Tovush o‘zgarishlarining turlari
Fonemalar bo‘g‘in, so‘z va jumla tarkibida qo‘llanib, bir-biriga ta’sir ko‘rsatadi va buning natijasida xilma-xil o‘zgarishlarga uchraydi. Nutq zanjiridagi fonemalarning turlicha o‘zgarishlari fonetik o‘zgarishlar deb ataladi.
Fonetik o‘zgarishlar fonemalarning o‘zaro ta’siri natijasida yoki fonemalarning so‘z tarkibidagi o‘rniga qarab ro‘y berishi mumkin. shunga ko‘ra ular ikki xil bo‘ladi:
1. Kombinator o‘zgarishlar.
2. Pozitsion o‘zgarishlar.
Masalan: ketdi va obod so‘zlaridagi d undoshi t undoshi kabi talaffuz qilinadi. [ketti], [obot]; birinchi holatda jarangli d undoshi jarangsiz t undoshi ta’sirida o‘zgaradi (kombinator o‘zgarish yuz beradi); ikkinchi holatda so‘z oxirida kelgan jarangli d undoshi jarangsizlashadi (demak, pozitsion o‘zgarish yuz beradi).
1. Kombinator o‘zgarishlar
So‘z tarkibidagi fonemalarning o‘zaro‘ta’siriga ko‘ra o‘zgarishi kombinator o‘zgarishlar deyiladi. Bunga assimilyatsiya, dissimilyatsiya, metateza kabi hodisalar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |