3. Dehqonchilikning ilmiy asoslari. O'simlikni o'sishi va rivojlanishi uchun yorug'lik, issiqlik, havo, suv va oziq moddalar talab etiladi. Bular hayot omillari hisoblanadi.
Yorug'lik. O'simlikning yorug'likda quyosh energiyasini o'zlashtirishi fotosintez deyiladi. Yorug'lik yetarli bo'lganda bir kvadrat metr barg 10-12 g organik modda sintezlaydi. Bulutli kunda fotosintez mahsuldorligi keskin pasayadi. O'simliklarning yorug'likka bo'lgan talabi turlicha. Kelib chiqishiga ko'ra o'simliklar qisqa kun (g'o'za, kanop, makkajo'xori, oqjo'xori, beda, kungaboqar, tariq, soya va boshqalar) va uzun kun (bug'doy, arpa, javdar, kartoshka, zig'ir) o'simliklariga bo'linadi. O'simliklar yorug'liksevar va soyaparvarlarga bo'linadi. Ko'chat qalinligini normal qilish, begona o'tlarni o'z vaqtida yo'qotish o'simliklarni yorug'lik bilan ta'minlashda muhim ahamiyatga ega.
Issiqlik. O'simlik tanasida va tuproqda boradigan biologik, fizikaviy va kimyoviy jarayonlar uchun issiqlik zarur. O'simliklar issiqsevar va issiqlikni kam talab qiluvchilarga bo'linadi. Madaniy o'simliklarni issiqlikka talabchangligining turlicha bo'lishi ularni turli xududlarda joylashtirish va agrotexnik tadbirlarni qo'llashda ilmiy asosda yondoshish talab etiladi.
Havo. Tuproq mikroorganizmlarini nafas olishi va o'simliklarda bo'ladigan fotosintezda atmosfera hamda tuproq havosi O2 va CO2 manbai bo'lib xizmat qiladi. O'simlik fotosintez jarayoni davomida undan foydalanadi.
Suv. O'simlik tanasining 80-90 foizi suvdan iborat. O'simlikda va tuproqda kechadigan jarayonlar, oziq elementlarining o'zlashtirilishi suvli muhitda boradi. Shuning uchun ham suv o'simlik hayotida muhim ahamiyatga ega.
Oziq moddalar. Oziq elementlarisiz o'simlikning o'sishi va rivojlanishini tasavvur qilib bo'lmaydi. Ular oqsillar, yog'lar, aminokislotalar va boshqa moddalar tarkibiga kiradi. O'simlik quruq massasining 45 foizini C, 42 foizini O2, 6,5 foizini N2, 1,5 foizi H2, qolgan 5 foizini kul elementlari (K, Ca, Mg, S, B, va boshqalar) tashkil etadi. Bular o'simlik hayotida muhim ahamiyatga ega.
Ilmiy dehqonchilikning asosiy qonunlari. V.R.Vilyams o'simlik hayot omillarining teng ahamiyatliligi va almashtirib bo'lmaslik qonunini bayon etdi. Hamma hayot omillari teng ahamiyatga ega, yani birini o'rnini ikkinchisi bosa olmaydi.
Minimum ( minimum, optimum va maksimum) qonuni. YU.Libix o'simlik hosili minimumda turgan faktor miqdorini ko'paytirishga to'g'ri proporsionalligini bayon etdi, ya'ni hosildorlik minimumda turgan omilga bog'liq bo'ladi. O'simliklarning hayot omillariga bo'lgan talabi bo'yicha minimal, optimal va maksimal me'yorlarni belgilash mumkin. Libsher XIX asrda hayot omillarini birgalikda ta'sir etish qonunini quyidagicha ta'rifladi: "O'simlik boshqa omillar bilan qanchalik optimal me'yorda ta'minlangan bo'lsa, u minimumda turgan faktordan shuncha samarali foydalanadi".
Tuproqdan olingan moddalarni qaytarish qonunini 1840 yilda YU.Libix kashf etdi. Bu qonunga binoan tuproqdan hosil bilan olingan moddalar o'g'it solish yo'li bilan qaytarilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |