1-Mavzu: Fanning maqsadi, vazifasi va rivojlanish tarixi.
Dehqonchilikning ilmiy asoslari.
Reja:
Fanning maqsad va vazifalari.
Dehqonchilikning rivojlanish tarixi.
Dehqonchilikning ilmiy asoslari.
1. Fanning maqsad va vazifalari. Dehqonchilik qishloq xo'jaligining asosiy tarmog'i bo'lib, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan, sanoatni xom ashyo, chorvachilikni yem-xashak bilan ta'minlashdagi ahamiyati benihoyadir. Ushby fan ekinlardan sifatli va yuqori hosil olish maqsadida ularni parvarish qilish usullari, tuproq unumdorligini oshirish tadbirlari bilan shug'ullanadi. Yer qishloq xo'jaligi ishlab chiqarishining asosiy vositasi hisoblanib, uning asosiy xususiyatlaridan biri eskirmasligidir. Yerdan to'g'ri va samarali foydalanish nafaqat qishloq xo'jaligi xodimlarining, balki butun insoniyatning eng muhim vazifasidir.
O'zbekiston Respublikasining ma'muriy chegarasidagi yer maydoni 44896,9 ming gektarni tashkil qiladi. 2006 yil 1 yanvar holatiga respublika korxona, tashkilot, muassasa va fuqarolari foydalanishida jami 44410,3 ming gektarni, sug'oriladigan yerlar esa 4295,3 ming gektarni yoki umumiy maydonning 9,7 foizini tashkil qiladi. Xususan, Namangan viloyatida 718,1 ming gektar umumiy maydonning 281,2 ming gektari sug'oriladigan yerlardir.
O'zbekistonda 1 km2 yerga 51,4 kishi, Qozog'istonda - 6,1, Qirg'izistonda - 22,7, Turkmanistonda esa 9,4 kishi to'g'ri keladi. O'zbekistonda har bir kishiga 0,17 gektar, Qozog'istonda-1,54, Qirg'izistonda-0,26, Ukrainada-0,59, Rossiyada-0,67 gektar ekin maydoni to'g'ri keladi.
So'nggi 50 yil mobaynida sug'oriladigan yerlar maydoni 2,46 mln. gektardan 4,28 mln. gektarga yetkazildi. Faqat 1975-1985 yillar mobaynida 1 mln. gektarga yaqin yer o'zlashtirilib, 1990 yilda yer maydoni 1985 yilga nisbatan 1,5 barobar ortdi. Ana shu yer maydonining qariyib 50 foizini meliorativ holati yomon va shu bilan bir qatorda 1990 yilga qadar sug'oriladigan yerlarning 75 foiziga paxta ekilishi tuproq unumdorligini pasayishiga olib keldi. Aholini o'sib borayotgan ehtiyojini qondirish uchun yerlardan oqilona foydalanish, ekinlar hosildorligini oshirish talab etiladi.
Dehqonchilik fanining vazifasi - talabalarni dehqonchilikda qo'llanilayotgan nazariy asoslar va ishlab chiqarishdagi jarayonlar bilan tanishtirishdan iborat.
Dehqonchilik fani quyidagi bo'limlarni o'z ichiga oladi: dehqonchilikning ilmiy asoslari, tuproq rejimlari va ularni boshqarish, begona o'tlarga qarshi kurash tadbirlari, yerga ishlov berish, ekinlarni ekish, almashlab ekish va dehqonchilik tizimi.
Dehqonchilik fani tabiat va jamiat taraqqiyotining ob’ektiv qonunlariga amal qiladi, ilg’оrlar tajribasi, eng ilg’оr xo’jaliklarning yutuqlari bilan bоyiydi, muhim, nazariy ahamiyatga ega bo’lgan yangi qоnuniyatlarni aniqlash va tadbiq etish manbai bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |