Shaxsi umumlashgan gap. Kesimi fe’l bilan ifodalanib, umumga qaratilgan bir bosh bo‘lakli gap shaxsi umumlashgan gap deyiladi. Bunday gaplarda hayotiy xulosalar, hayotiy tajribalar, umumiy qoidalar, umumlashgan mulohazalar ifoda qilinadi.
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ko‘pincha buyruq-istak maylining ikkinchi shaxs shakli bilan ifodalanadi.
Maqollar ko‘pincha shaxsi umumlashgan gap shaklida bo‘ladi: Bilmagan ishga urinma, urinib tuzoqqa ilinma. (Maqol). Tulkining tavbasidan qo‘rq, mug‘ambirning - yig‘isidan. (Maqol). Kattani katta bil, kichikni –kichik! (Maqol). Tilingni botir qilma, o‘zingni botir qil (Maqol).
Shaxsi umumlashgan gapning kesimi ba’zan buyruq-istak maylining birinchi shaxs ko‘plik shakli orqali ham ifodalanishi mumkin. Masalan: Xushmuomalali bo‘laylik, bu go‘zal sifat baxt-saodatning tuganmas xazinasi ekanini unutmaylik. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). Qarilikning yuzimizdan ko‘ra aqlimizda ajinlar hosil qilishdan ehtiyot bo‘laylik. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»).
Shaxsi umumlashgan gapning bosh bo‘lagi ot kesim shaklida ham qo‘llanishi mumkin. Masalan: Kattaga xizmatda bo‘l, kichikka izzatda bo‘l. (Maqol). Salobatli bo‘lma, sabotli bo‘l. (Maqol).
Do'stlaringiz bilan baham: |