat tarixidagi oʻrnini hamda oʻquvchilar ommasiga taʼsir etish darajasini belgilaydi.11
Do'stlaringiz bilan baham: |