Metodologiya - bu fanda foydalanadigan bilish vositalari, usullarining majmui, shuningdek, fanning ijodiy bilish va amaliy-o`zgartirish faoliyatini tashkil etish vositalari, shart- sharoitlari va prinsiplarini o`rganuvchi ilmiy- falsafiy bilim sohasidir. Metodologiya nazariy bilimlar va amaliy faoliyat tamoyillarini, usullarini o`rgatadi.
Metod muammosi doimo falsafiy va ilmiy olamning diqqat markazida bo`lgan. Ayniqsa, hozirgi davrda metodologiyadan turli yo`nalish va oqimlar, jumladan, fan, falsafa, fenomenologiya, strukturalizm, postpozivitizm va shu kabilarda keng ko`lamda foydalanilmoqda. Metod u yoki bu shaklda ma'lum qoida, tartib, usul, harakat va bilim mezonlarining yi`g’indisi hamdir. Metodning asosiy vazifasi faoliyatining bilish va boshqa shakllarini boshqaruvdan iborat. Har qanday metod ma'lum nazariya asosida yaratiladi va tadqiqotning zaruriy sharti sifatida namoyon bo`ladi va boshqaruv quroli vazifasini bajaradi. Metod sub'ektdan tashqarida mavjud jarayon emas, balki u bilan chambarchas bog`liqdir. Boshqacha qilib aytganda «inson umum metodologiyaning markazidir» (Feyerbax).
Metodlar xilma-xilligiga qarab, turli mezonlar asosida klassifikatsiya qilinadi. Metod metodikada konkretlashadi. Metodika daliliy materiallarni yig`ish va saralash vositasi, aniq faoliyat turidir. Ilmiy tadqiqot jarayoni tarixan ishlab chiqilgan metodlar asosida amalga oshiriladi. Hech kim hech qachon haqiqatni yo`qdan bor qila olgan emas. Albatta, tadqiqotchi, olim izlanishlar, xatolar qurshovida harakat qiladi. Shunisi ham bo`ladiki, ba'zan bir narsani izlash jarayonida butunlay boshqa narsa yaratiladi. Metod o`z- o`zidan tadqiqotni muvaffaqiyatli bo`lishini ta'minlay olmaydi, chunki nafaqat yaxshi metod, balki uni qo`llash mahorati ham muhimdir.
Ilmiy bilish jarayonida turli metodlardan foydalaniladi. Fan metodologiyasi va mantig`i yangi bilim olish shartlari va usullarini o`rganadi, fan metodologiyasi bu yangi bilim tuzish prinsiplari va bunday bilimni olish usullarining falsafiy analizi, ilmiy bilishning umumiy va maxsus metodlari tizimidir. Turli fan sohalarida, turli konkret vazifalarni hal qilishning zaruriy shartlaridan biri universal xususiyatga ega bo`lgan umumiy falsafiy metodlarga murojaat qilishdir. Bu metodlar haqiqatni anglashda umumiy yo`lni ko`rsatadi. Mazkur metodlarga falsafaning qonun va kategoriyalari, kuzatish va eksperiment, taqqoslash, analiz va sintez, induktsiya, deduktsiya va h.k. taalluqli metodlar umumiylik darajasi va amal qilish doirasiga ko`ra bir necha guruhga bo`linadi. Har bir fan dunyoning u yoki bu tomonini o`rganar ekan, uning o`ziga xos tekshirish uslubiy metodi mavjud. Shunga ko`ra har bir fan o`zining ob'ektini o`rganish uchun turli metodlar ishlab chiqadi va uning yordamida o`sha sohani o`rganishga erishadi. Masalan, biologiya, psixologiyani o`rganish metodi bilan til adabiyot, iqtisodni o`rganishda farq bor. Falsafiy metod dunyoni bir butun bilish va o`rganish metodi bo`lganligidan u insonning o`ziga va dunyoga bo`lgan munosabatini bildiruvchi universal metod hisoblanadi. Mana shunday metodni ishlab chiqishda qadimgi yunon faylasuflari Suqrot, Platon, Aristotellarning xizmati katta. O`rta asr Sharq, yangi zamon Yevropa faylasuflari fanda induktsiya, deduktsiya, emperik, mexanik, analiz, sintez kabi ilmiy bilishning asosiy shakllarini ishlab chiqqanliklarini falsafa tarixi mavzularini muhokama qilganingizda ko`rib chiqgansiz. Falsafa fanida dialektik metodni ishlab chiqishda Kant va Hegelning xizmati katta. Xegel dialektik metodni universal falsafiy metod sifatida rivojlantiradi, uning asosiy kategoriya va qonunlarini ishlab chiqadi.
Yuqorida dialektik tafakkur metod nimaligi haqida qisqacha izoh berib o`tdik. Endi dialektika va uning muqobillari haqida biroz to`xtalib o`tsak. Falsafa tarixida turlicha tafakkur uslubi mavjud bo`lgan. Tafakkurning sofistika, eklektika, metafizika metodlari dialektik tafakkur metodining muqobillari hisoblanadi. Ularning har birining inson tafakkuri jarayonida o`z o`rni bor. Lekin ularning hammasi ham tarixiy taraqqiyot jarayonida davr talabiga javob bera olmaganligi uchun inkor etildi.
Sofistik tafakkur ham shular jumlasidandir. Sofistika tafakkur metodi sifatida dastlab qadimgi yunon falsafasida paydo bo`lib, keyinchalik o`rta asrlarda keng tarqaldi. Sofistika o`zining ijtimoiy ildizlariga ega. Sofistik tafakkur metodiga, ataylab, hatto asoslar asosida, bilib turib, yolg`on xulosalar chiqarish xosdir. Sofistika atamasini Farobiy «yolg`ondaka donolik» deb atagan. Sofistik tafakkur metodi haqiqatni ataylab buzib, yolg`on fikrni haqiqat sifatida ko`rsatishga asoslangan. Lekin Sofistik metodni faqat salbiy jihatdan ko`rish to`g`ri emas. Chunki Sofistik metod ilmiy bilimda, haqiqatni aniqlashda salbiy rol o‘ynasa ham, san'atda, har xil komik vaziyatni yaratishda badiiy tasvirda ijobiy rol o`ynaydi. Undan tashqari, tafakkurning qaror topishida sofistik tafakkurning o`ziga xos o`rni ham bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |