Diniy e`tiqodlarning tarixiy shakllari. Insoniyat tarixiga ko`p sonli turli-tuman dinlar ma`lum. Xususan, madaniyat va bilimlar darajasi juda past bo`lgan inson o`ziga qudratli, yot va sirli bo`lib tuyulgan tabiatning favqulodda kuchlariga qarshilik ko`rsata olmagan ibtidoiy jamoa davrida dinning ancha sodda shakllari: fetishizm, animizm, totemizm, magiya va boshqalar yuzaga kelgan.
Fetishizm u yoki bu predmetni mo`jizakor xislatlarga, odamlar hayotiga ta`sir ko`rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydi. Bunday predmet ilohiylashtiriladi, sig`inish va topinish ob`ektiga aylanadi.
Animizm (lot. anima – jon) – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham go`yo ruh, jon boshqarib turishiga ishonishdir. Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonli.
Totemizm negizini muayyan odamlar guruhining totem, ya`ni sig`inish ob`ekti sanalgan ajdod deb e`lon qilinadigan u yoki bu hayvon, o`simlik, predmet bilan umumiy kelib chiqishiga bo`lgan ishonch tashkil etadi, zero totem mazkur jamoa yoki urug`ning qudratli homiysi, himoyachisi hisoblanadi, uni oziq-ovqat va shu kabilar bilan ta`minlaydi. (Hindistonda Xonumon maymuni, sigir, Avstriyada kenguru, turli qabilalarda u yoki bu ilohiy predmet )
Magiya (yunon. mageia – sehrgarlik) ham ibtidoiy din shakllaridan biri bo`lib, uning zamirida tabiiy kuchlar yordamisiz sirli tarzda, rasm-rusumlar, o`ziga xos amallar majmui bilan narsalar, odamlar, hayvonlar va hatto g`ayritabiiy kuchlar – ruhlar, insu jinslar va shu kabilarga ta`sir ko`rsatish mumkinligiga bo`lgan ishonch.
Dinning ushbu qadimgi shakllari keyingi diniy e`tiqodlar negizini tashkil etdi va politezm (ko`pxudolik)da ham, monoteizm (yakkaxudolik)da ham u yoki bu darajada o`z aksini topdi. Ular hozirda ham qisman mustaqil holda mavjuddir.
Taxminan 10 ming yil muqaddam, inson chorvachilik va ziroatchilik bilan shug`ullanib, o`troq hayot kechirishga o`tgach, neoletik inqilob yuz berdi. Jamiyat rivojlanishining ayni shu bosqichida politeizm yuzaga keldi, chunki mehnatning ijtimoiy taqsimoti, hukmronlikka bo`ysunish dunyoviy munosabatlari ruhlar va sanamlarga bo`lgan ishonchga emas, balki odamlar muayyan nom bergan xudolarga bo`lgan e`tiqodga ko`proq mos kela boshladi.
Keyingi davrlarda davlatchilikning vujudga kelishi va rivojlanishi, qadimgi buyuk madaniyatlarning paydo bo`lishi, quldorlik munosabatlarining shakllanishi, monarxiyalar tashkil topishi va shundan kelib chiqadigan yakkaboshchilikning yuzaga kelishi natijasida diniy dunyoqarashda ham bir xudoga sig`inish tendentsiyasi paydo bo`ldi. Odamlar ko`p sonli xudolar orasida kuch-qudratda yagona bir xudoni farqlab, shu tariqa dunyoviy podsho hukm suruvchi real hayot haqidagi o`z tasavvurlarini yagona va qudratli xudo yashaydigan narigi dunyo bilan go`yoki muvofiq holatga keltirdilar. SHu tariqa monoteistik dinlar (yunon. mono – bir va theos – xudo): iudaizm (mil. av. VII asr), buddizm (mil. av. VI-V asrlar), xristianlik (I asr) va islom (VII asr) vujudga keldi. Xullas har bir din ma`lum falsafaga asoslanadi. Haq dinning asosi to`g`ri (analitik) falsafadir, haq bo`lmagan dinning asosi esa yolg`on falsafadir, yoki yolg`on muhokamalar ustiga qurilgan qarashlardir3.
Do'stlaringiz bilan baham: |