Morfemik omonimiya. Shakldoshlik bir tur morfemalar orasida ham, turli morfema orasida ham bo‘lishi mumkin.
1) derivatsion omonimiya: -ki I: turtki, tepki, ko‘chki (ot yasovchi); -ki II: ichki, kechki, ustki (sifat yasovchi);
2) grammatik omonimiya: -(i)sh I: (borish), (kelish), (ketish) (harakat nomi shakli); -(i)sh II: (birga) (yuvish), (tarash), (ishlash) (birgalik nisbat shakli);
3) derivatsion-grammatik omonimiya: -(i)m I: yig‘im, terim, sig‘im (ot yasovchi morfema); -(i)m II: uyim, kitobim, soatim (egalik morfemasi).
Morfemik sinonimiya. Aksariyat morfema ma’nodoshlik munosabatida bo‘ladi. Shu boisdan derivatsion hamda grammatik sinonimiya farqlanadi.
Derivatsion sinonimiya. Derivatsion morfemaning bir-biriga yaqin ma’noni ifodalashi derivatsion sinonimiya deyiladi. Masalan, sifat yasovchi -li, -dor, -ser, -ba morfemalari o‘zaro sinonim: (savlatli), (savlatdor), (sersavlat), (basavlat) kabi.
Ma’nodoshlik morfemalararo to‘liq emas, balki ayrim ma’no qirralari orasida bo‘ladi. Ya’ni bir morfema ikkinchi morfema bilan barcha ma’nolari asosida sinonim bo‘la olmaydi.
Bugungi kunda derivatsion sinonimiya va derivatsion darajalanishni farqlash tilshunosligimizda tadqiqini kutayotgan muammolardan.
Grammatik sinonimiya. Nonni yeng – nondan yeng, uyga jo‘namoq – uy tomon jo‘namoq kabi hodisalarda grammatik ma’nodoshlik mavjud.
Morfemik antonimiya. Morfemik antonimiya derivatsion morfema orasidagina mavjud. Unga misol sifatida -li va -siz affiksini keltirish mumkin: andishali-andishasiz, barakali-bebaraka, baxtli-baxtsiz kabi.
Morfema variantlari. Morfema nutqda turli variantga ega bo‘ladi. Misol sifatida qaratqich kelishigi invariant shaklining variantini kuzataylik:
a) poetik variant: bog‘in mevasi;
b) tarixiy variant: manim;
d) dialektal variant: kitobing;
e) fonetik variant: mening.
Кelishik paradigmasiga kirish huquqiga faqat invariant shakl (-ning)gina ega.
Asosiy adabiyotlar
Sayfullayeva R. va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Darslik. – Toshkent: Fan va texnologiyalar, 2010.
Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. – Toshkent: O‘zME, 2013.
Lutfullayeva D., Davlatova R., Saparniyozova M. Hozirgi o’zbek adabiy tili. Amaliy mashg’ulotlar uchun materiallar: O’quv qo’llanma. – T.:Iqtisod-Moliya, 2018. – 280 b.
Sayfullayeva R., Mengliyev B., Boqiyeva G. va b. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. O‘quv qo‘llanma. – Toshkent: Fan va texnologiyalar, 2009.
Mahmudov N., Nurmonov A. O’zbek tilining nazariy grammatikasi. – Toshkent: O’qituvchi, 1995.
Раҳимов С., Умурқулов Б. Ҳозирги ўзбек адабий тили. Дарслик. – Тошкент: Ўқитувчи, 2003.
Zamonaviy o’zbek tili. Morfologiya. Darslik. – Toshkent: Mumtoz so’z, 2008.
Do'stlaringiz bilan baham: |