1-MA’RUZA: PARAZITOLOGIYA FANIGA KIRISH. PARAZITLARNI XO’JAYINLARI BILAN BOG’LANISHI. (2 soat )
Reja:
1.“Parazitologiya” fani, uning biologiya fanlari tizimida tutgan o’rni va boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligi. Fanning maqsadi va vazifalari. Fanning asosiy bo’limlari va tarmoqlari.
2.“Parazitologiya” fanining rivojlanish tarixi. Fan rivojlanishining asosiy bosqichlari. O’zbekistonda parazitologiyaning rivojlanish tarixi.
1.“Parazitologiya” fani, uning biologiya fanlari tizimida tutgan o’rni va boshqa fanlar bilan o’zaro bog’liqligi. Fanning maqsadi va vazifalari. Fanning asosiy bo’limlari va tarmoqlari.
Parazitalogiya (yunoncha parasitos – tekinxo’r parazit va logos-ta’limot,) fan demakdir. Biologiya fanining bir tarmog’i hisoblanib, parazitizm hodisalari, ya’ni parazit bilan xo’jayin o’rtasidagi o’zaro munosabatlar, ularning tashqi muhit omillariga bog’liqligi, odam hayvon, o’simliklarda uchrovchi parazitlar va ular qo’zg’atadigan kasalliklar va bu kasalliklarga qarshi kurash usullarini o’rganadigan fan. Parazitalogiya parazitlar morfologiyasi, anatomiyasi,gistalogiyasi, fiziologiyasi, embriologiyasi, ekologiyasi, geografiyasi, tasnifi, filogeniyasi, hamda parazit va xo’jayin o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni tekshiradi. Akademik K.I.Skryabin parazitlarning kelib chiqishi xususiyatiga ko’ra, ularni o’rganadigan fanni ikki guruhga bo’ladi. Birinchi guruh fitoparazitalogiya deyilib, u o’simliklar dunyosidan kelib chiqadigan bakteriya, virus va boshqa parazitlar hamda ular ta’sirida sodir bo’ladigan yuqumli kasalliklarni o’rgatadi. Ikkinchi guruh zooparazitalogiya deyilib, qo’zg’atuvchisi hayvonot dunyosidan kelib chiqadigan (protozoolar, gelmintlar, zuluklar, bo’g’imoyoqlilar va boshqalar) har xil parazitlar ta’sirida paydo bo’ladigan kasalliklar hamda ularga qarshi kurash choralarini o’rgatadi.
2.“Parazitologiya” fanining rivojlanish tarixi. Fan rivojlanishining asosiy bosqichlari. O’zbekistonda parazitologiyaning rivojlanish tarixi.
Parazitlar haqidagi ma'lumotlar eramizdan ancha avval paydo bo’lgan. Ebersning mashhur Papirusida odamlarda parazitlik qiladigan gel’mintlar, jumladan askarida, teniyalar haqida ma’lumotlar bor. Eramizgacha yashab o’tgan yunon vrachi, tibbiyot iljmining asoschilaridan biri Gippokrat (460-375yy) odamlarda askarida, ostritsa, exinokokk uchrashi haqida ma’lumotlar qoldirgan. Olim fanga birinchi bo’lib “askaridoz”, “helmints” atamalarini kiritgan. Lekin u parazit chuvalchanglarni va boshqa chuvalchanglarni, hatto bo’g’imoyoqlilar lichincalari va ilonlarni hammasini ham bir deb tushungan. U odamlarda uchraydigan askarida, bolalar gijjasi, yassi chuvalchanglarning ayrim turlari bilan birga hayvonlar parazitini (exinokokkni) ham aniqlagan. Gippokrat gelmintlarni invazion kasalliklarning qo'zg'atuvchisi emas, balki o'z-o'zidan vujudga keladigan biror kasallikning oqibati, deb noto'g'ri tushuncha bergan.
Eramizdan avvalgi 384-322 yillarda yashagan yunon faylasufi Arestotel qoramol-lardagi exinokokkoz, cho'chqalardagi sistiserkoz, odam askaridasi va ostritsa to'g'risida ma'lumotlar yozib qoldirgan.
Eramizdan avvalgi 116-27-yillarda yashagan Rim olimi Varron hayvonlarni botqoqlik, to'qayzorlarda boqqanda og'iz va nafas yo'llari orqali mol organizmiga ko'zga ko'rinmaydigan parazitlar kirib kasallik qo'zg'atadi deb fikr yuritgan.
Eramizdan avval va eramizning dastlabki yillarida qo'tir kasalligiga qarshi oltin-gugurt, gelmintozlarga qarshi piyoz, sarimsoq va boshqa surgi dorilari ishlatilgan. Parazitlar to'g'risidagi ayrim ma'lumotlar bir qancha olimlarning qo'lyozmalaridan ham topilgan, ammo ular parazitlarni xudo yuborgan ofat deb, bu kasalliklarni "da-volash" uchun xudoga sig'inish, iltijo qilish kerakligini aytishgan. Gabustius (1549) gelmintologiya sohasida birinchi qo’llanmaning muallifi hisoblanadi. Olim qo’llanmada o’z davrida ma’lum bo’lgan gelmintlarga tavsif bergan va davo xillariga to’xtalib o’tgan, jigar qurtiga to’liq tavsif beradi.
Shvetsariyalik vrach K. Gesner (1516-1565) “Hayvonlar tarixi” asarida sodda organizmlar, ildizoyoqlilar haqida dastlabki ma’lumotlar keltiradi. Sodda organizmlarni tuzilishi to’g’risida tasavvurga ega bo’lmay turib, o’zi topgan ildizoyoqlini, juda kichik mollyuska deydi.
Sodda hayvonlarni o’rganilishida keksa tabitshunos, gollandiyalik mikroskop ustasi Anton van Levengukning (Anton van Leeuwenhoek, 1632-1723) xizmatlari kattadir. Levenguk sistematik ilmiy tayyorgarlikka ega bo’lmasada buyuk aql, zakovat sohibi bo’lgan va tabiiy fanlarni sevgan.
Levenguk o’zini ishdan bo’sh vaqtlarini kattalashtirib ko’rsatuvchi ko’zgularni shlifovkasiga bag’ishlaydi. Natijada oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydigan mayda jonivorlarni topadi va bu mayda jonivorlarni “animalkula” deb ataydi. Olim jahonda birinchi bo’lib oddiy ko’z bilan ko’rib bo’lmaydigan sodda organizmlarni ko’radi. O’zini ixtirosi to’g’risida, o’sha paytda London qirollik jamiyatiga qarashli ilmiy bilimlar markazida xat shaklida e’lon qilib boradi. So’nggi xati 1723 yilda bosib chiqarilgan, shunda olim 91 yoshda edi. 1720 yilda bosib chiqarilgan xatida olim, yoshim sakson sakkiz yarimga kirdi, umrimning kuziga o’tdim deb yozgan. Olim o’z ixtirosi bilan butun biologiya sohasida yangi davrni boshlab berdi. XVII-XVIII asrlarda asosan parazitlarning morfologik tuzilishi o'rganilgan.XVII asrning o'rtalariga kelib, Italiya tabiatshunosi F. Redi (1626-1698) tadqiqotlar orqali, go’sht qurtlari o’z-o’zidan paydo bo’lmasligini, ular pashshalarni tuxumi ekanligi va bu bilan organizmlar Arastu davridan mavjud bo’lgan o’z-o’zidan yaralish qonunini noto’g’ri ekanligini, ya’ni yo’qdan bor bo’lmasligini ilmiy tomondan isbotlab berdi.
P.Pallas (1771-1811) mashhur biolog, sayohatchi olim bo’lib, o’z zamonasini olimlari, olimni tadqiqot uslublarini aniqligini ko’zda tutib, zamonasidan avvalroq tug’ilib qolgan deb ta’riflashgan. Olim akantosefallar, sestodalar va nematodalarning rivojlanish sikllarini o’rganib, ular o’ziga o’xshash avlodlardan paydo bo’lishini ilmiy asoslab bergan.
K.A.Rudolfi (1771-1832) butun hayotini parazit chuvalchanglarni o’rganishga bag’ishladi. U birinchi marta o’ziga ma’lum bo’lgan 981 tur parazit chuvalchanglarni to’rtta sinfga: Trematoda, Cestoda, Nematoda, Akantosephala va 30 ta avlodga bo’ldi.
Nemis olimi G.F.Kyuxenmeyster sestodalarni rivojlanish siklini o’rganib, cho’chqa tasmasimon chuvalchangi odam va cho’chqa paraziti ekanligini aniqladi.
Protozoa termini birinchi bo’lib fanga 1820 yilda Goldfus tomonidan kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |