Falsafada milliylik va umuminsoniylik tamoyili. Falsafa ilmi milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyat hamdir.Falsafa umuminsoniy fan sifatida bashariyatga doir umumiy muammolarni qamrab oladi: olam va odam munosabatlari, jamiyat va tabiatni asrash, umrni mazmunli o‘tkazish, yaxshilik va yomonlik kabi qadriyatlar bilan bog‘liq masalalarning barchasi insoniyat uchun umumiy. Biroq falsafada muayyan milliy xususiyat, maqsad va intilishlar ham o‘z ifodasini topadi. Aslida, har qanday umuminsoniy mavzu, masala yoki muammo avval-boshda xususiy, milliy, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar tarzida namoyon bo‘ladi. Vatani, millati, oilasini sevgan har qanday fidoiy inson, ularning kamoli uchun qayg‘urishi shubhasiz. Bu o‘z navbatida shaxs dunyoqarashida, albatta, aksini topadi.
Milliy madaniyat, til va adabiyot mavjudligini e’tirof etgan holda, ularning barchasi nafaqat bir millatga, balki butun insoniyatga xosligini ham ta’kidlash zarur. Milliy falsafa millat mentalitetini belgilaydigan muhim omil desak, umumbashariy sivilizatsiyaga uzviy qo‘shilish jarayoni milliy falsafani yaratish orqali sodir bo‘ladi. Demak, falsafaga xos milliylik umuminsoniylik tamoyilini ijodiy boyitish orqali rivojlanib boradi. Bunga dalil sifatida falsafa tarixidan ayrim milliy falsafalarning umuminsoniy ma’naviyat xazinasiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilganini keltirish mumkin. Masalan, Rim imperiyasi qulagach, o‘rta asrlarga kelib, o‘z milliy davlatchiligiga ega bo‘lgan Yevropa mamlakatlarida milliy falsafa yaratish imkoni tug‘ildi. Bu jarayon avvalo, Italiya va Angliyada, so‘ngra Fransiyada yuz berdi. Bu falsafiy maktablarning F. Bekon, R. Dekart, B. Spinoza va J.J. Russo kabi atoqli namoyandalari o‘rtaga tashlagan ilg‘or g‘oyalar nafaqat o‘z mamlakati, o‘z millati sha’nu sharafini yuksaklikka ko‘tarish, taraqqiy topishi uchun, balki davr taqozo etgan mafkuraning shakllanishiga hissa bo‘lib qo‘shildi. Ular Yevropa va jahon falsafasi tarixida o‘chmas nom qoldirdilar. Xuddi shunday, uzoq vaqt Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida bo‘lgan Prussiya mustaqillikka erishib, milliy davlatchiligini tiklagach, milliy ozodlikning falsafiy in’ikosi o‘laroq I. Kant, I. Gegel, Fixte, Shelling, Feyerbax kabi donishmandlar tomonidan asoslangan nemis falsafasi shakllandi. Natijada bu o‘lka XVIII-XIX asrlarda milliylik va jahon falsafasining taraqqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan hudud bo‘ldi. Alisher Navoiy ham o‘z davrida ozodlikka erishgan millat falsafasini adabiyot falsafasiga, mustaqil davlat tilini adabiyot tiliga aylantira oldi. O‘z xalqining dahosi buyuk ekanligiga, nafaqat zamondoshlari, balki kelajak avlodlarni ham ishontira oldi. Navoiy va uning zamoni, o‘sha davrga xos o‘zgarishlarning boshida turgan Amir Temur faoliyatiga qayta-qayta murojaat etilishining sabablaridan biri ham ana shunda. Zero, har bir xalq, avvalo, o‘zining tarixidan bugungi kun uchun tashbehlar izlaydi va ijtimoiy taraqqiyoti uchun asos bo‘ladigan ma’naviy tamoyil, an’ana va qadriyatlarga murojaat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |