lug‘at tarkibida aks etadi. Kishilar hayotidagi o‘zgarishlar, ilm-fan, madaniyat hamda iqtisodning
rivojlanishi tilning lug‘at tarkibini boyitib boradi. Tilning tovushlar tizimi va grammatik qurilishi esa
juda sekinlik bilan o‘zgaradi. Buni til tarixini o‘rganish orqaligina sezish mumkin. Tilning muntazam
tarzda taraqqiy qilib borishini ona tilimiz bo‘lgan o‘zbek tili misolida ko‘rib chiqamiz.
O‘zbek tili ijtimoiy vazifasining kengayishi natijasida uning lug‘at tarkibida katta o‘zgarishlar
yuz berdi. Tilimiz lug‘at tarkibining ichki imkoniyatlar vositasida yangi yasalgan so‘zlar va boshqa
tillardan qabul qilingan so‘zlar hisobiga boyib borishi ko‘zga tashlanmoqda. Masalan, aqldosh,
telemahmadana, muzlatgich, purkagich kabi yangidan yasalgan so‘zlar, broker, diler, makler, komputer,
menejer, fermer, biznes kabi boshqa tillardan olingan so‘zlar bunga misol bo‘la oladi. Ayrim o‘zbekcha
so‘zlarning ma’nosida o‘zgarishlar yuz berib, ular boshqa ma’nolarda qo‘llana boshladi. Masalan,
ishbilarmon va tadbirkor so‘zlari ilgari sifat turkumiga mansub bo‘lib, belgi ifodalagan bo‘lsa, hozirgi
paytda bu so‘zlar ot turkumiga ko‘chib o‘tdi va shaxs ma’nosini ifodalaydigan bo‘lib qoldi.
O‘zbek tilining fonetik tizimida, nisbatan kam bo‘lsa ham, ayrim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi.
Jumladan, o‘zlashma so‘zlarda bo‘g‘inning o‘zbek tiliga xos bo‘lmagan yangi turlari (so‘z boshida va
so‘z oxirida ikki yoki undan ortiq undoshning qator kelishi) paydo bo‘ldi: sport, stol, traktor, shkaf,
magistr, kongress kabi. Shuningdek, o‘zlashma so‘zlarda ikkita har xil unlining o‘zbek tili uchun xos
bo‘lmagan ketma-ket kelish holatlari kuzatiladi: aeroport, poema, geologiya, teatr, bionika kabi
(arabcha doim, inshoot, maorif, taassurot, shuur, tabiiy kabi so‘zlar ilgaridan mavjud edi).
Ona tilimizning grammatik qurilishida ham juz’iy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Masalan, morfologik
o‘zgarishlarga -lar ko‘plik qo‘shimchasi ma’nolari kengayishini (hurmat, kinoya, jamlash, ayirish,
noaniqlik, kuchaytirish), egalik qo‘shimchasi ma’nosidagi umumdan ajralganlik (Bobur bog‘i, Navoiy
ko‘chasi) kabi ma’noning paydo bo‘lishi kiriritilsa, sintaktik o‘zgarishlarga boshqa tillarning ta’sirida
yangicha tarkibdagi to‘liqsiz gaplarning (Tug‘ilgan kuningiz bilan, Bayramlar bilan va h.) yuzaga
kelganligini, qo‘shma gaplar tasnifidagi o‘zgarishlarni misol qilib keltirish mumkin.
Ona tilimizning bundan keyingi taraqqiyoti leksikaning yana ham boyishi, grammatik qurilishning
ichki qonuniyatlar asosida takomillasha borishi bilan bog‘liq ravishda davom etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |