Buxgalteriya daftarlari – bir-biriga biriktirilgan va muqovalangan qog‘oz varaqlaridir. Muqovasida muayyan korxonaningnomi, hisobot yili va buxgalterlik hisobi schotlarining nomi va shifri ko‘rsatiladi. Daftar varaqlari buxgalteriya yozuvlari yozilishiga qadar raqamlanadi, ayrim maxsus ahamiyatga ega bo‘lgan daftarlar ipo‘tkazib, ipning uchlari daftarning oxirgi betiga surg‘uchli muhr bilan muhrlanadi va «Ushbu daftarda hamma betlar raqamlangan» degan yozuv yozilib, korxona rahbari va bosh buxgalterining imzolari quyiladi. Daftarning kerakli betini tez topish maqsadida uning birinchi betiga mundarija qilinadi.
So‘nggi yillarda daftar shaklidagi hisob registrlari kam qo‘llanilmoqda. Chunki, ular hisob xodimlari orasida vazifalarni taqsimlashda noqulay va xo‘jalik muomalalarini qayd qilishda hisoblash texnikasidan foydalanishni qiyinlashtiradi.
Kartochkalar xo‘jalik muomalalarini ro‘yxatga olish uchun mo‘ljallangan bir xil shakldagi qog‘oz va kartondan tayyorlangan, maxsus rekvizitlari matbaa usulida bosilgan jadvallardir. Ular analitik hisob uchun ishlatiladi.
Kartochkalar ochilish vaqtida maxsus reestrda qayd qilinadi. Yil boshida reestrda avval qoldig‘i bor schotlar bo‘yicha ochilgan kartochkalar, so‘ngra yangi ochilgan kartochkalar xronologik tartibda qayd qilinadi. Amalda kartochkalar bir nusxada ochiladi va korxona buxgalteriyasida maxsus quti-kartotekalarda saqlanadi. Kartochkalarni saqlash va ulardan foydalanish qulay bo‘lishi uchun kartoteka bo‘lgichlar (karton plastinkalar) va indiqatorlar (metall plastinkalar) bilan jihozlanadi. Jamlash va hisoblash texnikasida bajarilganda ham kartochkalardan foydalanish yozuvlarni bajarishga imkonberadi. Bundan tashqari ular hisob xodimlari o‘rtasida ishni taqsimlashda yordam beradi.
Alohida varaqlar kartochkalarga o‘xshash bo‘lib, ulardan formatining kattaligi va yozuv qog‘ozida bosilishi bilan farq qiladi. Ular bir qancha afzalliklarga ega bo‘lganligi sababli hisob registrlari sifatida keng qo‘llaniladi. Alohida varaqlar bir-biriga biriktirilmaganligi uchun ish jarayonida qo‘llash ancha qulay va hisob xodimlari o‘rtasida ishni taqsimlashda qo‘l keladi, hamda hisobni avtomatlashtirish talablariga mos keladi. Alohida varaqlar shaklidagi hisob registrlariga jurnal-order va ularga qo‘shimcha qaydnomalar misol bo‘la oladi.
Hisob registrlari axborotlar hajmiga ko‘ra sintetik hisob registrlari, analitik hisob registrlari va birlashtiruvchi, ya’ni sintetik va analitik hisobni birlashtiruvchi registrlarga bo‘linadi.