Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo`lib, u insonning g`ayrioddiy narsalar va hodisalarga bo`lgan e`tiqodini to`yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir.
Dinning psixologik ildizi avvalo inson tabiatida mavjud bo`lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat`iy nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e`tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo`lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o`z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo`lib tuyulishida namoyon bo`ladi. Forobiy fikricha “Din nazariy va amaliy qonunlar tuzilgan paytdagina odamlar e`tiqodi, ta`limi tarbiyasi yo`llari ishlab chiqilgandagina paydo bo`ladi va mustahkamlanadi. Ana shunday din tufayli omma baxt saodat uchun etarli bilim olishi mumkin”2. Odamzot o`zini qurshagan borliqni faqat qisman anglab etadi. Ayni shu sababli olam inson uchun sirlar va mo``jizalarga to`ladir. Odamzot o`zi e`tiqod qiladigan ko`p narsalarni faqat aqlga tayanib isbotlashga ham, rad etishga ham qodir bo`lmaganidek, yuqorida zikr etilgan sirlar va mo``jizalarga javob topishga ham (balki hozircha) qodir emas. Psixologlar qayd etganidek, «o`ta mushkul vazifa aqlni o`tmaslashtiradi», inson echimsiz muammolar qarshisida o`zini ojiz his qiladi va aql dalillarini uydirma, g`ayrioddiy narsalar bilan osongina to`ldiradi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo`lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o`zgartira yoki enga olmaganligi bilan bog`liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg`usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so`nggi zikr etilgan tuyg`ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo`lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o`rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o`ziga tayanch topa olmagan inson g`ayrioddiy kuchlarga umid bog`lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e`tiqod qilib, odamzot taskin va tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinnning siyosiy ildizlari. Din va siyosat o`rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud. Odatda, turli siyosiy kuchlar dindan o`z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyatini qo`ldan boy bermaydilar va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo`llab-quvvatlaydilar, uning jamiyatdagi roli va ta`sirini kuchaytiradilar.
Dinning yashovchanligi ko`rsatilgan asoslari shu darajada mustahkamki, hatto hozirgi vaqt fanining ta`sirli yutuqlari ham uning negiziga putur etkaza olgani yo`q, ilmiy bilimning o`sishi esa hatto olimlar orasida ham dindorlar va Xudoga ishonmaydiganlarning foiz nisbatini deyarli o`zgartirmaydi. Masalan, tabiatshunoslik insoniyatga dunyoni bilish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratayotgani keng e`tirof etilgan 1916 yilda Jeyms Lьyuba o`z tadqiqotlarida AQSH olimlarining 40% Xudoga ishonishini asoslagan. 90-yillarning oxirida amerikalik tarixchilar E.Larson va I.Uitxem tomonidan o`tkazilgan yangi tadqiqot natijalari bundan ham ko`proq shov-shuvga sabab bo`ldi. Ular XX asrda amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar va fan yutuqlari ta`sirida olimlar dunyoqarashi qay darajada o`zgarganini aniqlashga qaror qildilar. SHu bois ularning AQSHda tasodifiy tanlangan ijtimoiy fanlar namoyandalari va tabiatshunoslik vakillari orasida o`tkazgan so`rovi olimlarning 40% avvalgidek Xudoga va narigi dunyoda hayot mavjudligiga ishonishini ko`rsatdi. Bunda Xudoga ishonmaydiganlar va ateistlar (Xudoning borligini inkor etuvchilar) soni ham deyarli o`zgargani yo`q va bugungi kunda, avvalgidek, taxminan 45 va 15% ni tashkil etadi.
Vaqt, mamlakatlar va qit`alardan qat`iy nazar, diniy dunyoqarashning yashovchanligi haqidagi umumiy xulosa O`zbekistonda ham mavjud. XX asrda qariyb 80 yil dinni «fosh qilish» uchun mavjud barcha dalillardan foydalangan kurashchan ateizm sharoitida yashagan O`zbekistonliklar orasida mamlakat aholisining uchdan ikki qismi o`zini dindor deb hisoblagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |