Husayn Boyqaro
(1438-1506)
Husayn Boyqaro ham shoh, ham shoirdir. Uning nomini tilga olganimizda darhol Alisher Navoiy esga tushadi. Darhaqiqat, ular zamondosh edilar. Yoshlikdan umrlarining oxirigacha hayotlari birga kechdi. Bir-birlariga hamkor, madadkor bo'lib yashadilar. Husayn Boyqaro qudratli shoh, buyuk homiy sifatida Alisher Navoiy dahosining yuzaga chiqishiga qanday yordam bergan bo'lsa, Navoiy ham, o'z navbatida, Husayn Boyqaro saltanatining qudratini ta'min etishda, ovozasini olamga yoyishda shuncha xizmat qildi. Ma'lum vaqt o'tgach, mashhur ozarbayjon shoiri Muhammad Fuzuliy (1498—1556) Navoiyni ulug'lar ekan, «Manzuri shohanshohi Xuroson («Xurosondagi shohlar shohiga manzur bo'lolgan shoir») deb ta'rif etadi.
Umuman olganda, Husayn Boyqaro shaxs sifatida ham qator fazilatlar egasi edi. Masalan, u mard, shijoatli bo'lgan, qilichbozlikda temuriylar orasida unga teng keladigani bo'lmagan. Adolatli bo'lgan... Adabiyotni, san'atni sevgan. Uning kamchiliklari ham yetarli edi. Maishatparast edi...
Husayn Boyqaro Hirotda tug'ildi. Otasi Mansur ham, onasi Firuzabegim ham Temur avlodidan edilar. Shu sababli Zahiriddin Bobur uni «karim ut-tarafayn» («ikki tomonlama ulug'») deb atagan edi.
1457-yilda Abulqosim Bobur Mirzo vafot etgach, Husayn Boyqaro taxt uchun kurashga kirishadi. Uzoq kurashlardan so'ng u 1469-yilda temuriylar saltanatining XV asrdagi eng yirik poytaxti Hirotni egallaydi va 1506-yilgacha — vafotiga qadar mamlakatni boshqaradi.
Husayn Boyqaro davrida mamlakatda ilm-fan, adabiyot rivoj topli. Poytaxtga iste'dodli ziyolilar, iqtidorli hunarmandlar to'plandi. Madrasalar tartibga tushdi. Juda ko'p dunyoviy fanlar o'qitila boshlandi. Davrning eng peshqadam olimlari mudarrislikka jalb etildilar. Bu madrasalarda ko'plab xorijiy mamlakatlardan talabalar kelib tahsil ola boshladilar. Obodonchilik, qurilish ishlari amalga oshirildi. Uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do'stlik, hamkorlik aloqalari yo'lga qo'yildi. Masalan, 1490-yilda Husayn Boyqaro Moskvaga elchi yuborib, do'stlik va inoqlik haqida shartnoma ttizishni taklif etgan. Husayn Boyqaro «Husayniy» taxallusi bilan she'rlar yozgan va undan bizga bir «Devon» va «Risola» meros bo'lib qolgan. Devondagi she'rlarining ko'pchiligi ishq va may mavzuida. Masalan, Husayn Boyqaro «o'ti» radilli g'azalida «o't» («olov») so'zining ohang va ma'nolaridan g'oyat ustalik bilan foydalanadi. Oshiqning ichki kechinmalarini ta'sirchan lavha va manzaralarda ifoda etadi. She'r:
Gar Husayniyg'a bir o'tlug' yuz g'ami o't solmasa,
Bas nechuk olamni kuydurdi Navoiyvor o'ti?
degan hayajonli bayt bilan yakunlanadi.
Husayn Boyqaroning may mavzuidagi she'rlarida esa ilohiy mazmun sezilib turadi. Ya'ni may Ollohni anglash, unga yetishish vositasidir.
Shoirning bir qator she'rlari Navoiyga ergashib yozilgan. Masalan, Navoiyning mashhur:
Ochmag'ay erding jamoling olam aro koshki,
Solmag'ay erding bori olamda g'avg'o koshki, —
matla'li g'azaliga:
Qilmag'ay erdim yuzin ko'rmak tamanno, koshki,
Solmag'ay erdim ko'ngil mulkiga g'avg'o koshki, —
deb boshlanadigan javob she'r bitgan.
Navoiy ham Husayniy she'rlariga naziralar bog'lagani ma'lum. Masalan, Husayniy:
Ey jafo tiyg'i, kelib majruh ko'ksumni yoru,
Qo'l yalang aylab solib, har yon ichimni axtaru.
Navoiy:
Rahm etib, ey do'stlar, majruh ko'ksumni yoring,
Qo'l yalang aylab solib, har yon ichimni axtaring.
Alisher Navoiy Husayn Boyqaro — Husayniy she'riyatiga yuqori baho beradi, «Majolis un-nafois» tazkirasida unga maxsus bir fasl ajratadi.
Husayniy g'azallarining hammasi bir vaznda — ramali musammani maqsur (foilotun foilotun foilotun foilon)da edi.
Risola nasrda bo'lib, muallifning o'ziga xos shukronasidir. Bu ixcham risola Olloh inoyat etgan podshohlik shukronasi bilan boshlanadi. Muallif ilm-ma'rifat yo'lida qilingan ishlar, she'riyat ravnaqidan so'z ochadi. Abdurahmon Jomiyni hurmat bilan tilga oladi, Alisher Navoiyning turkiy til va adabiyot rivojidagi buyuk xizmatini zavqu shavq, ko'tarinki bir hayajon bilan olqishlaydi. Uning «Xamsa»sini ko'klarga ko'tarib ta'riflaydi. U bilan zamondosh, yaqin do'st bo'lganidan iftixor etadi, shukronalar keltiradi.
Husayniy g'azallarining XV asr o'zbek she'riyati taraqqiyotida o'z o'rni bor. «Risola» esa, bir tomondan, Alisher Navoiyning turkiy til va adabiyot taraqqiyotidagi buyuk rolini anglashga yordam bergan bo'lsa, ikkinchi tomondan, shakllanib kelayotgan nasrimizning muvaffaqiyatli tajribalaridan biri bo'ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |