1.3-rasm. Buxgalteriya hisobining turlari
Moliyaviy hisob tashqi va ichki axborotdan foydalanuvchilar talabini qondirishga qaratilgan hisob va hisobot tizimidan iborat. Boshqaruv hisobi faqat ichki axborotdan foydalanuvchilar, ya'ni xo‘jalik yurituvchi subekt boshqaruv apparatini axborot bilan ta'minlaydi va uning joriy vazifalari (ishlab chiqarish hisobi) kabi strategik maqsadlariga (strategik hisob) xizmat qiladi. Soliq hisobi soliqlarning alohida turlari bo‘yicha soliqqa tortiladigan bazani to‘g‘ri hisoblash va budjet bilan hisob-kitoblarni o‘z vaqtidaamalga oshirishni ta'minlashga qaratilgan. Shunday qilib, boshqaruvning ko‘rib chiqilgan rejalashtirish, nazorat va qabul qilingan qarorlar bajarilishining samaradorligini baholash kabi funksiyalari buxgalteriya hisobi tufayli amalga oshiriladi. Uning axborot tizimi ichki va tashqi axborotdan foydalanuvchilarning xo‘jalik yurituvchi subekt moliya-xo‘jalik faoliyati to‘g‘risida yaqqol tasavvurga ega bo‘lishini ta'minlaydi.
Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasiga muvofiq buxgalteriya hisobining asosiy tamoyillari quyidagilar:
buxgalteriya hisobini ikki yoqlama yozuv usulida yuritish;
uzluksizlik;
xo‘jalik muomalalari, aktivlar va passivlarni pulda baholash;
aniqlik;
hisoblash;
oldindan ko‘ra bilish (ehtiyotkorlik);
mazmunning shakldan ustunligi;
ko‘rsatkichlarning qiyoslanuvchanligi;
moliyaviy hisobotning betarafligi;
hisobot davri daromadlari va xarajatlarining muvofiqligi;
aktivlar va majburiyatlarning haqiqiy baholanishi.
1.5. Buxgalteriya hisobining maqsadi, vazifalari va funksiyalari
O‘zbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunining 2-moddasiga muvofiq, “Buxgalteriya hisobining maqsadi foydalanuvchilarni o‘z vaqtida to‘liq hamda aniq moliyaviy va boshqa buxgalteriya axboroti bilan ta'minlashdir”.1 Shuningdek, ushbu maqsadga yerishish uchun buxgalteriya hisobi oldiga quyidagi vazifalar quyilgan:
“ – buxgalteriya hisobi schotlarida aktivlarning xolati va xarakati, mulkiy huquqlar va majburiyatlarning xolati to‘g‘risida to‘liq hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirish;
samarali boshqaruv maqsadida buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini umumlashtirish;
moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni aniq tuzish”2.
Shuningdek, buxgalteriya hisobi korxona xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilishi ustidan nazorat o‘rnatish, xo‘jalik faoliyatida salbiy holatlarning oldini olish va uning moliyaviy barqarorligini ta'minlaydigan ichki xo‘jalik imkoniyatlarini topishni ta'minlashi zarur.
Buxgalteriya hisobining birinchi vazifasi korxona rahbarlari, ta'sischilari, ishtirokchilari va mulkdorlari, investorlar, kreditorlar, xaridorlar va boshqa axborotdan foydalanuvchilar manfaatlaridan kelib chiqadi. Buxgalteriya axborotlari to‘liq va ishonchli bo‘lishi, ya'ni foydalanuvchilarga xo‘jalik yurituvchi subekt to‘g‘risida, uning mulklari, majburiyatlari, faoliyat natijalari to‘g‘risida barcha zarur axborotlarni taqdim qilishi, demak, korxona ma'muriyati va boshqa axborotdan foydalanuvchilar uchun foydali bo‘lishi lozim.
Ikkinchi vazifaning mazmuni shundan iboratki, buxgalteriya hisobi tizimida korxona moliya-xo‘jalik faoliyati faktlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga mosligi ustidan nazorat o‘rnatish uchun ma’lumotlarni shakllantirish zarur. Bunday axborotlar xo‘jalik muomalalarining maqsadga muvofiqligini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanishni tasdiqlashi lozim.
Uchinchi vazifa korxona xo‘jalik faoliyatini boshqarishning samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, shartnomalarning bajarilishini, tejamkorlikka rioya qilishni va mulkning saqlanishini ta'minlashni nazorat qilish ham hisobning vazifasiga kiradi.
Shartnoma majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish buxgalteriya hisobi tomonidan ikkita vazifani bajarishda ifodalanadi. Birinchisi, buxgalteriya hisobi tadbirkorlikni rivojlantirishning joriy va istiqbolli rejalarini tuzish uchun zarur dastlabki ma’lumotlar beradi.
Chunki mavjud bozor konyunkturasini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarni hisobga olmay turib, haqqoniy biznes-reja topshiriqlarini tuzish mumkin emas. Ikkinchidan, shartnoma majburiyatlarini bajarish uchun bir vaqtning o‘zida ularning bajarilishini nazorat qilishni tashkil etish zarur.
Ishlab chiqarilgan mahsulot, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlarning tannarxini pasaytirish, korxonalarda va uning bo‘linmalarida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish buxgalteriya hisobining muhim vazifasidir. Bundayulkan vazifalar korxonalarning hamma ichki imkoniyatlarini axtarib topish va ulardan samarali foydalanish, iqtisodiy tejamkorlikka rioya qilish, ishlab chiqarish zaxiralarini va xarajatlarini o‘z vaqtida hisobga olib borish bilan muvaffaqiyatli amalga oshiriladi
Buxgalteriya hisobi boshqaruv tizimida quyidagi funksiyalarni bajaradi (1.4-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |